Olim

YUSUPOVA MAVLYUDA AMINJANOVNA

Arxitektura fanlari doktori, professor, Sharq Davlatlari Xalqaro Arxitektura Akademiyasining muxbir-aʼzosi

1957-yil 7-mayda Toshkent viloyati Chinoz shahrida tavallud topgan. 1974-1979- yillarda Toshkent Politexnika institutining Arxitektura fakultetida va 1986-1990 yillarda Sanʼatshunoslik instituti aspiranturasida tahsil olgan.



1994-yilda Toshkent Arxitektura-Qurilish institutida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000-yilda Moskva Arxitektura Institutida DSc doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, Oʻzbekiston ayollaridan birinchi boʻlib Rossiyaning “Doktor архитектуры” va Respublikamizda DSc meʼmorchilik fanlari doktori ilmiy darajalarini olgan.



Mehnat faoliyatini 1979-1986-yillarda Meʼmoriy obidalarni taʼmirlash instituti (UzNIPI Restavratsii)da arxitektor-restavrator lavozimida boshlagan, keyinchalik 1986-2003- yillarda Sanʼatshunoslik institutida kichik, ilmiy va katta ilmiy xodim lavozimlarida, 1997-2000-yillarda ilmiy ishlar boʻyicha direktor muovini, yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan. 2005-2008-yillarda u Sanʼatshunoslik instituti direktori lavozimida, 2008-yildan 2024-yilgacha mazkur institutning “Meʼmorchilik” boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.



Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktyabrdagi PS-5270-sonli “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan tashkil etilgan “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros qoshidagi “Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.



Shuningdek u koʻp yillar davomida K. Bexzod nomidagi MRDI institutida (1998-y. –2024-y.) va Toshkent Arxitektura-qurilish institutida (2008 y.–2024-y.) professor lavozimida oʻrindosh sifatida pedagoglik faoliyatini ham koʻrsatib kelgan. 2024-2025-yilgi yangi oʻquv yilidan “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida oʻrindosh professor lavozimida oʻz pedagoglik faoliyatini boshladi.



Ustozlari anʼanalarini davom ettirgan xolda M.A.Yusupova chorak asrdan ziyod ustozlik va oʻqituvchilik faoliyati davomida oʻzining rahbarligida oʻnlab bakalavr va magistrlarni tayyorlab, diplom va dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishlarida koʻmakdosh boʻldi. Hozir uning rahbarligida ikkita nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan va yana bir qancha PhD va DSc doktorantlari oʻz ilmiy ishlarini himoya qilish arafasida. Uning shogirdlarining ilmiy izlanishlari ham meʼmorlik tarixi va nazariyasi hamda meʼmoriy merosni saqlash va restavratsiya qilishning dolzarb masalalari hamda sanʼatshunoslik va muzey ishi sohasidagi qator masalalarni hal etishga bagʻishlangan. Birgina 2022-yilda uning har bir taʼlim bosqichi boʻyicha tayyorlagan 3 nafar bitiruvchi shogirdlari – bakalavriat (Gʻ. Nizomov), magistratura (M. Ishanova) va PhD doktorantura (A. Raupova) oʻz yoʻnalishi boʻyicha Prezident stipendiyasi laureatlari boʻlishdi.



M.A. Yusupova bugungi kunda oʻzining ilmiy maktabini faol shakllantirmoqda, uning vakillari kelajakda yurtimiz va jahon ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk kadrlar boʻlib yetishadilar.



Prof. M.A. Yusupova Oʻzbekiston meʼmoriy merosini keng targʻib etib, koʻplab xorijiy ilmiy forumlarda maʼruzalar qilmoqda va chet el oliy oʻquv yurtlari (Germaniya, Qozogʻiston, Gollandiya va AQSH) talabalariga taklif etilgan professor – “visiting professor” sifatida maʼruzalar oʻqigan.



M.A. Yusupova Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimida ham oʻzining fidokorona mehnati, ilmiy izlanishlari, samarali natijalari bilan oʻz fan sohasini yuksaltirgan xotin-qizlar safida mehnat qildi va ular orasida arxitektor-olima ayol sifatida oʻz yuksak maqomiga ega boʻldi.



