Olim

AXMEDSHINA FANIYA AVZALOVNA

Tarix fanlari doktori, professor, Xalqaro Antique World ilmiy akademiyasi akademigi

Tarix fanlari doktori, Xalqaro Antique World ilmiy akademiyasining akademigi Faniya Avzalovna Axmedshina 1939-yilning 25 sentyabrida Boshkardiston Respublikasi Chekmagush tumanida ziyoli  oilasida tavallud topdi.



 1956-yil oʻrta maktabni bitirib, Samarqand Davlat universitetining tarix fakultetiga oʻqishga kirdi va  1961-yilda uni imtiyozli diplom bilan tamomlagan. U taniqli olim, tarix fanlari nomzodi, dotsent Yuriy Nikolaevich Aleskerov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasi ustida izlanish olib boradi va 1967-yilda Universitet qoshidagi Ilmiy kengashda Oʻzbekiston-Ozarbayjon respublikalarining iqtisodiy-madaniy aloqalariga bagʻishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Shu yildan e’tiboran Universitetda assistent, 1968-1995-yillarda Ozarbayjon Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti  kichik, katta va yetakchi ilmiy xodimi lavozimlarida  ishlab, 1991-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Institutning “Ozarboyjon tarixi”, “Ozarbayjon Ikkinchi jahon urushi yillarida” nomli va boshqa fundamental tadqiqotlarida faol ishtirok etdi. “Azerbaydjan v bratskom sodrujestve”(Baku,1979), “Ekonomicheskoe sotrudnichestvo Azerbaydjanskoy SSR s soyuznimi respublikami (1946-1980)” (Baku, 1987) nomli monografiyalar va koʻplab maqolalar   chop etdi. 1991-yildan Xazar universitetining professori vazifasida talabalarga “Ozarbayjon tarixi” fanidan ma'ruzalar oʻqidi. Ilmiy faoliyatini pedagogik amaliyot bilan bogʻlab davom ettirdi. Ozarbayjon Tarixchilarining Mustaqil Assotsiyasiga a’zo etib saylandi. Moskva, Sankt-Peterburg, Kiev, Kishinev, Riga, Tbilisi, Erevan, Ashxabad va boshqa shaharlarda tashkil etilgan nufuzli ilmiy simpozium, konferensiyalar va seminarlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.



1995-yildan hozirgacha Jizzax davlat pedagogika universiteti  Umumiy tarix kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.  Turli yillarda “Qadimgi dunyo tarixi”, “Jahon sivilizatsiyalari tarixi”, “Tarix fani metodologiyasi” fanlaridan bakalavr va magistratura bosqichlarida ma’ruzalar oʻqib kelmoqda. Institut, Oliy va oʻrta maxsus ta’lim Vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻtkazilgan professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik qobiliyatini talabalar tomonidan baholashini aniqlovchi “O‘qituvchi - talaba nigohida” anketa soʻrovnomada prof. F.Axmedshina eng yuksak koʻrsatkichlarga ega boʻladi. Prof. F.Axmedshina xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilayotgan konferensiyalarda, seminarlarda eng dolzarb muammolar, yangi ilmiy konsepsiyalar haqidagi maqolalari bilan ishtirok etib, yetakchi mutaxassis va olim sifatida e'tirof etildi.



Iqtidorli talabalarni toʻgaraklarga, olimpiadalarga, "Iqtidor", Zakovat" intellektual klublarga jalb etadi. Ularning ilmiy izlanishlariga rahbarlik qiladi. Ilmiy rahbar va muharrir sifatida 2004-2024-yillarda talabalar va magistrantlarning 600 dan ortiq maqolalari “Qadimgi dunyo tarixi” fanidan izlanishlar nomli 16 ta maqolalar toʻplamida chopdan chiqdi.



U rahbarlik qilayotgan iqtidorli talabalardan uch nafari Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindori boʻldi, bir nechtasi tarix fani boʻyicha respublika fan olimpiadalarida qatnashib birinchi-ikkinchi oʻrinlarni egalladilar. Domlaning shogirdlari hozirda Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Germaniya, Avstriya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Fransiya mamlakatlarida magistraturada ta’lim olmoqda.



