Olim

YOʻLDOSHYEV QOZOQBOY

Pedagogika fanlari doktori, professor

Atoqli adabiyotshunos olim, mohir pedagog Qozoqboy Yoʻldoshev zamonaviy badiiy adabiyot va adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari, badiiy asar tahlilida yangicha yondashuvlarni qoʻllash, oʻzbek adabiyotini samarali oʻqitish borasidagi tadqiqotlari bilan milliy ilm-fan rivojiga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Shuning barobarida u ona tilimiz, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, til, milliy gʻurur, maʼnaviyat, tarbiya, axloq, madaniyatga doir oʻtkir, taʼsirchan chiqishlari bilan jonkuyar ziyoli sifatida eʼtibor qozongan.



Qozoqboy Yoʻldoshev ayni vaqtda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Ona tili va adabiyot taʼlimi” fakultetida kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda. Universitet huzuridagi Ilmiy seminar aʼzosi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. 44 nomdagi kitobi, 850 ga yaqin maqolasi chop etilgan. Qozoqboy Boybekovich Yoʻldoshev 1949-yil 9-may kuni Sirdaryo viloyatida tugʻilgan. Uning bolaligi oson kechmagan. Goʻdakligidayoq avval onasidan, keyin otasidan ajralib, hayotning achchiq sinovlari yosh boshiga tushgan Qozoqboy Yoʻldoshev opasi va pochchasining qaramogʻida katta boʻladi. Ehtimol, boʻlajak olimning keyingi faoliyatida erishgan katta muvaffaqiyatlari zamirida ham turmush qiyinchiliklarini juda erta boshdan kechirish va hayot maktabida toblanish yotgandir.



Qozoqboy Yoʻldoshev 1956–1966-yillarda Boyovut tumanidagi 8-oʻrta maktabda oʻqiydi. 1966–1970-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Sirdaryo davlat pedagogika institutining Oʻzbek filologiyasi fakultetida tahsil olib, imtiyozli bitiradi.



Oʻquvchilik va talabalik davridayoq intiluvchan va kitobsevar Q.Yoʻldoshev oʻzini qiziqtirgan savol javobini topmaguncha tinchimasligi bilan ajralib turardi. Uning oʻzbek xalq folklori namunalari: dostonlar, ertak, topishmoq, maqol va matallarni chuqur bilishi, zakiyligi, quymaquloqligi – eshitganini darrov xotirasida saqlab qolishi adabiyotning mohiyatini teran anglash va buni oʻquvchilarga anglatishda juda qoʻl keladi. Mehnat faoliyatini ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi sifatida boshlagan Q.Yoʻldoshev 1970–1977-yillarda Guliston tumanidagi 1- va 15-maktablarda oʻquvchilarga dars beradi. 1977–1979-yillarda tumandagi 9-hunar texnika bilim yurtida oʻquv boʻlimi mudiri, direktor oʻrinbosari lavozimlarida ishlaydi.



Qozoqboy Yoʻldoshev yoshligidan har bir ishga sidqidildan yondashar, zimmasidagi vazifani – u xoh kichik, xoh zalvorli masala boʻlsin, birday masʼuliyat bilan ado qilardi. Bu sifatlar uning bir necha yil xalq xoʻjaligi sohasidagi faoliyatida ham yaqqol namoyon boʻldi. 1980–1985-yillarda Oʻzkompartiya Guliston raykomida instruktor, qishloq xoʻjaligi xodimlari kasaba uyushmasi Guliston raykomi raisi, “Qizil tong” kolxozi partkomi kotibi lavozimlarida ishlagan Q.Yoʻldoshevni koʻpchilik asl kasbi til va adabiyot oʻqituvchisi deb oʻylamas, balki butun vujudi bilan xalq xoʻjaligi muammolarini bartaraf qilishga shoʻngʻigan, gʻayratli tashkilotchi sifatida bilishardi.



Eʼtiborlisi shundaki, Q.Yoʻldoshev bir muddat adabiyotshunoslik va pedagogikadan boʻlak sohalarda – xalq xoʻjaligi tarmoqlarida faoliyat yuritsa-da, asl maslagi – adabiyotning mohiyatini anglash va uni boshqalarga anglatish maqsadini unutmadi. Bu holat 1985 yilda “Oʻzbek sovet satirik hikoyalarida xarakter tasviri evolyutsiyasi” mavzusidagi nomzodlik ilmiy darajasini olish uchun muvaffaqiyatli yoqlangan dissertatsiya koʻrinishida samara berdi.



