“Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagʻay”, degan edi Imom al-Buxoriy bundan 12 asr muqaddam.
“Agar dunyo oʻzgarishini istasang, unda oʻzing bu oʻzgarish boʻl. Oʻzingizni oʻzgartiring” - degan edi buyuk hind siyosiy va jamoat arbobi Mahatma Gandi.
Buyuklarning aytgan oʻgitlarini oʻziga dastur qilib olgan texnika fanlari doktori, professor Ismoil Tashkentovich Ergashev – respublikamiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga xizmat qiladigan yuqori samarali, resurs tejamkor texnika va texnologiyalarini ishlab chiqish, jumladan tuproqqa ishlov berish mashinalarining yangi avlodini ishlab chiqish, bogʻdorchilik mashinalarini takomillashtirish, choʻl yaylovlarini asrash va yaxshilash uchun fitomelioratsiya mashinalarini ishlab chiqish, yaylovlar holatini yaxshilash uchun fitomeliorativ oʻsimliklar (butalar, yarim butalar va oʻtlar) urugʻini ekadigan, koʻchatini oʻtqazadigan mashinalarni yaratish, gʻoʻza qator oralariga gʻalla ekish qurilmalari, gʻalladan boʻshagan maydonlarga Strip-till va No-till texnologiyalari asosida oraliq ekinlarni ekish mashinalari boʻyicha taniqli olim hisoblanadi.
Ismoil Tashkentovich Ergashev Samarqand qishloq xoʻjalik instituti (hozirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti)da dotsent, professor, oʻquv boʻlimi boshligʻi, “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash” fakulteti dekani, Agroinjeneriya kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat yuritgan. Hozirda Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi tomonidan tashkil qilingan Samarqand viloyat kasbiy koʻnikmalar mintaqaviy markazi direktori va oʻrindoshlik asosida Samarqand Agrotexnologiyalar va tadqiqotlar instituti Agroinjeneriya kafedrasi professori sifatida taʼlim va fan rivojiga hissa qoʻshib kelmoqda.
I.Ergashev quyidagi ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan:
— Choʻl yaylovlari holatini yaxshilashda fitomeliorativ oʻsimliklar urugʻini ekish texnologiyasi va texnik vositalarini ishlab chiqish;
— Bogʻ qator oralari tuproqlariga tuproq palaxsasini oʻz oʻrniga agʻdarib shudgorlaydigan frontal pluglarni ishlab chiqish;
— Choʻl yaylovlarini yaxshilashda fitomeliorativ oʻsimliklar koʻchatlarini oʻtqazish texnologiyasi va texnik vositalarini ishlab chiqish;
— Gʻoʻza qator orasiga bugʻdoy urugʻini qatorlab ekish texnologiyasi va texnik vositalarini ishlab chiqish;
— Gʻalladan boʻshagan dalalarga tuproqqa yoʻl-yoʻl (Strip-till) ishlov berib oraliq ekinlar urugʻini ekish texnologiyasi va texnik vositalarini ishlab chiqish;
— Gʻalladan boʻshagan dalalarga tuproqqa nol (No-till) ishlov berib oraliq ekinlar urugʻini ekish texnologiyasi va texnik vositalarini ishlab chiqish.
I.Ergashev quyidagi taʼlim sohasidagi loyihalarga rahbarlik qilgan:
— Buyuk Britaniyaning REAP dasturi doirasida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasi uchun kadrlar tayyorlash loyihasi;
— Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ning “Mashinasozlik texnologiyasi” boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilish loyihasi;
- Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ning “Kompyuter grafikasi va dizayn” boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilish loyihasi;
- Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ning “Payvandlash ishlari” va “Kompyuter injiniringi” boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish loyihasi.
Ismoil Tashkentovich Ergashev quyidagi chet el universitetlarida ilmiy-pedagogik stajirovkalarda boʻlgan:
- Buyuk Britaniyaning Kronfeld Universiteti Silsoy Kollejida 1998-yilda;
- Gollandiyaning Vageningen Universitetida 2005-yilda;
- Fransiyaning Nant Universitetida 2013-yilda;
- Koreya Respublikasining Koreyatex Universitetida 2015-yilda;
- Koreya Respublikasining Keymyang Kollej Universitetida 2019, 2023 va 2024-yillarda.
