Olim

IBROHIMOV NEʼMATULLO IBROHIMOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor, O‘zRFA akademigi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

Ibrohimov Neʼmatullo Ibrohimovich –filologiya fanlari doktori, professor (1985-y.), Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1990-y.), Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (2000-y.).



Neʼmatullo Ibrohimov 1945-yil 8-avgustda Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida tavallud topdi. Yoshligidan ilm-fan, madaniyat, sanʼat, maʼrifatga oshno boʻlib oʻsganligi bois, arab tili va adabiyoti, Sharq xalqlari tarixi, folklorini oʻrganishga katta qiziqish bilan qaradi. Oʻzining maʼrifat yoʻlidagi ilk qadamlari ham ilm olishdan boshlandi.



Neʼmatullo Ibrohimov 1965-1970-yillarda Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetida tahsil oldi. U oʻz mehnat faoliyatini 1970-yildan mazkur universitetning Sharq fakulteti “Arab filologiyasi kafedrasi”da oʻqituvchi vazifasida boshladi.



U 1975-yilda Moskva shahrida “Ibn Battuta sayohatlari Oʻrta Osiyo tarixi boʻyicha manba sifatida” mavzusidagi fan nomzodi dissertatsiyasi, 1984-yilda “Arab xalq romani” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1985-yilda unga professor ilmiy unvoni berildi.



Neʼmatullo Ibrohimov arab tili va adabiyoti, arab folklori, Sharq xalqlari tarixi, madaniyati, maʼrifati, tilshunosligi, manbashunosligi, matnshunosligi, islom tarixi va islomshunoslik, sharqshunoslikka oid qoʻlyozma asarlar tadqiqoti boʻyicha xalqaro toifadagi yirik mutaxassis sanaladi. Uning muallifligida tayyorlangan ilmiy maqolalar va manbalar yurtimizda hamda koʻplab xorijiy davlatlarda nashr etilgan. Jumladan arab xalq romanchiligi, arab folklori, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari tarixiga oid asarlari Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Saudiya, Arabistoni, Livan davlatlaridagi yirik nashriyotlarda katta tirajlarda chop qilingan.



Neʼmatullo Ibrohimov 1979-yilda kafedra dotsent, 1980-yildan kafedra mudiri, 1989-yilda Sharq fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining rektori etib tayinlandi.



Uning rektorlik davrida institut respublikada sharqshunoslik yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlaydigan bosh alma materga aylandi. Institut nafaqat Sharq xalqlari tili, adabiyoti, tarixi, shuningdek, iqtisod, mintaqashunoslik, falsafa, siyosatshunoslik, manbashunoslik, matnshunoslik, xalqaro munosabatlar ixtisosliklari boʻyicha ham kadrlar tayyorlashda yetakchi oliygoh maqomini egalladi.



U sharqshunoslik fanining turli yoʻnalishlarini rivojlantirish, respublika xoʻjaligi uchun malakali kadrlarni tayyorlash, noyob taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar yetishtirishga yoʻnaltirilgan kafedralar tashkil etilishiga bosh tashabbuskor boʻldi. Uning rahbarligida yurtimizda oʻziga xos sharqshunoslik maktabi yuzaga keldi.



N.Ibrohimov nafaqat Yaqin Sharq mamlakatlari, shuningdek, yapon, koreys, xitoy, malay, indonez tillari, oʻlkashunosligi, iqtisodi, madaniyati, tarixi va falsafasini oʻrganish orqali malakali kadrlar tayyorlashda sharqshunoslik fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan fan arbobidir.



Mamlakatimizda sharqshunoslik fanini zamon bilan hamnafas ravishda rivojlantirish, oʻquv va oʻquv-uslubiy jarayonlarni yanada takomillashtirib borishda xorijiy tajribalar amaliyotga keng tatbiq etildi. Institutning Misr, Liviya, Iordaniya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Malayziya, Turkiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlar bilan tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan, taʼlim yoʻnalishidagi uzoq yillik hamkorlik aloqalari oliygohning taraqqiyoti tarixi zarvaraqlariga muhrlandi. Ilk investitsion muhitni yaratishdagi ilgʻorlik, institutning moddiy-texnik hamda oʻquv-metodik taʼminotini mustaqil yaxshilab borish saʼy-harakatlariga uzoq 90-yillar davomida mustahkam poydevor qoʻyildi.



1991-2005-yillarda N.Ibrohimovning juda ham murakkab vaziyatlarda topa olgan oqilona yechimlari natijasida yuzlab professor-oʻqituvchilar, mingdan ortiq talaba yoshlarning xorijdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarida malaka oshirish va oʻqish imkoniyatlari yaratildi. Xuddi shu tarzda, chet ellik professor-oʻqituvchilar, til sohiblarini institut talabalariga oʻzlari tanlagan xorijiy tilni mukammal oʻrganishlari uchun taʼlim berishga taklif etildi.



