Zaynutdinov Shavkat Nuritdinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibi, Xalqaro mehnat va bandlik akademiyasining haqiqiy aʼzosi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish institutlarining faxriy professori.
Sh.Zaynutdinov 1939 yil 9 iyunda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Otasi Husainov Nuriddin oʻrta maktabda matematika fanidan dars bergan, onasi Hakimova Rahima uy bekasi boʻlgan. Ular 5 farzand – uch oʻgʻil va 2 qizli oila boʻlgan. U Toshkent shahridagi 90-son umumiy oʻrta maktabni bitirgach, 1957 yilda Toshkent moliya-iqtisod instituti (bugungi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ga oʻqishga kiradi. U oilada katta farzand boʻlgani sababli uka va singillariga namuna boʻlish uchun yaxshi bilim olishga va kelajakda yetuk mutaxassis boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan edi. Oliygohni bitirib, 1961 yilda Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (TAPDICh)ga yosh mutaxassis sifatida ishga yuborilgan. U mazkur korxonada 1961-1964 yillar mobaynida iqtisodchi-muhandis boʻlib ishladi.
1965 yildan boshlab, Toshkent xalq xoʻjaligi institutida (TXXI) aspiranturada oʻqishini davom ettirdi. 1968 yilda TXXI ning “Sanoat iqtisodi” kafedrasi mudiri dotsent G.F. Gabzalilov ilmiy rahbarligida «Voprosi ratsionalnogo ispolzovaniya rabochego vremeni na promishlennix predpriyatiyax» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
1968-2016 yillarda hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida kafedra katta oʻqituvchisi, dotsenti, professori, kafedra mudiri, dekan muovini va dekan lavozimlarida ishlagan. Jumladan, 1968-1970 yillarda TXXI ning “Plan-iqtisod” fakulteti dekani muovini, 1970-1978 yillarda yangi tashkil etilgan “Savdo-iqtisod” fakulteti dekani lavozimlarida, 1979-1986 yillarda “Mehnatni ilmiy tashkil etish va boshqarish” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Oʻsha davrlarda sobiq Ittifoqda mehnatni ilmiy tashkil etish masalalariga keng eʼtibor qaratilgani bois “Mehnat ekonomikasi” fani boʻyicha Butunittifoq ilmiy-koordinatsion kengash tuzilgan boʻlib, Sh.Zaynutdinov shu kengash aʼzosi boʻlgan. 1981-1984 yillarda Oʻzbekistonda Sh.Zaynutdinov tashabbusi bilan TXXI da ilmiy-koordinatsion kengash majlislari va turli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazilgan.
1988 yilda Sh.Zaynutdinov “Menejment” va “Mehnat iqtisodiyoti” mutaxassisliklari boʻyicha «Problemi sovershenstvovaniya organizatsii truda v usloviyax nauchno-texnicheskogo progressa» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, keyinchalik 1990 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor boʻldi. Uning katta iqtisodchi olim darajasiga erishishida 1953-1974 yillarda TXXI rektori boʻlgan Muhammadjon Qoriyevning qimmatli maslahatlari va xizmatlari katta boʻldi. 1989 yilda u TXXI ning “Iqtisodiyotni boshqarish” kafedrasiga mudirlik lavozimiga tayinlandi, keyinchalik bu kafedra “Menejment” kafedrasi nomi bilan qayta tashkil etildi. Shu bilan Sh.Zaynutdinov 25 yil mobaynida kafedra mudiri lavozimida sidqidildan va halol ishlab keldi. 2007-2014 yillarda u G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida professor lavozimida, shuningdek, 2008 yildan boshlab u Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yangi tashkil etilgan “Korporativ boshqaruv” kafedrasi professori lavozimida oʻz mehnat faoliyatini davom ettirdi.