- Hayoti va ilmiy faoliyat sanalari:
- 1984-1987-yillar — Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari instituti Qarshi filiali «Qishloq xoʻjaligi mashinalari« kafedrasi laboratoriya mudiri, kafedra assistenti.
- 1988-1992-yillar — Moskva qishloq xo‘jaligi injenerlari institutining stajer-oʻqituvchisi, aspiranti.
- 1992-yilda Moskva qishloq xoʻjaligi injenerlari instituti Ilmiy Kengashida “Изискание и обоснование параметров фронталного плуга для зони хлопкосеяния Узбекистана” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan;
- 1992-1996-yillar — Samarqand qishloq xoʻjalik institutining «Umuminjenerlik fanlari« kafedrasi assistenti, dotsenti, institut oʻquv boʻlimi boshligʻi;
- 1996-2009-yillar — Samarqand qishloq xoʻjalik institutining Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va mahsulotlarni qayta ishlash fakulteti dekani;
- 2004-yilda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini elektrlashtirish va mexanizatsiyalashtirish ilmiy tadqiqot instituti (OʻzMEI) qoshidagi Ilmiy Kengashda “Механико-технологические основи гладкой безбороздной вспашки” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
- 2009-2016-yillar — Samarqand avtomobilsozlik kasb-hunar kolleji direktori, oʻrindoshlik asosida Samarqand qishloq xoʻjalik instituti Agroinjeneriya kafedrasi professori;
- 2016-yil — h.v. – Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan Samarqand kasb-hunarga oʻqitish markazi direktori, oʻrindoshlik asosida Samarqand Agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti Agroinjeneriya kafedrasi professori.
- Professor Ismoil Tashkentovich Ergashev “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi hamda Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti qoshidagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengashlarda rais oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning rahbarligida 7 ta PhD dissertatsiyalari va oʻndan ziyod magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
- Professor Ismoil Tashkentovich Ergashev 3 ta oʻquv qoʻllanmasi, 3 ta monografiya, 178 ta ilmiy maqolalar va 48 ta ixtiro uchun Patentlar muallifidir. Uning “Scientific and technical bases of tecnicak means for smooth ploughing” mavzusidagi ilmiy monografiyasi 2019-yilda Germaniyadagi “LAMBERT Academic Publishing” nashriyotida Yevropa Ittifoqining 8 ta tilida nashr qilingan.
- Ismoil Ergashev 4 ta farzandning otasi va 13 nafar nabiralarning bobosidir. Farzandlarining barchasi oliy maʼlumotli va turli sohalarda faoliyat yuritishmoqda.
- Olim farzandlariga va shogirdlariga shunday deydi: inson oʻz taqdirini oʻzi yaratadi, yaxshi yoki yomon, oson yoki qiyin yoʻlni tanlash har kimning oʻz ixtiyoridadir. Tanlangan yoʻlidagi maqsadlarini baland qoʻyish kerakki, kunlar oʻtib maqsadiga erishadi, erisha olmagan taqdirda ham shu yetib borgan joyidan turib boshqalardan qanchalik oldinda ekanligini his qiladi. Maqsadga sobitqadamlik bilan, doimiy ravishda harakat qilish lozim. Har kungi harakat, har kungi tajribaning natijasi ulkan boʻladi. Harakatsiz, ilmsiz hayot yoʻqdir. Ilm yoʻlini tanlang. Ilm beqiyos va bepoyondir. Ilm barcha yaxshiliklarning kalitidir.
- Biz texnika fanlari doktori, professor Ismoil Tashkentovich Ergashevga Yangi Oʻzbekistonni yaratishda, mamlakatimiz rivojida oʻz oilasi, shogirdlari bilan birgalikda hormay-tolmay mehnat qilishlariga tilakdoshmiz.