Uning rahbarligida institutning 50 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot, madaniy-maʼrifiy markazlari bilan oʻzaro manfaatli aloqalarini yuqori saviyada tashkil etildi. Buning natijasida umumiy shaklda 15 million dollardan ortiq investitsiya mablagʻlari jalb qilinganligi rektor N.Ibrohimovning respublikada oliy taʼlim sohasida kadrlar yetishtirishdagi salohiyatining bir namunasidir.



Institutning xorijiy aloqalari rivoji samarasida Yaqin va Uzoq Sharq, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Yevropa, arab va islom dunyosi mamlakatlaridagi oliy taʼlim muassasalari bilan oʻrnatilgan oʻzaro hamkorlik aloqalari institutning uzoq yillar davomida nafaqat mahalliy doirada, balki xorijda ham nufuzli taʼlim dargohi sifatida eʼtirof etilishiga sabab boʻldi. Oʻzaro almashuv bitimlari asosida yurtimizning yuzlab yoshlari xorijda taʼlim olish, chet ellik fuqarolarning esa, sharqshunoslikning turli yoʻnalishlarida oʻqishlari uchun sharoitlar yaratildi.



Uning saʼy-harakatlari bilan, respublikada birinchilardan boʻlib, xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari, kafedralarni tashkil etish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, zamonaviy oʻquv-axborot texnologiyalari va jihozlari bilan taʼminlash ishlari amalga oshirildi. Sharq tillarini oʻqitishda bevosita til egalarini oʻquv jarayonlariga jalb qilish amaliyoti keng yoʻlga qoʻyildi.



N.Ibrohimovning tadbirkorona faoliyati natijasida institut moddiy-texnik bazasi rivojlanib bordi. Ilgʻor oʻquv-uslubiy texnikalar, oʻquv lingafon hamda audio-video auditoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlashda institutda samarali ishlar amalga oshirildi. Xorijiy mamlakatlar tili, adabiyoti, tarixi, iqtisodi, oʻlkashunosligi va shu kabi sharqshunoslikning koʻplab yoʻnalishlaridagi mavzularga oid minglab kitoblarni oʻz ichiga olgan kutubxonalar tashkil etildi.



Uning rahbarligi ostida institutda xorijiy tillar, manbashunoslik, matnshunoslikni oʻrganishdan tashqari sharq falsafasi, xorijiy mamlakatlar tarixi, tashqi iqtisodiy aloqalar, mintaqashunoslik, xalqaro munosabatlar, dinshunoslik, siyosatshunoslik taʼlim ixtisosliklari boʻyicha ham kadrlar tayyorlash asosi yaratildi. Uning tashabbusi bilan tashkil etilgan kafedralarda davrimizning koʻzga koʻringan ilm va fan namoyondalari, akademiklar, professorlar, davlat va jamoat arboblari, soha mutaxassislari, turli davlatlarda elchi boʻlib faoliyat yuritgan taniqli shaxslar taʼlim berdi.



Ibrohimov N. rahbarligida institut nafaqat respublika, shuningdek, koʻplab xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan koʻp tomonlama aloqalarni keng yoʻlga qoʻydi. Uning tashabbusi bilan Yaponiya, Koreya, Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar oliy taʼlim dargohlari bilan taʼlim va ilmiy tadqiqot yoʻnalishlaridagi aloqalar rivojlandi. Yuzlab professor-oʻqituvchilar, mingdan ortiq talaba yoshlarga jahonning yirik taʼlim dargohlari, ilmiy-tadqiqot markazlarida oʻqish va malaka oshirish imkoniyati yaratildi.



Neʼmatullo Ibrohimovning institutning chet el universitetlari bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishdagi saʼy-harakatlari xorijiy oliy taʼlim dargohlari tomonidan ham munosib ravishda eʼtirof etildi. U Janubiy Koreyaning Sung Kyul Kvan universiteti faxriy doktori, AQSHning Kaliforniya shtati Xalqaro fan va taʼlim akademiyasi aʼzosi (1996-yil), Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro mukofotning ikki marta sovrindori (1996, 1999-yillar), Yaponiyaning Fukusima prefekturasining Oʻzbekistondagi fahriy elchisi (2001-yil), Misr Arab Respublikasidagi Xalqaro “Arab tili akademiyasi” aʼzosi (2003-yil) etib saylandi.



