Olim

FAYZULLAYEV NORMUROT IBODULLAYEVICH

Professor

Fayzullayev Normurot Ibodullayevich 1972-yil Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida xizmatchi oilasida tugʻilgan, oʻzbek, partiyasiz. 1989-yilda Qorakoʻl tumanidagi 32-oʻrta maktabni aʼlo baholarga bitirgan. 1989-yilda Samarqand davlat universitetining kimyo fakultetiga oʻqishga kirib, 1994-yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan.


Fayzullayev Normurot Ibodullayevich talabalik davridayoq Respublika talabalar olimpiadasining gʻolibi boʻlgan hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining diplomi bilan taqdirlangan. 1994 – 1998-yillar kimyo fakultetining kunduzgi boʻlimi aspiranturasida tahsil olgan. 1995-yilda Fan va texnika davlat qoʻmitasining fundamental tadqiqotlar tanlovida qatnashib, “Organik moddalarni oksimetillash katalitik reaksiyalarini tadqiq etish” mavzusida 31/95-raqamli davlat grantini qoʻlga kiritgan. 1997-yilda aspirantlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi tanlovida gʻolib chiqib, “Energetika, resurslar, sanoat” yoʻnalishi boʻyicha Prezident stipendiati boʻlgan.

Fayzullayev Normurot Ibodullayevich 1998-yilda “Metanni geterogen-katalitik oksidlash va spirtlarni sianlash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Nomzodlik dissertatsiyasi yakuni sifatida tabiiy gaz (metan)dan kimyo sanoati va xalq xoʻjaligi uchun muhim boʻlgan xom-ashyo etilen hamda spirtlarni ammiak yordamida sianlab nitrillar olish texnologiyalarini yaratgan. 1999-yilda Oʻzbekiston Respublikasi aspirantlari va doktorantlarining 4-konferensiyasida qatnashib, faxrli birinchi oʻrinni egallagan. 1999 – 2002-yillarda Toshkent Kimyo-texnologiya institutida 02.00.03. – Organik kimyo mutaxassisligi boʻyicha maqsadli doktoranturada oʻqigan. U 2002-yildan buyon Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York fanlar akademiyasi aʼzosi.

N.I.Fayzullayev 2010-yilda Samarqand davlat universiteti professor-oʻqituvchilari oʻrtasida tashkil etilgan “Namunali ochiq darslar muallifi” tanlovida qatnashib, faxrli I oʻrinni egallagan.

N.I.Fayzullayev 2016-yilda “Metandan olingan mahsulotlarning texnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2008-yildan 2020-yilning mart oyigacha Fizikaviy va kolloid kimyo kafedrasi dotsenti lavozimida ishlagan. 2020-yildan hozirgacha polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Oliy attestatsiya komissiyasining 2022-yil 30-iyuldagi qarori bilan professor ilmiy unvonini olgan.

N.I.Fayzullayev 32 ta darslik, 17 ta oʻquv qoʻllanma, 20 ta monografiya, 10 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar muallifidir. Ulardan 6 ta darsligi, 4 ta oʻquv qoʻllanmasi va 7 ta monografiyasi xorijda chop etildi. 550 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. 125 dan ortiq ilmiy maqolasi SCOPUS jurnallarida nashr etilgan. Uning SCOPUSda h-index=32. Web of science jurnallarida 45 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. U OT-A12-46-raqamli “Mahalliy xom-ashyolar asosida metanni oksikondensatlash reaksiyasi uchun katalizatorlar yaratish, tadqiq etish va jarayonni maqbullashtirish” mavzusidagi amaliy davlat grantiga rahbarlik qilgan, №66-“Mahalliy xom-ashyolar asosida metil spirt va dimetilefirdan quyi molekulyar olefinlar sintezi uchun katalizatorlar ishlab chiqarish” mavzusidagi hamda №67-“Mahalliy xom-ashyolar asosida metan va is gazidan metil spirt va dimetilefir sintezi uchun katalizatorlar yaratish” mavzularidagi xoʻjalik shartnomalari ilmiy rahbari. N.I.Fayzullayev 4 ta Xalqaro va 6 ta respublika patentiga ega. Uning ilmiy rahbarligida hozirga qadar 7 ta magistrlik va 17 ta texnika fanlari boʻyicha (PhD) falsafa doktorligi dissertatsiyalari himoya qilingan.

2024-yilda N.I.Fayzullayevga neft va gazni qayta ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan dunyodagi eng nufuzli universitetlardan biri Qozogʻistonning Safi Utebayev nomidagi Atirau neft va gaz universitetining faxriy professori unvoni berildi.

2024-yilda N.I.Fayzullayev 1-oktabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan neft va gaz sanoati korxonalari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlaridagi koʻp yillik fidokorona va samarali mehnati orqali qoʻshayotgan hissasini eʼtiborga olib “Uzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining “FAXRIY YORLIGʻI” bilan taqdirlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2023-yil 17-fevraldagi 01-06/316/1-son qaroriga asosan t.f.d., prof. Fayzullayev Normurot Ibodullaevich, Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi DSc16/30.12.2019.K/T.87.01 raqamli ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi etib tayinlangan.

