Olim

HAMDAMOV ULUGʻBEK ABDUVAHOBOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Hamdamov Ulugʻbek Abduvahobovich (Ulugʻbek Hamdam) 1968-yil 24-aprelda Andijon viloyati, Marhamat tumani, Yuqori Rаvot mahallasida tugʻilgan.



U. Hamdamov mamlakatimizning taniqli adabiyotshunos olimlaridan. Uning yangi oʻzbek (XIX asrning soʻnggi choragidan to bugungi kunimizgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan) sheʼriyatining shakllanishi va taraqqiyot qonuniyatlari boʻyicha olib borgan fundamental tadqiqoti (Yangi oʻzbek sheʼriyati) ilmiy jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olindi va u oʻzbek adabiyotshunosligi rivojiga qoʻshilgan muhim hissa sifatida baholandi. Olim bugungi kunda Istiqlol davri oʻzbek adabiyoti xususiyatlarini har tomonlama oʻrganish, shuningdek, koʻpjildli “Oʻzbek adabiyoti” va “Jahon adabiyoti” durdonalarini tayyorlash ishlariga samarali hissa qoʻshib kelmoqda.



       Zamonaviy oʻzbek adabiyoti masalalari, istiqlol davri oʻzbek sheʼriyatining oʻziga xos xususiyatlari, adabiy jarayon, badiiy ijod falsafasi, jahon adabiyoti, qiyosiy adabiyotshunoslik, XX asr, xususan, jadid adabiyoti vakillarining adabiy portretlarini yaratish hamda kitoblarini nashrga tayyorlash kabi qator yoʻnalishlar olim izlanishlarining oʻzagini tashkil etadi.  U. Hamdamovning “Badiiy tafakkur tadriji” (2002), “Yangilanish ehtiyoji” (2007), “Yangi oʻzbek sheʼriyati” (2013), “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid” (2015, hammualliflikda) kabi monografiyalari, ilmiy toʻplamlari, “Jahon adabiyoti” (2017, hammualliflikda) hamda “Jahon adabiyoti: modernizm va postmodernizm” (2021) nomli oʻquv qoʻllanmalari, “Jahon adabiyoti” (2024, hammualliflikda) darsligi, “Abdulla Qodiriy va yangi oʻzbek adabiyoti” (2022) nomli ilmiy risolasi, “Yosh koʻngil. Oybek – kecha va bugun” (2025) nomli monografiyasi, shuningdek, ikki yuzdan ortiq ilmiy-adabiy maqolalari jamoatchilik tomonidan munosib eʼtirof etilgan.



Olimning hayot va ilmiy-ijodiy faoliyatining asosiy sanalari:



1985-yilda oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlab, 1986-1988-yillar orasida  Ukrainada askarlik xizmatini oʻtagan. 1988-1993-yillarda ToshDU ning oʻzbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. 1992-93-yillarda esa davlat tashabbusi bilan oʻqishga yuborilgan talabalar safida Turkiyaning Koʻnyo shahrida tahsilni davom ettirgan.



1993-1994-yillarda Sharqshunoslik institutida turk tilidan dars berdi. 1994-1996-yillarda hozirgi Milliy Universitet oʻzbek filologiyasi fakultetining aspiranturasida oʻqigan.



1997-yilda “30-yillar oʻzbek sheʼriyatida “sof lirika” muammosi” (Oybek sheʼrlari misolida) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Ilmiy rahbari – filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatov.



2018-yilda “XX asr oʻzbek sheʼriyati badiiy tafakkur tadrijining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. 2021-yilda professor unvoniga ega bo‘ldi.



1997-yildan – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va Adabiyot institutida kichik ilmiy xodim, soʻngra katta ilmiy xodim lavozimlarida ishladi.



Akademiya tizimidan ajralmagan holda, 2009-yildan to 2015-yilgacha “Sharq yulduzi” va “Zvezda vostoka” jurnallari bosh muharriri vazifasida mehnat qildi. 2016-yil    3-sentyabrdan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga Jahon adabiyoti kafedrasi mudiri sifatida ishga qabul qilindi.



2021-2024-yilda OʻzRFA, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti “XX asr oʻzbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon” boʻlimi mudiri, 2024-yildan esa Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori  instituti yetakchi ilmiy xodimi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.



