Xanifa Muxsinovna 1995-yilda “Shuxrat” medali, 2023-yilda “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” medallari bilan taqdirlangan. Toshkent tibbiyot akademiyasi Nevrologiya va tibbiy psixologiya kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi mehnat staji 51 yil, mazkur vazifada 2005-yildan buyon ishlamoqda. X.M. Xalimova Toshkent Tibbiyot Akademiyasi “Nevrologiya va tibbiy psixologiya” kafedrasining eng tajribali va malakali olimlaridan biridir.
Oʻzbekistonda nevrologiya fani rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan, nevrologiyaning yetuk dargʻasi sifatida butun Markaziy Osiyoga tanilgan, akademik Nabi Majidovichni oʻziga ustoz sanagan olima, tibbiyot fanlari doktori, professor Xalimova Xanifa Muxsinovna 1948-yil 13-dekabrda Buxoro viloyatida tugʻilgan. Professor Xanifa Muxsinovna haqida gap ketar ekan, koʻpchilik ularni yetuk olima, tajribali rahbar, bilimdon shifokor, kamtarin va oliyjanob inson sifatida ehtirom bilan tilga oladi. Xanifa Muxsinovna hayot otligʻ ulkan maktabning saboqlarini qunt bilan oʻzlashtirdi, umrining har lahzasini tibbiyotimiz rivojiga baxshida etdi, bemorlar salomatligini asrashda oʻz kuchi va bilimini ayamadi. Shu bora ular olimlik shohsupasiga erishdilar, el orasida izzat va obroʻ topdilar, katta ishonch qozondi.
1966-yilda maktabni oltin medal bilan tugatib, Toshkent Davlat Tibbiyot institutiga oʻqishga kirdi. 1972-yilda oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatgach, institutda faoliyat yuritish uchun ishga olib qoldirilgan. Shu yildan boshlab Xanifa Muxsinovnaning hayoti institut bilan bogʻlanib, hozirgi kungacha tinib-tinchimasdan faoliyat yuritib kelmoqda. Avval klinik ordinatura oʻtadi, keyinchalik ToshDavTI nevrologiya boʻlimida ordinator boʻlib ishladi, mashhur nevropatologlar Akademik N.M. Majidov, dotsent L. Voskovskaya va N. Akbarovalarga shogird tushib, oʻz malaka va tajribasini boyitdi. 1979- yildan kafedrada assistent lavozimida ishladi.
1982-yilda Xanifa Muxsinovna “Клиника, диагностика и некоторые вопросы прогнозирования метастатические опухоли головного мозга» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va 1989-yilda shu kafedrada dotsent boʻldi. Ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 1995-yilda “Метататические опухоли головного мозга (клинико-иммунологические и компьютерно-исследования)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va shu bilan oʻzining Oʻzbekistondagi ilk bor ilmiy maktabini yaratdi. 1991-1999-yillarda Respublika nevrologiya markazida direktor oʻrinbosari, 1996-1999 yillarda 1-ToshDavTI nevrologiya kafedrasida professorlik qildi va 1999-2005-yillarda 1-ToshDavTI nevrologiya kafedrasining kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritdi.
Uzoq yillar davomida olima yurtimizdagi tibbiyot institutlari, kollejlar pedagoglari, jumladan professorlar, dotsentlar va assistentlarning malakasini oshirish kurslariga rahbarlik qildi.
Xanifa Muxsinovna respublikamizdagi eng yirik nevrolog olimalardan biri sanaladi. Ular ilmiy faoliyati davomida koʻplab ilmiy asarlar, 400 dan ortiq maqolalar, monografiyalar, 40 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalarga mualliflik qildi. Ustoz olima rahbarligida 5 ta doktorlik va 10 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Xanifa Muxsinovna Xalimovaning yana bir ilmiy yoʻnalishlaridan biri serebrovaskulyar kasalliklar, jumladan bosh miya ishemik insultining molekulyar-genetik jihatlarini oʻrganish hisoblanadi. Shu bilan olima nevrologiyaning ilm sohasida ulkan burilish yaratdi, yaʼni oʻzbek millatida ishemik insultlarda ilk bor molekulyar-genetik tekshiruvlar tamoyillarini chuqur oʻrgandi. Keyinchalik olima oʻzining uchinchi katta bir ilmiy yoʻnalishga qoʻl urdi va juda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Parkinson kasalligining molekulyar-genetik, bioximik, neyropsixologik va neyrovizualogik jihatlarini chuqur oʻrganib, oʻzining parkinsonizmga bagʻishlangan ilmiy maktabini yaratdi. Bu borada respublikamizda 2 ta grant loyihasiga rahbarlik qildi, 2 ta doktorlik va 1 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Ilmiy izlanishlar borasida tinib-tinchimagan olima oʻzining uchinchi bir ilmiy yoʻnalishi, yaʼni bosh ogʻriqlarning molekulyar-genetik jihatlari, kasallik rivojlanishida bosh miya qon-tomirlari anamoliyalarining oʻrni va ahamiyatini oʻrganishga bagʻishladi. Bu borada yana bir doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi.
Xanifa Muxsinovna uzoq yillar davomida Oʻzbekistonda yon amiotrofik skleroz, tarqoq skleroz, kasallik tarqalishi, klinik kechishi, diagnostikasi va davolash chora-tadbirlari toʻgʻrisida qator dissertatsiyalar himoya qilindi. Hozirgi kunga qadar ustoz rahbarligida Parkinson kasalligini erta aniqlash prediktorlari, shuningdek tarqoq sklerozning zamonaviy diagnostika tamoyillari chuqur oʻrganilmoqda. Ayniqsa butun dunyo davlatlarida ham davolash samarasi juda kam boʻlgan tarqoq sklerozni yangicha davolash tamoyillari toʻgʻrisida juda katta natijalarga erishilmoqda.
Professor Xanifa Muxsinovnaning ilmiy izlanishlari chet mamlakatlar olimlari tomonidan eʼtirof etilgan, ularning ilmiy maqolalari dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan Rossiya, Qozogʻiston, Azarbeyjon, Turkiya, Malayziya. Filippin, Germaniya, Avstriya, Gresiya, Italiya, Shveysariya, Vengriya, Fransiya, Ruminiya, Chexiya, Ispaniya, Amerika Qoʻshma Shtatlari davlatlari nashrlarida chop etildi.
Xanifa Muxsinovna yurtimizda chiqadigan “Nevrologiya” va “Oʻzbekiston vrachlar assotsiatsiyasi byulleteni” jurnallari tahrir hayʼatining aʼzosi boʻlib faoliyat yuritib kelmoqda. Olima ajoyib shifokor boʻlish barobarida ajoyib notiq. yoshlarga gʻamxoʻr murabbiy, yana ham aniqroq aytganda yuzlab nevrologlarning ustozi.
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, qoʻlga kiritilgan ulkan yutuqlar, davlatimiz tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash borasida mutlaqo yangi samarador tizimning joriy etilganligi va bu model dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olinib, yuqori baholanayotganligi toʻgʻrisida faol targʻibot ishlarini olib bormoqda.
Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, Nevrologiya kasalliklarni, jumladan Parkinson kasalligi kabi asab tizimining neyrodegenerativ kasalliklarini erta aniqlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida keyingi uch yilda 100 dan ortiq uchrashuv va davra suhbatlarini tashkil etgan.
Yuqori malakali shifokor va fidoyi inson sifatida respublika tibbiyot jamoatchiligi va viloyat faollari oʻrtasida hurmat qozongan.