Olim

XALMANOV NURALI TASHKUVATOVICH

Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor

Inson aslida nima uchun yashaydi? Oʻzidan nafaqat qobil farzand, balki yaxshi nom qoldirish uchun ham umrguzaronlik qiladi. El-yurt koriga yarash uchun yelib-yugurib, tinim bilmay oldinga intiladi. Shunday insonlar tufayli yurt gullab yashnaydi. Pastdargʻom tumani Burganli qishlogʻida tugʻilib oʻsgan Nurali Xalmanovning umr yoʻli ham bunga yorqin dalildir.



Pastdargʻom elining zabardast olimi koʻplab shogirdlarning ustozi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Xalmanov Nurali Tashkuvatovich 1960-yil 18-yanvarda Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanidagi Burganli qishlogʻida tavallud topdi.



1967-yil Nurali Xalmanov Pastdargʻom tumani 83-son sakkiz yillik (hozirgi 59-son) maktabining birinchi sinfga qabul qilindi.



Toʻgʻri soʻz, tirishqoq, mehnatsevar oʻspirin maktabda sakkiz yil davomida faqat aʼlo baholarga oʻqidi. 9-10 sinf maʼlumotini qoʻshni Sanchiqul qishlogʻining 11-oʻrta maktabida oldi.



Pastdargʻom tumanidan yangi yerlar oʻzlashtirildi va bu hududda paxtachilikka moʻljallangan yirik Samarqand davlat xoʻjaligi tashkil etildi. Nurali otasi boshliq boʻlgan brigadada ishchi, mexanizator, zveno boshligʻi kabi turli kasblarda sidqidildan mehnat qildi. 1978 – 80 yillarda harbiy xizmatni oʻtash davrida ham qishlogʻi, qadrdon dalalarini bir zum boʻlsa-da esdan chiqarmadi. 1980 – yillarda Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti talabalarining choʻl sharoitida paxtani mexanizatsiya yordamida terishga koʻmaklashuvchi guruhning xoʻjalikka yordamga kelganligi yosh mexanizator Nuralining orzularini roʻyobga chiqishiga turtki boʻldi.



Adabiyot, qolaversa, kimyo va biologiya fanlaridan yaxshi bilimga ega boʻlgan yosh mexanizator 1982-yil SamQXI ning tayyorlov boʻlimiga hujjat topshirdi. 1983-yil 1-sentyabrida ota-onasi va barcha qarindoshlari Nuralining talaba boʻlganligi bilan tabriklashdi. 1983 – 1987 yillar davomida SamQXI ning agronomiya fakultetida aʼlo baholarga oʻqidi. Paxtachilik va dehqonchilik kafedrasi qoshidagi talabalar ilmiy jamiyatining yigʻilishlarida oʻzining referativ xarakteridagi maʼruzalari bilan faol ishtirok etib turdi.



U oʻqish jarayonida taniqli olimlar: D.T.Abdukarimov, E.P.Gorelov, R.O.Oripov, P.U.Uzaqov, I.X.Hamdamov va boshqalarning maʼruzalarini zoʻr ishtiyoq va havas bilan tingladi.



1987-yil sentyabr oyida “Zarafshon” (sobiq Lenin yoʻli) gazetasida Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti oʻsimlikshunoslik kafedrasiga aspiranturaga qabul eʼlon qilindi.



Uning “Gʻoʻza mahsuldorligi va tola sifatiga organik oʻgʻitlar va trixoderma lignorum 19 shtammi uygʻunligining taʼsiri” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasiga professor R.O.Oripov ilmiy rahbarlik qildi. U 1991-yilda SamQXI qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi.



Nurali Xalmanov oliy oʻquv yurtlaridagi ilmiy pedagogik faoliyatini 1990 yil SamQXI agronomiya fakultetining oʻsimlikshunoslik kafedrasida assistent lavozimidan boshladi.



1996 – 1999 yillarda ishlab chiqarishdagi faoliyatini davom ettirib Samarqand Viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi dehqonchilik boʻlimi boshligʻi lavozimiga taklif etildi. 1999 – 2000 yillarda esa Viloyat don mahsulotlari aksiyadorlari uyushmasida elevator sanoati va qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi lavozimida ishladi. Samarqand davlat universitetida yangi tuproqshunoslik va ekologiya fakultetining ochilganligi va unga ishlab chiqarishda bir oz pishgan olimni taklif etilishi, Nurali uchun yana ilmiy-tadqiqot ishini davom ettirish imkonini berdi.