1986-yildan yana taʼlim sohasiga qaytgan yosh olim amaliyot bilan puxta shugʻullanish barobarida adabiy taʼlimda samaradorlikka erishish muammosini jiddiy tadqiq qila boshladi. 1994-yilgacha Guliston davlat universitetida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent, “Pedagogika va boshlangʻich taʼlim metodikasi” kafedrasi mudiri, “Oʻzbek filologiyasi” fakulteti dekani lavozimlarida mehnat qildi.



Qozoqboy Yoʻldoshevning ilmiy-pedagogik faoliyatida badiiy asar tahlilini samarali amalga oshirish bilan bogʻliq muammolar tadqiqi katta oʻrin tutadi. Taʼkidlash joizki, olim faoliyatining dastlabki davrlaridanoq adabiy taʼlim bosqichlarida samaradorlikka erishish badiiy tahlilni amalga oshirish bilan bevosita bogʻliqligi gʻoyasini ilgari suradi. Bu fikr Q.Yoʻldoshevni badiiy asarlarni tahlil qilishning ilmiy asoslarini yaratish muammosi bilan shugʻullanishga undadi. Sirdaryoda sezilarli yutuqqa erishgan, muvaffaqiyatlari davomli boʻlsa-da, Q.Yoʻldoshev yuqorida qayd etilgan maqsadiga erishish uchun oʻtgan asrning 90-yillari oʻrtalarida Toshkentda faoliyatini davom ettirish hamda adabiyot va uni oʻqitish metodikasini ilmiy tadqiq etishga qaror qiladi.



Olim 1994–1998-yillarda Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbek pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida boʻlim mudiri, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari boʻlib ishladi. Shu jarayonda maktab uchun adabiyot boʻyicha dasturlar tuzish, darsliklar yaratishda qatnashadi.



Ushbu davrda Qozoqboy Yoʻldoshevning ilmiy faoliyati oʻqitishning zamonaviy usullarini joriy qilish, maktablarda adabiyot oʻqitishning ilmiy-metodik asoslarini yaratish bilan bogʻliq ravishda kechdi. Ilmiy izlanishlari natijasida 1997-yili “Yangicha pedagogik tafakkur va umumtaʼlim maktablarida adabiyot oʻqitishning ilmiy-metodik asoslari” mavzusidagi pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani yoqladi.



Qozoqboy Yoʻldoshev 1998–2000-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti dekani sifatida samarali faoliyat yuritdi. Jumladan, taʼlim sifatini oshirishda malakali mutaxassislar oʻrni kattaligini toʻgʻri baholagan Q.Yoʻldoshev fakultetning ilmiy salohiyatini oshirish choralarini koʻrdi. Viloyatlardagi va poytaxtdagi boshqa oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlaridan malakali professor-oʻqituvchilarning jalb etilishi hamda ijodkorlar bilan muntazam muloqot natijasida “Oʻzbek filologiyasi” fakulteti ilmiy-adabiy markazlardan biriga aylandi.



2000-yilda professor ilmiy unvonini olgan Qozoqboy Yoʻldoshev 2005-yilgacha “Hozirgi oʻzbek adabiyoti” kafedrasi mudiri, 2005–2014-yillarda “Matnshunoslik, milliy uygʻonish davri va hozirgi oʻzbek adabiyoti” kafedrasi professori boʻlib ishladi. 2014–2019-yillarda Guliston davlat universiteti va Sirdaryo viloyati pedagog xodimlar malakasini oshirish instituti professori sifatida faoliyat koʻrsatdi. 2019-yildan hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori sifatida ishlamoqda.



Olim taʼlimning barcha bosqichlarida adabiyot oʻqitish uchun badiiy asar tahlili eng muhim tadbir ekanini, ammo badiiy tahlilni amalga oshirish yoʻllari koʻrsatilgan tadqiqotlar mutlaqo yoʻqligidan kelib chiqib, oʻsha boʻshliqni toʻldirish borasida izlandi. Jumladan, oʻtgan asrning 90-yillari oʻrtalarida badiiy tahlilga doir qarashlarini “Badiiy tahlil asoslari” nomida tizimga solib, 1996-yildan Oʻzbekiston Milliy universitetining Oʻzbek filologiyasi fakulteti talabalariga maxsus kurs sifatida oʻqib, ilk sinovdan oʻtkazdi. Uning tashabbusi bilan dunyoga kelgan ushbu maxsus kurs 1998-yildan tanlama fanlardan biriga aylandi. Nihoyat 2004-yildan eʼtiboran turli muhokamalar hamda vaqt sinovidan oʻtib, juda zarurligi tan olingan “Badiiy tahlil asoslari” ixtisoslik fanlari qatoriga kiritildi. Oradan oʻtgan yigirma yilga yaqin vaqt davomida “Badiiy tahlil asoslari” fani dolzarbligi, ahamiyatliligi, oliy filologik taʼlim samaradorligini oshirishda muhim bosqich ekani oʻz isbotini topdi. 2016 yili-Q.Yoʻldosh va M.Yoʻldosh hammuallifligida nashrdan chiqqan “Badiiy tahlil asoslari” darsligi adabiy asarning badiiy mantigʻi va estetik jozibasini aniqlashda talabalar uchun muhim qoʻllanmaga aylandi.