Professor N.I.Fayzullayev tomonidan tayyorlangan yangi tarkibdagi yuqori unumdorlik va selektivlikka ega boʻlgan katalizatorlarning texnikaviy shartlari Davlat reyestriga kiritilgan (Ts-16909155-02:2013; Ts-16909155-03:2013; Ts-16909155-04:2013; Ts-16909155-05:2013). Metanni katalitik oksikondensatlab etilen, metanni aromatlab suyuq yoqilgʻi, asetilenni katalitik gidroxlorlab vinilxlorid va xloropren, gidratlab atseton, asetillab vinilatsetat sintezi uchun tanlangan katalizatorlar “Navoiyazot” AJda ishlab chiqarishga joriy etilgan. Ishlab chiqarishdan olingan iqtisodiy samara xorijdan olib kelinayotgan katalizatorlarni mahalliylashtirish, yangi moddalar olish va texnologik jarayonlarni optimallashtirish imkonini bergan. 6 ta katalizatorga texnologik reglament tayyorlagan va “NAVOIYAZOT“ aksionerlik jamiyatida tasdiqlangan. Bundan tashqari N.I.Fayzullayev tomonidan yaratilgan 5 ta katalizatorlar “NAVOIYAZOT“ aksionerlik jamiyatida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan va ishlab chiqarishga joriy etish uchun tavsiya etilgan.

2025-yilda Normurot Ibodullayevich Fayzullayev Dunyodagi eng yaxshi 2% olimlar (World's Top 2% Scientists) ro’yxatiga kiritilgan.

Shu bilan birga Fayzullayev Normurot Ibodullayevich bir qancha yuqori impakt faktorli xorijiy ilmiy jurnallarning tahrir hay’ati a’zosidir. Masalan, 1. American Journal of Applied Science and Technology (impact factor 13.67); 2. Advanced Journal of Nanochemistry and Medicine; 3. Journal of Medical, Chemical and Biomedical Engineering.

2026 yilda AQShning nufuzli, Scopus (Q2) hamda Web of Science xalqaro ilmiy bazalariga kiruvchi "Energy Engineering" jurnalining yangi Maxsus soni (Special Issue) uchun Taklif etilgan bosh muharrir (Guest Editor) etib tayinlandi.

Normurot Ibodullayevich Fayzullayev 2026 yildan nufuzli «Chemical Methodologies» xalqaro jurnalining tahrir hay’ati a’zosi bo’ldi. Ushbu xalqaro nashr dunyo ilm-fanining eng yuqori mezonlariga to’liq javob beradi: u Scopus tizimining oliy Q1 toifasiga mansub bo’lib, iqtiboslik ko’rsat-kichi-CiteScore 10.4 ga teng. Jurnal maqolalarning umumiy ilmiy nufuzini chuqur baholovchi SCImago reytingida barqaror ravishda Q2 toifasini egallab kelmoqda. Shuningdek, u global miqyosdagi Web of Science (ESCI) va Chemical Abstracts Service (CAS) kabi eng nufuzli ilmiy bazalarda muvaffaqiyatli indekslanadi.

Fayzullayev Normurot Ibodullayevich bir qancha xalqaro konferensiyalar tahrir hay’ati, rais va Ilmiy qo’mita (Scientific Committee) a’zosi sifatida faol ishtirok etib kelmoqda. Masalan, materiallari Scopus (Scimago) Web of Science (CPCI), Ei Compendex (Injeneriya) Inspec (Fizika/Elektronika), CAS (Kimyoviy baza), NASA/ADS (Astrofizika/Optika), Google Scholar (Akademiya), SPIE Digital Library bazalarida indekslanuvchi Advanced Materials for Optics and Photonics: Chemistry and Engineering Perspectives (AMOP III) va SPIE xalqaro konferensiyasida ("Advanced Materials for Optics and Photonics: Chemistry and Engineering Perspectives - AMOP 2026") Ilmiy qo’mita (Scientific Committee) a’zosi sifatida ham faol ishtirok etgan.

N.I.Fayzullayev oʻquv jarayonini ilmiy tadqiqot ishlari bilan uygʻun olib boradi. Oʻziga ajratiladigan yillik oʻquv yuklamalarini toʻliq bajaradi. Talabalarga mutaxassislik fanlaridan maʼruzalarni yuqori ilmiy-pedagogik saviyada zamonaviy pedagogik va axborot informatsion texnologiyalarini qoʻllagan holda olib boradi. N.I.Fayzullayevning 4 ta shogirdi Respublika talabalar olimpiadasining gʻolibi boʻlgan.

N.I.Fayzullayev oʻz lavozim va xizmat vazifalariga masʼuliyat bilan yondashadi. Kamtarin va toʻgʻri soʻz, hamkasblari va doʻstlari uchun har doim yordamga tayyor. Mehribon va talabchanligi bilan kafedra hamda institut jamoasining hurmatini qozongan. Institut va universitet rahbariyati tomonidan beriladigan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarib, universitet, shahar va viloyat miqyosida oʻtkaziladigan tadbirlarda, ilmiy va amaliy anjumanlarda, jamoat ishlarida faol qatnashib keladi. Oilali. 6 nafar farzandi bor.