Ibrohimov N. uzoq yillik ilmiy-tadqiqot faoliyati davomida Sharq xalqlari tili, madaniyati, tarixi, folklori, maʼrifati, zamonaviy ijtimoiy taraqqiyot bosqichlariga oid yuzlab ilmiy-nazariy maqolalar, oʻquv, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, darsliklar yaratdi. Uning rahbarligi ostida oʻnlab nomzodlik va 14 ta fan doktori dissertatsiyalari himoya qilindi. Sharqshunoslik instituti qoshidagi Ixtisoslashgan kengash raisi sifatida oʻnlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining tayyorlanishi, muvaffaqiyatli himoya qilinishida mehnati singdi.



Neʼmatullo Ibrohimov nafaqat rektorlik, shu bilan birgalikda, jamoat ishlarida ham faol mehnat qildi. U 1997-yilda “Oʻzbekiston-Misr” doʻstlik jamiyati raisi, 2001-yildan Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalari jamiyatlari kengashi raisi sifatida faoliyat koʻrsatdi. U 2001-2005-yillarda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari kengashi raisi sifatida respublika oliy taʼlim tizimining rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshdi.



U ilmiy va jamoat ishlaridan tashqari siyosiy-ijtimoiy sohada ham samarali mehnat qildi. U Oʻzbekiston Oliy Majlisining ikki chaqiriq deputati etib saylandi. Mamlakat Parlamenti huzuridagi Oʻzbekistondan xorijga olib ketilgan arxiv hujjatlarini qaytarish maxsus komissiyasiga boshchilik qildi.



Neʼmatullo Ibrohimovning ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida Ibn Battutaning “Sayohatnoma” asari oʻzbek tiliga toʻliq tarjima qilinib (2012-yil), nashr etildi. Shuningdek, uning rahbarligi ostida 4 jilddan iborat, 100 mingdan ortiq soʻzni oʻz ichiga olgan “Qomus” arabcha-oʻzbekcha ensiklopedik lugʻati (2022-yil) nashr etildi. N.Ibrohimov boshchiligida Abdulmalik ibn Hishomning 2 jilddan iborat “As-Siyra an-nabaviyya” asari arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi. Mazkur tarjima asari Saudiya Arabistoni Podshohligining maxsus mukofotiga sazovor boʻldi.



Neʼmatullo Ibrohimov 2018-yilda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan asos solingan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining rektori etib tayinlandi. Bu yuksak ishonch uning mamlakatimizda dinshunoslik, islom tarixi va madaniyati, islomshunoslik, islom iqtisodiyoti va moliyasi kabi taʼlim yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash ishlarida salmoqli hissa qoʻshishiga zamin yaratdi. Qisqa muddat ichida yangi tashkil etilgan akademiyaning nafaqat yurtimizda, shuningdek, xorijiy davlatlarda ilm va maʼrifat jamiyatlari eʼtiboriga tushishida ham N.Ibrohimovning oʻziga xos hissasi mavjud.



Uning oxirgi yillardagi xorijiy davlatlarga safarlari (Turkiya, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni) davrida Yangi Oʻzbekistondagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlar, islom va islomshunoslik, dinshunoslik, millatlararo munosabatlar, bagʻrikenglik tamoyillarining oʻziga xos jihatlariga oid ilmiy chiqishlari oʻzining samarasini berdi. Akademiya va uning faoliyati jahon ilmiy-maʼrifiy jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etildi.



Neʼmatullo Ibrohimov bugungi kunda sharqshunoslik yoʻnalishidagi ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. U oʻz rahbarligi ostida yurtimizning bir guruh taniqli olimlari va ilmiy tadqiqotchilarni birlashtirgan holda, ilmiy guruh tashkil etdi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-tadqiqotlar instituti qoshida AL-9524115134-sonli “Markaziy Osiyo tarixini asl manbalar asosida oʻrganish” mavzusidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasi amalga oshirilmoqda.



Mazkur loyiha doirasida Markaziy Osiyo xalqlari tarixiga oid asl manbalarni oʻrganish orqali yurtimizning tarixiy taraqqiyot bosqichlarini tadqiq etish maqsad qilingan. Uning rahbarligida ushbu loyiha doirasida mustaqil davlatimizning evolyutsion rivojlanish bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davri xususiyatlarini xolis oʻrganish orqali bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar davrining oʻziga xos tarixiy jihatlari, Uchinchi Renessans poydevorining qoʻyilishi bilan bogʻliq ulkan ishlarning tadrijiy ahamiyati borasidagi tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqot natijalari bir necha tomlik, ensiklopedik xarakterga ega toʻplam sifatida nashr etilishi rejalashtirilgan.