M.A. Yusupova ilmiy adabiyotlarda Oʻzbekiston meʼmorchiligining tarixi, xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlari boʻyicha koʻplab tadqiqotlar olib bordi va yangi maʼlumotlar taqdim etdi. Jumladan, uning ilmiy-ijodiy faoliyatida Oʻrta Osiyo islom meʼmorchiligida tirik mavjudotlar tasvirlari, Movarounnahr soʻfiylik xonaqohlari va diniy-memorial majmualar meʼmorchiligi, Oʻzbekistonning yahudiy mahallalari arxitekturasi, xristian meʼmorligi va Turkiston davri Yevropa tipidagi meʼmorchiligi, Oʻzbekistonning hududiy meʼmorchilik maktablarining tarixi va xususiyatlari, arxitektura yodgorliklarini taʼmirlash usullari va boshqa kam oʻrganilgan masalalar keng ochib berilgan.



M.A. Yusupova 1981-1986-yillarda katta meʼmor-restavrator sifatida koʻplab yodgorliklarni oʻrganish, oʻlchash va taʼmirlash ishlarida qatnashgan, jumladan: Buxorodagi Abdullaxon madrasasi, Koʻkaldosh madrasasi (XVI asr) eskiz va chizmalarini tayyorlagan. Shuningdek bir qancha tarixiy binolarni qayta tiklash loyihasi ishtirokchisi va muallifi: Kuchkok qishlogʻidagi Tosh-masjid (XI asr) (1981); Qashqadaryo viloyatidagi Sulton Mir Haydar majmuasidagi XI asr maqbarasi (1982-1983); Buxoro shahridagi Kemuxtgaron masjidi (XVII asr) (1983-1984); Buxoro viloyati Jondor tumanidagi XVI-XVIII asrlarga oid Qiz-bibi ayol soʻfiy majmuasidagi chillaxona (1984-1985) sifatida ishlagan.



M.A. Yusupova tomonidan Fargʻona vodiysining 5 ta shahrida XIX asr oxiri — XX asr boshlariga tegishli Yevropa tipidagi 25 ga yaqin kolonial davr meʼmorchiligi yodgorliklari aniqlanib, toʻliq oʻrganilgan va uning tavsiyasi asosida ushbu binolar davlat muhofazasiga olingan (1986-1992).



Isroildagi Quddus universiteti qoshidagi “Yahudiy madaniyatini oʻrganish markazi” mutaxassislari bilan birgalikda M.A. Yusupova Buxoro, Samarqand, Margʻilon, Andijon, Shahrisabz va Oʻzbekistonning boshqa shaharlaridagi yahudiy mahallalarining meʼmoriy yodgorliklari (turar-joy binolari, mikva va sinagogalar) tadqiq qilindi va oʻlchov ishlari olib borildi (eskiz va chizmalarni bajarish bilan) (1999-2007).



Shuni alohida taʼkidlash joizki, M.A.Yusupova faol ravishda chet el loyihalari bilan koʻp yillar davomida hamkorlik qilib kelmoqda. Misol tariqasida, guruh rahbari va ijrochi sifatida ЮНEСКОнинг Oʻzbekiston meʼmoriy merosini saqlash boʻyicha qator loyihalariga rahbarlik qilib kelgan. Bulardan: 1. ARKADIA (Angliya) granti asosida London Universiteti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti (IICAS) bilan birgalikda “Oʻzbekiston arxitektura yodgorliklari arxivi” materiallarini ilmiy jihatdan qayta ishlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish (2019- 2023); 2. Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi boʻylab “Buyuk Ipak yoʻli”ning ЮНEСКО nominatsiyasiga meʼmoriy yodgorliklarni taqdim etish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi (2020-2023); 3. “Fargʻona-Sirdaryo” yoʻlagi boʻylab “Buyuk Ipak yoʻli”ning ЮНEСКО nominatsiyasiga meʼmoriy yodgorliklarni taqdim etish boʻyicha nominatsiya faylini tayyorlash boʻyicha xalqaro ishchi guruhi aʼzosi (2020-yildan hozirgacha); 4. AQSHning Michigan Davlat Universiteti bilan hamkorlikda Oʻrta Shaq mamlakatlari Islom meʼmorchiligiga oid Davlatlaraʼro Xalqaro loyihada Oʻzbekiston boʻyicha ijrochi va guruh moderatori kabi faoliyatini keltirish mumkin.



