Olim

XALLIYEVA GULNOZ ISKANDAROVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Xalliyeva Gulnoz Iskandarovna 1974-yil Xorazm viloyatining Urganch shahrida tugʻilgan. 1996-yil Urganch davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi (2000), dotsent (2006), filologiya fanlari doktori (2016), professor (2020).



Mehnat faoliyatini 1996-yildan Urganch davlat universitetining oʻzbek mumtoz adabiyoti kafedrasida boshlagan.



2014-yildan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “Jahon adabiyoti” kafedrasida dotsent lavozimida oʻz faoliyatini davom ettirib, 2016-yil 8-iyulda 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi boʻyicha “XX asr rus sharqshunosligida oʻzbek mumtoz adabiyoti tadqiqi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muddatidan ilgari himoya qilgan. Hozirda mazkur universitetning “Jahon adabiyoti” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.



Dunyo sharqshunosligida oʻzbek mumtoz adabiyoti, turkologik ilmiy tadqiqotlar, turkiy qoʻlyozmalar, qiyosiy adabiyotshunoslik, adabiy aloqalar kabi ilmiy yoʻnalishlarda tadqiqotlar olib boradi. Ilmiy izlanishlari yuzasidan jami 258 ta ilmiy ish: 5 ta mono­grafiya, 8 ta oʻquv qoʻllanma, darslik va ilmiy maqolalari chop qilingan. Kitoblari oʻzbek, rus, ingliz va turk tillarida nashr qilingan.



2009-yilda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan, hozirda bosh vazirimiz Abdulla Nigmatovich Aripov topshirganlar.



2021-yilda “Yevropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” loyihasi gʻolibi boʻlgani uchun, innovatsion rivojlanish vaziri Abdurahmonov Ibrohim Yoʻlchiyevich tomonidan loyiha sertifikati bilan taqdirlangan. Gulnoz Xalliyeva ilmiy-texnik davlat dasturlar doirasidagi grant tanlovlarida doimiy qatnashib kelmoqda.



“Yevropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” innovatsion loyihasi doirasida 17 ta Yevropa va Rossiya davlatida xizmat safarida boʻlib, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan 119 ta qoʻlyozmani topishga, ulardan baʼzilarini hozirgi yozuvimizda nashr qilishga muvaffaq boʻlgan.



Ushbu loyiha rejasi asosida Yevropaning Germaniya, Fransiya, Italiya, Vatikan, Shveysariya, Gollandiya, Shvetsiya, Chexoslavakiya, Polsha, Finlyandiya, Latviya, Litva, Estoniya, Daniya, Lyuksemburg, Belgiya, Avstriya turkologiya boʻlimlari va markazlarida ilmiy ishlarini olib borgan. Berlin, Drezden, Leypsig, Myunxen, Parij, Bern, Praga, Vena, Xelsinki, Lyuksemburg, Rim, Vatikan shaharlarining dunyoga mashhur kutubxonalarida Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan adabiyot, til, falsafa,tasavvuf, tarix fanlariga oid eng noyob turkiy qoʻlyozmalarni oʻrgangan.



Hozirda “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasi yaratish nomli innovatsion loyihasining rahbari sifatida ilmiy ishlarini davom ettirmoqda. Loyiha rejasi doirasida oʻzbek, rus, ingliz va turk tillarida kitoblari nashr etilgan.



“Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasi yaratish loyihasi asosida va universitetlararo professor almashinuvi doirasida 2023-yildan buyon Turkiyaning Marmara, Seljuk, Koch, Anqara universitetlari talabalariga maʼruza oʻqib kelmoqda.



Gulnoz Xalliyeva 2024-yilda MDH davlatlarida yagona boʻlgan “Komparativistika” jurnaliga asos soldi. Jurnalning shu bugungacha 2 ta soni nashr qilindi. Ushbu jurnalda 10. 00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik yoʻnalishidagi barcha dolzarb maqolalar nashr qilinadi.



Professor Gulnoz Xalliyeva 2014-yildan buyon “Jahon adabiyoti” kafedrasini boshqarib kelmoqda. Kafedra dunyoning Peter Szondi Institute of Comparative Literature, Freie Universität Berlin, Leibniz-Zentrum für Literatur und Kulturforschung (ZfL) kabi qiyosiy adabiyotshunoslik markazlari (Germaniya,Berlin), University of Toronto Centre for Comparative Literature(Kanada,Toronto).



Yale University Department of Comparative Literature (AQSH, Yel universiteti), Eskişehir Osmangazi Üniversitesi Karşılaştırmalı Edebiyat Bölümü (Turkiya, Osmangozi universiteti va boshqa universitetlari) Harvard University Department of Comparative Literature (AQSH), Indiana University Comparative Literature Department, Columbia University Department of English and Comparative Literature(AQSH), University of Washington Department of Comparative Literature (Vashington),Xelsinki universiteti, Gumbolt universiteti kabi universitetlar bilan akademik hamkorlik oʻrnatgan boʻlib, har yili xalqaro anjumanlarda ishtirok etmoqda, maruzalar oʻqimoqda, tajriba almashib, ilgʻor gʻoyalarni yurtimizga tatbiq etib kelmoqda.



2024-yil 7-8 mayda Gulnoz Xalliyeva tashabbusi bilan “Jahon adabiyoti” kafedrasi tomonidan “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Ushbu anjumanda dunyoning turli davlatlaridan olimlar qatnashdi.



Professor Gulnoz Xalliyeva Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining ilmiy pedagogik kadrlarini tayyorlashda, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, dissertatsiya himoyalarida, mahalliy va xalqaro grant loyihalari tanlovlarida faol qatnashib kelmoqda.



Olimaning ilmiy pedagogik faoliyati universitet rahbariyati tomonidan doimiy eʼtirof etib kelinmoqda. Universitet rektori Ilxomjon Madaminovich barcha professor oʻqituvchilarga imkon qadar yaxshi sharoitlar yaratib bermoqdalar, oʻz professional malakasini oshirishda moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab quvvatlamoqdalar.