Gulandom Hisomovna Bakiyeva – Oʻzbekistonda taʼlim tizimi rivojiga katta hissa qoʻshgan taniqli filolog- olima, pedagog va tashkilotchi.
Filologiya fanlari doktori, professor G. Bakiyeva koʻp yillar davomida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor hamda ilmiy ishlar va innovatsiya boʻyicha prorektor lavozimlarida faoliyat olib borgan, respublikadagi filologiya, pedagogika va tillarni oʻqitish metodikasi sohalarida yetakchi shaxslardan biri.
Gulandom Bakiyeva 1949-yil 27-noyabrda Samarqand viloyatining Jizzax shahrida, ziyolilar oilasida tugʻilgan. Otasi Hisom Gʻulomov – professor, onasi Shahri Gʻulomova – oʻqituvchi boʻlgan, farzandlari ilmga muhabbat va bilimga chanqoqlik muhitida voyaga yetgan.
Gulandom oliy taʼlimni Oʻzbekistonning ikki nufuzli taʼlim muassasalarida olgan: Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti (1971-yil), Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti (1976-yil). Til mutaxassisliklarining bunday kombinatsiyasi oʻsha davrda kam uchraydigan hol boʻlib, yosh mutaxassisning keng tilshunoslik qiziqishlaridan dalolat berar edi.
G.Bakiyeva mehnat faoliyatini 1971-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti xorijiy tillar kafedrasi ingliz tili oʻqituvchisi sifatida boshlagan.
1972-1989-yillarda u Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutida laborant, katta laborant, oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. 1986–1987-yillarda esa bir yillik aspiranturada oʻqib, xorijiy tillarni oʻqitish metodikasi ixtisosligi boʻyicha “Oʻzbek talabalarini rus tili talaffuziga oʻrgatishda tovush interferensiyasini bartaraf etish” (konsonantizm materialida) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Nomzodlik ishining asosiy maqsadi Moskva fonologik maktabi soʻzlashuvchisi pozitsiyasida rus tili talaffuzini oʻrgatish metodikasini yaratish edi.
1989–1992-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti doktoranturasida tahsil olgan yillar uning ilmiy qarashlari va tadqiqot yoʻnalishlari shakllanishi uchun hal qiluvchi bosqich boʻlgan.
1993-yili Gulandom Bakiyeva filologiya fanlari boʻyicha dolzarb masalalarga bagʻishlangan “Badiiy matnning til asosidagi tahlili” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1998-yili professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan. Uning ilmiy qiziqishlari keng qamrovli. Nutq madaniyati, fonologik modellar, kommunikatsiyaning ritorik jihatlari, sohaviy terminologiya va uning leksikografik xususiyatlari, shuningdek, umumiy tilshunoslik dolzarb muammolarini qamrab olgan.
1992-yildan boshlab Gulandom Bakiyevaning mehnat faoliyatida yangi bosqich – oliy taʼlim tizimidagi maʼmuriy ish faoliyati boshlangan. Dastlab Toshkent davlat 2-tibbiyot institutida rus tili kafedrasiga rahbarlik qilgan. 1994-yildan esa uning butun faoliyati Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan uzviy bogʻliq boʻlib kelmoqda.
1994–2004-yillar davomida u universitetning xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori, 2004-yildan 2023-yilgacha ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor lavozimlarida faoliyat yuritgan, shu bilan birga bir vaqtning oʻzida 1999-2000-yillar Prezident qarori bilan OʻzDJTUda ochilgan Xalqaro jurnalistika fakultetida birinchi dekan boʻlib ishlagan.
1994-yilda universitetda faqat 5 ta til – ingliz, rus, nemis, fransuz va ispan tillari oʻqitilgan boʻlsa, 2004-yilga kelib G. Bakiyeva rahbarligida bu koʻrsatkich 23 tagacha koʻpaygan. Yangi joriy etilgan tillar qatorida: xitoy, yapon, koreys, arab, fors, italyan, grek, turk, polyak, indonez, ibroniy, malay, golland, hind, afrikaans, lotin, olmon, urdu, fransuz, ingliz, ispan, rus va oʻzbek tillari.
