Professor Ahadjon Hasanov hozirgi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda. U tarix fanlari doktoridir.
A.Hasanov 1940-yil 29-martda Toshkent viloyati Piskent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan.
Otasi — Hasanov Ahmadjon Toshkent viloyatining Piskent shahrida joylashgan viloyat teatrida koʻp yillar direktorlik qilgan, keyinchalik Piskent tumani madaniyat boʻlimini boshqargan.
Onasi — Hoshimova Zebi maktabda oʻqituvchilik qilgan, soʻng bolalar tarbiyasi bilan shugʻullangan. Ota-onadan 7 ta farzand tugʻilgan: 4 oʻgʻil va 3 qiz. Hammasi hozir hayot va oliy maʼlumotli.
A.Hasanov Piskent tumanidagi Hamza nomli 1-oʻrta maktabda 1948–1958-yillarda oʻqigan. Maktabda aʼlochi oʻquvchilardan boʻlgan va 1958-yilda maktabni medal bilan bitirgan. Oʻsha yili u Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) Sharq fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1964-yilda bitirgan. Oʻqish davomida 1 yil Misrda arab tilidan tarjimon boʻlib ishlagan. Shu vaqt davomida arab tilining Misr dialektini puxta oʻzlashtirib, hozir ham bemalol gaplasha oladi. 1964-yil oʻqishni tugatgach, Sharq fakultetining Xorijiy mamlakatlar tarixi kafedrasida oʻqituvchilik qilgan. 1966-yilda A.Hasanov yana Misrga tarjimon sifatida chaqiriladi va 1966-1969-yillarda Qohiradagi sobiq SSSR elchixonasida iqtisodiy masalalar boʻyicha elchi maslahatchisi apparatida arab tilidan tarjimon boʻlib ishlaydi. Samarali ishi tufayli 1968-yilda u GKES (sobiq SSSRning iqtisodiy masalalar boʻyicha davlat qoʻmitasi) ning rahbari imzosi bilan faxriy yorliq bilan taqdirlangan.
Vatanga qaytgach, 1969-yilda A.Hasanov yana Sharq fakultetining Xorijiy Sharq mamlakatlari kafedrasida oʻqituvchi lavozimida ishlaydi. 1971-yildan u sobiq SSSR fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik institutining aspiranti boʻlgan. 1975-yilning aprelida u “Социально-экономический строй мамлюкского Египта при черкесских султанах (1382-1517гг.)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini Moskva shahrida muvaffaqiyatli yoqlab keldi. Toshkentga qaytgach, A.Hasanov 1975-yildan Xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasida dastlab oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, soʻngra 1982-yildan dotsent lavozimida ishlagan.
1982-yilda A.Hasanovga yana tarjimonlik taklif qilinadi va u 1982-1985-yillarda Liviya Jamohiriyasida arab tilidan tarjimon boʻlib ishlagan. U paytlarda SSSR va arab davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar juda rivojlangan boʻlgan. Liviyaning oʻzida Muhammad Qazzofiy davrida 5 mingdan ortiq sobiq SSSR injenerlari va ishchilari faoliyat koʻrsatganlar. A.Hasanov СовСМО (Sovet qurilish-montaj tashkiloti)da tarjimonlardan iborat kommersiya-yuridik ishlar bilan shugʻullangan guruhga boshchilik qilgan.
A.Hasanov 1969-yildan Sharq fakultetida dotsentlik lavozimida ishlashni davom ettiradi. Pedagogik faoliyat bilan birga ilmiy ish bilan shugʻullanishi kerak edi. Arabshunos-tarixchi boʻlgani uchun u doktorlik dissertatsiyasiga antiqa mavzuni tanladi: gap shundaki, arabshunos borki, sharqshunos borki, Islom taʼlimoti vujudga kelmasidan oldin Arabistonda vaziyat qanday boʻlgan, degan masala uning oldida koʻndalang turadi. A.Hasanov shu masalaga jiddiy qiziqib, “Qadimgi Arabiston tarixi va uni oʻrganish muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida 1994-yilda muvaffaqiyatli yoqladi. Akademiklar A. Asqarov, A. Rustamov va professor Mirsodiq Is’hoqovlar ilmiy ishiga yuqori baho berishdi.
