H. Eshonqulov 1972-yil 28-oktyabrda Buxoro viloyati Vobkent tumani Kosari qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan. 1979-1989-yillarda tumandagi 10-umumtaʼlim oʻrta maktabida, 1989-1990-yillarda 22-son Vobkent kasb-hunar bilim yurtida, 1990-1995-yillarda Buxoro davlat universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimida oʻqigan. U xorijda tahsil olish uchun oʻtkazilgan talaba tanlovida ishtirok etib, 1992-1994-yillarda avval Konyadagi TÖMER – Turk tili oʻrgatish markazida, keyinchalik bir yil davomida Saljuq universiteti Turk tili va adabiyoti boʻlimida oʻqishni davom ettirgan. 1995-yilda Buxoro davlat universitetini imtiyozli diplom bilan tugatib, bugunga qadar shu oliy bilim dargohida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
H. Eshonqulov mehnat faoliyatini 1995-yil 28-avgustdan BuxDU oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasida oʻqituvchi lavozimidan boshladi. 1996-1999-yillarda BuxDU shu kafedra aspiranti sifati ilmiy izlanishlar olib bordi. U 1999-yil 22-dekabrda professor R.J. Vohidov ilmiy rahbarligida tayyorlangan “Alisher Navoiy sheʼriyatida samoviy timsollar (“Badoyiʼ ul-bidoya” devoni misolida)” nomli nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, yosh isteʼdodli olim sifatida tanildi. 2004-yilda dotsent, 2024-yilda professor ilmiy unvoniga loyiq koʻrildi. Shu yildan boshlab kafedra dotsenti, Filologiya fakulteti oʻquv ishlar boʻyicha dekan muovini (2008-2009), shu fakultet dekani vazifasini bajaruvchi (2009-2010), Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri (2020-2025) lavozimlarida faoliyat olib bordi. Shu yillar orasida u BuxDU Tasavvuf va oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi doktoranti sifatida ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 2020-yil 2-dekabrda professor M.Q.Muhiddinov ilmiy maslahatchiligida “Alisher Navoiy gʻazaliyotida ishq poetikasi (qiyosiy-tipologik tahlil)” mavzusidagi filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini himoya qildi. Hozirga qadar H. Eshonqulov ilmiy maslahatchiligida 1 nafar fan doktori (DSc) (professor N.J. Bekova) va 1 nafar filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) (D.T. Sodiqova) ilmiy darajasini olish yozilgan dissertatsiyalar himoya qilindi. Ayni choqda A.Hamidov, E.Qudratov singari mustaqil izlanuvchilar, J.Oripov, D.Olimova kabi tayanch doktorantlar professor H.P.Eshonqulov rahbarligida falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari ustida izlanishlar olib borishmoqda. Olim bu shogirdlarining aksariyati bilan ularning talabalik yillaridan boshlab ilmiy faoliyat olib boradi. Hozirga qadar uning rahbarligida 20 ga yaqin magistrlik dissertatsiyalari, 40 ortiq bitiruv malakaviy ishlar himoya qilindi. H. Eshonqulov Sharof Rashidov nomidagi SamDU huzuridagi filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy daraja beruvchi Ixtisoslashgan ilmiy kengashning raisi oʻrinbosari, ilmiy kengash huzuridagi ilmiy seminar, xuddi shunday BuxDU huzuridagi Ixtisoslashgan ilmiy kengash, uning huzuridagi ilmiy seminar, QarDU huzuridagi Ixtisoslashgan ilmiy kengash seminarining, OAK roʻyxatiga kiritilgan “Ayniy Vorislari”, Turkiyaning “Sobider” ijtimoiy fanlar ilmiy jurnallarining tahririyati aʼzosi sifatida ham faoliyat olib boradi.