Professor Sh.Zaynutdinov katta ilmiy salohiyatga ega iqtisodchi olim. U «Menejment», «Mehnat va ishlab chiqarishni tashkil etish» yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy maktablar yaratgan yetakchi iqtisodchi olim hisoblanadi. Ushbu yirik ilmiy maktablarda professor Sh. Zaynutdinov 40 taga yaqin, jumladan, 10 taga yaqin fan doktori, 30 taga yaqin fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilib, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Professor Sh.Zaynutdinov hozirgi kungacha 500 dan ortiq, umumiy hajmi 800 b.t. dan iborat ilmiy, ilmiy-uslubiy va oʻquv ishlarini eʼlon qilgan. Shulardan 9 tasi monografiya va ilmiy risolalar, 27 tasi darslik va oʻquv qoʻllanmalar boʻlib, ular asosan bozor iqtisodiyoti, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini boshqarish mexanizmini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruv, innovatsion boshqaruv, tavakkalchilikni boshqarish, personalni boshqarish masalalari hamda boshqaruv sohasida iqtisodiy islohotlarning nazariy-uslubiy asoslarini boyitish va Oʻzbekistonda menejment fanining dolzarb ilmiy muammolariga bagʻishlangan. Olimning 400 dan ziyod ilmiy ishlari nufuzli xalqaro va respublika nashriyotlarida chop etilgan. Olimning shogirdlari Z.A.Ashurov, N.M.Rasulov va B.N.Urinov hammuallifligida 2024 yilda tayyorlangan “Muvozanat qonuni – iqtisodiy oʻsish va aholi farovonligini oshirishning muhim vositasi” nomli ilmiy maqolasi milliy iqtisodiyotda resurslardan oqilona foydalangan holda ishlab chiqarish va isteʼmol oʻrtasida muvozanatni taʼminlashga doir iqtisodiyot fanining fundamental muammolaridan biriga bagʻishlangan boʻlib, u rus, oʻzbek va ingliz tillarida turli nashrlarda chop etilgan.
Darslik va oʻquv qoʻllanmalari orasida “Osnovi menedjmenta” (1996 y.), “Menejment va biznes asoslari” (1997 y.), “Menejment asoslari” (2001 y.), “Tashkilot nazariyasi” (2002 y.), “Ishlab chiqarish menejmenti” (2003 y.), “Amaliy menejment” (2003 y.), “Investitsiyalarni boshqarish” (2005 y), “Innovatsion menejment” (2005 y.), “Menejment” (2005 y.), “Korporativ boshqaruv asoslari” (2006 y.), “Personalni boshqarish” (2007 y.), “Risk menedjmenta” (2007 y.), “Farmatsevtika menejmenti” (2009 y.), “Korporativ boshqaruv” (2010 y.), “Ekonomika truda” (2010 y., 2011 y.), “Menejment nazariyasi” (2014 y.) kabilarni alohida sanab oʻtish mumkin.
U respublikada birinchi marta chop etilgan “Mehnat ekonomikasi” nomli oʻzbek tilidagi oʻquv qoʻllanmasi muallifi hisoblanadi, shuningdek uning “Menejment asoslari” oʻquv qoʻllanmasi 2003 yilda respublika tanlovida 3-oʻringa sazovor boʻlgan. Olim hozirda ham darsliklar, ilmiy maqolalar va monografiyalar yozishda tinimsiz mehnat qilib kelmoqda. 2018 yilda «Teoriya pyat «I» ili novaya sistema faktorov protsvetaniya gosudarstva» deb nomlangan ilmiy risolasi xorijiy nashriyotda chop etilib, Yevropa Ittifoqi va va jahon davlatlariga elektron tijoratlashga 100 ming nusxada tarqatildi. Uning hammuallifligida 2020 yilda “Innovatsion menejment” nomli darslik chop etildi.
Professor Sh.Zaynutdinov serqirra olim hisoblanadi. U boshqa institut va universitetlar, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent farmatsevtika instituti, Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent arxitektura va qurilish instituti va boshqa oliygohlar olimlari bilan birgalikda qator ilmiy-uslubiy, oʻquv adabiyotlar yaratgan.
Professor Sh.Zaynutdinov iqtisodchi olimlarning 10 dan ortiq monografiyalariga ilmiy va masʼul muharrirlik qilgan. U 1999-2001 yillarda “Menejment” mutaxassisligi boʻyicha Davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqishda shaxsan qatnashgan va rahbarlik qilgan. Shuningdek, u Oʻzbekiston iqtisodchilarining I-IV forumlarida oʻz ilmiy maqolalari bilan qatnashgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2010-2020 yillar mobaynida birqancha Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi fundamental va amaliy loyihalarda yetakchi ilmiy xodim sifatida ishtirok etgan. Har bir ilmiy loyiha tadqiqotlari natijasida monografiya, darslik va oʻquv qoʻllanmalar chop ettirgan.
