Olim

BAYBAYEVA MUXAYYO XUDAYBERGENOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

Baybayeva Muxayyo Xudaybergenovna 1971-yil 30-iyulda tug‘ilgan, millati — o‘zbek.



1993-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislik institutining muhandis-pedagog mutaxassisligi yo‘nalishini tamomlagan.



2012-yilda “Pedagogik texnologiyalar asosida kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil etish metodikasi” mavzusida, 13.00.05 — “Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.



2022-yilda “Ta’lim muassasasi rahbarining boshqaruv faoliyatida sog‘lom va ijodiy muhitni yaratish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida, 13.00.07 — Ta’limda menejment ixtisosligi bo‘yicha, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

2023-yilda professorlik unvoniga ega bo‘lgan.



M. X. Baybayeva tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-apreldagi 242-sonli qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini pedagog kasbiga maqsadli tayyorlash va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha pedagogik sinflarni tashkil etish, ularning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, shuningdek, pedagogika yo‘nalishi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish va kengaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan.



O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 26-apreldagi 06-36-51-sonli xatini ijrosini ta’minlash maqsadida, 13-maydan 17-maygacha M. X. Baybayeva Qozon federal universitetida malaka oshirish bo‘yicha tashrif buyurgan.



Ushbu tashrif davomida M. X. Baybayeva Qozon federal universitetida tashkil etilgan pedagogik sinflar, ularni tashkil etish jarayonlari, o‘quvchilarni pedagog kasbiga maqsadli tayyorlash hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha tajribalar bilan tanishdi va pedagogik sinflarning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha malakasini oshirib qaytdi.



Respublikamizda 2024–2025 o‘quv yilida tashkil etilgan pedagogik sinflar uchun o‘qitiladigan o‘quv modullari ishlab chiqildi.



Mamlakatimiz rahbari raisligida joriy yilning 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini oshirish, pedagoglarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga oid ustuvor vazifalar belgilab berildi.



Mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida joriy yilning 22-may kuni A. Avloniy nomidagi Milliy pedagogik mahorat institutida Pedagogika kafedrasi professori M. X. Baybayeva «Zamonaviy pedagoglarni tayyorlashda yaxlit tizim: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti misolida» mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.



O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi” fani doirasida “Zamonaviy ta’limni tashkil etishning pedagogik xususiyatlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.



Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, pedagogika fanlari doktori M.X. Baybaeva ishtirokida o‘tkazilgan mahorat darsida Universitetning “Jamoat xavfsizligini tezkor-taktik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati”, “Tarbiyaviy-psixologik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati”, “Qo‘riqlash faoliyatini ta’minlashning qo‘mondonlik-muhandislik faoliyati” hamda “Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisliklari tinglovchilari ishtirok etishdi.



Ma’ruzachi o‘qituvchi pedagogik mahorat va pedagogik bilimning ta’lim sifatidagi ahamiyati, auditoriyadan tashqari ishlar hamda mustaqil ta’limni tashkil etishning uslubiy masalalariga batafsil to‘xtalib, bu borada magistr bosqichi tinglovchilari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumot berdi.



Mahorat darsida faol o‘qitish metodlaridan samarali foydalanilib, auditoriya bilan faol muloqot o‘rnatildi va tinglovchilar mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini erkin bayon etishdi.



Mashg‘ulot faol o‘qitish metodlari asosida, savol-javobga boy va interaktiv tarzda tashkil etildi. Bu esa tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.



Dars yakunida M.X. Baybaevaga O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘ining tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.



Pedagogika va psixologiya fakulteti professori M.X. Baybaeva joriy yilning may oyida Boku davlat universitetiga malaka oshirish maqsadida tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u Pedagogika ta’lim yo‘nalishi 2- va 3-bosqich talabalariga “Ijtimoiy pedagogika”, “Zamonaviy ta’limda interaktiv metodlar” hamda “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” mavzularida ma’ruza mashg‘ulotlarini tashkil etdi.