Universitetda turli mamlakatlar elchixonalari hamkorligida 16 ta til va madaniyat markazi tashkil etildi. Ushbu markazlar ilk bor zamonaviy kompyuter va texnik baza, oʻquv-metodik adabiyotlar hamda chet ellik mutaxassislar bilan taʼminlandi. Markazlar talabalarga nafaqat chet tillarini, balki ushbu tillarning egalari boʻlgan xalqlarning madaniyati va tarixini ham chuqur oʻrganish imkonini yaratdi. Shuningdek, talabalar uchun til oʻrganilayotgan mamlakatlarda qisqa va uzoq muddatli taʼlim dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari yaratildi.
G. Bakiyeva tashabbusi va rahbarligida Angliya, Avstriya, Germaniya, AQSH, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Belgiya, Polsha, Yangi Zelandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya va Xitoy kabi davlatlarning 35 dan ortiq yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan ilk bor ikki tomonlama ilmiy-metodik hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Shuningdek, TASIS/TEMPUS, YUNESKO, Britaniya Kengashi, Germaniya akademik almashuv xizmati (DAAD), Gyote instituti, Avstriya akademik almashuv xizmati (AAD), Alyans de Frans, AKSELS, AYREKS, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Tinchlik korpusi, Soros jamgʻarmasi, Hind madaniyat markazi, Misr fan va taʼlim markazi, Janubiy Koreya taʼlim markazi hamda mamlakatimizdagi elchixonalar va konsulliklar bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Gulandom Bakiyeva bugungi kunda ham universitetning xalqaro aloqalarini rivojlantirish yoʻlida faol ish olib bormoqda. TEMPUS, hozirda ERASMUS+ dasturlari doirasida Yevropa universitetlari bilan hamkorlik samarali davom etmoqda.
Uning rahbarligida amalga oshirilgan xalqaro loyihalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
MDH mamlakatlarining davlatlararo gumanitar hamkorlik fondi yordamida 2012-yilda Moskva davlat lingvistika universiteti bilan hamkorlikda “Uzbekskiy yazыk dlya stran SNG” darsligi yaratildi va nashr etilgan, hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasining bir necha oliy oʻquv yurtlarida, masalan, Moskva davlat lingvistika universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva Harbiy universiteti va boshqalarda, oʻquv jarayonida foydalanilmoqda.
Amaliy va innovatsion loyihalar doirasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalari 1, 2, 3 kurs oʻquvchilari uchun va oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat 1,2, 3 va 4 kurs talabalari va magistratura mutaxassisligi 1-2 kurs talabalari uchun quyidagi oʻquv adabiyotlari yaratilgan va foydalanmoqda:
2006-2008-yillarda: “Get in Touch”, “Keep in Touch”, “Stay in Touch”, “Touch the Future”, akademik litseylar uchun: “English-1”, “English-2”, “English-3”;
2009-2011, 2013-2014-yillarda ingliz tili boʻyicha: “English for Professional Development”, “Semantics and Wordstructure”, “Modern Problems of the Theoretical Grammar of English”, “Actual Problems of Comparative Typology”, “Manual for Masterʼs Department”, “Structural Linguistics”, nemis tili boʻyicha : “Berufs Deutsch”, fransuz tili boʻyicha: “Manuel de Français Méthode de Français Pour Master Livre de Lʼélève”, ispan tili boʻyicha: “Español Avanzado para el desarollo profesional Método de Español”;
2012-2014-yillarda nemis tili boʻyicha: “Deutsch-integriert-1”, “Deutsch-integriert-2”, “Deutsch-integriert-3”, “Deutsch-integriert-4”, fransuz tili boʻyicha: “Manuel de France-1”, “Manuel de France-2”, “Manuel de France-3”, “Manuel de France-4”, ispan tili boʻyicha: “Español-1”, “Español-2”, “Español-3”, «Español-4;
2015-2017-yillarda ingliz tili til koʻnikmalari boʻyicha: “Writing-1”, “Writing-2”, “Writing-3”, “Writing-4”, “Reading-1”, “Reading-2”, “Reading-3”, “Listening-1”, “Listening-2”, “Speaking-1”, “Speaking-2”, hamda til aspektlaridan: “Grammar-1”, “Grammar-2”, “Phonectics”, «Vocabulary-1», «Vocabulary-2».