Shu bilan birga, professor Sh.Zaynutdinovning yangi iqtisodiyotga oʻtish va globalizatsiyaga doir ilmiy ishlari Germaniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, AQSH, Ispaniya va Rossiya kabi xorijiy mamlakatlarda chop etilgan. Soʻnggi yillarda professor Sh.Zaynutdinov iqtisodiyot va menejmentga oid ilmiy ishlarida yangi iqtisodiyotga oʻtish, innovatsion menejment fanini shakllantirish va rivojlantirish, Oʻzbekistonda iqtisodiyotni boshqarish milliy modelini yaratish va boshqa ilmiy gʻoyalarni amalga oshirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Olim “Fan toʻgʻrisida”gi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlari loyihalari boʻyicha Oliy Majlisning tegishli qoʻmitalariga oʻz fikr va mulohazalarini taqdim etgan. Shuningdek, professor Sh.Zaynutdinov oʻzi yaratgan darslik va oʻquv qoʻllanmalar bilan Oʻzbekistonda iqtisodchi kadrlar tayyorlash, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun hamda “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish KONSEPSIYASI” asosida amaliyotga joriy etishda ulkan hissa qoʻshib kelmoqda.
Professor Sh.Zaynutdinov deyarli 20 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish markazida mashgʻulotlar olib bordi. U oʻz malakasini oshirish uchun koʻp xorijiy davlatlarda, jumladan, AQSH, Turkiya, Indoneziya, Gretsiya, Hindiston va boshqalarda boʻlgan. Olim 1995-1997 yillarda Jahon bankining ijtimoiy siyosat, ijtimoiy dastur va ijtimoiy loyiha masalalari boʻyicha Oʻzbekistondagi eksperti boʻlgan.
Professor Sh.Zaynutdinov jamoat ishlarida ham qatnashgan. U 1989-2001 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoshidagi “Ilmiy-amaliy koordinatsion kengash” raisi, 2001-2005 yillarda “Oʻzbekiston-Polsha doʻstlik jamiyati” aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi maxsus ilmiy kengashlarning “Menejment” mutaxassisligi boʻyicha aʼzosi boʻlgan, Oliy attestatsiya komissiyasining iqtisodiyot fanlari boʻyicha eksperti sifatida qatnashgan. U 30 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarga opponentlik qilgan.
Professor Sh.Zaynutdinov 1992 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi”, 1999 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim aʼlochisi” unvonlarini olgan. U Rossiya davlat mehnat va bandlik akademiyasining haqiqiy aʼzosi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi. filiali, Toshkent arxitektura va qurilish institutining “Faxriy professori” diplomlariga ega. 2005 yilda “Worldʼs 2000 Outstanding Scientists of the 21st Century” – 21-asrning dunyodagi 2000 ta kuchli olimlar roʻyxatiga kiritilgan va buni tasdiqlovchi diplomini olgan. Bir qator xorijiy va respublika jurnallarining tahrir kengashi aʼzosi.
“Menejment” fani fidoiysi, keng qirrali va sermahsul olim hozirda ham koʻplab global iqtisodiyotning turli yoʻnalishlarida ilmiy ishlar, maqolalar chop ettirmoqda. Shoira Sanobar Faxriddinovaning 2019 yilda chop etilgan “Jonim fido” deb nomlangan kitobining 3-jildida professor Sh.Zaynutdinov hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Ilm ham ibodatdir” nomli maqolasi berilgan. Bugungi kunda professor Sh.Zaynutdinov doktorlik dissertatsiya ustida ishlayotgan yosh olimlar, jumladan Z.A.Ashurov, B.N.Oʻrinov va boshqalarni tayyorlashda ham charchamasdan xizmat qilib kelmoqda.
Professor Zaynutdinov Shavkat Nuritdinovich ibratli oila boshligʻi, fidoiy, kamtarin inson, jonkuyar olim, ustozlik va ilmiy ijodkorlik qobiliyatlari bilan respublika ziyolilari orasida hurmat qozongan. Uning hayoti va ijodi biz shogirdlar uchun katta saboq maktabidir, biz undan koʻp narsani oʻrganishimiz lozim. Shogirdlar va farzandlar baxtiga doimo sergʻayrat va salomat boʻling ustoz.