Akademik Allayev Qahramon Rahimovich 1945-yil 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Xorazm viloyatida tug‘ilgan.
Qahramon 1963-yilda Xiva shahridagi maktab-internatni oltin medal bilan bitiradi va o‘z hayotida muhim va mas’uliyatli qadam tashladi – u Moskva energetika institutining (MEI, Rossiya) Energetika fakultetiga, “Gidroenergetika” kafedrasi bo‘yicha talabalikka qabul qilindi. 1969-yilda MEIni tamomladi va “Injener-gidroenergetik-elektromexanik” mutaxassisligiga ega bo‘ldi.
Qahramon Rahimovich Allayev mehnat faoliyatini 1969-yilda Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti – TDTU)ning “Elektr tarmoqlari va tizimlari” kafedrasida assistent sifatida boshlagan. Bu vaqtda ToshPI Sovet Ittifoqdagi eng yirik texnik oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanardi – institutda kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarda jami 60 mingga yaqin talaba tahsil olardi.
Qahramon Rahimovichning ilmiy faoliyati 1979-yilda Novosibirskda joylashgan Sibir energetika ilmiy-tadqiqot institutida texnika fanlar nomzodi ilmiy darajasini himoya qilishi bilan yanada rivojlandi. 1991-yili Qahramon Rahimovich Moskva energetika institutida texnika fanlari doktori ilmiy darajasini himoya qildi. Uning doktorlik dissertatsiyasi “Zamonaviy elektr energetika tizimlarida barqarorlik va ishonchlilikni oshirishda katta asinxron turbogeneratorlardan foydalanish masalalari”ga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘sha vaqtda nafaqat nazariy, balki strategik jihatdan ham dolzarb yo‘nalish bo‘lgan.
1993-yili Qahramon Rahimovichga professor ilmiy unvoni berildi. Professor Allayev Qahramon Rahimovichning ilm-fan sohasidagi buyuk xizmatlari xalqaro va milliy miqyosda tan olingan. 2017-yili u O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi — akademigi etib saylangan. Bu unvon unga mamlakatimizda energetika va ilmiy ta’lim sohasidagi ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati, fundamental tadqiqotlari va tashkilotchilik qobiliyati uchun berilgan. Bundan avvalroq, 1996-yilda professor Allayev Xalqaro elektrotexnika fanlari akademiyasi, 1999-yilda esa Xalqaro Oliy maktab fanlari akademiyasi akademigi etib saylangan. Bu saylovlar uning jahon miqyosidagi ilmiy nufuzi, xalqaro hamkorlikdagi faol ishtiroki va intellektual faoliyatining e’tirofi bo‘ldi.
2024-yilda esa professor Allayev o‘zining ilmiy faoliyatini boshlagan va tamal toshini qo‘ygan Moskva energetika instituti (MEI, Rossiya) tomonidan “Faxriy professor” unvoni bilan taqdirlandi. Bu unvon uning energetika sohasidagi global ta’lim va fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga berildi.
Shu bilan birga, akademik Allayev K.R. energetika yo‘nalishida fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash raisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Allayev K.R. rahbarligidagi ilmiy maktabning asosiy ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- jahon va O‘zbekiston energetikasining rivojlanish qonuniyatlari, milliy energetikada boshqaruvning zamonaviy prinsiplari, qisqa va uzoq muddatli davrlarga mo‘ljallangan energetik balanslarni shakllantirish, ular orqali energetik xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash;
- intellektual elektr energetika tizimlaridagi normal va nosog‘lom ish rejimlarini Lyapunov funksiyalarining kvadratik shakli asosida matrikaviy modellashtirish, bu usul orqali ko‘p mashinadan iborat energetik tizimlarning statik barqarorlik chegaralarini aniqlashda soddalikka erishish;
- elektr energetik tizimlar (EET) barqarorligi uchun Gurvis kriteriylari va kvadratik shakldagi Lyapunov funksiyasi asosida olingan shartlar o‘zaro adekvat ekanligi ilk bor isbotlandi;
- murakkab EET uchun samarali statik barqarorlik kriteriysi ishlab chiqildi, bu usul orqali sinxron generatorning ish rejimi barqarorlik chegarasiga yaqinlashganini tez va aniq aniqlash mumkin;
- elektr tizimlarida nesimmetriyalik darajasini aniqlash uchun “Malika-01” uskunasi va uning takomillashtirilgan modifikatsiyalari ishlab chiqilib, elektr energiyasining sifati bo‘yicha nazoratni yangi bosqichga olib chiqdi;
- elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va iste’mol qilish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan metodologiya ishlab chiqildi. Bu metodologiya hozirda Farg‘ona shahrida joriy etilgan va “Farg‘ona tajribasi” nomi ostida butun respublika bo‘ylab keng tatbiq qilinmoqda;
- yirik nasos stansiyalarining ish rejimlarini boshqarishga qaratilgan kompleks usullarni ishlab chiqish, bu orqali gidravlik zarbani bartaraf etish, mexanik va elektr uskunalar ishonchliligini oshirish.
Ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliyotda ham qo‘llanilayotganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Bu maktab O‘zbekistonda zamonaviy energetik tahlil, intellektual boshqaruv tizimlari va energiya samaradorligini ta’minlashda yetakchi o‘rin egallab kelmoqda.
Bu yutuqlar nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy sohada ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston energetika sohasining innovatsion rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Akademik, professor, texnika fanlari doktori Allayev Qahramon Rahimovich rahbarligida 7 nafar fan doktori (DSc) va 10 nafar texnika fanlari nomzodi va falsafa doktori (PhD) muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Akademik Allayev tomonidan jami 242 ta ilmiy maqola va asarlar nashr etilgan. Ular orasida: 27 ta monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar; 20 ta ixtiro va foydali modellarga patent, shundan 2 tasi xalqaro patent sifatida ro‘yxatga olingan.
Pedagogik faoliyat bilan birga Qahramon Rahimovich jamoaviy va boshqaruv ishlarida ham faol qatnashgan. U turli yillarda quyidagi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan: energetika fakulteti dekani o‘rinbosari (1979–1985), energetika fakulteti dekani (1985–1992), Toshkent davlat texnika universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori (1992–1994).
1994-2001-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2001–2005-yillar davomida Qahramon Rahimovich Allayev Toshkent davlat texnika universiteti (ToshDTU) rektori sifatida faoliyat yuritdi. Uning rahbarlik faoliyati samaradorlik, yangilikka intilish va ta’lim sifatiga jiddiy yondashuvi bilan ajralib turdi. Uning asosiy maqsadi – respublika uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashda ta’lim jarayonini zamonaviy talablarga mos ravishda tashkil etish va fanni rivojlantirish bo‘ldi.
Akademik Allayev Q.R. O‘zbekistonning xalqaro energetika tashkilotlaridagi faol va nufuzli vakili ham hisoblanadi. Xususan, u BMTning Markaziy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha Energetik samaradorlik komissiyasi (ESCAP) da O‘zbekiston manfaatlarini ilmiy-amaliy jihatdan himoya qilib kelmoqda.
Akademik Allayev Qahramon Rahimovichning ijodiy dunyoqarashi faqatgina energetika sohasiga oid ilmiy maqolalar va kitoblar tayyorlash bilan cheklanib qolmaydi. Uning qiziqishlari juda ham keng qamrovli — adabiyot, she’riyat, tarix va ma’naviy-ma’rifiy sohalarga alohida e’tibor bilan yondashadi.
Ko‘p yillik izlanishlar va qiziqishlar samarasi o‘laroq, 2008-yili u tomonidan tayyorlangan va nashr etilgan “Durdonalar’ to‘plami — qadimdan to bugungi kungacha bo‘lgan donolik so‘zlari, fikr va aforizmlar jamlanmasi hisoblanadi. Ushbu to‘plam O‘zbekistonda ilk bor uch tilda — o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan aforizmlar to‘plami sifatida keng e’tirof etilgan.
“Durdonalar” kitobida 3000dan ortiq iboralar, aql va qalbni uyg‘otuvchi fikrlar, she’riy satrlar va hayot haqidagi falsafiy mulohazalar o‘z ifodasini topgan. Ular qadimgi “Avesto” manbasidan tortib, zamonaviy mutafakkirlar, yozuvchilar, shoirlar, davlat arboblari va ziyolilarning asarlaridan olingan.
Shundan so‘ng, 2013-yili Allayev K.R. tomonidan “Sharq durdonalari” deb nomlangan ikki jildli yana bir to‘plam tayyorlanib, nashrga taqdim etildi.
Ushbu to‘plamlarning barchasini O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tahrir qilgan va ularning mazmun-mohiyatiga chuqur taassurot bilan baho bergan. Jahonning turli mamlakatlaridagi kitobxonlar ushbu to‘plamlarga qiziqish bildirib, ular haqida ijobiy fikrlar, minnatdorlik maktublari va taassurotlarga boy bo‘lgan izohlar qoldirganlar. Xususan, “Durdonalar” kitobiga Garvard universiteti tilshunoslari tomonidan, ushbu to‘plamdagi materiallarning qamrovi, tanlangan ifoda va tarjimalarning aniqligi, tillar o‘rtasidagi muvozanatli tahlili yuqori baholanib, kitob mazkur universitetning mashhur kutubxonasida saqlanmoqda.
Akademikning mehnati yuqori baholanib, u 2000-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Shu bilan birga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan energetik” maqomi berilgan. 2019-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Akademik Q.R. Allayev tomonidan targ‘ib qilinayotgan energiya kelajagiga oid asosiy ilmiy g‘oya — yadro va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan (simbioz) barqaror energetika tizimini qurish g‘oyasidir. Bu yo‘nalish uzoq muddatli strategik yechim bo‘lib, energetika tizimlarida muvozanatli, xavfsiz va ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Akademik Q.R. Allayevning ilmiy ishlari jahon va davlatimiz ilmiy jamoatchiligi tomonidan yuqori baholangan va O‘zbekiston elektroenergetika maktabining ilmiy an’analarini (akademik N.N. shedrtn, akademik X.F. Fazilov, akademik M.Z. Xamudxanov, akademik G‘.R. Raximov) davom ettiruvchi muhim manba sifatida tan olingan.