Alohida ahamiyatga molik yutuqlardan biri – 2014-yili “Online Google Translation” dasturi uchun “Uzbek-English and English-Uzbek” elektron lugʻatining yaratilishi boʻldi. Ushbu lugʻatga 80 000 dan ortiq oʻzbekcha soʻz va iboralar kiritilgan boʻlib, ularni dunyodagi 104 tilga tarjima qilish imkoniyati yaratilgan.
2011-2023-yillar davomida G.Bakiyeva Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻquv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashning “Ona tili va xorijiy tillar” oʻquv-uslubiy birlashmasi raisi sifatida ham faoliyat koʻrsatgan. Mazkur birlashma respublika miqyosida ona tili va xorijiy tillar boʻyicha yaratilgan oʻquv qoʻllanma va darsliklarni ekspertizadan oʻtkazib, grif olishga tavsiya etgan.
Gulandom Hisomovna oʻzining ilmiy faoliyati davomida 200 yaqin ilmiy va oʻquv-metodik asarlar muallifi, ular orasida 4 ta monografiya, 70 ga yaqin darslik va oʻquv qoʻllanma, 3 ta lugʻat va 100 dan ortiq ilmiy maqola mavjud. U toʻrt marta “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻolibi boʻlgani esa uning samarali ilmiy-pedagogik mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Professor G. Bakiyeva faoliyatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri – ilmiy kadrlarni tayyorlash boʻlgan. Uning bevosita rahbarligida hozirgi kunga qadar filologiya, metodika va pedagogika sohalarida 22 nafar fan doktori (DSc) va 47 nafar fan nomzodi (filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD) dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan, shogirdlari orasida boshqa davlatlar vakillarining mavjudligi esa professor Bakiyevaning ilmiy maktabi xalqaro miqyosda tan olinganligidan dalolat beradi.
Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutining davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ishlab chiqarishdan ajralgan holda doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash hamda oʻz muddatida himoya qilishga erishish maqsadida Respublikada tajriba-sinov sifatida yangi tizim yaratildi. Mazkur tizimda har bir izlanuvchi maxsus jihozlangan ish joyi, internetga ulangan kompyuter va kerakli texnika bilan taʼminlandi hamda Web of Science, Scopus, Google Scholar, Thomson Reuters, EBSCO, Information Services, ProQuest va boshqa ilmiy taʼlimiy axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Doktorantning ish samaradorligini oshirish maqsadida haftasiga olti kuni soat 8:30dan 16:30gacha ish vaqti belgilandi. Buning natijasi oʻlaroq, doktorantlarning 80 foizdan ortigʻi dissertatsiyalarini oʻz vaqtida muvaffaqiyatli himoya qilishga erishgan.
Doktorant oyma-oy shaxsiy ish rejasi asosida dissertatsiya ustida izlanish olib boradi, nazariy kurslarni oʻzlashtiradi, ilmiy maqolalar yozadi, malakaviy imtihonlarga tayyorlanadi, ilmiy ishning bajarilgan boblarini taqdimot qiladi, doktorantlar bilan muhokama qiladi, ilmiy seminarlar tashkil etadi, kelajakda rahbar qilishiga tayyorlanadi, pedagogik tajriba orttiradi (DTS oʻrganish, malaka talablarini oʻzlashtirish, namunaviy va ishchi oʻquv rejalar, fanlar dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv adabiyotlari yaratishni o‘rganish).