1991-yilda yanvaridan A.Hasanov hali mustaqillikka erishmagan Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi Apparatga ishga taklif qilindi va u yerda u Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham to 2004-yilgacha konsultant, yetakchi konsultant va bosh konsultant lavozimlarida dastlab din ishlari boʻyicha, soʻng millatlararo munosabatlarni ham qoʻshib masʼul xodim boʻlib ishlab keldi.
A.Hasanov pedagogik faoliyatini hech qachon toʻxtatmagan: 1991-yildan 2000-yilgacha Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida, soʻng 2000-yildan 2004-yilgacha yangi ochilgan Toshkent Islom universitetida yarim stavkada ishini davom ettirib keldi. 2002-yilda u Toshkent Islom universitetining ixtisoslashgan Ilmiy kengashida “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi boʻyicha professor lavozimiga tasdiqlandi. 2004-yildan A.Hasanov oʻz arizasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonidan ozod etildi va 2008-yilgacha Toshkent islom universitetining “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish YUNESKO” kafedrasi mudiri sifatida ishini davom ettirdi. Hozirda u professor lavozimida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom tarixi” va Sharq mamlakatlari tarixi fanlaridan maʼruzalar va seminarlar olib bormoqda.
Mehnat faoliyati davomida A.Hasanov Misr Arab Respublikasi, Suriya, Livan, Saudiya Arabistoni, Ruminiya, Fransiya, AQSh davlatlarida xizmat safarlarida qatnashgan, Toshkent, Samarqand, Qozon, Buxarest, Yujin (AQSh) shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarida maʼruzalari bilan chiqqan, Kipr, Avstriya, Gretsiya va Turkiyani ziyorat qilgan. Ikki marta — 2000 va 2013-yillarda haj safarlarida boʻlgan.
U oʻzbek tilidan tashqari rus, arab, turk va ingliz tillarini biladi va ularda erkin soʻzlasha oladi. 2001-yilda A.Hasanov Samarqandda boʻlib oʻtgan Toshkent shahriga Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan (OIK) islom madaniyati poytaxti unvoni berilishi munosabati bilan xalqaro konferensiyada arab tilida asosiy maʼruzani amalga oshirgan.
A.Hasanov koʻplab ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar muallifidir. U “Qadimgi Arabiston”, “Qadimgi Arabiston va ilk islom”, “Лекции по истории раннего ислама”, “Ilk islom tarixidan maʼruzalar”, “Лекции по истории ислама: период праведных халифов и омеядов”, “Islom tarixi”, “Mustaqillik va bagʻrikenglik sinovlari” kabi monografiyalarni yozgan, Sharq mamlakatlari tarixi va Islom tarixiga oid Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarda 200 dan ortiq maqolalarini chop ettirgan, davriy matbuotda oʻnlab qiziqarli maqolalari maʼlum. A.Hasanov I.A. Karimovning arab tilida eʼlon qilingan “Alloh qalbimizda, yuragimizda” asari, U. Uvatov, N. Nizomiddinov, Z. Munavvarov, Z. Aripova, A. Tulepov, R. Isoqjonov, S. Saidjalolov, monografiyalariga masʼul muharrirlik, Z. Husniddinov, U. Uvatov va S.Agzamxoʻjayev ishlariga taqriz yoki kirish soʻzlari yozgan. “Islom ensiklopediyasi”, Oʻzbekiston islom obidalari prospekti (oʻzbek, ingliz, arab tillarida) tahrir hayʼatida ishtirok etgan. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining nashri ilmiy-tahliliy byulleteni va Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining “Hidoyat” jurnali tahrir hayʼati aʼzosidir. Uning ilmiy rahbarligida 5 nomzodlik, 7 falsafa doktorlari va 2 ta fan doktorlari dissertatsiyalarini yoqladilar. U 4 ta doktorlik, 12 nomzodlik va falsafa doktorlariga opponentlik qilgan. A.Hasanov Oʻzbekiston sivilizatsiya markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ixtisoslashgan ilmiy kengashlarining aʼzosi, bir necha davlat grantlarining rahbari va ishtirokchisi boʻlgan. A.Hasanov hayoti va faoliyati haqida 6 ta bibliografik toʻplamlarda maqolalar bosilgan. Yaqinda uning 85 yillik yubileyi qiziqarli va koʻtarinki ruhda oʻtdi.
A.Hasanovning ijodiy faoliyati davlat tomonidan munosib taqdirlangan. Jumladan, 2011-yili u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoni bilan, 2020-yilda esa, “Mehnat-shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.