Oʻzbek va fors-tojik tillarida ijod qiluvchi zullisonayn shoir, sharqshunos-dinshunos va faylasuf-tasavvufshunos olim, tarjimon va publitsist Xolmoʻminov Jaʼfar Muhammadiyevich – Jaʼfar Muhammad Termiziy 1968 yilning 20 sentyabrida Surxondaryo viloyatining Sherobod (hozirgi Muzrabot tumani hududiga qarashli) tumanidagi Nazariy mahallasida til va adabiyot oʻqituvchisi oilasida dunyoga kelgan.
Jaʼfar Xolmoʻminov 1975-85 yillar mobaynida Boysun tumanidagi 18-maktab va Muzrabot tumanidagi 8-maktablarida oʻrta maʼlumotni olgach, 1986 yili Tojikiston davlat universitetining filologiya fakulteti fors-tojik klassik adabiyoti ixtisosligi boʻyicha oʻqishga kirdi. 1987-1989 yillarda Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmatni oʻtab, yana tafsilotini davom ettirdi va 1993 yilda tahsilni tugatib, ona yurtiga qaytdi.
Jaʼfar Xolmoʻminov 1993-1998 yillar davomida Surxondaryo viloyati Teleradiokompaniyasi radioeshittirishlar tahririyatida katta muharrir, Surxondaryo viloyati Kasaba uyushmalari kengashida “Ijtimoiy huquq va mehnat muhofazasi” boʻlimi maslahatchisi, Termiz davlat universiteti filologiya fakulteti “Oʻzbek adabiyoti” va “Tilshunoslik” kafedralari oʻqituvchisi, katta oʻqituvchisi sifatida “Fors tili”, “Hozirgi zamon Eron adabiyoti”, “Jahon adabiyoti tarixi”, “Sheʼrshunoslik” (Aruz ilmi), “Eron tillari qiyosiy grammatikasi” fanlaridan dars berdi, Markaziy Osiyoda ilk marotaba “Tasavvuf adabiyoti”ni fan sifatida shakllantirib, talabalarga saboq berdi.
Shuningdek, viloyat “Kamolot” Yoshlar jamgʻarmasi Kengashida “Maʼnaviyat va maʼrifat” boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatdi. Shu bilan birga, 1993-2000 yillar davomida Surxondaryo viloyatida yashab ijod qiladigan zullisonayn shoir va yozuvchilarni birlashtirgan “Chashmai xurshed” – “Quyosh chashmasi” adabiy toʻgaragiga rahbarlik qildi.
Jaʼfar Xolmoʻminov 1999-2002 yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi doktoranturasining kunduzgi boʻlimida tahsil oldi. 2003 yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti qoshidagi Sharqshunoslik fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga ixtisoslashgan Ilmiy Kengashda ushbu ilmiy tadqiqotni muvaffaqiyatli himoya qilib, “Dinshunoslik nazariyasi” (24.00.01.) ixtisosligi boʻyicha falsafa fanlari nomzodi (falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori – Ph.D) ilmiy darajasini oldi.
Ilmiy-ijodiy faoliyat bilan birga 1999-2013 yillar davomida J.Xolmoʻminov Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Elchixonasi huzuridagi Madaniyat vakolatxonasida bosh tarjimon, madaniy va ilmiy-adabiy aloqalar boʻyicha bosh mutaxassis hamda vakolatxona tomonidan Eronda oʻzbek va fors tillarida nashr etilgan “Sino” maʼnaviy-maʼrifiy, falsafiy-irfoniy va adabiy-badiiy jurnalining bosh muharriri oʻrinbosari, bosh muharriri lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi va ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga ham munosib hissa qoʻshdi.
Jaʼfar Xolmoʻminov 2004-2006 yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi tinglovchilariga “Milliy maʼnaviyat” va “Dinshunoslik” fanlaridan, Oʻzbekiston Milliy universitetining Falsafa fakulteti magistrantlariga ilk bor “Tasavvuf falsafasi” fanidan maʼruzalar oʻqidi.
Jaʼfar Xolmoʻminov 2021-2023 yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi dotsenti sifatida ham ofitserlar va kursantlarga “Dinshunoslik” va “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning maʼnaviy asoslari” fanlaridan dars berdi, bir qator ilmiy-tadqiqot loyihalarida faol ishtirok etdi.
