Olim

BEKCHANOV XUDAYBERGAN OʻRINOVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

Xudaybergan Bekchanov 1992-yil “Oʻzbekiston Mustaqilligi” esdalik nishoni, 2024-yili “Oliy ta’lim a’lochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan



X.Bekchanov oʻz mehnat faoliyatini 1989-yili Xorazm viloyati Xonqa tumani 27-o‘rta maktab biologiya fani o‘qituvchisi lavozimida boshladi. U 1990-1993-yillarda Xonqa tumanidagi Al-Xorazmiy nomli ixtisoslashgan maktab o‘qituvchisi, 1993-1999-yillarda Al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti Zoologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida faoliyat olib bordi. 1999-yildan 2000-yilgacha Urganch davlat Universiteti Tabiatshunoslik fakulteti Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimiga tayinlangan, 2000-yildan 2007-yilgacha UrDU “Umumiy biologiya” kafedrasi dotsenti, 2007-yildan 2010-yilgacha kafedra mudiri lavozimida ishlagan.



2010-yildan 2011-yilgacha Urganch davlat universiteti “Odam anatomiyasi va fiziologiyasi” kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat olib borgan, 2011-yildan 2015-yilgacha UrDU “Тibbiy bilim asoslari” kafedrasi mudiri, 2015-yildan 2017-yilgacha esa “Biologiya” kafedrasi professori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2017-yildan 2019-yilgacha UrDU “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi mudiri, 2019-yildan 2022-yilgacha “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi mudiri, 2022-yildan 2023-yilgacha Urganch davlat pedagogika instituti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida, 2023-yildan 2024-yilgacha “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan, 2024-yildan hozirgi vaqtgacha “Maktabgacha ta’lim va tabiiy fanlar kafedrasi” mudiri lavozimida faoliyat olib bormoqda.



Xudaybergan Bekchanov Urganch davlat pedagogika instituti “Ta’lim sifatini nazorat qilish” bo‘limi boshlig‘i sifatida OTM da ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, o‘z kasbining bilimdon va mohir ustasi, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga doir bir qator ishlarni amalga oshirgan.



Pedagogik faoliyati davomida talabalarni nafaqat yetuk mutaxassis, balki ma’naviy boy, mustaqil fikrlaydigan, qo‘yilgan muammoni nazariy va amaliy jihatdan yechimini topishga tayyor shaxs bo‘lib yetishishlariga samarali hissa qo‘shib kelmoqda.



Х. Bekchnov Urganch davlat pedagogika institutida Biologiya va unga oid fanlardan me’yoriy hujjatlar – DTS, OTM va uning tarkibiy bo‘limlari uchun Nizomlari, o‘quv va ishchi rejalar, mutaxassislik va ixtisoslik fanlaridan namunaviy dasturlar, laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar uchun uslubiy ko‘rsatmalar, o‘quv qo‘llanmalar, nazariy va amaliy bilimlarni o‘zlashtirilganligini nazorat turlari uchun topshiriqlar, dasturiy savollar, testlar, fanlar kesimidagi glossariy, referat va kurs ishlari, mustaqil ta’limni tashkil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan o‘quv-uslubiy majmualarni ishlab chiqqan va nashr qildirgan. Ta’lim jarayoniga yangi zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion texnologiyalarni joriy qilishda innovator sifatida xizmatlari kattadir.



X. Bekchanov Respublikamizning zoologiya, xususan entomologiya sohasiga katta hissa qo‘shgan olimlardan biri sanaladi. U 1998-yil 24-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutida “Xorazm vohasi tabiiy landshaftlari tunlamlari (Noctuidae, Lepidoptera) faunasi, biologiyasi va ekologiyasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini, 2023-yil 10-martda “Shimoli-G‘arbiy O‘zbekiston tangachaqanotlilari (Insecta, Lepidoptera) faunasi va ekologiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



Shu kungacha olimning biologiya, ekologiya, pedagogika va o‘qitish metodikasiga oid 300 ga yaqin ilmiy, ilmiy-uslubiy, o‘quv va o‘quv-uslubiy ishlari nashr qilingan, shundan 8 ta monografiya, 3 ta darslik,  4 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta ensiklopediya (Bolalar uchun). 2 ta elektron qo‘llanma,  20 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma va 250 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar muallifidir. Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2019.V.52.01 raqamli ilmiy kengash a’zosi (2024), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Mintaqaviy bo‘limi Xorazm Ma’mun Akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.02/30.07.22.B.149.01-raqamli ixtisoslashtirilgan Ilmiy Kengash a’zosi (2022) hisoblanadi. Bundan tashqari, 2007-2011-yillarda “Хorazm vohasida qovun pashshasi (Myiopard1alis pardalina) ning bioekologik xususiyatlari” мавзусидаги ФА-Ф4-Т011 raqamli, 2014-2015-yillarda “Noyob va yo‘qolib borayotgan baliq turlarini saqlab qolish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi №03/21-2-sonli fundamental grant loyihalarda rahbar sifatida faoliyat olib borib, ushbu loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlagan.



Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti, Gersen nomidagi Sankt-Peterburg Davlat Pedagogika Universiteti,  Dog‘iston Davlat Universiteti, Astraxan davlat Universiteti va boshqa xorijiy nufuzli ilmiy markazlar hamda oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Respublikamizning turli hududlari bo‘ylab uyushtirilgan Xalqaro ilmiy ekspeditsiyalarda qatnashib kelmoqda. Ushbu tadqiqotlar davomida qattiqqanotlilar (Coleoptera) va tangachaqanotlilar (Lepidop-tera) turkumlariga mansub hasharotlarning fan uchun yangi turlari qayd qilingan, kashf qilingan yangi turlar haqidagi ilmiy maqolalar dunyoning nufuzli ilmiy jurnallari (ZOOTaxa) da muntazam ravishda chop qilinmoqda. Xorazm vohasi, qolaversa O‘zbekiston tabiatini muhofaza qilishga doir “Faunani asrash va muhofaza qilish” MCHJ ning ta’sischisi-rahbari sifatida ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. Х.Bekchanovning faoliyati uning irodasi, shaxsiy xususiyatlari, bilim va ko‘nikmalari, o‘ziga va atrofidagilarga munosabati va mas’uliyatini namoyish etishga da’vat еtgan. Jumladan, Urganch davlat universitetida ishlagan vaqtida o‘zining talabchanligi, odilligi va yuqori tashkilot tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarga yondashuvining puxtaligi bilan ajralib turgan va ilg‘or natijalari monitoringini shakllantirish, ilm-fanning rivojlantirishni ilmiy tadqiqotlarga yoshlarni safarbar etilishini yo‘lga qo‘yish, keng qamrovli tadqiqot va targ‘ibot ishlarini ommaviy axborot vositalari yordamida muntazam yoritish, jamoa vakillari, xorijiy hamkasblar bilan ochiq muloqot o‘tkazish va ko‘plab shu kabi vazifalarni tinmay, sifatli ijro etish orqali yoshlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. O‘zining pedagogik va ilmiy faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar yetishib chiqqan. X.Bekchanov rahbarligida talabalar 15 yil davomida ketma-ket biologiya fani bo‘yicha Respublika olimpiadalarida faxrli birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashgan. Jumladan, 1995-yilda o‘tkazilgan biologiya fani bo‘yicha Respublika fan olimpiadasida Tabiatshunoslik fakulteti talabasi Razzaqova Muxayyo 2-o‘rinni, Gandjayeva Lola 2002, 2003, 2004-yillar davomida 1-o‘rinni, Jumaniyazova Raxima 2006, 2007, 2008-yillar davomida 1-o‘rinni, Pedagogika fakulteti Pedagogika va Psixologiya ta’lim yo‘nalishi talabasi Karimova Barchinoy 2007, 2008-yillarda 1-va 2-o‘rinlarni, (nomutaxassislik), Bekchanova Muazzam 2008, 2009, 2010, 2011-yillar davomida (4 yil) 1- va 2-o‘rinlarni, Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Madaminov Azimbek 2012 va 2013-yillarda zoologiya fani bo‘yicha Respublika fan olimpiadasida ikki marotaba faxrli 2-o‘rinni egallashgan. Shuningdek, biologiya yo‘nalishi 4-kurs talabasi Niyozmetov Baxodir Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2008-yil 24-sentyabrdagi 104-sonli buyrug‘iga asosan Guliston Davlat Universitetida o‘tkazilgan “Hayot haqidagi fanlar” yo‘nalishida “Original loyiha muallifi” mavzusida o‘tkazilgan “eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi” tanlovida 1-o‘rinni, Jumaniyazova Raxima 2009-yil 14-apreldagi 106-sonli buyrug‘iga asosan GulDU da o‘tkazilgan  “Hayot haqidagi fanlar” yo‘nalishida “Eng yaxshi bitiruv  malakaviy ishi” Respublika tanlovida 3-o‘rinni egallagan.        X. Bekchanovning 3 nafar shogirdi “Ulug‘bek” stipendiyasi g‘olibi, 1 nafari Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tashakkurnomasi bilan taqdirlangan, 5 nafar shogirdi mustaqil-izlanuvchi sifatida ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda, 1 nafar shogirdi biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. O‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishi natijasida shogirdlari bugungi kunda  Respublika ta’lim tizimidagi turli boshqaruv  lavozimlarida faoliyat yuritmoqdalar.



Shu bilan bir qatorda, Biologiya yo‘nalishi bo‘yicha talabalarning kasbiy-pedagogik tayyorgarligini modernizatsiya qilish borasida bir qancha ilmiy-uslubiy ishlarni amalga oshirgan.



Respublika va institut olimlari bilan hamkorlikda innovatsion g‘oyalar yaratish va ishlab chiqarishga tatbiq etishda doimiy ravishda ishtirok qilib kelmoqda.



Х. Bekchanov rahbarligida institutda ta’lim-tarbiyaviy jarayonlarning samaradorligini oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar doirasida, ayniqsa, talaba yoshlarning shaxsiy ish rejasi va shaxsiy iqtisodini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada talaba-yoshlar bilan rahbar xodimlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlarda, “Ustoz-shogird” tizimini shakllantirish jarayonida muntazam ravishda maslahat va tavsiyalar berib bormoqda.



Bekchanov Xudaybergan O‘rinovich har bir ishga mas’uliyat va tashabbuskorlik bilan yondashadigan, yuksak ma’naviyatli pedagog sifatida yosh kadrlarni tayyorlashda o‘zining maslahat hamda kuch-g‘ayratini ayamaydigan, o‘ziga va shogirdlariga nisbatan talabchan ustoz va rahbardir. U fidoiy, kamtarin, jonkuyar olim, murabbiylik mahorati va ijodkorlik qobiliyati bilan institut hamda kafedra jamoasi orasida hurmat qozongan.