Naimjon Rahimov 1951-yil 2-may Namangan tumanidagi Rovuston qishlog‘ida tug‘ildi. Faoliyati davomida mislsiz yutuqlarga ega bo‘lgan. N. Raximov Xalqaro Nobel mukofotlari sovrindorlari V.I.Korolkov va J.I.Alferovlarga shogird bo‘lgan va ular bilan hamnafas ishlagan. “Geteroo‘tishlar asosidagi tiristorlarni tayyorlash va o‘rganish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini 1979-yilda, “Ko‘p qatlamli geterotuzilmalarning yarimo‘tkazgichli elektronikada qo‘llanishi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini 1988-yilda himoya qilgan. Buning natijasida birinchi marta yangi tamoyildagi yarim o‘tkazgich asboblar, jumladan, optoelektron tiristorlar, foton-injeksiyali tranzistorlar, vertikal maydon tranzistorlari va fototranzistorlar yaratilgan. Nanoelektronika sohasiga oid yangi turdagi fotosezgir asboblar tuzilmalari taklif etilgan va yaratilgan. 70 dan ziyod ilmiy maqolalari eʼlon qilingan, ularning 21 tasi nufuzli xalqaro jurnallarda 15 ta ixtiro uchun mualliflik guvohnomalari olgan, 1 ta monografiya va 5 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma tayyorlangan. Uning tashabbusi bilan elektronika va optoelektronikaga oid konferensiyalar davriy ravishda kafedrada o‘tkazib kelingan.
N.Raximov rahbarligida 80-yillarda universitet tarixida birinchi marta “Svetlana” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi bilan xo‘jalik shartnomasi asosidagi, 90-yillarda esa grant asosidagi ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilgan. Hozirgi paytda Fizika kafedrasida professor N. Raximov asos solgan 1ta fundamental grant ishi davom ettirmoqda. N.Raximov tomonidan “Yarim o‘tkazgichli elektronika” sohasi bo‘yicha ilmiy maktab yaratilgan va 13 nafar nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Domla rahbarlik qilgan iqtidorli talabalardan A.Bozorov Yaponiyaning Vaseda universitetida magistraturada o‘qidi va hozirda o‘sha yerda ilmiy ishlar olib bormoqda. A.Tojiboyev Germaniyaning Gettingen universitetida doktorlik ishi bo‘yicha ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. Bevosita N.Raximov rahbarligida 2 nafar Prezident Davlat stipendianti va 3 nafar talaba Ulug‘bek nomidagi Davlat stipendiyasi g‘oliblari va 1 nafar Respublika fan olimpiadasi g‘olibi chiqqan.
Naimjon Raximov o‘zining ilmiy va pedagogik faoliyatida Fizika kafedrasining o‘qituvchisi (1978-1979), katta o‘qituvchisi (1979-1981), dotsenti (1982-1988), kafedra mudiri (1988-1993), ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor (1993-2000), o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (2000-2005), kafedra mudiri (2005-2011) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. Bu davrda universitetda kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishda ham masʼul inson ham bir universitet professori sifatida tinmay mehnat qildi. N.Raximov o‘quv jarayonini tashkil etish va uning sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash, moddiy – texnika bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor bergan. NamDU qoshidagi 1-akademik litseydagi fizika kafedrasi filialini boshqargan va Chortoq tumanidagi 22-maktabda tashkil etilgan “Evrika” klubining prezidenti bo‘lgan. N.Raximov ilmiy, siyosiy bilimlarni chuqur egallagan, yuqori ahloqiy tamoyillarga amal qiladigan yetuk shaxs, ustoz bo‘lgan. Uning xarakterida fanga muhabbat va ilmga intilish, iqtidorli talabalar bilan ishlash xislatlari juda yaxshi shakllangan bo‘lib, N.Raximov jamoaning barcha xodimlari va talabalar bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan. Intizomli va adolatparvar, professor-o‘qituvchilar va talabalar jamoasi ichida hurmat va eʼtiborga ega bo‘lgan chin inson edi. Uning xotirasi abadiy qalbimizda bo‘ladi.