2006-2008 yillar davomida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Falsafa” kafedrasi katta oʻqituvchisi, dotsenti sifatida bakalavr va magistr bosqichlari talabalariga “Falsafa asoslari”, “Xorijiy sharq mamlakatlari falsafasi” fanlaridan, oʻzi yaratgan “Din falsafasi” va “Tasavvuf falsafasi” fanlaridan dars berdi. Shuningdek, Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida “Tasavvuf adabiyoti” fanidan (2012 yilda), Termiz davlat universitetida “Sharq adabiyoti” fanidan, Toshkent viloyati Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida esa “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari” fanidan (2013 yilda), Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida “Tarjima nazariyasi”, “Tarjimashunoslik”, “Madaniyatlararo muloqot nazariyasi” va “Tarjimaning filologik asoslari” fanlaridan (2013-2014) maʼruzalar oʻqidi.
2013-2018 yillar Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti sifatida talabalarga “Maʼnaviyat asoslari”, “Dinshunoslik”, “Falsafa (mantiq, etika, estetika)” va “Madaniyatshunoslik”, 2019-2020 oʻquv yili davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabalariga dars berdi.
2016-2019 yillar mobaynida “Yangi nashr” nashriyoti bosh muharriri lavozimida ishlab, bir qator adabiy-badiiy va ilmiy asarlarni nashrga tayyorladi, 200 ga yaqin kitobga masʼul muharrir (yoki muharrirlik) qildi.
2020-2023 oʻquv yili davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedrasi dotsenti sifatida “Dinshunoslik” fanidan dars berdi, ilk marotaba “Tasavvuf falsafasi”, “Tasavvuf adabiyoti va germenevtikasi” “Tasavvuf germenevtikasi” “Tasavvuf falsafasi va germeknevtika”, “Tasavvuf tarixi va tariqatlarning shakllanish jarayonlari”, “Tasavvuf teologiyasi”, “Tasavvuf psixologiyasi” fanlaridan oʻquv dasturlari, oʻquv qoʻllanmalari va darsliklarni yaratib, ushbu fanlardan bakalavr va magistr bosqichlari talabalariga maʼruzalar oʻqidi. Ushbu davr ichida universitet rektori G.Sh.Rixsiyeva rahbarligida “Tasavvuf germenevtikasi” magistratura mutaxassisligini ochishga muvaffaq boʻldi.
Shu kungacha Jaʼfar Xolmoʻminovning “Jomiy va vahdat ul-vujud taʼlimoti” (Toshkent, “Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008) va “Vahdat ul-vujud falsafasi va Naqshbandiya taʼlimoti (Ibn al-Arabiy, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror Valiy va Abdurahmon Jomiy qarashlari asosida)” (Toshkent, “Tafakkur”, 2020), “Qiyosiy tasavvufshunoslik” (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, 2021), “Tasavvufontologiyasi” (Toshkent, “Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti”, 2021), nomli monografiyalari, “Tasavvuf falsafasi. 1-qism: Tasavvuf ontologiyasi” (Toshkent, “Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti”, 2021) nomli oʻquv qoʻllanmalari, “Roʻzgor va osori Oromi Pongʻozi” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2015, tojik tida), “Jomiy Yevropada” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2016, olmon tilida: Jafar Kholmuminov. Dschami in Europa.), “Globallashuv va milliy maʼnaviyat” (Toshkent “Maʼnaviyat”, 2016), “Vorisoni Oromi Pongʻozi” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2017, tojik tilida), “Naqshbandiya taʼlimoti va Markaziy Osiyo xalqlari maʼnaviy birligi” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2018) , “Xoja Muhammad Porso Buxoriy. Hayoti va falsafiy-irfoniy merosi” (Toshkent: “Tafakkur tomchilari”, 2020), “Tafakkur dramasi. Professor Narzulla Joʻrayev hayoti va ijodi, siyosiy-ijtimoiy qarashlariga chizgilar. Esse” (Toshkent, “Adabiyot”, 2023) “Roʻzgor va osori du adibi gumnom. Mirzo Abduxoliqzoda Samarqandiy va Orom Pongʻoziy” (Toshkent, 2023), “Sharq va Gʻarb: tamaddunlar muloqoti. Falsafiy esselar (Toshkent: “Shafoat nur fayz”, 2023) kabi ilmiy va ilmiy-ommabop risolalari nashr etilgan.
