O‘lkamiz qadimdan ilm-fan sohasida fidoiy mutafakkirlarga boy bo‘lgani tarixdan barchamizga ayon. Dono xalqimiz ilm-fan bilan shug‘ullanishni bejiz nina bilan quduq qazishga o‘xshatishmaydi, chunki bu faoliyat o‘ta mashaqqatli bo‘lib, tinimsiz mehnat qilishni taqozo qiladi. Ana shunday insonlar sirasiga, respublikada fizika o‘qitish metodikasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olim, pedagogika fanlari doktori, professor Botir Mirzaraximovich Mirzaxmedov ham kiradi. Hayotiy dalillarga asoslanib aytish mumkinki, nina bilan qazilgan quduqlarning barchasidan ham insonlarning hayot manbai bo‘lgan “chuchuk” suv chiqa bermaydi. Ustoz Botir akaning qudug‘i esa chuchuk suvga boy bo‘lib chiqdi, bunday ekanligini hayotning o‘zi tasdiqladi. Nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyoda fizika o‘qitish metodikasi fani bo‘yicha birinchi fan doktori bo‘lgan. Pedagogika fanlari doktori, professor B.M.Mirzaxmedov 1938-yili 10-iyulda Toshkent shaxrida tug‘ilgan bo‘lib, o‘rta maktabni a’lo baholarga bitirgach, 1961-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetini “Fizika va mehnat o‘qituvchisi” ixtisosligi bo‘yicha muvaffaqiyatli bitirgan va fizika o‘qitish metodikasi bo‘yicha laborant sifatida institutda ishga olib qolingan va keyinchalik o‘qituvchilik qilgan.
1965-1968-yillar davomida aspiranturada o‘qib, nomzodlik dissertasiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. Mazkur dissertasiyaga rasmiy opponent sifatida Moskvalik mashhur olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor B.M.Yavorskiy taklif qilingan. Himoyaning nihoyasida u Botir akaning dissertasiyasiga ijobiy baho berib, quyidagicha fikr aytgan: “B.Mirzaxmedov nomzodlik dissertasiyasi bilan fizika o‘qitish metodikasi sohasida Moskva va Toshkent o‘rtasida ko‘prik qurdi” – degan fikrini Botir aka faxr bilan hozirgacha aytib yuradi. Olim 1982-85 yillarda “Fizika o‘qitish metodikasi” kafedrasining professori, 1985-1989-yillarda esa Abdulla Avloniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi O‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markaziy institutining rektori lavozimlarda ishlagan.
1990-1992-yillarda butun O‘rta Osiyoda mashhur bo‘lgan va pedagogika fanining o‘chog‘i bo‘lgan Nizomiy nomidagi TDPI “Umumiy pedagogika” kafedrasining salohiyatini yanada ko‘tarish uchun Botir akani mudirlik lavozimiga taklif qilishgan. Natijada kafedrada sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Ustozning 1992-1997-yillardagi faoliyati Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan bog‘liq bo‘lib, bu yerda katta ilmiy xodim va bo‘lim mudiri lavozimlarida ishlagan. Uning 1997-yildan 2011-yilgacha ilmiy-pedagogik faoliyati esa yana Nizomiy nomidagi TDPU “Fizika va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasi professori lavozimi bilan bog‘liq. Botir aka qayerda va kim bo‘lib ishlamasin, o‘zining asosiy diqqat e’tiborini fizika o‘qitish metodikasi va pedagogika fanini yanada rivojlantirish va qobilyatli yoshlarni ushbu sohaga jalb qilishga qaratgan. Professor B.Mirzaxmedovning yuqori malakali ilmiy-pedagog xodimlar tayyorlashdagi ko‘p yillik xizmati munosib taqdirlangan. Botir aka “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” yuksak unvoniga, sobiq ittifoq va respublika “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda Vazirlik va Nizomiy nomidagi TDPU ning faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan.
Mohir pedagog, meрribon ustoz, yirik olim Botir Mirzaxmedovning “Shogirdlarimga aytmoqchilarim” risolasidan: