Dilorom Yusupova — tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (akademik). U 1941-yil 21-iyul kuni Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan.
Dilorom Yusupova 1996-yil Kioto xalqaro tadqiqotlar universiteti (Kioto university of foreign studies, Yaponiya) faxriy professori, 2011-yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2021-yil I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni, 2023-yil “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni, 2024-yil “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 80 yilligi” koʻkrak nishoni hamda bir qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
Dilorom Yusupova 1963-yil Oʻrta Osiyo davlat universiteti (1960-yildan Toshkent davlat universiteti, hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning Sharq fakultetini bitirib, oʻz mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining “Sharq qoʻlyozmalarini ilmiy tavsiflash va kataloglashtirish” boʻlimida laborant lavozimida boshladi. 1965–1967-yillar mobaynida ushbu boʻlimda kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi. 1967–1970-yillarda ushbu institutning aspiranti, 1971–1981-yillar institutning “Sharq qoʻlyozmalari tadqiqi va nashr etish” boʻlimi kichik ilmiy xodimi lavozimlarida ishladi. 1974-yil filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi.
1981–1996-yillarda ushbu institutning katta ilmiy xodimi (1986-yil boʻlimning nomi “Sharq qoʻlyozmalari manbashunosligi va kataloglashtirish” deb ataldi).
1990-yil SSSR Fanlar akademiyasi Sharq fakultetining Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) boʻlimi stajyori sifatida faoliyat yuritdi. 1991-yil SSSR Ministrlar Kengashi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” ixtisosligi boʻyicha katta ilmiy xodim ilmiy unvoni berildi. 1995–2009-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti)ning “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va manbashunosligi” kafedrasi dotsenti, professori lavozimlarida hamda 2020–2021-yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida maxsus kurslardan dars berib, oʻrindoshlik asosida ishlagan.
2001-yil tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi. 2001-yildan shu kunga qadar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi lavozimida ishlab kelmoqda. Shu vaqt mobaynida, yaʼni 2003–2007-yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining “Markaziy Osiyo va Sharq” granti hamda 2009–2013-yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarning elektron katalogini tuzish boʻyicha “Gerdi Xankel” (Germaniya) fondining granti ishtirokchisi.
Bu grantda u tomonidan 1100 ta Sharq qoʻlyozmalarining ilmiy tavsifi berilgan. Bir vaqtning oʻzida (2009–2014) “Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi dublet fondidagi qoʻlyozmalar katalogini tuzish” granti ishtirokchisi. Bu grantda u tomonidan 500 ta Sharq qoʻlyozmalarining ilmiy tavsifi berilgan. 2014–2017-yillarda “Litografik nashrlar katalogini tuzish” boʻyicha grant rahbari va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalar markazining “Filologik mazmundagi qoʻlyozmalar katalogini tuzish” granti ishtirokchisi.
2017–2020-yillarda “Markaziy Osiyo tarixiga oid manbalar nashri (Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi yozma manbalari asosida)” granti ishtirokchisi. Hozirgi vaqtda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining “Tarixiy manbashunoslik” boʻlimi bosh ilmiy xodimi.
Dilorom Yusupova 1958-yil Oʻrta Osiyo davlat universitetiga kirib, uni 1963-yil tamomlagan. Talabalik yillarida mashhur arabshunos B.Z. Xolidov, afgʻonshunos A.G. Ganiyev, eronshunoslar ogʻoyi Hamidiy va Sh. Shomuhammedovlardan bilim olish baxtiga muyassar boʻldi.
Uning ilmiy faoliyati 1963-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidan boshlangan. Oʻshandan beri, mana 61 yil boʻlibdiki u diqqat bilan Sharq mualliflarining qoʻlyozma asarlarini oʻrganadi. U ikki yoʻnalish boʻyicha shakllandi: 1) Sharq xalqlarining yozma yodgorliklarini manbashunoslik nuqtayi nazaridan oʻrganish; 2) Sharq qoʻlyozmalari va litografik nashrlarining ilmiy tavsiflash va kataloglashtirish.
Dastlab yosh olima Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarini A. Rasulev tomonidan arab tilidan tarjima, izoh va koʻrsatkichlar tuzish, korrektura va nashrga tayyorlash ishiga jalb etilgan.
D. Yusupovaning ishtirokidagi ushbu asarning nashriga ilmiy jamoa tomonidan yaxshi kutib olindi. Asar yana ikki marta qayta nash etilgan. Uning bu asarga boʻlgan ilmiy qiziqishi yoʻqolmadi va 2011-yil Sh. Kamoliddinov asarning ruscha nashrini amalga oshirganida D. Yusupova ushbu nashrga keng kirish qismini keltirgan.
Shu ish bilan bir vaqtning oʻzida A. Oʻrinboyev (unga D. Yusupova yordamchi etib tayinlangan edi) “Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti toʻplamidagi Abdurahmon Jomiy asarlarining qoʻlyozmalari” katalogini nashrga tayyorlayotgan edi. 1965-yilda ushbu katalogning nashr etilishiga D. Yusupova ustoziga katta yordam koʻrsatdi.
A. O‘rinboyev o‘zining shogirdi D. Yusupova mustaqil ish olib borishida amin bo‘lganida, unga Sayyid Ahmad Xoja naqibning “Sayohatnomayi Sayyid Ahmad Xoja” asarini fors tilidan rus tiliga tarjimasini amalga oshirishni buyurgan (Inv. № 4252, jami 79 varaq). Tarjima to‘la bajarilib, natijada, ushbu tarjima asosida konferensiyalarda qator ma’ruzalar va mazmunli maqola (“Сведения Бухарского накиба Саййид Ахмада Ходжа о Хивинском ханстве ХИХ в.”) hamda ilmiy tavsif (“SVR. Istoriya”) amalga oshirildi.
Keyinroq, A. O‘rinboyev unga boshqa manba – Imom Abulfazl Muhammad ibn Abdujalil as-Samarqandiyning (XII asr) qalamiga mansub Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 22 ta nusxasining ilmiy tavsifini amalga oshirishni buyurdi. Keyinchalik, bu tavsiflar “СВР. IX” va “СВР. История” kataloglariga kirgan. Shu bilan D. Yusupova qo‘lyozmalarni tavsiflash bo‘yicha tajriba orttirgan.
Shu yillar uning ilmiy rahbari A. Oʻrinboyev Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” (ikkinchi jild I qism, Toshkent – 1969) asarini nashrga tayyorlayotgan edi. D. Yusupova ushbu asarni nashrga tayyorlashda katta hissa qoʻshdi va tarjima matniga koʻrsatkich tuzdi.
Keyinchalik, uning konkret ilmiy yoʻnalishi Amir Temur va Temuriylar davriga oid manbalarni muomalaga kiritishdan iborat boʻldi. Jumladan, Hirot tarixchisi Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarining oxirgi qismini (1301–1442) rus tiliga (Toshkent – 1980) va oʻzbek tiliga (Toshkent – 2018) tarjima qildi. Ushbu asarning nashr etilishi nafaqat Oʻzbekiston, balki Rossiya va Yevropadagi Temuriylar tarixi bilan shugʻullanuvchi olimlar uchun katta rezonans boʻldi. Albatta, bu narsa Dilorom Yusupovani yanada ragʻbatlantirdi.
Oʻtgan asrning 70-yillarida Oʻzbekiston olimlari orasida Ulugʻbek rasadxonasidagi shu kungacha saqlanib qolgan asosiy uskunaning bir qismi haqida katta munozaralar ketayotgan edi. Ularga nuqta qoʻyish uchun Mirzo Ulugʻbekning ustozi Gʻiyosiddin Koshiyning Samarqanddan Koshonga oʻz otasiga yoʻllagan xatini forschadan ruschaga (Toshkent – 1979), oʻzbekchaga (Toshkent –1996) va lotin alifbosida (Toshkent – 2009) tarjima qilinib nashr etildi. 1987 yil D. Yusupova Mirxondning nabirasi Xondamirning serqirrali ijodini oʻrganishga kirishdi. Uning 13 forsiyzabon asaridan dunyoning turli qoʻlyozma fondlarida saqlanib qolgan asarlarini oʻrganishga kirishdi. Ana shu asarlarning har biri asosida Xondamirning hayoti, uning ijodi, XV–XVI asr boshlaridagi Markaziy Osiyo va Shimoliy Hindistondagi fan, adabiyot, taʼlim, sanʼat sohalarini, qurilish va taʼmirlash ishlari holatini aniqlash imkoni paydo boʻldi.
Natijada, 2001-yil ushbu tadqiqot asosida D. Yusupova “Xondamirnig ijodiy merosi – XV–XVI asrlar Markaziy Osiyo va Shimoliy Hindiston madaniyati tarixiga oid manba” nomli doktorlik dissertatsisini yoqladi.