Adabiyotshunos sifatida uzoq yillardan beri samarali faoliyat yuritayotgan Qozoqboy Yoʻldoshev ijodkorlar, tanqidchilar va kitobxonlar orasida bilimdon sinchi, adabiy izlanishlarga xayrixoh munaqqid oʻlaroq tanilgan. Shu maʼnoda atoqli yozuvchi Odil Yoqubovning: “Qozoqboyning badiiy asardan oʻzi istagan narsani emas, balki oʻsha asar zamirida chindan bor estetik maʼno va jozibani topishini maʼqul koʻraman. Shuningdek, olimning adibni tushunishga intilishi, yozuvchi ruhiyatiga xos belgilar badiiy asarda qanday namoyon boʻlganini ochishga ishqibozligi ham koʻnglimga oʻtirishadi” tarzidagi eʼtirofida professor Qozoqboy Yoʻldoshevning adabiy tanqidchilik faoliyati mohiyati toʻlaqonli aks etgan, deyish mumkin. Olimning “Alpomish” talqinlari” (2002), “Yoniq soʻz” (2006), “Soʻz yolqini” (2018), “Ochqich soʻz” (2019), “Jilovlanmagan tafakkur mahsuli” (2023) kabi kitoblarida oʻzbek adabiyotining dolzarb muammolari teran tadqiq etiladi. Shuningdek, ularda oʻzbek va jahon adabiyotining taniqli namoyandalari ijodi misolida adibni tushunish, uning badiiy niyatini aniqlash borasidagi yangicha adabiy-ilmiy tahlillar oʻz aksini topgan.



Dunyo adabiyotida taniqli shaxslar, ijodkorlar shaxsiyatini oʻrganish orqali uning faoliyatidagi oʻziga xoslikni aniqlash anʼanasi mavjud. Xususan, “Mashhur kishilar hayoti” (“JZL”) turkumidagi asarlar koʻplab atoqli shaxslar hayotiga biografik aspektda baho berish orqali kitobxonlarga ularni yanada yaqindan tanish imkonini beradi. Shu maʼnoda Q.Yoʻldoshevning “Kiyiksoʻqmoqdagi yoʻlovchi” (hammualliflikda) kitobi ham aksariyat oʻzbek adabiyoti muxlislariga yaxshi tanish shoir – Muhammad Yusuf ijodi va shaxsiyatiga oʻziga xos rakursdan yondashilgani bilan ahamiyatlidir. Q.Yoʻldoshevning “Yoʻl odami” monografiyasida shoir Azim Suyun ijodi biografik metod asosida oʻrganilgan.



Olimning tilshunoslik, xususan, lugʻatshunoslikdagi tadqiqotlari ham alohida eʼtiborga molik. Soʻzning soʻzdan farqini nozik his qiladigan Q.Yoʻldoshev ijodkorlarning soʻz qoʻllash mahoratini doim badiiylikka erishishning asosiy mezonlaridan biri sifatida qaraydi. Shu maʼnoda “Zominning til qomusi” (hammualliflikda) va “Oʻzbek pedagogik ensiklopedik soʻzligi” (hammualliflikda) lugʻatlarida olimning soʻz maʼnolariga oid talqinlari nazariy va amaliy jihatdan oʻz isbotini topgan, deyish mumkin. “Zominning til qomusi” asari oʻzbek shevalarining betakror boyligini koʻrsatuvchi nodir manbalardan biriga aylandi.



Q.Yoʻldoshev maktab taʼlimining samarali boʻlishini, oʻquvchilar statik maʼlumotni koʻr-koʻrona yodlaydigan behis robot emas, balki masalaning mohiyatini his qilish ustida bosh qotiradigan fikr egalari boʻlishini istaydi. Uning adabiy taʼlim samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari zamirida ham koʻngilni tarbiyalash orqali oʻziga, yurtiga, millatiga befarq boʻlmagan oʻquvchilar shakllantirish maqsadi mujassamdir. Shu maʼnoda adabiyot darsliklarini yaratish bilan bogʻliq jarayonni Qozoqboy Yoʻldoshev faoliyatining eng zalvorli yoʻnalishlaridan biri deyish mumkin.