Mazkur ma’ruzalar davomida talabalar zamonaviy pedagogik yondashuvlar, interaktiv o‘qitish usullari va tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.



M.X. Baybaeva Istanbul Aydin universitetiga tashrifi chog‘ida ikki universitet o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida talabalar almashinuvi, o‘qituvchilarning malaka oshirishi hamda xorijiy loyihalarda ishtirok etish masalalari bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etdi.



M.X. Baybayeva o‘quv-metodik adabiyotlar yaratishda faol ishtirok etib keladi. Uning muallifligida yaratilgan darslik va qo‘llanmalardan hozirgi kunda ta’lim jarayonida keng foydalanilmoqda:




  • Ta’lim sifatini boshqarish. Darslik. – T.: TDPU nashriyoti, 2022 yil. 11,75 b.t.

  • Oliy va professional ta’limda mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi. Darslik. – T.: TDPU nashriyoti, 2022 yil. 11,75 b.t.

  • Tarbiyaviy ishlarni boshqarish. Darslik. – T.: Bookmany Print nashriyoti, 2022 yil. 17,8 b.t.

  • Методика преподавания специальных дисциплин. Darslik. – T.: ZUXRA BARAKA BIZNES OOO nashriyoti, 2023 yil. 11,5 b.t.

  • Pedagogik kompetentlik. Darslik. – T.: ZUXRA BARAKA BIZNES OOO nashriyoti, 2024 yil. 13 b.t.

  • Развитие мировой системы образования. O‘quv qo‘llanma. – T.: ZUXRA BARAKA BIZNES OOO nashriyoti, 2024 yil. 22,5 b.t.

  • Ta’lim tizimini boshqarish. Darslik. – T.: Metodist nashriyoti, 2024 yil. 13 b.t.

  • Tarbiyaviy ishlarni boshqarish. O‘quv qo‘llanma. – T.: ZarafshonFoto nashriyoti, 2024 yil. 17,25 b.t.

  • Управление качеством образования. Darslik. – T.: SARVAR PRINT MCHJ nashriyoti, 2024 yil. 13,2 b.t.

  • Xalq pedagogikasi. O‘quv qo‘llanma. – T.: SARVAR PRINT MCHJ nashriyoti, 2024 yil. 23,75 b.t.

  • Talabalar faoliyatini boshqarishda nizoli vaziyatlarni bartaraf etish texnologiyasi. Monografiya. – T.: BAYOZ nashriyoti, 2024 yil. 8 b.t.



Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi huzuridagi ilmiy-metodik kengashlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorga (20.04.2023, PQ-128) asosan ilmiy-metodik kengash aʼzosi sifatida ishtirok etib kelmoqda.



Madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilarida musiqa madaniyati fanini maktablarda oʻqitishga qaratilgan kompetensiyalarni shakllantirish maqsadida (17.03.2025, 02-10-79) taʼlim dasturlarini takomillashtirish boʻyicha ishchi guruh tarkibida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2020.I.16.02 raqamli kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi, Nukus davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.PED.34.01 raqamli kengash qoshidagi ilmiy seminarda va ilmiy kengash aʼzosi, shuningdek, A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.28/30.12.2019.Ped.68.01 raqamli kengash qoshidagi ilmiy kengash tarkibida aʼzo sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



Universitetda pedagogik taʼlim infratuzilmasini yaxshilash hamda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Pedagogika-psixologiya fakultetida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni, tashqi begʻaraz koʻmak (grant) va toʻgʻridan-toʻgʻri kredit mablagʻlarini jalb qilish, shuningdek, eksport natijadorligini yoʻlga qoʻyish va oshirish boʻyicha masʼul hisoblanadi.



Pedagogika kafedrasida metodik birlashma raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.



M.X. Baybayeva ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratib keladi. Hozirgi kunda uning 8 nafar shogirdi mustaqil tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.