Axmedshina Faniya faol jamoatchi, shahar va viloyat ijtimoiy-ma’naviy hayotida, targ‘ibot-tashviqot ishlarida qatnashadi. Viloyat xotin-qizlar konferensiyalarida delegat sifatida qatnashib, chiqishlar qiladi. U turli yillarda Oʻzbekiston Respublikasi faylasuflar milliy markazi Jizzax viloyat boʻlimi boshligʻi, viloyat “Lider ayollar klubi” raisi sifatida faoliyat yuritdi. Viloyat metodik kengashiga rahbarlik qildi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va viloyat ta’lim markazi tomonidan uyushtirilgan ijtimoiy fanlar oʻqituvchilari viloyat forumlari va tadbirlarida moderator, mahorat darslari oʻquv mashgʻulotlarida trener sifatida ishtirok etdi.



Shuningdek, u  Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasining  maktab ta’limini rivojlantirish, xalq ta’limi xodimlarini faolligini yanada oshirishga qaratilgan an’anaviy avgust kengashlari yigʻilishlarini interfaol usulda tashkil qilish boʻyicha seminar-trening mashgʻulotlarini olib borishda faol ishtirok etdi.



Viloyat va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari bilan hamkorlikda seminar-treninglar, maktablarda, akademik-litseylarda, kollejlarda va viloyat malaka oshirish markazlarida  ochiq-darslar, mahorat-darslari oʻtkazib kelmoqda. Faniya Avzalovna Axmedshina rahbarligida  2016-2024-yillarda Jizzax shahar, Forish, Paxtakor tumanlari maktablari oʻquvchilari orasida tashkil etilgan “Iqtidor-shou” intellektual “Zakovat” oʻyinlari, Forum va Festivallari  katta muvaffaqiyat qozondi. Shuningdek, Faniya Avzalovna Axmedshina har yili oʻtkaziladigan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga viloyat saralash komissiyasi tarkibida faoliyat olib boradi. Jizzax DPU xotin-qizlar qoʻmitasi kengashi a’zosi (doimiy), Jizzax viloyati “Oqila ayollar” harakati a’zosi. Jizzax viloyati hokimligi qoshidagi oʻquv markazida mahalla raislari, maslahatchilari va kotiblariga maxsus kurs ma’ruzachisi. Ta’lim tizimiga qoʻyilgan dolzarb vazifalar yuzasidan viloyat televideniyasi va radio eshittirishlarida faol qatnashadi. Jizzax viloyati hududlarida turli dolzarb mavzularda  ma’ruzalar oʻqiydi, targʻibot-tashviqot ishlarini olib boradi.



Axmedshina Faniya Avzalovna yangi ilmiy konsepsiyalarning oliy ta’lim tizimiga kirib kelishida respublikada birinchilardan bo‘lib tashabbus koʻrsatib kelmoqda.  2001-yildan  tarix fakulteti talabalari uchun” Gender tengligi: muammolar va istiqbollar”, 2003-yildan  chet tillari fakulteti talabalari uchun “Gender tengligi: nazariy va amaliy asoslari” mavzusida oʻzi ishlab chiqqan maxsus kurslarining oʻqitilishini boshladi. Tez orada magistratura boʻlimining barcha yoʻnalishlari talabalari uchun gender muammolari boʻyicha maxsus kurslarni olib bordi. Bu yosh kadrlarning yangi ilmiy-gumanitar gʻoyalarning mohiyati bilan oʻz vaqtida tanishib borishlariga yordam beradi.



2004-yil Xalqaro matbuot erkinligi kuni munosabati bilan BMTning Oʻzbekiston vakolatxonasi e’lon qilgan konkursda “Gender tengligi muammolari” nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi.



U Oʻzbekistonda gender munosabatlarining turli muammolarini tadqiq etishga, gender ta’limini rivojlantirishga bagʻishlangan fanlararo, keng qamrovli risola yaratishning ilk tajribasi boʻlgan «Gender munosabatlari nazariyasi va amaliyotiga kirish» (Toshkent, 2007) nomli ilmiy maqolalar toʻplami mualliflaridan biridir.  2012-yilda iqtidorli talabalar, magistrantlar va yosh olimlar ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi va uning materiallari falsafa fanlari doktori, professor V.Alimasov tahriri ostida toʻplam shaklida chop etildi.



