Texnika fanlari doktori, professor Bahadirov Gayrat Ataxanovich mashinasozlik, mashina va mexanizmlar nazariyasi, texnologik mashinalar mexanikasi yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. Uning ilmiy tadqiqotlari mashinalar va agregatlarni loyihalashtirishning ilmiy asoslarini yaratish, ularning dinamikasini asoslash va natijalarni sanoatga tatbiq etishga qaratilgan.
U 1954-yil 21 avgustda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 18-o‘rta maktabni 1971-yilda tugatgan.
Mehnat faoliyatini 1971-yilda Ohangaron kommunal xo‘jaliklar korxonasida avtomashina ishchiligidan boshlagan. 1972–1974-yillarda armiya safida harbiy xizmatni o‘tagan, 1974-yili Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida karotajchi sifatida ishlagan. Shu yili Toshkent davlat universiteti (hozirda O‘zbekiston Milliy universiteti)ga o‘qishga kirib, 1979-yili “Mexanika” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1979–1994-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T.Urozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida muhandis, tadqiqotchi, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.
“Mexanizm va mashinalar mexanikasi” laboratoriyasiga rahbarlik qilgan.
Shu yillar davomida ushbu institutda professor T.Yu.Amanov ilmiy rahbarligida aspirant, keyinchalik esa professorlar T.Yu.Amanov va A.A.Rizaevlarning ilmiy maslahatchiligida doktorant bo‘lgan. “Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari” mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Unga katta ilmiy xodim, dotsent va professor unvonlari berilgan.
O‘n-yil mobaynida O‘zR FA M.T. Urozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti ilmiy kotibi lavozimida ishlagan.
Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibining o‘rinbosari – fundamental va amaliy dasturlar tashkiliy-tahliliy bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi lavozimlarida ishlagan.
2018–2025-yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Bosh ilmiy kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.
U Oliy attestatsiya komissiyasi raisi sifatida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish borasida keng qamrovli tashkiliy ishlarni amalga oshirgan. Oliy ta’lim rivojiga, uning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga, mamlakatimiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash saviyasini oshirishga hissa qo‘shgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bosh ilmiy kotibi sifatida u Akademiyaning faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va fanni ta’lim hamda iqtisodiyot tarmoqlari bilan integratsiyalashni kuchaytirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning sifat va natijadorligini ta’minlash yo‘nalishlarida faol ish olib borgan. U ilmiy tadqiqot natijalarini joriy etish, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni faollashtirish, olimlarning nufuzi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan ilmiy-tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirgan.
Uning ilmiy tadqiqotlari mashina va agregatlarni loyihalashning ilmiy asoslarini yaratish, ularning dinamikasini tekshirish va olingan natijalarni amaliyotga tatbiq qilishga bag‘ishlangan, jumladan: yassi mahsulotlar, xususan ko‘nchilik sanoati valli mashinalari mexanizm va qurilmalarini takomillashtirishning ilmiy va amaliy asoslari ishlab chiqilgan; birinchi marta namlikka to‘yingan elastik-plastik element massasi o‘zgarishi tezligining harakat bo‘yicha deformatsiya o‘chog‘i ko‘ndalang kesim yuzasiga bog‘liqligi aniqlangan; yassi materiallarni notekisliklarini yoyishning ilmiy asoslari ishlab chiqilgan; tabiiy hamda sun’iy namlikni shimuvchi materiallarga ta’sir etadigan siquvchi kuchining, ularning deformatsiyasi o‘zgarishiga bog‘liqligining qonuniyati o‘rnatilgan; tabiiy tolasimon material tarkibiga ultratovushli tebranishlar bilan ta’sir etish usuli (ilg‘or texnologiyasi) ishlab chiqilgan; mexanik ishlov beriladigan yassi mahsulotni val juftligi qamrov zonasiga bir qatlam qilib tortishning aniqlangan shartlari “yassi mahsulot – elituvchi konveyer – o‘tish uchastkasi – ishchi val juftligi” tizimi ishlab chiqilgan; ko‘n yarim mahsulot qatlamlarini tekislash sifatini baholovchi mezon ishlab chiqilgan; mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bug‘doy, kartoshka) xususiyatlarini hisobga olgan holda saralash va fraksiyalarga ajratuvchi qurilma va mashinalarni yaratishning ilmiy asoslari takomillashtirilgan, saralash mashinalarining yangi yuqori samarador konstruksiyalari ishlab chiqilgan.
Hozirgi kunda uning ilmiy faoliyati texnologik mashinalar va agregatlarni loyihalashtirishning ilmiy asoslarini yaratish, ularning dinamikasini baholash, xususan, charm-poyabzal sanoatidagi valikli texnologik mashinalar mexanizmlari va qurilmalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy asoslarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Shuningdek, u qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida donni turli iflosliklardan tozalash va sabzavotlarni saralash mashinalarini takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bug‘doy, kartoshka) xususiyatlarini hisobga olgan holda saralash va fraksiyalarga ajratuvchi qurilma va mashinalarni yaratishning ilmiy asoslari takomillashtirilgan, saralash mashinalarining yangi yuqori samarador konstruksiyalari ishlab chiqilgan.