J.Xolmoʻminov hammuallifligida fors tilida chop etilgan “Eronshinosoni Oʻzbekiston” (Toshkent-Tehron, 2005, M.Abdusamatov bilan hammualliflikda), “Siymoi farhangii Oʻzbekiston” (Tehron, “Al-Hudo” xalqaro nashriyoti, 2006) va “Donishnomai zabon va adabiyoti forsii Oʻzbekiston: qarni bistum to kunun” (Tehron, “Al-Hudo” xalqaro nashriyoti, 2006, hammualliflikda) kabi ensiklopedik asarlari, “Oʻzbekistonda fors-tojik adabiyoti taʼlimi” (Tehron, 2006, fors tilida, hammualliflikda) “Forsiy adabiyotning jahon adabiyotidagi oʻrni” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2012, hammualliflikda), “Fikrat olami. Professor Narzulla Joʻrayev asarlari bibliografiyasi” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2017, hammualliflikda), “Sohibqiron Amir Temur harbiy sanʼati” (Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2022, hammualliflikda) kabi kitoblari hamda Sharq falsafasi, dinshunoslik, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvuf falsafasi, tasavvuf adabiyoti, manbashunoslik, klassik fors-tojik adabiyoti, hozirgi zamon Eron adabiyoti, oʻzbek adabiyoti, tarjimashunoslik, maʼnaviyat va madaniyatshunoslik sohalariga oid 300 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop, 100 dan ortiq publitsistik maqolalari Oʻzbekiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Tojikiston, Hindiston, Turkiya, Fransiya, AQSH, Singapur, Belorus va boshqa xorijiy ilmiy jurnallar hamda internet saytlarida eʼlon qilingan.
Jaʼfar Xolmoʻminov talabalik davridan shu kunga qadar respublika va xalqaro miqyosdagi turli ilmiy anjumanlar, xorijiy mamlakatlardagi turli oʻquv va malaka oshirish kurslarida ishtirok etgan. U qirqdan ortiq yirik xalqaro ilmiy va maʼrifiy anjumanlarda ilmiy maʼruzalar bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, uning tashabbusi va rahbarligida “Kamol Xujandiy 700 yilligiga bagʻishlangan “Sheʼriyat – doʻstlik elchisi” (Toshkent, 2019), “Jomiy va Navoiy: fors-tojik va oʻzbek ilmiy-adabiy aloqalari” (Toshkent, 2020), “Xayyom tafakkuridan toʻqilgan xaymalar” (Toshkent, 2019), “Tasavvuf tarixi va falsafasi XXI asr koʻzgusida” (Toshkent, 2023) kabi bir qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazildi, ilmiy toʻplamlar nashr etildi.
J.Xolmoʻminov Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat targʻibot markazi targʻibotchisi sifatida Toshkent shahri, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlaridagi bir qator tashkilotlarda millatlararo totuvlik, milliy va diniy qadriyatlar, yoshlar tarbiyasi kabi mavzularda ham suhbatlar oʻtkazgan.
Jaʼfar Xolmoʻminov 2020 yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasining mustaqil tadqiqotchisi sifatida “Vahdat ul-vujud falsafasi va uning Naqshbandiya taʼlimotiga taʼsiri (Ibn al-Arabiy, Muhammad Porso va Abdurahmon Jomiy qarashlari asosida)” mavzusidagi dissertatsiyasini yakunlab, 2020 yil 29 dekabrda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.30.12.2019.F.01.05 raqamli Ilmiy kengashidan 09.00.03 – Falsafa tarixi ixtisosligi boʻyicha falsafa fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini oldi.
