Olim

ERKINOV SODIR

Filologiya fanlari doktori, professor

S. Erkinov (1930-yil 30-yanvar, Fargʻona viloyati Rishton tumani – 2009-yil, 27-noyabr, Toshkent) – filologiya fanlari doktori (1977-yil), professor (1995). Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati (1992). Taniqli navoiyshunos olim.



S. Erkinov xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Otasi Abduhakim (1938-yil vafot etgan) ijodkor inson boʻlib, “Erkin” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. S. Erkinovning bolaligi urush yillariga toʻgʻri kelgan: ikkinchi jahon urushi davrida pochtachilik qilgan. Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi 1-oʻrta maktabni 1948-yili tamomlagan. 1948–1952-yillar Ulugʻbek nomidagi Fargʻona davlat pedagogika institutining (hozirgi Fargʻona Davlat universiteti) oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida oʻqib, uni imtiyozli diplom bilan tugatgan. Talabalik yillarida sheʼr yozishga qiziqqan: dastlabki sheʼrlari Fargʻona viloyati gazetalarida chop etilgan. Oʻsha yillarni eslaganda S. Erkinov shunday deb yozadi “Men ustoz – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi Mirzaabdulla Bokiy (1882–1967) – Nasriddinovdan, Toʻxtasin Zohidovdan sheʼriyat va ilm sirlarini oʻrgana boshladim. Institutda oʻqib yurgan kezlarim keksa dotsent Akram Ibrohimov (1910–1986) menga oʻta mehribon edi. Qoʻqon pedagogika institutiga kelganim va Muqimiy uy-muzeyiga rahbar boʻlgan kezlarimda Inom Rasulov hamda shoir Charxiy (1900–1979) bilan hamkorlikda sheʼrlar yozishimiz esimda”.



S. Erkinov dastlabki faoliyatini badiiy ijoddan boshlagan, sheʼrlar yozgan. Dastlabki sheʼrlarida Shota Rustavelining (1160–1220) “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” dostonidagi bosh qahramonlardan biri ­– Avtandil (oʻzbekchalashtirilgan varianti – Aftondil) nomini oʻziga taxallus sifatida tanlagan. Shu taxallus ostida sheʼrlari nashr boʻlgan. Keyinchalik bu ism – taxallusni S. Erkinov uchinchi oʻgʻil farzandiga ism qilib qoʻygan.



S. Erkinov 1952-yili Muqimiy nomidagi Qoʻqon pedagogika institutiga ishga taklif qilingan. 1953–1956-yillarda V.M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining aspiranturasini oʻtadi. Aspiranturada taniqli adabiyotshunos, OʻzSSR Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi Izzat Sulton (1910–2001) rahbarligida, SSSR Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi Yevgeniy Eduardovich Bertels (1890–1957), professor Emir Nadjipovich Najip (1899–1991) va SSSR xalqlari adabiyoti kafedrasining mudiri, mashhur olima Medina Iskanderovna Bogdanova (1906–1962) yordamida chuqur filologik taʼlim oldi. 1958-yili Toshkentda “Lutfiy va uning “Gul va Navroʻz” dostoni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.



1952–1962-yillarda S. Erkinov Qoʻqon pedagogika institutining katta oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Aziz Qayumov (1926–2018) tashabbusi bilan ochilgan Qoʻqon Adabiyot muzeyi mudiri, 1962-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti oʻzbek adabiyoti boʻlimi katta ilmiy xodimi, 1976–1986-yillarda institut huzuridagi Matnshunoslik boʻlimi mudiri boʻlib ishladi. U 1986–1995-yillarda esa oʻzbek adabiyoti tarixi boʻlimining yetakchi ilmiy xodimi sifatida faoliyat koʻrsatdi.



S. Erkinovning ilmiy faoliyati 1950-yillardan boshlanib, bu davrda oʻzbek va tojik adabiyoti boʻyicha qator maqolalar eʼlon qiladi.



Olim 1959, 1960, 1965, 1988 va 2013-yillarda oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi Mavlono Lutfiy asarlarini oʻzbek va rus tillarida nashrga tayyorlab, keng kitobxonlarga yetkazdi. Ushbu nashrlar uchun yozilgan soʻzboshilarda va ilmiy toʻplam, jurnallarda bosilib chiqqan maqolalarida olim Lutfiy tarjimai holini maʼlumotlar bilan toʻldirdi, asarlari mazmunini yanada chuqur badiiy tahlillar vositasida ochib, shoirning ijodiy konsepsiyasi shakllanishi, kamol topish bosqichlarini belgilab berdi. Shu ishlarning natijasi oʻlaroq, 1965-yilda uning “Lutfiy” monografiyasi bosilib chiqdi.