G.A. Bahadirov amaliyotchi olim, uning ishtirokida yaratilgan mahsulotlarga bosim bilan mexanik ishlov beruvchi texnologik mashina Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalar sovrindori bo‘lgan. Ishlanmalari “O‘zcharmsanoat” uyushmasining, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyatining korxonalarida va Qishloq xo‘jaligi vazirligining xo‘jaliklarida ishlab chiqarishga joriy qilingan. Uning ixtiro patentlari asosida ishlab chiqarish korxonalari bilan 2 ta litsenziya bitimi tuzilib O‘zR Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Uning rahbarligida 3 nafar fan doktori va 8 nafar fan nomzodi tayyorlangan, 10 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan, hozirgi kunda ham bir qator doktorant va tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilmoqda.
Uning rahbarligi va bevosita ishtirokida fundamental va amaliy ilmiy loyihalar amalga oshirilgan.
Jumladan, uning rahbarligida «Gidrodinamika va mashinasozlik masalalarini matematik modellashtirish asosida tadqiq qilish va ularni yechishning yangi usullarini ishlab chiqish» mavzusida fundamental; «Ilmiy asoslangan resurs tejovchi texnologiyani ishlab chiqish va unumdorligi yuqori, raqobatbardosh, yassi materialni texnologik mashinalar val juftligi kontakt zonasiga yo‘naltirilgan tarzda uzatuvchi qurilmalar sinfini yaratish (terini qayta ishlash sanoati misolida)», «Tolali materiallarni (paxta va teri misolida) qayta ishlovchi texnologik mashinalarning uzatish qurilmalari, bosim mexanizmlari konstruksiyasini va boshqaruv jarayonlarini hisoblashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish», «Djin apparatlari va teri sanoatining valli siqish va ajratish mashinalarining ijro mexanizmlari uchun yangi konstruksiyalarni loyihalash va hisoblash usullarini ishlab chiqish», «Qayta ishlanayotgan material xossalarini hisobga olgan holda valikli texnologik mashinalar uchun yuqori unumdor, resurs tejovchi qurilmalar va mexanizmlarni takomillashtirish va yaratish», «Teri yarim tayyor mahsulotiga mexanik ishlov berish uchun ko‘p operatsiyali mashinani ishlab chiqish» kabi amaliy loyihalar bajarilgan.
Bugungi kunda “Mahalliy mo‘yna xom ashyosini yumshatuvchi barabanli texnologik mashinaning takomillashgan konstruksiyasini ishlab chiqish va eksperimental tadqiq qilish” bo‘yicha loyiha bajarilishida ishtirok etmoqda.
G‘.Bahadirov 500 dan ortiq ilmiy maqola, jumladan 8 ta monografiya, 1 ta darslik, 4 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 80 dan ortiq mualliflik guvohnomalari va ixtirolarga oid respublika va xalqaro patentlar, shuningdek, 20 dan ziyod elektron hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlarga guvohnomalar muallifi hisoblanadi.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining o‘rindoshlik asosidagi professori sifatida «Amaliy mexanika» fanidan talabalarga ma’ruzalar o‘qigan.
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar a’zosi.
U O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi a’zosi sifatida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.
Hozirda Xitoy Xalq Respublikasi Shan’dun Fanlar akademiyasining Ilmiy-texnik xizmatlar platformasi hamda Qozog‘iston Respublikasi M.X.Dulati nomidagi Taraz hududiy universiteti bilan hamkorlik doirasida xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etmoqda.
U Xalqaro mashinasozlar uyushmasi kengashi a’zosi hamda xalqaro «Progressivnye texnologii i sistemy mashinostroeniya», “Edelweiss Applied Science and Technology”, “Fanlar akademiyasi ma’ruzalari”, “O‘zbekiston mexanika muammolari” va ”Yosh olimlar axborotnomasi” ilmiy jurnallari tahririyati a’zosi.
Professor G‘.Bahadirov samarali mehnat faoliyati uchun 2010-yili “Shuhrat” medali, 2021-yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30-yilligi” yubiley nishoni, mashinasozlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining bronza medali, Rossiya fan-texnika jamiyatlari federatsiyasi faxriy yorlig‘i va Xalqaro mashinasozlar uyushmasining I darajali diplomi bilan taqdirlangan. 2023-yili esa xorijiy akademiyalar va tashkilotlar bilan aloqalarini o‘rnatish va o‘zaro manfaatdor hamkorlikni amalga oshirishdagi xizmatlari uchun Xalqaro fanlar akademiyalari uyushmasi (MAAN) tomonidan “Hamkorlik va ilm-fanni rivojlantirganligi” (“Za sotrudnichestvo i razvitie nauki”) Katta medali bilan taqdirlangan.