2020-2024 yillar davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedrasi dotsenti sifatida “Dinshunoslik” fanidan dars berdi, ilk marotaba “Tasavvuf falsafasi”, “Tasavvuf adabiyoti va germenevtikasi” “Tasavvuf germenevtikasi” “Tasavvuf falsafasi va germeknevtika”, “Tasavvuf tarixi va tariqatlarning shakllanish jarayonlari”, “Tasavvuf teologiyasi”, “Tasavvuf psixologiyasi” fanlaridan oʻquv dasturlari, oʻquv qoʻllanmalari va darsliklarni yaratib, ushbu fanlardan bakalavr va magistr bosqichlari talabalariga maʼruzalar oʻqidi. Ushbu davr ichida “Tasavvuf germenevtikasi” magistratura mutaxassisligini ochishda hissa qoʻshdi.
Jaʼfar Xolmoʻminov 2021 yildan buyon Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.30.12.2019.F.01.05 raqamli Ilmiy kengash aʼzosi, ushbu Kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisining oʻrinbosari sifatida ham faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, u respublika miqyosidagi 6 ta ilmiy va adabiy jurnal tahrir hayʼati aʼzosi, 6 ta xorijdagi (Eron, Turkiya, Shvetsiya, Germaniya, Tojikiston) ilmiy jurnal tahrir hayʼati aʼzosi, Erondagi “Bunyodi ҷahonii suxangustaroni Sabzmanish” xalqaro adabiy uyushmasining Rahbarlik kengashi aʼzosidir.
Shu paytgacha Oʻzbekiston MTRK turli telekanallari orqali Jaʼfar Xolmoʻminovning Islom falsafasi, Tasavvuf taʼlimoti va irfon falsafasi, fors-tojik adabiyoti va maʼnaviyatga oid 70 ga yaqin, respublika radiokanallari orqali 50 dan ortiq ilmiy-maʼrifiy suhbatlari efirga uzatilgan.
Hozirgacha Jaʼfar Muhammad Termiziyning fors-tojik tilidagi “Chashmi boron” [Yomgʻirning nigohi] (Termiz, “Jayhun”, 1997), “Mijgoni oftob” [Quyosh kipriklari] (Dushanbe, “Oli Somon”, 1999), “Tuloʻʼi sabzi rang” [Rangning yashil chiqishi] (Toshkent, Abdulla Qodiriy nomidagi “Xalq merosi” nashriyoti, 2003), “Tajalliy” (Toshkent, OʻzME Davlat ilmiy nashriyoti, 2008), “Oshiqi ishq” [“Ishq oshigʻi”] (Toshkent, “Yangi nashr”, 2011), “Hanuz ishq…” (Tehron: “Suxanvaron”, 2011), “Gʻizoli gʻazal” [Gʻazal gʻizoli] (Toshkent, “Turon-iqbol”, 2018), “Talxi shirin” (Tehron, 2024), “Aqli bunafsh” (Toshkent, 2024), “Abri daryodil” (Tehron, 2024), oʻzbek tilidagi “Koʻzgu hayrati” (Toshkent, “Tamaddun”, 2010), “Quyosh siyrati” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2015), “Vaqt taʼmi” (Toshkent, “Yangi nashr”, 2018) kabi sheʼriy toʻplamlari va kitoblari dunyo yuzini koʻrdi. Jaʼfar Muhammad Termiziyning ijodidan namunalar ingliz, fransuz, olmon, arab, rus, xitoy, uygʻur va turk tillariga ham tarjima va nashr qilingan.
Jaʼfar Muhammad Termiziyning oʻzbek va fors-tojik tillarida yozilgan sheʼrlaridan namunalar Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarda nashr etilgan ellikka yaqin tazkira va bayozlardan joy olgan.
J.Xolmoʻminov shu kungacha 20 dan ortiq ilmiy va adabiy asarlarni, jumladan, 2002-2013 yillar mobaynida chop etilgan Jaloliddin Rumiyning olti jildlik “Masnaviyi maʼnaviy” (Jamol Kamol tarjimasi), Hofiz Sheroziy gʻazallari (Olimjon Boʻriyev tarjimasi), Shayx Odina Muhammad Xorazmiyning “Miftoh ul-asror” (Mahmud Hasaniy tarjimasi), Mavlono Jaloliddin Rumiy gʻazallari (Asqar Mahkam tarjimalari), Shayx Saʼdiy gʻazallari (H. Neʼmat tarjimalari), Jomiy gʻazallari (H. Neʼmat tarjimalari), Jomiyning “Yusuf va Zulayxo” dostoni (O.Boʻriyev tarjimasi), shoir va mutasavvif Imlo Buxoriyning fors-tojik tilida bitgan gʻazallari va ruboiylaridan tarkib topgan devonini (Sh. Musoyev bilan hamkorlikda, Tehron, 2009) moʻtabar qoʻlyozmalar va ishonchli nashrlar asosida nashrga tayyorlagan hamda 200 dan ortiq ilmiy va badiiy kitoblarga masʼul muharrir yoki muharrir boʻlgan.