D. Yusupovaning ilmiy faoliyatida ikkinchi yoʻnalish – Sharq qoʻlyozmalarini ilmiy tavsiflash va kataloglashtirish. Bu borada “Собрание восточних рукописей Институт востоковедения Академии наук Республики Узбекистан” IX jildida 25 ilmiy tavsif va XI jildida 27 ta ilmiy tavsif va katalogga koʻrsatkich u tomonidan bajarilgan.
1998-yil D. Yusupova hamda marhum R. Jalilova tarixiy mazmundagi Sharq qoʻlyozmalari ilmiy tavsiflari asosida katalog nashr etishgan (1018 ta qoʻlyozma tavsifi).
D. Yusupova tomonidan bir qator kataloglar tahrir qilingan: 1534 ta tavsif “OʻzFASHIdagi litografik nashrlar katalogi” (I jild); 452 ta tavsif “Termizlik allomalar asarlarining qoʻlyozmalar katalogi”; Oʻzbekiston Milliy universiteti kutubxonasida saqlanayotgan 187 ta Sharq qoʻlyozmalar katalogi; 1091 ta tavsif OʻzFASHIdagi adabiyotga oid qoʻlyozmalar katalogi (I jild); shuningdek, ushbu institutdagi 1000 ta litografik nashrlar katalogi va boshqalar.
Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu kataloglar nashrga tayyorlash jarayonida D. Yusupova qoʻlyozmalar va litografik nashrlarga tavsif berish borasidagi oʻz tajribasini ushbu ishga endigina kirishgan yoshlarga mohirona oʻrgatdi. Natijada, ularning baʼzilari bemalol bu ishni bajara ololadi.
2018-yil D. Yusupova Amir Temur va Temuriylar davrini (1301–1442) oʻz ichiga qamrab olgan Hirot tarixchisi Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihy” asarini oʻzbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini nashr etdi (296 bet).
2020-yil D. Yusupova U. Hamroyev bilan hammualliflikda Muhammad Amin Buxoriyning “Muhit ut-tavorix” asarini oʻzbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini nashr ettirdi (284 bet).
Bundan tashqari, D. Yusupova bir qator maqolalar bilan Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarda (Fransiya, Turkiya, Eron, Rossiya, Gruziya, Qirgʻiziston va b.) nashr etilgan nufuzli toʻplamlarda ishtirok etgan.
Eslatib oʻtish kerakki, D. Yusupova oʻz ustozlariga, ularning nufuzli asarlarini nashr etishga oʻz hissasini qoʻshgani “Abdurahmon Jomiy qoʻlyozmalari katalogi (A. Oʻrinboyev, L. Yepifanova. 1965); Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” (A. Oʻrinboyev. 1969); Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” (A. Oʻrinboyev. 1972); “Писма-автографи Абдаррахмана Джами из “Альбома Навои” (A. Oʻrinboyev. 1982); “Собрание восточних рукописей IV АНРУз” (IX, XI jildlar (1971, 1987); “ Историко-географическая литература Средней Азии XVI–XVIII вв. (Писменние памятники)” (B. Ahmedov. 1985); “O‘zbekiston xalqlari tarixi manbalari” (B. Ahmedov. 1991) kabi asarlarning kirish qismlaridagi eslatmalar yoki tuhfa qilingan nusxalardagi yozuvlar guvohlik qiladi. Albatta, bu kabi ishlar, shuningdek, reja bo‘yicha tadqiqotlari, dissertatsiya ishi D. Yusupovadan ko‘p vaqtni talab qilardi. U bu ishlarni epchillik bilan bajardi. Shu bilan birga, manbalar nashr etilishi, tadqiqotlar yozilishi va qo‘lyozmalar katalogini yaratish borasida katta tajriba orttirib oldi.
