Olim

YOʻLDOSHEVA SAODAT MANOFOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

Yoʻldosheva Saodat Manofovna 1959 yilda Fargʻona shahrida tavallud topgan. Bolalikdan tirishqoq boʻlib. u maktab yoshidayoq darsdan soʻng dugonalarini yoniga toʻplab maktab oʻyini oʻynar edi. Maktabda oʻqib yurgan paytidayoq MTTMlaridagi sport, raqs va tabiatshunoslik toʻgaraklariga qatnar edi. Ayniqsa oltinchi, yettinchi sinflarda toʻgarak ishlarida faol boʻlib, bir necha bor Respublika anjumanlarida oʻzining maʼruza va amaliy ishlari bilan ishtirok etib, yuqori sovrinli oʻrinlarni egallab, tengdoshlari ichida namuna boʻlib keldi. Oʻrta maktabni imtiyozli bitirgan Saodatning maqsadlari katta ilm dargohlariga etakladi.



Dastlab, 1976 yilda Margʻilon shahridagi pedagogika bilim yurtini imtiyozli tamomlagach, Toshkentga, Nizomiy nomidagi pedagogika institutiga yoʻllanma oladi. 1976 yili shu institutning “Pedagogika va psixologiya” fakultetiga oʻqishga kiradi va 1980 yili institutni tamomlab, mehnat faoliyatini dastlab Buxoro viloyatida, soʻngra Navoiy viloyati va Toshkent shaharlarida MTMda pedagog lavozimida, keyinchalik ilmiy tadqiqot ishlari bilan birga pedagogik faoliyatni oʻzi oʻqigan Oliy taʼlim muassasasida boshladi.



1998 yili “Oila” ilmiy-amaliy Markazida ustozi O.Musurmanova rahbarligida “Oʻzbekistonda sogʻlom avlodlarni shakllantirishning ijtimoiy pedagogik asoslari” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi va 2001 yili 13.00.01. Pedagogika nazariyasi va tarixi. Taʼlim menejmenti. Ixtisosligi boʻyicha pedagogika fanlari nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2003 yili OAKning dotsent, 2008 yilda Oʻzbekiston Milliy Universiteti professori va 2010 yilda “Antique World” xalqaro ilmiy akademiyasining professori unvonlariga ega boʻldi.



Jami 40 yillik pedagogik faoliyatining asosiy qismida oliy taʼlim tizimida faoliyat olib bordi. Jumladan 1996 yildan 2000 yillar davomida Nizomiy nomidagi TDPI “Odobnoma” kafedrasida oʻqituvchi va mustaqil izlanuvchi boʻlib, 2000 — 2007 yillar davomida Toshkent viloyati Pedagog xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri, 2007-2013 yillar davomida Oʻzbekiston Milliy universiteti qoshidagi “Oliy Pedagogika instituti” (Respublika oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti) da “Ijtimoiy va gumanitar fanlar ” kafedrasi mudiri va hozirga qadar Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsenti lavozimiga faoliyat yuritib kelmoqda.



Pedagogik faoliyati davomida 150 ga yaqin ilmiy nashrlar, jumladan “Umumiy Pedagogika” fanidan darslik (ham), “Oʻzbekistonda sogʻlom avlodlarni shakllantirishning ijtimoiy pedagogik asoslari” nomli monografiya, “Pedagogik-psixologik amaliyot” va “Umumiy pedagogika” oʻquv qoʻllanma (ham), uslubiy qoʻllanma, xalqaro va respublika nashrlarida pedagogik faoliyat va uning taraqqiyoti bilan bogʻliq mazmunga ega oila, mahalla va taʼlim muassasalarining farzand tarbiyasidagi hamkorlik masalalariga doir qator maqola va tezislar nashr etdi. Anjumanlarda ishtirok etdi.



Doimo harakatda boʻlishga, izlanishga odatlangan olima oʻz faoliyati davomida 2002-2006 yillar davomida umumtaʼlim maktablarining “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari”fani oʻqituvchilari, ota-onalar va malaka oshirish kursi tinglovchilari uchun reja,dastur,oʻquv va uslubiy qoʻllanmalar, tavsiyalar chop ettirdi.



Olimaning umumtaʼlim maktablarining yangi tahrirdagi DTSlarini va darsliklarni yaratishda, darsliklarni ekspert qilish komissiyasi aʼzosi, 2008-2010 yillar davomida oliy taʼlim tizimida yaratilayotgan innovatsion loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish ishlarida ham komissiya aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib bordi.



Saodat Yoʻldoshevaning yoshlikdan oʻz oldiga qoʻygan “Intilganga tole yor”- degan maqsadga eltuvchi shiori boʻlib, bu shiorni u oʻzining pedagogik faoliyati davomida shogirdlariga ham singdirib keladi. Saodat Manofovna tarbiyaviy, taʼlimiy faoliyatining mazmunida talaba yoshlarga ilmiy, kasbiy bilim va koʻnikmalar berish, ularni kasbiy mahoratini oshirish bilan birga ularga hayotiy koʻnikma, saboqlar berish, oilaviy va jamiyat hayotiga tayyorlash, ularning maʼnaviyatini shakllantirish borasida ham samarali ishlar olib boradi. Uning bu faoliyati talabalar turar joylarida, fakultetlar, mahalla va maktablarda tashkil etiladigan davra suhbatlari va uchrashuvlarda oʻz aksini topadi.



Jumladan, Toshkent shahrining Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod tumanlari MFY, TTJ, maktab va mahallalarda Yoshlar bilan ishlash, yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, yoshlar tarbiyasida oila, maktab va mahalla hamkorligi, yoshlar tarbiyasiga globallashuv jarayonlarining taʼsiri, ommaviy madaniyat va uning yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsirlari, tarbiyada ibrat tamoyili, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda milliy va zamonaviy qadriyatlar uygʻunligi kabi mavzularga yoʻnaltirilgan maʼruza va suhbatlari shular jumlasidan boʻlib, uning ilmiy pedagogik faoliyati bevosita mahalla bilan uzoq yillardan beri bogʻliq holda olib borilayotganing oʻziyoq bu olima faqat ilmiy emas balki ilmiy gʻoyalar asosida jamiyat hayotiga, uning rivoji va ravnaqi uchun hissasini qoʻshib kelayotgan jamiyatning faol va munosib aʼzosi sifatida oʻz oʻrniga ega.



Zero, Saodat Yoʻldosheva 2008 yildan buyon, Toshkent shahar Yunusobod tumani “Otchopar-1” MFY “Maʼnaviy-maʼrifiy va yoshlar bilan ishlash” boʻyicha rais oʻrinbosari, komissiya raisi, komissiya aʼzosi va mahallaning “oqila ayollar harakati” yetakchisi lavozimlarida ham faoliyat yuritib kelmoqda.



Saodat Yoʻldosheva pedagogik faoliyat bilan birga ijodkor qalb egasi. Uning ijod namunalari yurakdan chiqishi, tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligi, hayotiyligi va oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Olima oilali, 4 nafar farzand va10 nafar nabiraning duogoʻy buvijonisi sifatida hayotining eng goʻzal damlarini shaxs tarbiyasi va kamolotiga bagʻishlab yashamoqda.