Bundan tashqari Jaʼfar Muhammad Termiziy badiiy va ilmiy asarlar tarjimasi sohasida ham faoliyat yuritib, hozirgi zamon oʻzbek sheʼriyati namoyandalari va oʻzbek olimlarining ilmiy maqolalarini oʻzbek tilidan fors tiliga, bir qator eronlik olimlarning ilmiy risolalari va maqolalarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Shuningdek, eronlik rumiyshunos olim Muhammad Isteʼlomiyning “Masnaviyga muqaddima” (2001), ilohiyotshunos va faylasuf olim Murtazo Mutahhariyning “Islom falsafasida ilohiy adolat masalasi” (2007) nomli ilmiy asarlari, hozirgi zamon Eron shoirlaridan Qaysar Aminpurning “Ishq tili grammatikasi” (2008) va Salmon Hirotiyning “Bu yulduzdan u yulduzgacha” nomli sheʼriy toʻplamlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy gʻazallari, hozirgi zamon Eron sheʼriyatining Ahmad Shomlu, Axavon Solis, Suhrob Sipehriy, Gulchin Giloniy, Manuchehr Otashiy, Rizo Barohaniy, Yadulloh Ruʼyoiy kabi qirqdan oshiq shoirlari ijodidan namunalarni (“Qirq chiroq. Zamonaviy Eron sheʼriyati”, “Eron zamonaviy sheʼriyati” kitoblari) fors tilidan oʻzbek tiliga, Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov sheʼriyatidan namunalarni (“Doʻst bilan obod uying” – “Xonaat bo doʻst obod” (2020) va “Qasidai Inson” (2020) toʻplamlari) fors-tojik tiliga tarjima qilgan.
2011 yilda Xalqaro Antique World (Yevropa – Gretsiya) Fanlar Akademiyasi tomonidan Jaʼfar Xolmoʻminovga professorlik ilmiy unvoni berildi. 2018 yilda u Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga, 2019 yil mart oyida Xalqaro Yozuvchilar va tabiblar ittifoqi aʼzoligiga (Tojikiston), 2021 yil dekabrida Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi aʼzoligiga, 2021 yil dekabrida Eron Adabiy tanqidi ilmiy akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga, 2022 yilda “Bunyodi ҷahonii suxangustaroni Sabzmanish” (Eron), “Eliasshagar World International platform of Literary, art and Culture”, “World Spiritual Humanity Peace and Literary Assocation” (Bangladesh) va “Anjumani adabii Xonai sheʼri Eron” xalqaro madaniy va adabiy tashkilotlar aʼzoligiga qabul qilindi. Bugungacha u 30 dan ortiq xalqaro miqyosdagi ilmiy, adabiy va madaniy tashkilotlarning eʼtiroflariga sazovor boʻlgan. 2023 yilda YUNЕSKO xalqaro madaniyat tashkiloti qoshidagi Butunjahon Falsafa forumi tomonidan “YER SHARI FUQAROSI” faxriy unvonini (CITIZEN of the EARTH / World Philosophical Forum, Socratic Philosophical shool. USE – UNO (UNESCO) Global sitizenship fostering program. September 15, 2023) oldi.
Ayni paytda J.Xolmoʻminov “Tasavvuf gnoseologiyasi”, “Tasavvuf antropologiyasi”, “Tasavvuf germenevtikasi” nomli monografiya va darsliklari, “Mavlono Rumiy va jahon adabiyoti”, “Ibn al-Arabiy va Rumiy”, “Faylasuf Jomiy” nomli qator ilmiy risolalar, “Zamonaviy oʻzbek sheʼriyati” tarjima kitobi, shuningdek, oʻzbek va fors-tojik tillaridagi yangi sheʼriy kitoblari ustida ishlamoqda.