Umidli inson borki, hamisha oldinga intilib yashaydi. Orzu istaklar og‘ushida maqsad va niyatlar sari intiladi. O‘z oldiga ma’lum bir maqsadlarni qo‘yib ro‘yobga chiqarish uchun kurashadi. Modomiki, umid va intilish, maqsad va natija bo‘lmasa inson hayotining umri zayli fayzsiz, besamar, rangsiz va ma’nosiz bo‘lib qoladi. Hayot oqimi, jo‘shqin daryodek girdobi qarshisida ma’nan ojiz, jismonan mag‘lub bo‘lib, ruhiy tushkunlikka giriftor bo‘ladi. Adog‘i yo‘q kundalik tashvishlar inson ma’naviy olamini yemirishi tabiiy. Metindek irodali insongina o‘z hayot yo‘nalishini mukammal belgilab oladi. Uning ezgu intilishi komillik va yetuklik sari boshlab boradi.
A’zam Abdusalomovich Xoliqov 1958 yil 10 martda Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanida ziyoli oilasida tavallud topgan. O‘n bir yoshida sevimli otasi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. Opalari, singillari, ukasi onasi bilan boquvchisiz qoladi. O‘n ikki yoshida ilk bor paxta dalasiga ishlab halol mehnat ta’mini sezgan. 1965-1975 yillarda shu tumandagi 29 – umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oldi. Ustozlari Ahmad Sayidahmedov, Jo‘ra Hasanov, To‘ra Muxtorov, Omon Kamolov, Payon Mallayev kabilardan hayot sabog‘ini, va bilimlarni o‘rgangan. Ularning o‘giti kelgusi hayot yo‘lida muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qildi. Maktabni tugatgach 1975-1977 yillar davomida ishlab chiqarish sohasida qizg‘in faoliyat ko‘rsatdi. 1977-1979 yillarda Ukrainada sobiq SSSR davrining harbiy xizmatida bo‘ldi. 1979-1984 yillar mobaynida M.T.Oybek nomidagi Termiz davlat pedagogika institutining (hozirgi Termiz davlat universiteti), filologiya fakultetida tahsil olgan. U talabalikning birinchi kunlaridanoq iqtidorli, a’lochi, bilimlarni mukammal o‘zlashtirishi bilan oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilarining hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi. A’zam Abdusalomovich Xoliqov fakultet va institutdagi jamoat ishlarida o‘z qobiliyatini namoyon etdi, o‘z ilmiy-ijodiy ishlari bilan ilmiy anjumanlarida faol ishtirok etgan. Ilmga asoslangan qarashlarida qat’iyatlik va sobitlik shakllanib bordi. Falsafiy bilimlarini, ma’naviy-siyosiy qarashlarini muttasil o‘stirib, takomillashtirdi. Nemis va rus tillarini o‘rgandi. Ma’naviy - ma’rifiy tadbirlarda, turli fan to‘garaklarida muttasil ishtirok etdi. Uning yana bir sevimli mashg‘uloti san’at bo‘lib, bu sohada ham hurmat-e’tibor qozongan. Buning isboti talabalik davrida qo‘shiqchilik san’atidan erishgan yutuqlari, viloyat drama teatrida «Alisher Navoiy» spektaklida Husayn Bayqaro obrazini maromiga yetkazib ijro etgani bo‘ldi.
Ilmga qiziqish, dunyoni falsafiy bilimlar asosida his etib teran anglash talabalik yillaridanoq uning kelajagini belgilab berdi. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatib, 1984 yilda mehnat faoliyatini Qumqo‘rg‘on tumanidagi 16-umumta’lim maktabida rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi vazifasida o‘z faoliyatini boshladi. 1989-1991 yillar davomida M.T.Oybek nomidagi Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1991-1994 yillarda Nizomiy nomidagi TDPI (hozirgi Nizomiy nomidagi TDPU), kunduzgi aspirantura bo‘limida tahsil olgan. Yosh bo‘lajak olimning ilm yo‘lidagi yo‘nalishini belgilab olishida ustozlari Narimon Hotamov, Davron Shodiyev, Botir Mirzahmedov kabi respublikamizning taniqli olimlari muhim rol o‘ynagan. 1994 yilda «Gumanitar o‘quv fanlarini o‘rganishda ideallashtirish uslubidan foydalanish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va unga O‘zbekiston Respublikasi OAKning qaroriga muvofiq pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan.