U 1991–1998-yillarda yangilangan “Adabiyot” darsliklarini yaratish ishchi guruhi aʼzosi, 1998-yildan 2005-yilga qadar shu guruh rahbari boʻldi. Q.Yoʻldoshev Oʻzbekiston maktablarida turli davrlarda qoʻllanilgan 5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10- va 11-sinflar uchun “Adabiyot” oʻquvliklari mualliflaridan biri, 6-, 7-, 8- va 9- sinflarning “Adabiyot” darsliklaridan foydalanish boʻyicha oʻqituvchilar uchun “Oʻqituvchi kitobi”, “Adabiy saboqlar” nomida toʻrtta metodik qoʻllanma yaratgan metodist olim. Shuningdek, u Qozogʻiston Respublikasidagi oʻzbek maktablarining 5-11-sinflari uchun toʻqqizta “Oʻzbek adabiyoti” darsligi, toʻqqizta metodik qoʻllanma hamda toʻqqizta xrestomatiya yozishda qatnashgan. Qirgʻiziston Respublikasidagi oʻzbek maktablarining 6-, 7- va 8- sinflari uchun “Oʻzbek adabiyoti” darsligining yaratuvchilaridan hisoblanadi.



Qozoqboy Yoʻldoshev – soʻzga chechan notiq, gurungi zavqli suhbatdosh. Uning taʼsirchan nutqidan avvallari talabalar, adabiy-ilmiy jamoatchilik bahramand edi, Internetdan foydalanish koʻlami ortganidan keyin esa Qozoqboy Yoʻldoshev keng omma oʻrtasida mohir soʻzchi sifatida tanildi. U “Platforma.uz”, “Kun.uz”, “Qalampir.uz”, “Rost24”, “Xabardor”, “Yetuk TV” va boshqa Internet resurslaridagi hamda telekanallardagi zalvorli chiqishlarida davlat tili va kitobxonlikni rivojlantirish, milliy oʻzlikni asrash kabi muammolarning tub ildizi nimalar bilan bogʻliq ekani va ularni bartaraf qilish haqida fikr yuritadi.



“Odam haqida odamlar”, “Deydilarki” toʻplamlarida Qozoqboy Yoʻldoshev haqida zamondoshlari – ustozlari, hamkasblari, doʻst-yorlari, yaqinlari va shogirdlarining eʼtiroflari aks etadi.



Professor Qozoqboy Yoʻldoshev ilmiy-adabiy muhokamalarning doimiy qatnashchisi. Respublikamiz poytaxti va turli hududlarida Oliy taʼlim va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston milliy kutubxonasi va boshqa tashkilotlar tashabbusi bilan oʻtkaziluvchi ilmiy-adabiy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda Qozoqboy Yoʻldoshevning ishtiroki anjumanlarning mazmunli va esda qolarli oʻtishiga xizmat qiladi.



Olim turli yillarda Qozogʻistonning Xoʻja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro turk-qozoq universiteti, Turkiyaning Otaturk madaniyat markazi, Hoji Bektosh Valiy universiteti, Karabuk universiteti, Qirgʻizistonning Olabuqa gumanitar-pedagogika instituti hamda Ozarbayjonning turli muassasalari tomonidan oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda ham faol qatnashib, sertifikat bilan taqdirlangan.



Professor Qozoqboy Yoʻldoshev shogirdlariga nisbatan talabchan boʻlish barobarida ularni oʻziga teng koʻradi. Shu sababli ham uning darslari qiziqarli, esda qolarli boʻladi. Oʻzbekiston Milliy universitetida Q.Yoʻldoshev qator yillar davomida “Yilning eng faol oʻqituvchisi” sifatida eʼtirof etilgani ham buni tasdiqlaydi. Uning ilmiy rahbarligida toʻrt fan doktori, oʻn bir nafar fan nomzodi tayyorlangan.



Qozoqboy Yoʻldoshevning hayotiy tutumlari oilada ham yaqqol namoyon boʻladi. Turmush oʻrtogʻi, pedagog Jamila Yoʻldosheva bilan birga farzandlarini ilmli-maʼrifatli qilish barobarida ularga oʻz shaʼnini pok tutish, toʻgʻrilik, rostgoʻylik, halollik, mehnatsevarlikni singdirgan. Oʻgʻli Jalolbek Yoʻldoshbekov televideniye sohasida rahbar lavozimida faoliyat yuritmoqda. Otasining izidan borgan va filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan qizi Muhayyo Yoʻldosheva koʻp yillardan buyon oliy taʼlimda faoliyat yuritish bilan birga adabiy-tanqidiy maqolalari, publisistik chiqishlari orqali jamoatchilikka yaxshi tanish.