S. Erkinov Til va adabiyot instituti nashr ettirgan besh tomlik “Oʻzbek adabiyoti tarixi” (1978–1980-yillari nashr boʻlgan) mualliflaridan biridir. 1987–1989-yillarda nashr etilgan rus tilidagi ikki tomlik “История узбекской литературы” (Oʻzbek adabiyoti tarixi) kitobi uchun mualliflar jamoasi bilan birgalikda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.



Olim koʻp yillar davomida Sharqda “Farhod va Shirin” qissasining shakllanishi, uning oʻzbek, tojik, ozarbayjon, hind, turk va boshqa xalqlar adabiyotida ishlanishi masalasi ustida jiddiy ilmiy ish olib bordi. 1971-yili “Fan” nashriyotida uning “Navoiy “Farhod va Shirin”i va uning qiyosiy tahlili” nomli katta tadqiqoti chop etildi. Kitob nashrdan chiqqandan keyin oʻzbek va Sharq adabiyotining mutaxassislari bildirgan xolis fikr tavsiyalari asosida oʻz tadqiqotini toʻldirib, 1974-yili “Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni va uning qiyosiy oʻrganishning baʼzi masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Olimning bu mavzudagi ilmiy ishini akademik Vohid Zohidov, Izzat Sultonov, Aziz Qayumov, prof. Abduqodir Hayitmetov kabi yirik mutaxassislar, shuningdek, ozarbayjonlik mashhur olim, Ozarbayjon va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor Hamid Arasli yuqori baholadilar.



S. Erkinovning ilmiy faoliyatida oʻzbek adabiyotining Sharq xalqlari adabiyotlari bilan aloqalarini tadqiq etish muhim yoʻnalishni tashkil qiladi. Olim Sharqda mashhur xamsachilik anʼanasining Navoiygacha boʻlgan tarixi, Navoiy “Xamsa”si anʼanalarining keyingi Sharq adabiyotida davom ettirilishi masalalari boʻyicha sistemali ravishda shugʻullanib keldi. Tadqiqotchining 1977-yilda bosmadan chiqqan “Asrlar osha mushoira”, 1985-yilda nashr etilgan “Sharq adabiyotida Farhod qissasi” kitoblari ham masalalarning qoʻyilishi va ularni hal etishdagi ilmiy tahlilning oʻziga xosligi, asoslanganligi bilan ajralib turadi.



Ilmda doim izlanishda boʻlgan kamtarin olim S. Erkinov 1976–1986-yillarda Til va adabiyot institutida Matnshunoslik boʻlimini boshqarib, Hamza Hakimzoda Niyoziy (toʻrt tomlik), Hamid Olimjon (oʻn tomlik) va Gʻafur Gʻulom (oʻn ikki tomlik) “Mukammal asarlar toʻplami” akademik nashrlarida ham noshir, ham muharrir, ham tahrir aʼzosi sifatida faol qatnashdi.



S. Erkinovning nafaqat ilmiy-tashkiliy, balki jamoatchilik faoliyati ham diqqatga sazovor. U uzoq yillar mobaynida, yaʼni 1960-yildan to 2007-yilgacha OʻzR FA Til va adabiyot instituti huzuridagi doktorlik dissertatsiyalari himoyasi boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi edi. S. Erkinov Til va adabiyot institutining ilmiy, ijtimoiy faoliyatida faol qatnashib, oʻn aspirantga ilmiy rahbar va ikki doktorlik, nomzodlik dissertatsiyalarida rasmiy opponentlik qildi. Olim oʻzining kamtarligi, ilmdagi izlanishlardan charchamasligi, yosh olimlarga samimiy xayrixohligi va tashkilotchiligi bilan hammaning hurmatiga sazovordir.



S. Erkinov navoiyshunoslik sohasida boshlagan yoʻlni uning farzandi – hozirda taniqli navoiyshunos olim filologiya fanlari doktor Aftondil Erkinov davom ettirib kelmoqda. U otasi izidan borib, Alisher Navoiy ijodi bilan shugʻullanmoqda. 1998-yili “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqini manbalari (XV – XX asr boshi)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi himoya qilgan va 2018-yili shu nomdagi kitobini chop ettirgan.



S. Erkinovning hayot yoʻli va mehnat faoliyati shogirdlari uchun namuna boʻlib qoladi. Ularning yorqin xotiralari hamisha qalbimizda va yodimizda yashaydi.