D. Yusupova har uch yilda bir marta Moskvada o‘tkaziladigan “Бартолдовские чтения”; 1994 yil Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik yubileyi (Toshkent, Samarqand), 1996 yil Amir Temurning 660 yillik yubileyiga (Toshkent, Samarqand, Parij) bag‘ishlangan xalqaro forumlarda; 1995–1996 yillar “Fors tili bilimdonlari” nomli xalqaro konferensiyada (Tehron), 1996 yil Astronomlar majlisida (Nitssa); har to‘rt yilda Anqarada o‘tkazilgan “Turk tarix kurumi” nomli forumlarda va boshqa ko‘plab xalqaro anjumanlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, yuqoridagi ishlarni amalga oshirish bilan bir qatorda D. Yusupova tahririy ishlarni ham faol olib borgan. U tomonidan bir qator nufuzli manbalar nashri, tadqiqotlar va kataloglar alohida ehtiyotkorlik bilan tahrir etilgan (jami 40 ta). D. Yusupovaning faoliyatida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash katta oʻrin egallaydi: 5 ta tarix fanlari doktori (Bishkek, Toshkent, Buxoro, Fargʻona) va 8 ta tarix fanlari nomzodi hamda falsafa doktori (PhD) (Toshkent, Samarqand, Fargʻona) tayyorlangan. Ayni vaqtda 1 ta fan doktori va 5 ta PhD tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda D. Yusupova tayyorlagan baʼzi shogirdlar Sharq mamlakatlarida diplomatik xodim boʻlib, ayrimlari Oʻzbekiston oliygohlarida faoliyat yuritmoqda, ilmiy tadqiqotlarini davom ettirmoqdalar. D. Yusupova 40 ta doktorlik, nomzodlik va PhD dissertatsiyalar himoyasida rasmiy opponent sifatida qatnashgan.
Koʻp yillar davomida D. Yusupova oliygohlar (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oriental universiteti, Ijtimoiy va siyosiy fanlar instituti)da katta pedagogik faoliyat olib borib, davlat imtihonlarida raislik qilib kelmoqda hamda magistrlik ishlarida rahbarlik qilib, oʻzining hayotiy va ijodiy tajribasini talabalarga oʻrgatib kelmoqda.
U faoliyati davomida jami 240 dan ortiq imiy asarlar yaratdi. Xalqaro simpoziumlarda D. Yusupova tomonidan oʻqilgan va nashr etilgan maʼruzalari Fransiya (1995, 1996, 1997), Buyuk Britaniya (1996), Eron (1996, 1998), Yaponiya (1996), Turkiya (2009, 2010, 2015, 2022), Rossiya (1984, 1987, 1990), Gruziya (1985, 1988), Ozarbayjon (2013), Qozogʻiston (1991, 1997) va boshqa ilmiy doiralarda katta rezonansga erishdi.
D. Yusupova ilmiy-tashkiliy ishlarni ham olib bordi. 2010–2014 yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat olib borgan.
Koʻp yillardan buyon Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi tarix fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarning va ularning seminarlari aʼzosi. Shuningdek, 2002-yildan shu kunga qadar fan doktorligi va falsafa doktorligi dissertatsiyalarni tasdiqlaydigan koordinatsion kengash aʼzosi. U 2002 yildan “Meros” (2015 yilgacha “Sharqshunoslik”), 2005 yildan “Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar”, 2009 yildan “Journale of Persianate studies” (Leiden – Boston: Brill, Niderlandiya), 2021 yildan “Tafakkuri tarix”, Anvori ilm”, “Payomi donishkade” (Panjikent, Tojikiston) jurnallarining tahririyat aʼzosi.
D. Yusupova 1996-yildan shu kunga qadar Amir Teur xalqaro jamoat fondi boshqaruv kengashi aʼzosi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoshidagi Sharq qoʻlyozmalarini qabul qilish komissiyasi aʼzosi.
D. Yusupovani fan sohasida koʻp yillik mashaqqatli mehnati, ilmiy kadrlar tayyorlash borasida uning katta yutuqlari, keng jamoatchilik faoliyati tufayli 2011 yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. 2021 yil I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni hamda 2023 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 2017 yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylangach, Oʻzbekiston tarixida ilk bor tarixchi ayollar orasida akademik unvoniga sazovor boʻldi. Shu bilan birgalikda, u turli jamiyatlar, fondlar, ilmiy tashkilotlar tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlangan.
Oʻzining samimiyligi, kamtarligi, kasbiga boʻlgan muhabbat, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, oʻz sohasiga professional sadoqati va mehri bilan keng jamoatchiik, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat qozongan.
Dilorom Yusupova nafaqat Respublikamizda malakali mutaxassis, balki xorijiy mamlakatlarda ham yaxshi tanilgan yetuk olimadir. U oʻzining ilmiy ishini va jamoa-tashkiliy ishlarini, Respublikamizga yuqori malakali kadrlar – fan doktorlarini tayyorlash borasida tinimsiz mehnat qilmoqda