2000 – 2008 yillarda Samarqand davlat universitetining ”Ekologiya va tabiat muhofazasi”, “Ekologiya va agrokimyo” kafedrasida katta oʻqituvchisi lavozimida ishladi.



2008-2018 yillarda “Ekologiya va agrokimyo” va “Ekologiya” kafedrasi dotsenti lavozimida ishladi.



2018 yildan “Ekologiya” kafedrasi professori, 2021 yillarda Samarqand davlat universiteti “Mevachilik-uzumchilik va sabzavotchilik” kafedrasi professori lavozimida umrining oxirigacha (09.04.2022 yil) faoliyat olib bordi.



Nurali Xalmanov qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirib 2018 yil 25-iyul kuni “Zarafshon vohasida barqaror ekologik agrobiotsenozni taʼminlashda sideratsiyaning ahamiyati” mavzusidagi doktorlik ishini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga qarashli Tuproqshunoslik va Agrokimyo ilmiy tadqiqot institutida tuzilgan bir martalik ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilib “Ekologiya” ixtisosligida respublikamizda birinchilardan boʻlib fan doktori ilmiy darajasini olishga musharraf boʻldi.



Olim bu sohada 100 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalar eʼlon qilgan. Uning fermer xoʻjaligi rahbarlari va mutaxassislar uchun yozgan “Oraliq ekinlar”, “Paxtachilikda organik oʻgʻitlar va trixodermadan foydalanishning ekologik samaradorligi”, “Paxtachilikda organik oʻgʻitlar va atrof muhit muhofazasi”, “Zarafshon vodiysida ekologik barqarorlikni taʼminlashda sideratsiyaning ahamiyati” kabi monografiyalari bundan tashqari “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalashtirish va tuproq unumdorligini oshirish” va “Shahar va sanoat ekologiyasi” “Agroekologiya” nomli darsliklar muallifi hisoblanadi, qishloq xoʻjaligi sohasida tuproq unumdorligini tiklovchi, oshiruvchi va uning ekologik holatini yaxshilovchi manba boʻlib xizmat qilmoqda. Shuningdek 3 ta darslik, 15 ta oʻquv uslubiy qoʻllanma va 1 ta patent muallifidir.



Nurali Xalmanov ilmiy ishlar bilan bir qatorda badiiy ijodda ham qalam tebratgan. Sheʼrlar universitet gazetasida, hikoyalari bekajon jurnallarida chop etilgan, Olimning avtobiografik xarakterdagi “Rangin kunlar” nomli hikoyalar, “Hayot suqmoqlarida ushalgan orzular” nomli toʻplamlari nashrdan chiqdi. Olim Oʻzbekiston Respublikasi ekologik partiyasining markaziy kengash aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi ekologik harakati va Oʻzbekiston Respublikasi ekologik partiyasining syezdlariga uch marta delegat sifatida saylangan. Yaqin kunlarga qadar Nurali Xalmanov Ekologiya kafedrasi yetakchi professorlaridan biri sifatida bakalavriat va magistratura bosqichi talabalariga bilim berib kelgan. Turmush oʻrtogʻi Anora aya bilan  4 nafar farzandni tarbiyalab oliy maʼlumotli qilishdi va hozirgi kunda 10  nafar nabirasi bor. Oʻgʻli, Toshkuvatov Gʻanisher otasining qilgan ishlarini davom ettirmoqda.



Olim yaqin kunlargacha ham olim Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengash aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatayotgan edi.



Xalmanovlar oilasini haqiqiy olimlar oilasi desak mubolagʻa boʻlmaydi, chunki vaqtida Toshquvat ota bilan Shahri ayalarning toʻngʻich oʻgʻli Qahramonning tarbiyasidan alohida xulosa chiqarib, 8ta farzandlariga tarbiya berishda tarbiyaning turli xil usullarini qoʻllaganligini aytib oʻtish oʻrinlidir. Shuning natijasi boʻlsa kerak barcha farzandlarini oliy maʼlumotli qilib tarbiyaladi. Natijada oilada 2ta fan doktori etishib chiqdi. Hozirgi vaqtda f.-m.f.d. Xalmanov Aktam Toshquvatovich Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Mexanika muhandisligi” kafedrasida professor lavozimida faoliyat koʻrsatmoqda.