Olim

HASANOV SAIDBEK RUSTAMOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

1945-yil 28-sentyabrda Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida tugʻilgan. ToshDU (hozirgi OʻzMU) sharq fakultetining 1962 yil bitiruvchisi. Sharqshunos–filolog–arabshunos, filologiya fanlari doktori, professor. 1967-yildan Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim; 1993-2017-yillarda muzey direktori, 2017-2019-yillarda muzey yetakchi ilmiy xodimi boʻlib ishlagan.



Asosiy ilmiy ishlari: Nomzodlik dissertatsiyasi mavzusi: “Boburning “Aruz risolasi” asari”. – Samarqand, 1970. Doktorlik dissertatsiyasi mavzusi: “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” asarining qiyosiy–tekstologik tadqiqi”. – Toshkent, 1990.



Saidbek Hasanov oʻzbek adabiyotshunosligi, adabiy manbashunosligi, muzey arxivshunosligi va sharq xalqlari adabiyoti boʻyicha koʻzga koʻringan hamda oʻziga xos maktab yaratgan yirik olimdir. Respublika maʼnaviyat markazining targʻibotchisi, Xalqaro Muzeylar tashkiloti “IKOM” aʼzosi, OʻzR FA muzeylarini muvofiqlashtiruvchi kengashi raisi, “Adabiyot koʻzgusi” ilmiy toʻplamining bosh muharriri, “Moziydan sado”, “Sino” jurnallari tahrir hayʼati va bir necha ilmiy kengashlar aʼzosi boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi “Doʻstlik” ordeni sohibi, Xalqaro Babtin mukofoti (Quvayt Davlati) va Bobur Xalqaro mukofoti laureati, filologiya fanlari doktori, professor.



S.Hasanovning mehnat faoliyati OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida laborantlikdan boshlangan. U bu yerda ilmiy xodim, boʻlim mudiri, direktor oʻrinbosari, muzey direktorigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Professor Hamid Sulaymonov rahbarligida “Boburning “Aruz risolasi” mavzusida nomzodlik ishini yoqladi. Olim dissertatsiyada Boburning aruzga oid asarini monografik tarzda tadqiq etdi. 1990-yili esa “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonining qiyosiy tipologik tahlili” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Istiqloldan keyingi yillar S.Hasanov uchun Bobur ijodiyotini yanada kengroq tadqiq va targʻib etish davri boʻldi. U shoirning “Mubayyin” asarini toʻla holda nashr ettirdi. Shuningdek, Xoja Ahror yozgan “Volidiya” asarining Bobur tarjimasini ham nashrdan chiqardi. “Boburnoma”ning mukammal nashrini amalga oshirdi. Bu ishlari ilmiy jamoatchilik tomonidan oʻzbek adabiy manbashunosligi va matnshunosligining muvaffaqiyati sifatida baholandi. Olimning “Navoiyning yetti tuhfasi”, “Роман о Бахраме” monografiyalari va boshqa izlanishlari oʻzbek adabiyotshunosligiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. “Komron Mirzo”, “Devon” kitoblarining nashr etilishi, “Javohir ul-hikoyat”, “Arbaiyn hadis”, “Moʻjaz ul-hikoyat” risolalari madaniy merosimiz va maʼnaviy qadriyatlarimizni targʻib qilish, mustaqilligimiz qadrini yosh avlod ongiga singdirishga yaqindan xizmat qilib kelmoqda.



Bundan tashqari “Savodxonlik lugʻati”, “Axloqi zamima”, “Bobur hayoti va ijodi” asarlari olimning maktab va oliy oʻquv yurtlari tizimini yangi adabiyotlar bilan taʼminlashga qoʻshgan hissasidir. Shular bilan bir qatorda S.Hasanov xorijiy qoʻlyozma fondlaridagi mumtoz oʻzbek adabiyoti namoyondalari asarlarini qidirib topish, fotonusxalarini keltirish boʻyicha ham talaygina ishlarni amalga oshirgan. Jumladan, oʻtgan asrning 70-yillarida professor Hamid Sulaymonov bilan birgalikda Hindistonga uch bor ekspeditsiya uyushtirildi. Natijada, hali koʻpchilikka nomi yaxshi tanish boʻlmagan Hofiz Xorazmiy, Sayyid Qosimiy, Diyda, Azfariy singari oʻnlab siymolarning nomlari kashf etildi. 2005-yili Saidbek Hasanovning harakatlari bilan Eron Islom Respublikasi milliy kutubxonasida saqlanayotgan Bobur asarlari kulliyoti nusxasi Oʻzbekistonga olib kelindi. Bu respublikamiz ilmiy hayotida katta voqea boʻldi. Yana AQShning Ogaya shtati Sinsinatti shahridagi Sanʼat muzeyiga ham safar qilindi. Muzeyda boburiylar sulolasi bilan bogʻliq boʻlgan 90 ga yaqin asarlar saqlanayotganligi aniqlandi. Ular ilk bor oʻzbek ilmiy jamoatchiligiga maʼlum qilindi.



Saidbek Hasanovning koʻpgina xorijiy mamlakatlarga qilgan ilmiy safarlari natijasida koʻpchilikka nomi yaxshi tanish boʻlmagan oʻzbek adabiyoti vakillari qatorida Bobur va boburiylar sulolasi bilan bogʻliq boʻlgan koʻplab asarlar saqlanayotganini aniqlagan va ularning nusxalarini yurtimizga keltirish boʻyicha ham talaygina ishlarni amalga oshirgan.



Saidbek Hasanov mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda, misrlik Magida Maxluf, afgʻonistonlik Shafiqa Yorqin, yaponiyalik Eyji Mano, hindistonlik Mansura Haydar, ozarbayjonlik Ramiz Asker, germaniyalik Klaus Shoning, rossiyalik Iya Stebleva singari jahonning turli mintaqalaridagi boburshunoslar bilan muntazam muloqotda boʻlgan, ular bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan yirik tadqiqotchi edi .



Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini keng miqyosda, ilmiy teranlik va aniqlik bilan oʻrganish; xalqimizni Bobur singari ulugʻ davlat arbobi, shoiri, olimi bilan tanishtirish va uning ijodidan bahramand yetishdek buyuk xizmatlari uchun Saidbek Hasanov 2004-yili Bobur xalqaro mukofotiga sazovor boʻldi.



Saidbek Hasanov adabiyot ilmining eng qiyin va masʼuliyatli jabhasi boʻlmish manbashunoslik, matnshunoslik sohasini tanladi va qariyb oltmish yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida bu borada fidokorona mehnat qildi.



S.Hasanovning hayot yoʻli va mehnat faoliyati shogirdlari uchun namuna boʻlib qoladi. Ularning yorqin xotiralari hamisha qalbimizda va yodimizda yashaydi.