Olim

IBRAGIMOV GʻOFURJON ISMAILOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Fizika-matematika fanlari doktori, Professor Ibragimov G‘ofurjon Ismailovich 1962-yil Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. 1979-yilda Toshkentdagi  Respublika fizik va matematiklar maktabi (hozirgi Sirojiddinov nomli litsey)ni bitirgan. Maktabda o‘qigan chog‘laridayoq matematika olimpiadalari Ibragimov G‘ofurjon hayotining ajralmas bir qismiga aylangan edi. Bunda uning ustozlari fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar Muhammadjon G‘ofurov va Badirdin Rixsiyevlarning xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Ibragimov G‘ofurjon 1978-yilda Respublika matematika olimpiadasida II o‘rin, 1979-yilda esa I o‘rinni qo‘lga kiritgan.



Matematikaga bo‘lgan qiziqish G‘. Ibragimovni Milliy universitetning matematika fakultetiga yetakladi. 1979-yilda G‘. Ibragimov Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning Matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. G‘. Ibragimovning ilmiy sohaga kirishida fizika-matematika fanlari doktori, akademik N.Y.Satimovning “Optimal boshqaruv va differensial o‘yinlar nazariyasi” nomli shahar seminari, fizika-matematika fanlari doktori, akademik A.Azamov tomonidan studentlar uchun tashkil etilgan matematika to‘garaklari, fizika-matematika fanlari doktori, professor B.Rixsiyevning muntazam e’tibori katta rol o‘ynadi. G‘. Ibragimov studentlik chog‘laridayoq amerikalik matematik Rufus Ayzeksning “Differensial o‘yinlar” kitobida "Politsiya avtomobili" masalasi uchun qo‘yilgan muammoni muvaffaqiyatli hal qildi. U 1984-yilda O‘zMU Matematika fakulteti Differensial tenglamalar kafedrasini imtiyozli diplom bilan tamomladi.



G‘. Ibragimov 1984-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika institutida o‘zining ilmiy faoliyatini stajyor-tadqiqotchi lavozimida boshladi. So‘ng shu institutning tayanch doktoranturasini tamomladi. 1991-yilda fizika-matematika fanlari doktori, professor B.Rixsiyev rahbarligida nomzodlik (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.



1991-1996-yillarda O‘zMU ning katta o‘qituvchisi lavozimida pedagoglik faoliyatini olib bordi. O‘zMU ning Matematika, Amaliy matematika fakultetlarida “Optimal boshqaruv”, “Optimallashtirish usullari”, "Differensial tenglamalar" fanlaridan ma’ruzalar o‘qib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tgan hamda studentlarning matematika olimpiadalarini o‘tkazishda faol qatnashgan.



1996-2003-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dotsent lavozimida, 2003-2006-yillarda bu universitetning Iqtisodiyotda matematik usullar kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bordi. Uning bugungi kunda bir necha yuzlab talaba-shogirdlari turli tarmoq va sohalarda mehnat faoliyatini olib bormoqda.



G‘. Ibragimovning hayot yo‘li uzluksiz va uzviy ravishda ilmiy tadqiqot va pedagoglik faoliyati bilan davom etib kelmoqda. G‘. Ibragimov Fan doktori (DSc) dissertatsiya ishini dastlab akademik N.Y.Satimov ilmiy rahbarligida boshlagan, ustoz vafot etgani sababli akademik A.Azamov rahbarligida nihoyasiga yetkazgan va Fan doktori (DSc) dissertatsiyasini 2006-yilda muvaffaqiyatli himoya qilgan.



Fizika-matematika fanlari doktori, akademik N.Y. Satimovning tavsiyasi bilan cheksiz differensial tenglamalar sistemasi bilan yoziladigan boshqaruv va differensial o‘yin masalalarini Gilbert fazolarida alohida bir ilmiy ramkada o‘rgandi.  O‘zining DSc doktorlik dissertatsiyasida bu ilmiy yo‘nalishga asos soldi va uni rivojlantirib kelmoqda. Faqat shu sohaning o‘zida o‘ndan ortiq shogirdlari PhD dissertatsiya ishlarini himoya qilgan.



Jahonning bir necha universitetlariga Visiting scientist, Visiting professor sifatida taklif qilinib Differensial o‘yinlar nazariyasining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ma’ruzalar qilgan. Malayziyaning Putra universiteti Matematika institutiga Visiting scientist, Yangi Zelandiyaning Okland universitetiga Visiting professor, Italiyaning O‘rta Yer Dengizi universitetiga Visiting professor sifatida qilgan tashriflari shular jumlasidandir.



G‘. Ibragimov 2006-2022-yillar davomida Malayziyaning Putra universitetida dars berdi. Bu universitetda magistr va tayanch doktorant (PhD) larga Optimal boshqaruv nazariyasi, Differensial o‘yinlar; bakalavrlarga Optimal boshqaruv nazariyasi, Optimallashtirish usullari, Chiziqli algebra, Matematik analiz, Differensial tenglamalar, Chiziqli dasturlash fanlaridan dars berdi.



G‘. Ibragimov bu yillar davomida 8 marotaba Universiti Putra Malaysianing yuksak mukofoti – “A’lo xizmatlari uchun” mukofotini, Malayziyaning “Exhibition of Invention, Research and Innovation” ilmiy ishlar musobaqalarida 2 ta oltin va 5 ta kumush medallarini qo‘lga kiritgan.