Axmedshina Faniya Avzalovna Jizzax davlat pedagogika universitetida olib borayotgan ish faoliyatida oliy ta’lim tizimi va umumiy oʻrta ta’lim maktablari oʻrtasidagi ijodiy-amaliy aloqalarni yoʻlga qoʻyish, oʻquvchilarning tarix fanini tizimli oʻzlashtirishga qiziqishlarini shakllantirish maqsadida iqtidorli oʻqituvchilar bilan hamkorlikda  yangi pedagogik texnologiyalarni butun oʻquv yili davomida aprobatsiyadan oʻtkazishga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda.



Shuningdek, oʻquv jarayonini optimallashtirish, Oʻzbekiston tarixi va Jahon tarixi fanlaridan maktab darsliklari asosida “Zakovat” intellektual oʻyinlarini tizimli yoʻlga qoʻyishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilishga va toʻplangan tajribalarni umumlashtirib uslubiy qo‘llanmalar tayyorlashga ham ahamiyat qaratib kelmoqda. Turli yillarda “Tarix fanini o‘qitishda o‘yinli texnologiyalardan foydalanish”, “Umumta’lim maktablarida iqtidor-shou intellektual o’yinidan foydalanish”, “Kelajakka qadam: intellektual o’yinlarning ta’lim jarayonini faollashtirishdagi roli”, “Tarix darslarida intellektual o‘yinlarni tashkil etish (6-sinflar uchun),” “Ispolzovanie intellektualnix igr na urokax istori v obsheobrazovatelnix shkolax”, “ZAKOVAT SARI...” tarix  fanidan  zakovat  intellektual o‘yinlari” djaydest kabi koʻplab oʻquv-uslubiy qo‘llanmalari hammualliflikda chop etilgan, “Umumiy o‘rta  ta’lim  muassasalarida intellektual o‘yinlardan  foydalanish, Talabalar  “ochiq dars”lari (“Qadimgi dunyo tarixi” fani misolida)” djaydest, “Oʻquvchilarning oʻz-oʻzini rivojlantirishida intellektual oʻyinlarning oʻrni (Tarix fani misolida)”. Uslubiy qo‘llanma, “Umumta’lim maktablarida  Tarix fanidan “Zakovat” intellektual o’yinlari  (Jizzax shahar 22-umumta’lim maktabi misolida)”. Metodik qo‘llanma, “Sbornik intellektualnix igr dlya uchashixsya 6 klassov po istorii” Metodicheskoe posobie kabi kitoblar oʻqituvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. 2024-yilda ”Xett sivilizatsiyasi tarixi” nomli monografiya va 4 ta uslubiy qo‘llanma (hammualliflikda)  nashr etildi. Shulardan “Jizzax tarixini “iqtidor-shou” intellektual o‘yinlar orqali o‘rganish” va “Tarix fani va gumanitar fanlarni o’qitishda mnemonika, sinektika, piktogramma metodi hamda intellektual o’yinlardan samarali foydalanish” nomli uslubiy qo‘llanmalar 10 tilga tarjima qilinib Amazon platformasida joylashtirilgan. Uning yangi “Istoriya Drevnego mira glazami studentov i iskusstvennogo intellekta: ojivlyaya proshloe” va “Qadimgi dunyo tarixi talabalar va sun’iy intellekt nigohida” kabi uslubiy qoʻllanmalari nashrga tavsiya etilgan. Katta hayotiy, ilmiy-pedagogik tajribaga ega, jonkuyar olimaning viloyat, respublika telekoʻrsatuvlari, ommaviy axborot vositalari orqali ta’limdagi islohotlar, ayollarning jamiyat va oiladagi oʻrni, yosh avlodning axloqiy kamoloti borasidagi chiqishlari, suhbatlari millatimizning ma’naviy-ma’rifiy yuksalishida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.



Tarix fanlari doktori, professor Faniya Avzalovna Axmedshina  universitet, viloyat va oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Faxriy yorliqlar, 2007-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi”, 2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi”, 2022-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” munosabati bilan ko‘krak nishonlari, 2023-yilda “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.