Bundan tashqari, M.A. Yusupova 2016-2023 yillarda olima va arxitektura merosini tiklash boʻyicha Respublika ilmiy ekspert kengashi aʼzosi va soha mutaxassisi sifatida xuddi uning ustozlari L.Yu. Mankovskaya, G.A. Pugachenkovalar kabi arxitektura yodgorliklarini malakali asrab-avaylash va professional restavratsiya qilish tarafdori va doimo masʼul boʻlimlar, mutaxassislar va restavrator ustalarni Oʻzbekiston xalqlarining meʼmoriy merosiga yanada ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishga undab, hozirgi kungacha ularning asiligini va tarixiy muhitini saqlab qolish uchun kurashib kelmoqda. U yodgorliklarni restavratsiya qilish va konservatsiyalash ishlariga ustozoda ustalarni, sertifikatlangan va tajribali restavratorlarni, meʼmoriy merosni asrab-avaylash sohasidagi chinakam mutaxassislarni jalb etish zarurligini taʼkidlaydi.



M.A. Yusupova 250 dan ortiq nashr etilgan ilmiy ishlar muallifi boʻlib, ularning oʻttizdan ortigʻi xorijiy mamlakatlarda (AQSH, Xitoy, Fransiya, Turkiya, Koreya, Malayziya, Butan Qirolligi, Italiya, Germaniya va boshqalar) turli tillarda nashr etilgan. Ulardan – “Polveka transformatsii архитектуры Uzbekistana XIX – nachala XX vv.” (2005), “Buxarskaya shkola zodchestva (osobennosti i dinamika razvitiya) (2014), Bukharan school of architecture of XV-XVII cc. (2022) kabi monografiyalarni xamda “Buxaro – Sharq durdonasi” (1977) “Imom al-Buxoriy. Moziydan taralgan ziyo” (1998), “Sufiyskiye traditsii v iskusstve Maverannaxra XV-XVII vv.” (2010) kabi hammualliflikda yozilgan monografiyalari va qator nufuzli xorijiy jurnallarda chop etilgan maqolalari ilm ahli eʼtirofiga sazovor boʻlgan.



2022-yilda uning Buxoro meʼmorchilik maktabiga bagʻishlangan monografiyasi qoʻshimchalar bilan qayta tayyorlandi va bu monografiya rus va ingliz tillarida nashr etildi. Monografiyaning ingliz tilidagi nusxasi ingliz tilida soʻzlashuvchi auditoriyada katta qiziqish uygʻotdi. Uning ustozi, akademik E.V. Rtveladze “M. A.Yusupova Oʻzbekiston arxitekturasi tarixiga oid fundamental ilmiy monografiya yaratdi” degan fikrni bildirgan edilar.



Meʼmorchilik tarixi va nazariyasini oʻrganish, mamlakatimizning noyob va boy meʼmoriy merosini asrab-avaylash, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda M.A.Yusupovaning oʻrni va xizmatlari beqiyos.



M.A.Yusupova liderlik qobiliyatiga ega tashkilotchi va uzoqni koʻra biluvchi rahbardir. U katta hayot tajribasiga ega boʻlish bilan birga, yuksak maʼnaviyat sohibi boʻlib kamtarligi va insoniy fazilatlari bilan atrofdagilarga namuna boʻla oladigan talabchan rahbar.



2020-yildan boshlab ilmiy ishlarini Mavlyuda Abbasova-Yusupova ilmiy taxallusi bilan nashr etib kelmoqda.