Avval izlanuvchilar “Katta ilmiy xodim izlanuvchi” maqomida faoliyat yuritib, ularning doktorlik dissertatsiyalari ustidagi ilmiy-tadqiqot jarayonlarini samarali boʻlishini taʼminlash, nazorat qilish hamda oʻz vaqtida himoya qilishlariga erishish, shuningdek tadqiqot jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini mustahkamlash maqsadida maxsus “KIXI” elektron monitoring dastur tizimi ishlab chiqilgan. Ushbu tizim Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan rasman roʻyxatdan oʻtkazilib, guvohnoma bilan tasdiqlangan. Shu bilan birga, izlanuvchilar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba va fikr almashish, ilmiy muhokamalarni jonlantirish maqsadida “Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar uyushmasi”, hozirgi kunda “Doktorantlar uyushmasi” joriy etildi.
2007-2012-yillarda Gulandom Bakiyeva tashabbusi bilan OAK qoshida xorijiy tillar boʻyicha doktorlik dissertatsiya mavzularini tasdiqlovchi Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilindi. Kengash doirasida dissertatsion tadqiqotlarning ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, mavzu va yoʻnalishlarni muvofiqlashtirish, takrorlanishning oldini olish, ilmiy izlanishlarni strategik ehtiyojlar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan ishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Koʻp yillar mobaynida u Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida Ekspert kengashi raisi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Ilmiy kengash raisi, rais oʻrinbosari, ilmiy seminar raisi va aʼzo boʻlib ishlab kelmoqda.
Gulandom Hisomovna “Oʻzbekiston belgisi” (2000), “Oʻzbekiston mustaqilligiga 10-yil”, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25-yil” (2016) hamda “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim fidoiysi” kabi koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
Uning yutuqlari xalqaro miqyosda ham tan olingan boʻlib, Fransiya Respublikasining “Akademik palma” ordeni bilan mukofotlanishi fransuz tilini targʻib qilish hamda oʻquv jarayonini takomillashtirish, pedagoglarni malaka oshirishdagi xizmatlari uchun tan olingan eʼtirofdir.
2025-yilda institutning taʼlim va ilmiy salohiyatini, xususan, “Lotin tili va tibbiy terminologiya asoslari” fanini rivojlantirish, ijobiy imijini shakllantirish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun Toshkent davlat stomatologiya institutining faxriy professor unvoni berildi.
2022-yildan boshlab Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Gulandom Bakiyeva tashabbusi va rahbarligida respublikada yagona boʻlgan innovatsion eksperimental ilmiy-taʼlimiy tizim yaratildi. Bu tizimning asosiy maqsadi universitetning xalqaro akademik maydondagi nufuzini oshirish va jahon reytinglariga kirishni taʼminlashdan iborat boʻlgan.
Dunyoning QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education) xalqaro reyting talablariga asosan tizim doirasida, jamoatchilik asosida, fan tarmoqlari va yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislarni qamrab olgan 8 ta ilmiy tadqiqot instituti (ITI) tashkil etildi. Ushbu institutlar doirasida turli filologik, pedagogik va metodik yoʻnalishlarda maqsadli fundamental va amaliy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu kompleks yondashuv universitetning ilmiy-innovatsion infratuzilmasini mustahkamladi. Bunday tizimli va strategik yondashuv Oʻzbekistondagi boshqa oliy taʼlim muassasalari uchun ham namuna sifatida xizmat qiladi. Bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini berdi – universitet oʻz tarixida ilk bor “The Higher Education Impact Ranking-2023” xalqaro reyting tizimiga kiritildi va Oʻzbekistonning xalqaro eʼtirof etilgan 48 oliy taʼlim muassasasi qatoriga kirdi.
Shu bilan birga, ixtisosliklar boʻyicha tadqiqotchilar ilmiy laboratoriyalari (ITIL) faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu laboratoriyalar ilmiy kadrlar tayyorlashda, ixtisoslik boʻyicha doktorantlarni birlashtirishda, dissertatsiya mavzularini tahlil qilish, zamonaviy ilmiy metodologiyani joriy etish va fanlararo yondashuvlarni rivojlantirishga, hamda hamkorlik, tadqiqotchilarni bilimini kengaytirish va bir biriga yordam berishga xizmat qilmoqda.
