Olim

SHAUMAROVA MUHAYYO

Texnika fanlari nomzodi, professor

Mexanik olima, professor, Muhayyo Shaumarova 1939 yil 10 mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Oʻrta maktabni imtiyozli tugatib, avtomobil  ustasi, mohir haydovchi boʻlgan otasi tufayli yoshligidan texnikaga qiziqqan. 1956 yili ulugʻ matematik olim Qori-Niyoziy suhbatidan oʻtib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) ning “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash” fakultetiga oʻqishga kirgan.



1961 yilda institutni injener-mexanik mutaxassisligi boʻyicha muvaffaqiyatli bitirgan M.Shaumarovani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligining buyrugʻiga asosan TIQXMMIda oʻqituvchilik lavozimida ishda qoldirilgan. Ammo, Oʻz FA Mexanika ITIning maxsus taklifiga binoan mazkur institutga ishga yuborilgan. U yerda akademiklardan M.T.Oʻrazboyev, V.Q.Qobulov, H.H.Usmonxoʻjayev, J.F.Fayzullayev kabi buyuk olimlar bilan birgalikda mehnat qilib, injener, aspirant, kichik va katta ilmiy xodim boʻlib ishlagan. Mexanika fani boʻyicha chuqur bilimlar orttirgan, tadqiqotchilik mahoratini egallagan.



1965-1968 yillari aspiranturada professor A.D.Moshkov va prof.  A.D.Glushenko ilmiy rahbarligida “Issledovaniye dinamicheskogo vozdeystviya xlopchatnika na shpindeli vertikalno — shpindelnix xlopkouborochix mashin” mavzusidagi dissertatsiyasini Oʻz FAning fizika-texnik ilmiy kengashida himoya qilgan. Texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.



Oʻz FA Mexanika institutida, yaʼni katta ilmiy dargohda olgan bilimlarini oʻquv jarayoniga tadbiq qilish niyatida 1973 yil M.Shaumarova TIQXMMIning “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” kafedrasiga oʻqituvchilikka taklif qilingan. 1973 yildan hozirgacha dotsent, professor lavozimida ishlab kelmoqda. Oʻqituvchilik faoliyatida M.Shaumarovaning qobiliyatlari toʻliqroq ochildi. TIQXMMIdagi eng faol murabbiylar qatoridan oʻrin oldi. Jamoa ishlarida faol qatnashib, fakultetning rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. Institut “Bilim” jamiyatining raisi sifatida oʻqituvchilar malakasini oshirishda koʻp ishlar qildi.



M.Shaumarovaga 2001 yilda TIQXMMIda xizmat koʻrsatgan dotsent faxriy unvoni berildi. 2009 yilda professor ilmiy unvoni berilgan.



Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganidan soʻng, ilgari faqat rus tilida oʻqitilgan “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” fanini Davlat tilida oʻqitish muammo boʻlib qoldi, chunki oʻzbek tilida yozilgan darsliklar yoʻq edi. Bu muammoni yechishda M.Shoumarova koʻp samarali xizmat qildi. Avvalo, “Qishloq xoʻjaligi mashinalari ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati”ni (hammualliflikda) tuzdi.



Oliy taʼlim muassasalari uchun “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” darsligi va “Qishloq xoʻjaligi mashinalaridan praktikum” oʻquv qoʻllanmasi ilk bor oʻzbek tilida yaratildi.



Mazkur darslikning ikkinchi va uchinchi, qoʻllanmaning ikkinchi nashrlari ham yaratilib, Respublikamizdagi Qishloq xoʻjaligi institutlarida va Texnika universitetlarida asosiy darslik sifatida, ilmiy xodimlar va doktorantlar uchun ilmiy manba boʻlib foydalanilmoqda. Bundan tashqari kollejlar uchun 15 dan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yaratgan. Kollejlar uchun darslikni qoraqalpoq tilida chop ettirgan. Kollejlar va oliy taʼlim uchun yozilgan “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” darsligining ikkinchi nashri “Yilning eng yaxshi darsligi oʻquv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida I-II-oʻrinlarni egallab gʻolib deb topildi.



M.Shaumarovaning ilmiy ishlari Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash va ularni ishlatish, tiklash masalalariga bagʻishlangan. Olima qishloq xoʻjaligi mashinalarining texnologik jarayonlari va sifat koʻrsatkichlarini shakllantirgan. 2006-2011 y.y. Oʻzbekistonda noanʼanaviy oʻsimlik boʻlgan “Topinambur yetishtirishni mexanizatsiyalash” mavzusidagi davlat grantiga rahbarlik qilib, modernizatsiyalashgan ekish va kovlash mashinasini yaratgan. Kovlash mashinasi lemexiga foydali model olindi. 2 ta nomzodlik dissertatsiyasiga rahbar boʻldi. U bugungi kunda ham ilmiy maqolalari asosida metodik qoʻllanmalar, darsliklar va paxta terish mashinasi apparatini takomillashtirish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.



Sermahsul olima 280 tadan ortiq ilmiy maqola (shundan 10 tasi SCOPUS jurnallarida bosilgan), ixtirolari uchun 6 ta guvohnomalarini olgan. 30 dan ortiq magistrlarga ilmiy rahbarlik qilgan. Xalqaro anjumanlarda maʼruzalar bilan qatnashib, tajribali uslubiyotchi sifatida Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash taʼlim sohasining Davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.



Asosiy ishiga qoʻshimcha TIQXMMI dagi ixtisoslashgan ilmiy kengashi ilmiy-texnik seminarining aʼzosi sifatida qishloq va suv xoʻjaligini mexanizatsiyalash ixtisosligi boʻyicha yozilgan dissertatsiyalarni ekspertiza va opponentlik qilishda faol ishlab kelmoqda.



M.Shaumarova bilimdon tadqiqotchi va oʻziga hamda hamkasblariga nisbatan oʻta talabchan mexanizator olima. Oʻz kasbiy mahoratini oshirish ustida uzluksiz ishlaydigan, kamtarin, mehnatsevar inson, yoshlarning gʻamxoʻr murabbiysi.



M.Shaumarova “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash” fakulteti hamda institut reytingini koʻtarish ustida tinmasdan faol xizmat qilayotgan shaxsdir.



Olimaning ilmiy pedogogik faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Faxriy yorliq”lari, “Mustaqillikning 20 yilligi”, “Mustaqillikning 25 yilligi” koʻkrak nishonlari bilan, 2020 yilda “Mehnat shuhrat” ordeni bilan mukofotlandi. 2024 yilda Mehnat Faxriysi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim va Innovatsiya Vazirligi aʼlochisi koʻkrak nishonlari, Oʻzbekiston Respublikasining 33 yilligi bayrami munosabati bilan “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi tomonidan “Maʼnaviyat fidoiysi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi.



M.Shaumarova 4 oʻgʻil va 4 kelinning onasi, 12 nabira, 3 nabira kelin, 2 nabira kuyov va 7 ta abiraning muhtaram Buvijonisidir.