2003-yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi.



U. Hamdamov, ayni paytda, badiiy ijod va tarjima ishlari bilan ham samarali shugʻullanib keladi. Uning qator nasriy, sheʼriy toʻplamlari, tarjima kitoblari chop qilingan.        



Nashr qilingan asosiy ilmiy ishlari quyidagilar:




  • “Badiiy tafakkur tadriji”, Monografiya. Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2002.

  • “Yangilanish ehtiyoji”, Ilmiy maqolalar va suhbatlar toʻplami. Toshkent: “FAN” nashriyoti, 2007.

  • “Yangi oʻzbek sheʼriyati”.  Monografiya. Toshkent: “Adib”, 2013.

  •  “Istiqlol. adabiyot. Tanqid”. Suhbatlar toʻplami. Toshkent: Turon zamin ziyo, 2015.

  • “Ruhni uygʻotguvchi soʻz”. Ilmiy maqolalar va suhbatlar toʻplami Toshkent: “Turon zamin ziyo”, 2017.

  • “Abdulla Qodiriy va yangi oʻzbek adabiyoti”. Toshkent: “Akademnashr”, 2021.

  • “Jahon adabiyoti” (2017, hammualliflikda) hamda “Jahon adabiyoti: modernizm va postmodernizm” (2021) nomli oʻquv qoʻllanmalari, “Jahon adabiyoti” (2024) darsligi (prof. A. Qosimov bilan hammualliflikda), shuningdek, ikki yuzdan ortiq ilmiy-adabiy maqolalari chop etilgan.




  • “Yosh koʻngil. Oybek – kecha va bugun”. (Kitobdan Oybek haqidagi monografiya va maqolalari oʻrin olgan), Toshkent: G’afur G’ulom nashriyoti, 2025.




  • Nashr etilgan nasriy  asarlari:  “Yolgʻizlik”, qissa va hikoyalar, 1998; “Muvozanat”, roman, 1997; “Isyon va itoat”, roman, 2003; “Sabo va Samandar”, roman, 2008; “Uzoqdagi Dilnura”, qissa, hikoyalar va sheʼrlar, 2010; “Vatan haqida qoʻshiq”, romanlar va hikoyalar,  2014; “Yoʻl” roman. Yangi asr avlodi, 2017; “Ota”, roman, 2018; “Bizdan rozi boʻling, ota” roman-esse, 2022; “Yaxshiyam sen borsan” roman va hikoyalar toʻplami,  2023; “Toʻrtkoʻcha” roman, 2024.

  • Nazmiy asarlari: “Tangriga eltuvchi Isyon”, sheʼriy toʻplam, 2001; “Atirgul”, sheʼriy toʻplam, 2005; “Seni kutdim”, sheʼriy toʻplam, 2007; “Eski dunyo va yangi men”, sheʼriy toʻplam, 2018.

  • Tarjimalari: Jaloliddin Rumiy. “Ichindagi ichindadir”, 1997; Usmon Turon. “Turkiy xalqlar mafkurasi”, 1995; Anor. “Sirli mehmonxona”, qissa, (hamkorlikda), 2024.



Yuqorida nomlari zikr etilgan ilmiy, badiiy va tarjima asarlar koʻp marta nashr, shuningdek, dunyoning bir qancha tillariga tarjima qilingan.



Bundan tashqari, U. Hamdamov mohir pedagog, zahmatkash yoshlar murabbiyi,  kuyunchak ilmiy rahbar hamdir. Olim rahbarligida bir necha nomzodlik ishi himoya qilingan va uning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati davom etmoqda.



U.Hamdamovning ilmiy-ijodiy izlanishlari quyidagicha taqdirlangan: u “Shuhrat” medali (2004), Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligiga bagʻishlangan “Koʻkrak nishoni” (2011) egasi, “Eng ulugʻ, eng aziz” Respublika tanlovi gʻolibi (2014), “Туркий халқлар адабиёти” Xалқаро мукофот egasi (2023).



U. Hamdamov qatʼiyatli, fidoyi inson, mehribon va talabchan ilmiy xodim, ayni damda, yetakchi olim sifatida filolog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Oilali, ikki farzandning otasi.