Ushbu tizimning yana bir innovatsion elementi – pedagoglarning ilmiy faoliyati indekslari platformasi (PIFindex) hisoblanadi. Mazkur platforma oʻqituvchi va tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini raqamli asosda baholash, ularning ilmiy maqolalari, darsliklari, ishtirok etgan loyihalari va xalqaro hamkorlikdagi faolligini monitoring qilish imkonini beradi. PIFindex orqali universitetning ichki ilmiy salohiyati toʻgʻrisida aniq, shaffof va dolzarb maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan.
Gulandom Bakiyeva nafaqat ilm va taʼlim fidoyisi, balki jamiyat hayotida ham faollar safida turadi. U 1999–2004-yillarda Ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi sifatida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda faoliyat olib bordi. Fraksiya aʼzolari milliy tiklanishimizning gʻildiraklari edi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Xotin-qizlar qoʻmitasi jamiyatda ayollar mavqeyini oshirishga qaratilgan yangi, xalqchil va faol tashkilot sifatida shakllanayotgan bir paytda, Gulandom Hisomovna hayʼat aʼzosi va taftish komissiyasi raisi sifatida bu jarayonda faol ishtirok etdi. U jahon tajribasini chuqur anglagan, milliy qadriyatlarga sodiq, jamiyat manfaatini koʻzlab ish olib borgan yetuk olim sifatida oʻzining qatʼiyatliligi, sogʻlom gʻoyalarni himoya qilishdagi prinsipialligi va odamlar qalbiga tez yoʻl topa olish qobiliyati bilan qoʻmitaning nufuzli tashkilot sifatida shakllanishiga munosib hissa qoʻshdi, hamda bir necha yil davomida Xotin-qizlar qoʻmitasi qoshida “Dunyo xotin-qizlari bilan aloqalar” assotsiatsiyasi raisi, Uchtepa tumani Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
2002-yildan buyon Gulandom Bakiyeva «Filologiya masalalari» (rus tilida – “Voprosi filologi”) ilmiy-metodik jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Jurnal Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, filologiya fanlari boʻyicha dissertatsiya natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlar qatorida turadi. Uning rahbarligi ostida jurnal Markaziy Osiyodagi filologiya sohasidagi yetakchi ilmiy nashrlardan biriga aylandi. Jurnal sahifalarida mahalliy va xorijiy olimlarning ilmiy maqolalari muntazam chop etilmoqda, bu esa xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga va ilmiy-nazariy tajriba almashinuvini kengaytirishga xizmat qilmoqda. 2025-yildan boshlab jurnal har oy eʼlon qilinadi. Jurnal qoshida alohida magistrant va doktorantlar uchun “Magistratura” va “Doktorantura” seriyalari eʼlon qilinmoqda.
Hurmatli yoshiga qaramasdan, u hanuz faol ilmiy izlanish bilan shugʻullanib, eksperimental fonetika laboratoriyasini yaratishga qaratilgan innovatsion loyiha ustida ishlamoqda.
Uning ilmiy maktabi hozirgi kunda ham rivojlanib bormoqda – G.Bakiyeva tayyorlagan fan doktorlari (DSc) va fan nomzodlari (PhD) turli taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarda samarali faoliyat yuritmoqda. Uning ishtirokida oʻrnatilgan xalqaro aloqalar hozirda ham Oʻzbekistonni yetakchi jahon universitetlari bilan ilmiy-taʼlimiy hamkorligini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Oilali, ikki nafar farzand, yetti nafar nevara va toʻrt nafar chevaraning faxrli onasi, buvisi, katta onasi. Qizi – Shahlo Hamidullayevna Bakiyeva – tibbiyot fanlari doktori, professor, oʻz sohasida katta ilmiy va amaliy yutuqlarga erishgan yetuk mutaxassis. Oʻgʻli – Farruxjon Bakiyev – huquqshunoslik sohasida oʻqigan boʻlsa-da, ayni paytda yurt iqtisodini rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash yoʻlida umrini ishlab chiqarishga bagʻishlayotgan tadbirkorga aylandi.