Olim

XOʻJAYEV SHAMIL TURSUNOVICH

Qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor

Qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor Xoʻjayev Shamil Tursunovich 1942–yilning 3–aprel kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Maktabda oʻqib yurgan davrlarida oʻsimlik va hayvonot dunyosiga qiziqqani bois, 1960–yilda Toshkent qishloq xoʻjalik institutining Oʻsimliklarni himoya qilish fakultetiga oʻqishga kirdi va 1965–yili uni imtiyozli baholar bilan tugatgan. 1965–yili Oʻrta Osiyo oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot institutiga ishga joylashib, olimlarga xos ijod yoʻlini bosib oʻtgan.



Sh.Xoʻjayev shu dargohda 1980–yilgacha ilmiy xodim, undan keyin esa, agrotoksikologiya laboratoriyasini boshqarib, shu lavozimda hanuzgacha faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



Oʻtgan 58 yilga teng davr ichida paxtachilik hamda yoʻldosh ekin va boshqa oʻsimliklarni zararkunandalardan himoya qilish sohasida mavjud dolzarb muammolarni yechishga kirishib, soha va jamoa uchun zarur boʻlgan natijalarga erishgan. Uning ishtirokida qishloq xoʻjaligi ekinlarini (gʻoʻza, gʻalla, sabzavot – poliz va boshqa yoʻldosh oʻsimliklar) himoya qilishda yangi uygʻunlashgan himoya qilish tizimlari (IPM) yaratilib, tobora takomillashtirib kelinmoqda.



Sh.Xoʻjayev 1974–yili nomzodlik, 1991–yilda esa, Leningrad shahrida (VIZR) – doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1993–yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi unga professorlik unvonini bergan. U oilali, 3 farzandning otasi. Uning rahbarligida 40 dan ortiq fan nomzodlari va doktorlari tayyorlanib, muvaffaqiyatli himoya qilishgan.



Sh.Xoʻjayev 1981 yildan boshlab turli ilmiy kengashlarga aʼzodir. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasining ekspertlar aʼzoligiga (1992-1995) hamda turli ixtisoslashgan kengashlar tarkibiga (1996-2024) aʼzo etib tayinlanib, ibratli faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



Gʻoʻza, bugʻdoy, sabzabot-poliz, mevali bogʻ, tut va terak (entomologiya, agrotoksikologiya) boʻyicha ilm va amaliyotga yangiliklar bilan katta hissa qoʻshib kelmoqda. Ilk bor uning rahbarligida feromonitoring usuli yaratilib, OʻzR FA Biorganika institutining olimlari bilan hamkorlikda amaliyotda keng qoʻllanmoqda.



Sh.T.Xoʻjayev gʻoʻza va boshqa yoʻldosh ekinlar zararkunandalariga qarshi 500 dan ortiq insektitsid va akaritsidlarni sinab, orasidan yuqori talablarga javob beradigan 300 dan ortigʻi Oʻzbekiston Respublikasida ruxsat etilgan pestitsidlar “Roʻyxati…” ga kiritilib muvaffaqiyatli, amaliy ishlatilmoqda.



Uning yakka hamda hammuallifligida 600 ga yaqin ilmiy-amaliy maqola, shu jumladan 80 ta tavsiyanoma va uslubiy koʻrsatmalar hamda kitoblar (15) chop etilgan. Uning muallifligida talaba va qishloq xoʻjaligi mutaxassislari uchun moʻljallangan hasharotshunoslik (entomologiya) hamda qishloq xoʻjalik entomologiyasini qamrab olgan, 4 marta nashr qilingan va oxirgisi: “Umumiy va qishloq xoʻjalik entomologiyasi hamda uygʻunlashgan himoya qilish tizimining asoslari” (2019) deb nomlangan, 375 betdan iborat monografiya alohida oʻrin tutadi.



Bundan tashqari Agrotoksikologiyaga oid “Qishloq xoʻjaligida pestitsidlarni ishlatish hamda tadqiqotlar oʻtkazish usullari va shartlari” (2020) hamda “Pestitsid va agroximikatlarni roʻyxatga olish sinovlarini oʻtkazish yuzasidan uslubiy koʻrsatmalar” (2023) kitoblari chop etilib, sohadagi talaba, fermer-dehqon xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislar uchun dolzarb manba boʻlib xizmat qilmoqda.