H. Eshonqulov milliy adabiyotimizning mumtoz namunalari misolida oʻzbek tilining nihoyatda yetukligi, chiroyli va badiiyat qoidalariga muvofiq kelishini yosh avlodga singdirib borayotgan katta tajribaga ega boʻlgan pedagog, zukko navoiyshunos olim sifatida yaxshi tanish. U “Oʻzbek adabiyoti tarixi”, “Navoiyshunoslik”, “Tasavvuf va badiiy ijod”, “Adabiyotshunoslik tarixi” singari fanlardan olib borayotgan maʼruza, amaliy va seminar mashgʻulotlarida, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgani munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Oʻzbek tili bayrami” kunlarida, mamlakatimizda millatimiz iftixori, ulugʻ oʻzbek shoiri Alisher Navoiy, shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlari va boshqa mumtoz, yangi davr ijodkorlariga bagʻishlangan tadbirlar, xalqaro va respublika miqyosida oʻtkaziladigan ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy konferensiyalarda, mahalliy va markaziy telekoʻrsatuvlarda tilimizning, milliy qadriyatlarimiz va adabiyotimizning jonkuyari sifatida namoyon boʻladi. H. Eshonqulov bu kabi faoliyatini xorijda ham davom ettirib kelmoqda. Olimning tashabbusi bilan BuxDU va dunyoning Top 1000 taligidan yillar davomida oʻz oʻrniga ega boʻlib kelayotgan Turkiyaning Hajittepe universiteti bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan. U 2022-yil noyabr oyida Hajittepe universitetining Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlari boʻlimida xizmat safarida boʻlib, bakalavriat va magistratura talabalariga “Oʻzbek tili”, “Chigʻatoycha” singari fanlardan dars oʻtdi. Shundan beri olim shu boʻlim talabalari va tayanch doktorantlari taklifiga binoan har yili ZOOM vositasida turkiyalik talaba va tadqiqotchilarga oʻzbek tilidan dars oʻtib keladi.Shunday urinishlar natijasida Hajittepe universiteti tayanch doktoranti Fatih Yilmaz oʻzbek adabiyotidan ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida 2025-yil yanvar oyidan 6 oy davomida stajirovka oʻtash uchun Bux DUga keldi. Fotih Yilmaz H. Eshonqulov rahbarligida oʻzbek tili va adabiyoti bilan yaqindan tanishib, ilmiy izlanishlar olib borish uchun materiallar tayyorladi va Anqaraga borib “Zamonaviy oʻzbek adabiyotida shoʻro davri talqini” mavzusida dissertatsiya tayyorlashga oid mavzusini muvaffaqiyatli himoya qildi.
H. Eshonqulovning bugunga qadar “Samovot – ishq mazhari” (2008), “Muslihabegim Miskin” (2012, D. Sodiqva bilan hammualliflikda), “Alisher Navoiy gʻazaliyotida ishq poetikasi talqini; qiyosiy-tipologik tahlil” (2022), “Ehsondan munavvar qalb ehsoni” (2023) nomli monografiyalari, 6 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari, 150 dan ortiq nufuzli xorijiy, respublika ilmiy jurnallari, xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan konferensiyalarda nihoyatda dolzarb mavzularda tayyorlangan maqola va tezislari nashr etilgan. Olimning professor R.J.Vohidov bilan hammualliflikda tayyorlagan “Oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi” nomli darsligi (2006, 528 b.) respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarining Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek) va Oʻzbek tili va adabiyoti taʼlim yoʻnalishlari uchun darslik sifatida oʻqitib kelinmoqda. H. Eshonqulov bu boradagi izlanishlarini yana davom ettirmoqda. Yaqinda “Navoiyshunoslik. Lirik asarlarni sharhlash: gʻazal sharhi” (2023) nomli oʻquv qoʻllanmasini nashr ettirib, ulugʻ shoir gʻazallarini teran talqin etish va tushuntirishga yoʻnaltirilgan oʻzining koʻp yillik tajribalari asosida shakllangan ilmiy-metodik qarashlarini tizimli holatda yoritib berdi.