Farmonov Rahmon Farmonovich 2017-yilda “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 25-yilligi” koʻkrak nishoni, 2021-yilda esa “Oʻzbekiston Respublikasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Farmonov Rahmon Farmonovich 1945-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan, millati oʻzbek. Umumiy mehnat staji 56 yil. U mehnat faoliyatini 1967-yil Tojikiston Davlat Universiteti tarix fakulteti “Yangi va eng yangi tarix” kafedrasida oʻqituvchilikdan boshlagan. 1970-yil noyabr oyigacha Universitetda oʻqituvchilik qilgan.
1970-73-yillar davomida Moskva Davlat Universitetining tarix fakulteti “Yangi va eng yangi tarix” kafedrasida aspiranturada tahsil olgan va 1974-yil fevral oyida “Fransiyaning yangi tarixi boʻyicha” nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1974-yildan 1980-yilgacha Tojikiston Davlat Universiteti tarix fakultetida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi va dotsentlik lavozimlarida, 1975-77-yillarda tarix fakulteti dekani muovini boʻlib ishladi.
1980-yil may oyidan boshlab Toshkent Oliy partiya maktabiga dotsentlik lavozimiga taklif qilindi. 1990- yil kuzigacha shu dargohda faoliyat yuritdi. 1990-1992-yillar davomida Rossiya Boshqaruv Akademiyasining doktoranturasida oʻqib, 1992-yil 1 -oktyabrda “Fransiya II Respublikasi siyosiy tizimining shakllanishi” boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1991-yil dekabr oyidan 1996-yil 1-yanvariga qadar Toshkent Davlat Universiteti tarix fakultetining “Yangi va eng yangi tarix” kafedrasida dotsent, kafedra mudira lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1996-yil yanvar oyidan boshlab Jahon Iqtisodi va Diplomatiya Universiteti “Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri, keyinroq “Siyosatshunoslik” kafedrasi, “Ijtimoiy gumanitar fanlar” kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritdi. 2012-yil noyabr oyidan boshlab shu kafedrada professor lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
R.Farmonov oʻzining ellik olti yillik faoliyati davomida 300 dan ortiq ilmiy maqolalar, monografiyalar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar yaratdi. U oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun moʻljallangan “Zamonaviy siyosatshunoslik: tajriba va amaliyot” (2013), “Fransiyadagi siyosiy jarayonlar” (2016), “Oʻzbekiston geosiyosati” (2012), “Fransiyadagi siyosiy jarayonlar” (2016), “Kasbiy va nutq madaniyati” (hammualliflikda) (2022) oʻquv qoʻllanmalari, oʻrta taʼlim maktablarining 8-sinflari uchun “Jahon tarixi” darsligi (7 tilda); “Fransiya II Respublikasi ijtimoiy-siyosiy gʻoyalar rivoji” (1992), “Qiyosiy-siyosiy tizimlar va koʻppartiyaviylik”, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlari” (hammualliflikda) (2017); “Amir Temur Koʻragon va imperator Napoleon” (2017); “Узбекско-оманские международнқе отношения: история, культура, духовность и политика” (2017), “Napoleon Bonapart” (2020), “Zahiriddin Muhammad Bobur: shoh, shoir va diplomat” (2023) monografiyalar muallifidir. Uning “Amir Temur Koʻragon va imperator Napoleon” monografiyasi turk tiliga tarjima qilib, Turkiyada nashrdan chiqdi (2025).
Olim “Alisher Navoiy va diplomatiya” (2020), “Некоторые аспекты политической, культурной и государственной деятельности Алишера Навоий” (2020), “Alisher Navoiy – jamiyat islohotchisi va qonunlar ijodkori”(2021) “Tarixiy tajriba va taraqqiyot, uchinchi renessans” (2021), “Diplomatiya sohasida noyob isteʼdod sohibi, keng koʻlamdagi zamonaviy rahbar namunasi” (2022) “Ota kasbini egallagan olim” (2022), “Ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlar tarixi” kabi qator ilmiy maʼruzalari va maqolalari bilan Respublika hamda xalqaro ilmiy-anjumanlarda ishtirok etgan.
Rahmon Farmonov yillar davomida “Ustoz-shogird” maktabini yaratgan boʻlib, uning rahbarligida 2 ta fan doktori; 12 ta fan nomzodlari dissertatsiya himoya qilgan.
R.Farmonov Nizomiy nomidagi Pedagogika Universiteti qoshidagi tarix fani ixtisoslashgan ilmiy-kengash, hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy-kengash aʼzosi hisoblanadi.
R.Farmonov Sharqshunoslik Universiteti talabalari, Samarqand Davlat Universiteti talabalari, Oʻzbekiston Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasi kursantlariga muntazam ravishda maʼruzalar oʻqiydi.
Rahmon Farmonovning hayot yoʻli va mehnat faoliyati shogirdlari uchun namuna boʻlib qoladi. Ularning yorqin xotiralari hamisha qalbimizda va yodimizda yashaydi.