Adabiyotshunos olim, yozuvchi, adabiy tarjimon, jamoat arbobi Ibrohim Gʻafurov 1937-yil 27-dekabrda Toshkentda hunarmand nonvoy Usmon Gʻafurov hamda chevar Muharram Ibodova oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni bitirib, Oʻrta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. 1961-yilda universitet tahsilini oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tugalladi. Davlat badiiy adabiyot nashriyotida 1961-yildan eʼtiboran muharrir, boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari vazifalarida 1982-yil avgustiga qadar xizmat qildi. 1982 yil avgust oyidan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” haftalik gazetasida bosh muharrir oʻrinbosari lavozimida 1996 yilga qadar ishladi.
Mustaqillik davrida ijtimoiy-siyosiy faoliyat bilan faol shugʻullandi. Bir guruh atoqli ziyolilar vakillari qatorida “Milliy tiklanish demokratik partiyasi”ni tuzish, tashkil etishda jonbozlik koʻrsatdi. 1996 yilda shu yangi tashkil boʻlgan siyosiy partiya Markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari va koʻp oʻtmay partiya qurultoyida raisi qilib saylandi. Siyosiy partiyaning Oliy Majlisga saylovlarida qatnashdi. 1996 – 2005 yillarda partiyadan saylangan Oliy Majlis deputati, fraksiya raisi, matbuot qoʻmitasi raisining oʻrinbosari boʻldi. Istiqlol milliy qonunchiligining rivojlanishi, qonun ijrochiligining umumxalq ichiga singib borishi, milliy qonunchilik uslubining mustaqillik asosida teran oʻsishiga oʻz hissasini qoʻshdi.
Talabalik chogʻlaridanoq adabiy-badiiy ijod bilan faol mashgʻul boʻldi. 1957 yildan ilk hikoyalari, maqolalari matbuot sahifalarida koʻrina boshladi. “Goʻzallikning olmos qirralari” deb nomlangan birinchi kitobi 1963-yilda bosilib chiqdi. Oʻquvchilar oʻrtasida bu oʻziga xos uslubda yozilgan kitob qizgʻin kutib olindi, adabiy muhokamalarga sabab boʻldi. Shundan boshlab orada oʻtgan uzoq yillar davomida Ibrohim Gʻafurov oʻz ijodida zamonaviy oʻzbek adabiyotida kechayotgan XX asr jarayonlarini jahon adabiyotlari jarayonlariga muqoyasan tahlil va tadqiq qilib keladi, milliy oʻziga xoslik, insonda mehr-oqibat qanday maʼnaviy yaratuvchilikka asos kabi namoyon boʻlishini adabiy obrazlar hamda badiiy fikr oʻzgarishlarida kuzatadi va eʼtiborga sazovor umumlashtirishlar, xulosalarga keladi. U ayniqsa adabiy avlodlarning maydonga kirib kelishlari, rang-barang izlanishlari, tajribalarining o‘ziga xosliklari, adabiyotda mustahkam o‘rin olish uchun kurashlarini boy amaliyot orqali tinmay kuzatadi. Oqimlarning xarakterli qirralarini topadi. Talantlarning oʻsishida juda zarur omillarni qidiradi. Bularda u istiqlol maʼnaviyati, madaniyati, XX asrda urf boʻlgan axloq, yangicha insoniy qarashlarning shakllanishi, yangicha ong uygʻonishini izchil eʼtiborda tutadi. Muttasil suratda inson va narsalar realizmi ustida keng misollar doirasida fikr yuritadi.
Bu masalalar hamon dunyo adabiyotlarida oʻta dolzarb va uning maqolalari, esselari hamon qiziqish bilan oʻqiladi, Adabiyot haqida goʻzal va qimmatli tasavvurlar uygʻotadi.Ibrohim Gʻafurovning “Oʻttiz yilning izhori” kitobi (1987) adabiyot sohasida Davlat mukofotiga sazovor boʻldi (1989). Yoshlar adabiyoti muammolarini joʻshqin koʻtarib chiqqan “Yonar soʻz” (1973) kitobi Yoshlar tashkilotining mukofoti bilan taqdirlandi(1973).
U Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi. Ikki chaqiriq Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputati (1996 – 2005 yillar).Nashriyotchilik faoliyati uchun SSSR Matbuot aʼlochisi unvoniga sazovor boʻlgan, Turli yillarda davlatning “Doʻstlik” (1997), “Mehnat shuhrati” (2007), “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan. “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” (2017), “Oʻzbekiston Qahramoni” (2021) unvonlari bilan mukofotlangan. Filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. XX1 asr kirib, Ibrohim Gʻafurov Milliy universitet Xorijiy filologiya fakultetida, Jahon tillari universitetlarida bakalavr va magistrlarga badiiy tarjima Mutaxassisliklari boʻyicha yosh talabalarga maʼruzalar oʻqidi, ularni amaliyotga kirishlariga yaqindan yordam berdi. Badiiy tarjimada badiiy usul boyliklari ustida keng tasavvurlar va qarashlar uygʻonishiga harakat qildi. Adibning 80 yilligi arafasida uning 8 jildlik “Inson va adabiyot taʼlimoti ” degan asarlar majmuasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning lutfan yozgan debochasi bilan nashr etildi. Bu adib ijodining oʻziga xos ijodiy sarhisobi boʻldi. Adib oʻzini ulugʻ adabiy ijodiy jarayonlar, yangilanishning buyuk tamoyillari ichidagina oʻzini maʼnoli hayot egasi deb hisoblaydi. Har kimga sermaʼno hayot nasib boʻlishini tilaydi. U original badiiy adabiyot bilan badiiy tarjimani noyob va nihoyatda yaxlit hodisa deb qaraydi. Chunki ular doimo bir-birlarini oʻzaro boyitib, rivojlantirib, toʻldirib va demak jozibali qilib boradilar.
Ibrohim Gʻafurov dunyo milliy adabiyotlari mumtoz namunalarini koʻp tarjimalar qildi. Dostoyevskiyning barcha asosiy romanlarini mehr-muhabbat bilan oʻzbekchalashtirdi. “Panchatantra”-“Besh muqaddas kitob”ni oʻzbekchada bunyod qildi. Konfutsiyni ilk bor oʻzbekchada tanishtirdi. Ayniqsa u oʻzining Jeyms Joysning “Uliss” hamda Markesning “BUZRUKNING KUZI”. Nitshening “ZARDUSHT TAVALLOSI” asarlari tarjimasini hayotining, ijodning shoh sahifalari deb biladi. Shularni sof oʻzbek tilida oʻzbek xalqiga hadya qilib qoldirmaganimda umrim nazarimda chala-kemtik boʻlib qolardi deb oʻylaydi. Chingiz Aytmatov romanlari Ibrohim G‘afurov o‘zbekchalashtirganlari-chi? Qirg‘iz do‘stlarimiz bu tarjima va tadqiqotlarni Chingiz Aytmatov akademiyasi faxriy akademigi unvoniga manzur ko‘rishdi. Eng ilk ilohiy kitob “Ayyub nidosi”—chi! Men bu kabi kitoblarni yangi o‘zbek oppoq yostig‘ining tagiga qo‘yib o‘qishini naqadar orzu qilaman. Axir faqat shu holdagina u chin RЕNЕSSANS- OʻZBЕK boʻladi. Bu esa hammamizning eng qutluq oʻmol-jamolimiz. Yana karvon-karvon esselar, publitsistik maqolalar, renessans ishqidagi aks sadolar.., hammasini qanday sigʻdirasiz bir parcha maʼlumotga! Eng muhimi, ona yurtimiz omon boʻlsin!