1994-yilda T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘z PFITI da katta ilmiy xodim vazifasiga ishga qabul qilingan. 1997-2000 yillarda O‘zbekiston PFITI, «Pedagogika nazariyasi va tarixi» bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2000-2003 yillarda mazkur institut doktoranturasiga qabul qilinib, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. 2003-2005 yillar mobaynida S.X.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda adabiyot o‘qituvchisi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 2005 yilda Nizomiy nomidagi TDPUning «Umumiy pedagogika» kafedrasiga o‘qituvchi lavozimida ishga qabul qilingan. A.A.Xoliqov o‘zining pedagogik faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashdi. U doimo kasbiy mahoratini boyitib borish uchun izlanishda bo‘lib, ko‘nikma va malakalarini oshirib bordi. Ilm o‘rganish va izlanish yo‘lida tinimsiz mehnat qildi.
Bizga ma’lumki, har qanday murakkab zamonaviy axborot texnologiyalari, integratsiyalar, fan sohasidagi olamshumul yangiliklar avvalo o‘qituvchi tomonidan o‘zlashtirilib, so‘ngra uning bilimi, saviyasi, qobiliyati evaziga o‘quvchilar ongiga va tafakkuriga yetkaziladi. Yildan yilga o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga nisbatan talablar kuchaymoqda. Bu hozirgi zamon talabi. Demak, o‘qituvchiga nisbatan qo‘llaniladigan “pedagogik mahorat” termini hech qachon eskirmaydi, balki tobora takomillashib, boyib va zamon talablariga mos o‘zgarib boraveradi. Zotan shunday ekan, bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlari ham aslo o‘z mavqeini yo‘qotmaydi. A’zam Abdusalomovichni ushbu teran fikrlar ilmiy yo‘nalishda yangi tadqiqotlar va izlanishlar qilishga chorladi. U doktorlik dissertatsiya mavzusini “Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish” deb nomladi. 2018-yilda tanlangan ushbu mavzu bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. A’zam Xoliqovning “Pedagogik mahorat” nomli ilk darsligi aynan hozirgi zamon o‘qituvchilarining mavqei, kasbiy faoliyati sirlari, zamon talablari doirasida kasbiy faoliyatini rivojlantirish yo‘llari, vositalari, pedagogik takti, pedagogik nazokati, pedagogik texnikasi, notiqlik san’atini mukammal egallaganligi, yuksak irodasi, pedagogik-psixologik bilimlarni va o‘z fanini chuqur bilishi, tafakkurining boyligi, siyosiy savodxonligi, shakllari kabilarni o‘rgatadi. Ushbu darslik bir nechta tillarda tarjima qilingan. Professor, pedagogika fanlari doktori, noyob iste’dod egasi A’zam Abdusalomovich Xoliqov endilikda muhtaram ustoz sifatida hurmat-e’tiborga loyiq. Hozirgi kungacha olimning yigirmaga yaqin darsligi va o‘quv qo‘llanmasi, 150 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Ilmiy rahbar sifatida 14 ta yosh olim uning rahbarligida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor bo‘lishgan. Talabalar, magistrlar, tayanch mustaqil izlanuvchilar, doktorantlarning yaqin maslahatchisi – ustoz murabbiy sifatida hurmat qozonib kelmoqda. O‘z sohasining bilimdon vakili bo‘lib e’tirof etilgan olim A.A.Xoliqovning fidokorona mehnati munosib taqdirlangan. U O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston avtonom Respublikasining “Xalq ta’limi” a’lochisi, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sovrindoridir.