Dilnavoz Yusupova 2022-yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji — 26 yil. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori.
D.Yusupova oʻz mehnat faoliyatini 1999-yili Shayxontohur akademik litseyi ona tili va adabiyot oʻqituvchisi lavozimida boshladi. U 2005-2008-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti “Oʻzbek mumtoz adabiyoti” kafedrasi aspiranturasida oʻqidi. 2009-2013-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti “Oʻzbek mumtoz adabiyoti” kafedrasi oʻqituvchisi, 2013-2016-yillarda shu universitet dotsenti, 2016-2021-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti Oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi dotsenti, 2023-yildan shu universitet professori sifatida oʻz mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
D. Yusupova 2008-yilda “Alisher Navoiy “Xamsa”sida mazmun va ritmning badiiy uygʻunligi” mavzusida nomzodlik, 2019-yilda “Temuriylar davridagi aruzga doir risolalarning qiyosiy tahlili” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Respublika va xalqaro miqyosda Alisher Navoiy ijodi va mumtoz adabiyot tarixiga doir bagʻishlangan uch yuzga yaqin ortiq maqolasi chop etilgan. “Alisher Navoiy “Xamsa”sida mazmun va ritmning badiiy uygʻunligi” (2011), “Temuriylar davridagi aruzga doir risolalarning qiyosiy tahlili” (2019), “Xamsa poetikasi: vazn, qofiya va mazmun mushtarakligi” (2021) monografiyalari, “Oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi” (Alisher Navoiy davri, 2013), “Aruz alifbosi” (Navoiy poetikasidan saboqlar, 2014), “Adabiyotdan universal qoʻllanma” (2014, 2016, 2018, 2020), “Oʻzbek mumtoz va milliy uygʻonish davri adabiyoti” (Alisher Navoiy davri, 2016), “Aruz vazni qoidalari va mumtoz poetika asoslari” (2019) oʻquv qoʻllanmalari, “Aruz va mumtoz poetikaga kirish” (2020, 2022) darsligi, “Risolai aruz” (Abdurahmon Jomiy asari, 2014) tarjimalari nashr qilingan. D.Yusupova Respublika oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun moʻljallangan “Navoiyshunoslik” (2018, 2020, 2021), Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari (7-11-sinflar) uchun yozilgan “Adabiyot” darsligi va darslik-xrestomatiyalarining hammualliflaridan biridir. Ikki jildlik “Alisher Navoiy: qomusiy lugʻat” (2016) tarkibidan oʻrin olgan 500 dan ortiq maqola D.Yusupova tomonidan yozilgan.
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan nashr etilgan 30 jildlik “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” (2021) majmuasining asosiy tuzuvchilaridan biri sifatida ishtirok etgan. Shuningdek, D.Yusupova ToshDOʻTAUda har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro konferensiyasining asosiy tashkilotchilaridan biridir.
D.Yusupovaning ilmiy maqolalari AQSh, Germaniya, Angliya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston kabi mamlakatlarda eʼlon qilingan. Uning muallifligida 2016-yildan 2018-yilga qadar “Jahon adabiyoti” jurnalining “Navoiy saboqlari” rukni ostida 50 dan ortiq gʻazal sharhlari eʼlon qilib borgan. Uning bu boradagi faoliyati 2017-yilda “Jahon adabiyoti” jurnalining “Eng yaxshi ilmiy-adabiy, ijtimoiy-falsafiy asar”, 2018-yilda “Maʼrifat” gazetasining “Eng yaxshi maqola” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib deb topilgan.
D.Yusupova 2017-2019 yillarda Alisher Navoiy “Xamsa”sining, 2020-2021 yillarda “Mahbub ul-qulub” asarining ozarbayjon tiliga toʻliq tarjima qilinishida (tarjimon Ramiz Asker) muharrir va adabiy maslahatchi sifatida ishtirok etgan.
2019-2023-yillar oraligʻida ERASMUS+ dasturi doirasida Gretsiya va Vengriya mamlakatlarida malaka oshirgan. Budapeshtdagi Eotos-Lorash universiteti Turkologiya institutida Alisher Navoiy va Bobur ijodi boʻyicha mashgʻulotlar olib borgan. Qozogʻiston, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Eron mamlakatlarida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda mumtoz adabiyotga doir maʼruzalari bilan ishtirok etgan. “Роль трактата об арузе Бабура в развитии арузоведения в темуридский период (Rosisya), Ali Şir Nevaî’nin Nesayimü’l Muhabbetʼinde Marifetullahʼın Yorumu (Ozarbayjon), Global / küresel Şahsiyet olarak Ali Şir Nevâyî (Turkiya), Nesayimü’i muhabbet Ahmet Yesevî ve yesevîlik şeyhleri hakkinda (Qozogʻiston) kabi maʼruzalar shular jumlasidandir. U “European Scholar Journal”, “Alisher Navoiy” xalqaro jurnallarining tahrir haʼyati aʼzoshi hisoblanadi.
D.Yusupova 2021-yilda Oʻzbekkino milliy agentligi bilan hamkorlikda tasvirga olingan “Alisher Navoiy” hujjatli filmining ilmiy muharriridir.
D.Yusupova 2008-2020-yillar oraligʻida Oʻzbekiston MTRKda “Navoiyni anglash”, “Navoiyga ehtirom”, “Davr-intervyu” kabi koʻrsatuvlarda ishtirokchi, “Bir bayt sharhi” koʻrsatuvida muallif-boshlovchi sifatida qatnashgan.
D.Yusupova Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi sifatida Adabiy tanqid boʻlimining yil yakunlari boʻyicha hisobotida maʼruzalari bilan ishtirok etgan (2020, 2021, 2023).
D.Yusupova Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyot universiteti va Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosidir.