Ashurov Ravshan Radjabovich – taniqli matematik olim. U differensial tenglamalar va funksional analiz boʻyicha etuk mutaxassis boʻlib, differensial operatorlarning spektral nazariyasi va koʻp oʻlchovli garmonik analiz sohalari rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan, hamda kasr tartibli tenglamalar sohasida dunyo olimlari tan olgan ilmiy ishlar muallifi.
R.R. Ashurov 1955 yilning 19 martida Toshkent shahrida taval-lud topdi. 1972 yilda 90 - oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent Davlat universitetining (hozirda M.Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) "Amaliy matematika va mexanika" fakultetiga oʻqishga kirdi. 1976 yildan boshlab R.R. Ashurov oʻqishni M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining (MDU) "Hisoblash matematikasi va kibernetika" fakultetida davom ettirdi va 1978 yil imtiyozli diplom bilan tamomladi. U oʻsha yilning oʻzida shu fakultetga aspiranturaga qabul qilindi. R.R. Ashurov MDU professori (hozirda akademik) Sh.A. Alimov rahbarligida elliptik differensial operatorlarning spektral nazariyasi boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bora boshladi. 1981 yilning oktyabr oyida MDU ning Hisoblash matematikasi va kibernetika fakultetida, akademik A.N. Tixonov rahbarligidagi Ixtisoslashgan Ilmiy Kengashda 01.01.02 – differensial tenglamalar va matematik fizika mutaxassisligi boʻyicha nomzodlik ishini himoya qildi.
1981 yilning oktyabr oyida Toshkent Davlat universitetiga qaytib kelib, matematika fakultetining differesial tenglamalar kafedrasida assistent lavozimida pedagogik faoliyatini boshladi. Soʻng katta oʻqituvchi va keyin dosent lavozimida ish faoliyatini davom ettirdi.
1984 yil R.R. Ashurov Buyuk Britaniyaga yoʻllanma oldi va taniqli olim professor V.N. Everit rahbarligida Birmingem uni-versitetida bir yil tadqiqotchi boʻldi. U tadqiqotchilik davrida kvazidifferensial operatorlar boʻyicha bir nechta maqolalar chop qildi. Shu bilan birga u Buyuk Britaniyada boʻlgan vaqtida turli seminarlarda, xususan Oksford universitetida (seminar rahbari professor Dj. B. Makleod), London universitetida (Kings Kolledj, professor E.B. Devis), Kardiff universitetida (professor V.D. Evans), Edinburg universitetida (professor Dj.M. Boll) va Birmingem universitetida (professor V.N. Everit) ma'ruzalar oʻqidi. U bu seminarlarda oʻzining differensial operatorlarning spektral nazariyasi boʻyicha olgan natijalarini soʻzlab berdi.
U 1989 yil ToshDU ga doktoranturaga qabul qilindi va MDU ning Hisoblash matematikasi va kibernetika fakultetiga oʻqish safariga joʻnatildi. Doktoranturada ilmiy maslahatchi professor Sh.A. Alimov boʻldi. 1992 yil dekabr oyida MDU ning Hisoblash matematikasi va kibernetika fakultetidagi akademik A.N. Tixonov rahbarligidagi Ilmiy Kengashda 01.01.02 – differensial tenglamalar mutaxassisligi boʻyicha doktorlik ishini himoya qildi.
R.R. Ashurov 1992 yil dekabr oyidan ToshDU ning mexanika - matematika fakultetiga qaytib kelgach, dosent, professor va matematik fizika kafedrasi mudiri lavozimlarida oʻz ish faoliyatini davom ettirdi. 2001 yildan 2003 yilning fevraligacha fakultet dekani sifatida faoliyat koʻrsatdi.
2002 yilning sentyabridan dekabrigacha AYREKS (IREX) granti boʻyicha AQSh ning Bouling Grin Univeritetida safarda boʻldi. Safardan maqsad AQSh universitetlarida ishlar qanday tashkil qilinganligini oʻrganish edi.
2003 yilning fevralidan 2004 yilning oktyabrigacha Toshkent viloyati Davlat Pedagogik instituti rektori, 2004 – 2006 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori boʻlib ishladi.
2006 yil iyulidan 2009 yilning fevraligacha Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Matematika Instituti yetakchi ilmiy xodimi sifatida ish olib bordi. Shu bilan birga 2007 – 2009 yillarda M.V. Lomonosov nomidagi MDU ning Toshkentdagi filialida professor lavozimida faoliyat yuritdi.
2009 yilning fevralida Malayziya Putra universitetidan (Kuala-Lumpur) Zamonaviy Texnologiyalar Institutida yetakchi ilmiy xodim lavozimida ishlashga taklifnoma oldi va 2012 yilning fevraligacha shu universitetda ilmiy izlanishlar olib bordi.
R.R. Ashurov Putra universitetida ishlab yurgan vaqtida bir qator magistr va aspirantlar uning rahbarligida dissertasiyalarini himoya qildilar. Uning shogirdlari bilan olib borgan ilmiy ishlari Putra universitetining oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi. U Putra universitetining ikkita ilmiy tekshirish granti va Malayziya Oliy Ta'lim vazirligining grantiga rahbarlik qildi. U Malayziyada oʻtkazilgan koʻpgina xalqaro anjumanlarning tashkiliy qoʻmita a'zolari safida boʻldi.
2012 yildan 2018 yilgacha Oʻzbekiston Milliy Universiteti qoshidagi Matematika instituti (hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti) da yetakchi ilmiy xodim sifatida oʻz ilmiy faoliyatini davom ettirdi.
2018 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika institutida “Differensial tenglamalar va ularning tatbiqlari” laboratoriyasi mudiri lavozimiga tayinlandi va hozirgi kungacha shu laboratoriya mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
R.R. Ashurov Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori sifatida u Xitoy, Eron, Germaniya va Rossiyalarga tashrif buyurdi. Hozirgi kunda ham muntazam ravishda ilmiy tadqiqotlar olib borish va ma'ruzalar oʻqish maqsadida Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Bolgariya, Germaniya, Italiya, Gonkong, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Braziliya, Finlyandiya, Turkiya, Xitoy, Belgiya va boshqa mamlakatlarga tashrif buyurib, fanning rivojiga qissa qoʻshib kelmoqda.
R.R. Ashurov XX asrning 80 - yillarida karrali Fure integ-rallari va qatorlarining elliptik koʻphadning sath sirti bilan chegaralangan sohalar boʻyicha jamlanuvchanligi masalalari ustida ilmiy izlanishlar olib bordi va ilmiy izlanishlar davomida bu yoyilmalarni lokallashtirish shartlari elliptik koʻphadning sath sirti geometriyasiga uzviy bogʻliq ekanligi koʻrsatildi. Aynan, R.R. Ashurov tomonidan bu yoyilmalarni lokallashtirish uchun aniq shartlar olingan boʻlib, bu shartlar mos sirtning noldan farqli bosh egriliklari soniga bogʻliq ekanligi isbotlandi. Shu bilan birga u tomonidan klassik lokallashtirishdan farqli ravishda, qaralayotgan yoyilmalarning deyarli barcha nuqtalarda yaqinlashishi elliptik qoʻphadning sath sirtining geometriyasiga umuman bogʻliq emasligi va bu shartlar barcha elliptik koʻphadlar uchun xuddi shar boʻyicha yigʻindilar kabi boʻlishligi isbotlandi.
Yana shuni ta'kidlash kerakki, R.R. Ashurov tomonidan kvadrati bilan integrallanuvchi funksiyalar fazosida silliq koeffisientli ixtiyoriy tartibli elliptik operatorlarning spektral funksiyalari uchun asimptotik baholar ustida tadqiqotlar olib borildi. Spektral funksiyaning asimptotik bahosini oʻrganish davrida R.R. Ashurov tomonidan operatorlarning spektral nazariyasida tadbiq qilinuvchi maxsus Tauber teoremasi isbotlandi. R.R. Ashurov oʻzining Tauber teoremasini qoʻllab, chegaralangan funksiyalar fazosida bosh qismi oʻzgarmas elliptik operatorning spektral funksiyasi uchun aniq asimptotik bahoni oldi.
R.R. Ashurov Buyuk Britaniyada boʻlgan davrida V.N. Everit bilan hamkorlikda toʻla metriklanuvchi lokal qavariq topologik fazolarda kvazidifferensial operatorlarning nazariya asoslarini yaratdi. Bunday operatorlar uchun olingan natijalar kvazidifferensial vektor-operatorlar holi uchun umumlashtirildi.
R.R. Ashurov tomonidan karrali Fure qatorlari va integ-rallarining kvadratik va kubik qismiy yigʻindilari ham oʻrganilgan. U Sobolev sinflarida bu yoyilmalar lokalizasiyasi uchun zaruriy va etarli shartlarni keltirib chiqardi. Ushbu natija oldindan ma'lum boʻlgan S. Goffman va Lyu Fon-Che natijalarini qat'iy darajada kuchaytirdi. Soʻngra shogirdi A.Metvali bilan birga uchburchakli yigʻindilar uchun ham xuddi shunga oʻxshash natijalarni oldi.
90-yillarda R.R. Ashurov tomonidan umumiy elliptik psevdo-differensial operatorlarning spektral yoyilmalari oʻrganildi. Biror tartibli hosilalari qandaydir darajasi bilan integrallanuvchi funksiyalar sinfida bunday yoyilmalarning deyarli barcha nuqtalarda yaqinlashishi uchun zarur va etarli shartlar topildi. Eslatib oʻtish zarurki, masalani toʻla echilishi uchun differensial operatorlar sinfi kichiklik qiladi va toʻliq echim aynan psevdodifferensial operatorlar sinfida olindi. Differensial operatorlarga mos spektral yoyilmalar karrali Fure integrali bilan ustma-ust tushadigan maxsus holda, R.R. Ashurov shogirdi Q.T. Buvaev bilan birga differensial operatorlar uchun ham deyarli barcha nuqtalarda yaqinlashish uchun zaruriy va etarli shartlarni keltirib chiqarishga erishdi.
R.R. Ashurov shogirdi Yu.E. Fayziev bilan birgalikda singulyar potensialli Shredinger operatoriga mos spektral yoyilmalarning yaqinlashishi va jamlanuvchanlik masalalarini oʻrgandi. Mualliflar oʻrganilayotgan spektral yoyilmalarning tekis yaqinlashishi uchun aniq shartlarni olishga erishishdi. Eslatib oʻtish kerakki, ushbu ishda qaralagan potensial Shtummel sinfiga tegishli boʻlib, xuddi shu maqsadda qaralgan bundan oldingi barcha potensiallar sinfini oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, R.R. Ashurov, agar potensial yanada kuchliroq maxsuslikka ega boʻlsa, u holda barcha xos funksiyalar potensial maxsuslikka ega boʻlgan nuqtada nolga aylanib ketishini va maxsus nuqtada mos spektral yoyilmani yaqinlashishini oʻrganish ma'noga ega emasligini isbotladi.
R.R. Ashurov aspiranti M. Sokolov bilan birgalikda Gilbert fazosida oʻz - oʻziga qoʻshma differensial vektor - operatorlarning spektral yoyilmalarini oʻrgandi.
2006 yilda R.R. Ashurov boʻlakli-silliq funksiyalarning karrali Fure qatorlari va integrallarining yaqinlashishi va jamlanuvchanligi masalalarini oʻrganishni boshladi. Xususan, u bunday qator va integrallarning Riss oʻrtachalari elliptik koʻphadning sath sirti bilan chegaralangan sohalar boʻyicha jamlanishlarini yaqinlashish shartlari xuddi shar boʻyicha jamlash kabi boʻlishini isbotladi. Soʻngra shogirdi A. Butaev bilan birga shar boʻyicha qismiy yigʻindilar uchun yaxshi ma'lum boʻlgan Pinskiy effektining umumiy holda ham oʻrinli ekanligini isbotladi. Olingan natijada bu yoyilmalar uchun oldindan ma'lum boʻlgan M. Teylor va M. Pinskiylarning natijalari sezilarli darajada kuchaytirildi va aniqlashtirildi. Keyinchalik R.R. Ashurov va A. Butaev shar boʻyicha qismiy yigʻindilar uchun yaxshi ma'lum boʻlgan Kaxan effektini umumiy holda ham oʻrinli boʻlishini isbot qilishdi. Oxirgi olingan natija Fransiya FA akademigi J. Kaxan tavsiyasiga koʻra, Fransiya FA dokladlarida chop qilindi.
R.R. Ashurov Malayziyaning Putra universitetida ishlab yurgan davrida asosan veyvlet yoyilmalar nazariyasi va tadbiqi bilan shugʻullandi. Bu sohadagi ilk natijalari bir oʻlchovli uzluksiz veyvlet yoyilmalarga bogʻliqdir. Integrallanuvchi funksiyalarning veyvlet qatorlari yoyilmasi barcha Lebeg nuqtalarida yaqinlashishi haqidagi natija Terens Taoga tegishli ekanligi yaxshi ma'lum. Uzluksiz veyvlet yoyilmalar uchun amerikalik matematiklar M. Rao, X. Sikich va R. Song faqat biror darajasi bilan integrallanuvchi funksiyalar uchun deyarli barcha joyda yaqinlashish toʻgʻri ekanligini isbotlashga erishishdi. R.R. Ashurov uzluksiz veyvlet yoyilmalar uchun ham T. Tao natijasi oʻrinli boʻlishini koʻrsatdi. Soʻngra R.R. Ashurov shogirdi A. Butaev bilan birga koʻp oʻzgaruvchili simmetrik uzluksiz veyvlet yoyilmalar barcha Lebeg nuqtalarda yaqinlashishi va sferik tekis jamlanuvchanligi haqida natijalarni oldi. Eslatib oʻtish kerakki, bu natijalar olinganga qadar koʻp oʻzgaruvchili uzluksiz veyvlet yoyilmalar uchun nuqtada yaqinlashish haqida birorta ham natija olinmagan edi. Shu mualliflar tomonidan "kvadratik simmetrik" deb ataluvchi yangi koʻp oʻzgaruvchili veyvletlar sinfi kiritildi va bu veyvletlar boʻyicha yoyilmalarning yaqinlashishi masalalari oʻrganildi. Eslatish zarurki, yangi veyvletlarni qoʻllab tasvirlarni qayta tiklash oldindan ma'lum veyvletlarni qoʻllashga nisbatan taqqoslaganda ancha yaxshi natija berdi.
R.R. Ashurov professor B.X. Turmetov bilan birga bir nechta maqolalar chop etdi, xususan, ular turli Neyman masalalari uchun poligarmonik tenglamalar echimga ega boʻlish shartlarini topishdi. Olingan shartlar oldingi olingan shartlarga nisbatan tekshirish oson va juda sodda edi. Soʻngra bu avtorlar tomonidan kasr tartibli differensial tenglamaning echimini qurishning etarlicha sodda usuli taklif qilindi. Ushbu usulning oldindan mashhur boʻlgan Mikusinskiy usulidan farqi shundaki, bu holda yangi ob'ektlarni kiritish va xossalarini tekshirishga hojat boʻlmaydi. Eslatib oʻtamiz, R.R. Ashurov va B. Turmetovlar taklif qilgan usul 80-yillarda B.A. Bondarenko xususiy hosilali tenglamalarni yechish uchun taklif qilgan usulning rivojlantirilganidir.
R.R. Ashurov shogirdi A. Butaev bilan birga kompakt tashuvchili taqsimotlarning karrali Fure qatorlarini umumlashgan lokallashtirish masalasida tadqiqotlar olib bordi. Manfiy tartibli Sobolev sinflarida umumlashgan lokallashtirish oʻrinli boʻlishi uchun zaruriy va etarli shartlarni keltirib chiqardi.
Shu bilan birga spektral yoyilmalar uchun umumlashgan lokalizasiya masalasi koʻp oʻlchovli simmetrik veylet yoyilmalar uchun hal qildi. Manfiy tartibli Sobolev sinflariga tegishli taqsimotlar uchun umumlashgan lokallashtirish oʻrinli boʻlishi uchun zaruriy va etarli shartlarni keltirib chiqarilgan.
R.R. Ashurovning matematika sohasida qoʻshgan hissalaridan yana biri, u 1968 yilda V.A. Ilin tomonidan qoʻyilgan va 50 yildan beri echilmay kelayotgan karrali Fure trigonometrik qatorlarining umumlashgan lokalizasiya muammosini echdi.
Soʻnggi yillarda R.R. Ashurov kasr tartibli tenglamalar uchun toʻgʻri va teskari masalalarni yechish bilan shugʻullanib katta yutuqlarga erishdi. U yapon matematigi M. Yamamoto tomonidan aytib oʻtilgan hali echilmagan ba'zi muammolarni ijobiy hal qildi. Shu bilan birga elliptik qismi ixtiyoriy tartibli, silliq chegarali har qanday chegaralangan sohada aniqlangan va vaqt boʻyicha kasr tartibli tenglamalar uchun echim mavjudligi va yagonaligi shartlarini keltirib chiqarib bu sohada yangi bir yoʻnalishning ochilishiga zamin yaratdi. R.R. Ashurov kasr tartibli tenglamalar uchun teskari masallarni yechish borasida ham ulkan yutuqlarga erishdi. U akademik Sh.A. Alimov bilan hamkorlikda separabel Gilbert fazosida aniqlangan oʻz-oʻziga qoʻshma operatorli subdiffuziya tenglamasini oʻrganib, vaqt boʻyicha kasr tartibli hosilaning tartibini aniqlash boʻyicha teskari masalani ijobiy hal etdi.
2020 yilda, COVID-19 pandemiyasi davrida, virusning intensivligi va tarqalish tezligini prognozlashtirishga ehtiyoj paydo boʻldi. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirigʻi bilan Matematika institutida tashkil qilingan ilmiy ishchi guruhga professor R.R. Ashurov rahbar qilib tayinlandi. Ilmiy guruh oldiga pandemiyaning tarqalishi matematik modelini yaratish va bu model vositasida virus bilan kasallangan odamlar sonini prognoz qilish vazifasi qoʻyildi. Professor R.R. Ashurov va uning shogirdlari AQShning yetakchi universitetlari olimlari, Nyu-Xeyven universiteti professori S.R. Umarov va Kaliforniya universiteti professori Yan Syuan Chenlar bilan mazkur masala yuzasidan aloqa oʻrnatishdi. Ilmiy tadqiqotlar butun dunyo boʻyicha pandemiyaga oid tadqiqotlarni boshqarib turgan Djons Xopkins universiteti bilan bevosita aloqada olib borildi. Bu hamkorlik natijasida kasr tartibli differensial operatorlarni tiklash nazariyasiga asoslangan pandemik jarayonlarning yangi adekvat matematik modeli yaratildi va bu model yordamida olingan prognoz natijalari 2020 yilning 8 aprelidan boshlab yil oxirigacha boʻlgan muddatda Vazirlar mahkamasiga joʻnatib turildi. Bu olingan natijalar mavjud kasalxonalarda maxsus boʻlimlar tashkil qilish, yangi kasalxonalar qurish, medisina xodimlarini jalb qilishni, kerakli dori-darmonlar hajmini belgilash kabi muhim pandemik tadbirlarni oldindan rejalashtirishning imkonini berdi.
R.R. Ashurov bir nechta yetakchi horijiy davlatlarining individual ilmiy grantlari gʻolibi boʻlgan. Xususan, 1984 yil sentyabridan 1985 yil iyuliga qadar British Council individual granti doirasida Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetida va IREX individual granti boʻyicha 2002 yil sentyabrdan dekabr oyigacha AQSh ning Boulin Grin universitetida ilmiy safarlarda boʻlgan. 1991 yil may oyida esa Volkswagen (Germaniya) granti orqali Germaniyaning Obervolfax shahrida Xalqaro konferensiyada qatnashgan.
2001 - 2010 yillarda Italiyaning Triest shahridagi Xalqaro nazariy fizika markazining (ICTP, Trieste, Italy), Functional Analysis and Applications, Grant PRJ-24 grantiga, 2009 – 2011 yillarda Malayziya oliy ta'lim vazirligining FRGS, 01-11-09-713FR/F1 raqamli granti doirasida faoliyat olib boruvchi ilmiy guruhiga, 2009 – 2011 yillarda Putra universitetida RUGS 05-01-09-0679RU/F1 raqamli granti doirasida faoliyat olib boruvchi ilmiy guruhiga, 2011 – 2012 yillarda Putra universitetida RUGS 05-03-11-1450RU/F1 raqamli granti doirasida faoliyat olib boruvchi ilmiy guruhiga rahbarlik qildi.
Shuningdek, R.R. Ashurov bir qator mahalliy grantlarda ham rahbarlik qilgan. Bular, 2012-2016 yillarda Fanlar akademiyasining “Xususiy hosilali va singulyar maxsusligi boʻlgan differensial tenglamalar uchun chegaraviy masalalar va erkin chegarali chiziqli boʻlmagan masalalar” nomli F4-FA-F010 fundamental loyihasi rahbari, 2017-2021 yillarda Fanlar akademiyasining “Ikkinchi va yuqori tartibli aralash tipdagi tenglamalar uchun toʻgʻri va teskari masalalarning tadqiqlari” OT-F4-88 fundamental loyihasi rahbari. 2022 yildan hozirgi kungacha esa, Oʻzbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligining “Butun va kasr tartibli xususiy hosilali differensial tenglamalar” nomli F-FA-2021-424 fundamental loyihasiga rahbarlik qilib kelmoqda.
Bundan tashqari, R.R. Ashurov xorijiy oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlari olimlari bilan uzviy ilmiy aloqalar oʻrnatgan. Jumladan, Jumladan, V.N. Everit (Buyuk Britaniya), M. Yamamoto (Yaponiya), A. Psxu (Rossiya), A.Ashiraliev (Turkiya), S.R. Umarov (AQSh), S.M. Sitnik (Rossiya), T.Sh. Kalmenov, M.A. Sadibekov (Qozogʻiston) V.S. Serov (Finlyandiya), M. Rujanskiy (Belgiya) kabi dunyoning yetakchi olimlari bilan hamkorlikda ishlab kelmoqda.
R.R. Ashurov xalqaro konferensiyalar va horijiy yetakchi universitetlar ilmiy seminarlarida muntazam ma'ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, R.R. Ashurov 2023-yilda Amerikaning Nyu-Xeyven universitetida boʻlib oʻtgan “Modern Issues in Mathematical Physics” seminarida, shuningdek, Belgiyaning Gent universitetida oʻtkazilgan “WORKSHOP” da oʻz ma'ruzalari bilan ishtirok etgan. 2024-yilda esa, Malta, Ozarbayjon, BAA, Turkiya kabi davlatlarda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyalarda dunyoning taniqli matematiklari qatorida oʻz ma'ruzalari bilan ishtirok etib, ushbu konferensiyalarning sessiyalarida raislik vazifasini ham bajargan. Shuningdek, R.R. Ashurov Italiyaning SISSA International School of Advanced Studies institutida boʻlib oʻtadigan “Fractional Calculus Seminars” nomli ilmiy seminarga taklif etilgan va unda ma'ruzachi sifatida ishtirok etgan.
R.R. Ashurov fan rivojiga qoʻshgan ulkan hissalari jahon miqyosida tan olingan. Xususan, 2022 yil 15 noyabr sanasida “Springer Nature” xalqaro nashriyoti tomonidan “Eng koʻp maqola nashr qilgan muallif” nominasiyasi boʻyicha mukofotlandi va xalqaro sertifikat bilan taqdirlandi. 2023 yilda esa Turk Dunyosi Matematika Jamiyatining (TWMS) VII butunjahon kongressida, R.R. Ashurov matematikani rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun TWMS diplomi va medali bilan, hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 80 yilligi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 80 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
R.R. Ashurov 150 dan ortiq ilmiy maqola, darslik va uslubiy qoʻllanmalar chop qildirgan (jumladan, chet elning nufuzli jurnallarida chop qilingan maqolalari 100 dan ortiq). Shulardan biri Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi Sh.A. Alimov bilan birgalikda chop etilgan ikki marotaba qayta nashr etilgan “Matematik analiz” darsligidir. Ushbu kitob uchta jilddan iborat boʻlib, matematik analiz fani boʻyicha lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilgan ilk darsliklardandir.
Bundan tashqari, R.R. Ashurov Oʻzbekiston Respublikasi va yetakchi horijiy davlatlarda chop etilgan bir nechta monografiyalar muallifidir. Xususan, 2024-yilda shogirdlari bilan birgalikda “Elliptik qismi yuqori tartibli boʻlgan kasr tartibli xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun nolokal va teskari masalalar” va 2025-yilda “Yuqori tartibli differensial tenglamalar uchun boshlangʻich-chegaraviy va teskari masalalar” nomli monografiyalari chop qilindi.
R.R. Ashurov matematika boʻyicha quyidagi ilmiy jurnallarda tahririy hay'ati a'zosi: “Oʻzbek Matematika jurnali”, “BMI” “Vestnik KRAUNS” Rossiya, “Fractional Differential Equations”, Zagreb, Croatia.
R.R. Ashurovning shogirdlari ichida 5 ta fan doktori, 8 ta fan nomzodi boʻlib, ular Oʻzbekiston, Malayziya, Kanada va Misr Arab Respublikasida faoliyat koʻrsatib kelishmoqda. Hozirda shogirdlaridan 5 nafari PhD dissertasiyasini himoya qilish arafasida. Shu bilan bir qatorda R.R. Ashurov yoshlarni ilm-fanga jalb qilish borasida ham salmoqli ishlar qilib kelmoqda. Oʻzbekiston milliy universiteti magistratura va bakalavriat talabalari bilan doimiy ravishda ilmiy seminarlar tashkil etib, ilmiy ishlarni muhokama qilib bormoqda.
Hozirgi kunda R.R. Ashurov toʻrtta ilmiy seminarlarga raxbarlik kilib kelmoqda. Shulardan biri, xorijiy olimlar bilan xamkorlikdagi xalqaro ilmiy seminardir. Bundan tashqari, R.R. Ashurov V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti qoshidagi va Oʻzbekiston milliy universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan Ilmiy kengashlar azosidir.
R.R.Ashurov kamtarin inson, yuqori ilmiy salohiyatga ega mutaxassis, yuqori metodik mahoratga ega pedagog, o‘ziga va boshqalarga nisbatan talabchan, o‘z ilmiy-pedagogik saviyasini oshirish ustida tinmay izlanuvchi olim - pedagogdir. U ilm-fan va oliy taʼlim sohasidagi hamkasblari orasida katta hurmatga ega. Ibratli oila boshlig‘i.
2025-yil Belgiyaning Ghent universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti hamda Xalqaro Lotin Amerikasi matematiklari hamjamiyati hamkorligida, hamda Turkiya kabi bir qator mamlakatlarda ham O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika institutining “Differensial tenglamalar va ularning tatbiqlari” ilmiy laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ravshan Radjabovich Ashurovning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan onlayn va oflayn xalqaro va mahalliy ilmiy konferensiyalar bo‘lib o‘tmoqda. Unda ma’ruza bilan ishtirok etgan dunyoning differensial tenglamalar sohasidagi yetakchi mutaxassislari yubileyga o‘z hurmatlarini izhor qilishmoqda. Belgiyadagi xalqaro ilmiy markaz ham professor Ashurovni o‘zinikidek yuqori munosabat ko‘rsatishmoqda. Konferensiya ishtirokchilari olimni 70 yillik yubileyi bilan chin dildan tabriklab, professorga mustahkam sog‘lik va kelgusidagi ilmiy faoliyatlarida yanada yuksak muvaffaqiyat tilamoqdalar. Professor Ashurov Ravshan Radjabovich yana bir karra ilm chegara bilmasligini, olimlar esa olamniki ekanligini hamda O’zbek olimlarining ham dunyo olimlari bilan bir safda eng peshqadamlardan bo’lib turaolishlari mumkinligini boshqa sohalaridagi hamkasblariga namuna sifatida ko’rsata oldilar.
Biz Ravshan Radjabovichni yubiley bilan chin yurakdan muborakbod etamiz, unga mustahkam sog‘liq, ilmiy va pedagogik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt va uzoq umr tilab qolamiz.