Olim

IS’HOQOV MIRSODIQ MIRSULTONOVICH

Tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

Mirsodiq Mirsultonovich Is’hoqov – tarix fanlari doktori, professor. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi” kafedrasi professori.



Respublikamizdagina emas, xalqaro miqyosda taniqli olim, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi bilimdoni, qadimiy yozuvlar va yozuv madaniyati, islomdan avvali davrlar yozma yodgorliklari tarixiy manbashunosligi, avestashunoslik, sug‘dshunoslik kabi ilmning murakkab sohalari bo‘yicha mutaxassislardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda avestashunoslik va sug‘dshunoslik ilmiy yo‘nalishining asoschisi.



Himmatli cheksiz, ezgulik yo‘lini o‘zining hayot tamoyili qilib olgan ustoz va bag‘rikeng inson, tarix fanlari doktori, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Is’hoqov Mirsodiq Mirsultonovich ilmiy sohada samarali faoliyat yuritib kelmoqda.



Is’hoqov Mirsodiq Mirsultonovich 1943-yilning 22-yanvarida Toshkent shahrining Hasanboy mavzesida elda e’zoz topgan ma’rifatchi o‘qituvchi Mirsulton Is’hoqovlar oilasida tavallud topgan. Is’hoqovlar xonadonida oilaviy ma’rifatga tashnalik, an’anaviy kitobxonlik va ma’naviy suhbatlar muhiti farzandlar kamolotida alohida rol o‘ynagan. 1959-yili Toshkent davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi. Bu dargoh uning hayot yo‘lini belgilashda muhim rol o‘ynagan. Akademik Yahyo Gʻulomov o‘z talabasi Mirsodiq Is’hoqovning iqtidor qirralarini payqab, uni kelajakda ilm bilan shug‘ullanishga da’vat qiladi.



1964-yilda Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanining O‘zbekovul qishlog‘idagi bir qiziq voqea uning hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi desak adashmaymiz: tuman paxta dalasida g‘o‘za egatlarini yumshatayotgan traktor so‘qasi yer qa‘rida ko‘milib yotgan sopol ko‘zacha ichidan kumush tangalarni sochib yuboradi. Mirsodiq Is’hoqov tangalarning Qoraxoniylar davri kumush dirhamlari ekanini ko‘rgach, ularni yig‘ib oladi va ertasi kuni O‘zbekiston FA Tarix va Arxeologiya institutiga jo‘naydi. Uni ilm darg‘alari Yahyo Gʻulomov va akademik A.Muhammadjonovlar kutib olishadi. Tangalar o‘rganilib, Vatan tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar olinadi.



Mazkur Xazina bahonasi bilan taqdir Mirsodiq Is’hoqovni yana bir bora akademik Yahyo Gʻulomov bilan uchrashtiradi. Uning tavsiyasi bilan Mirsodiq Is’hoqov aspiranturaga qabul qilinadi. O‘sha davrlarda yurtimizda qadimiy yozma yodgorliklarni o‘qiy oladigan mutaxassis yo‘qligi uchun doimo Markazga murojaat qilinardi. Yahyo Gʻulomov fanning dolzarb masalalarini hammadan oldin ilg‘ab, tegishli tashkilotchilik epkinini bera oladigan inson edilar. Shu sabab, Mirsodiq Is’hoqov 1966-yili sobiq Ittifoqning an’anaviy ilmiy markazi Leningrad (Sank-Peterburg) ga Sharqshunoslik institutining Leningrad bo‘limiga maqsadli aspiranturaga jo‘natiladi. U yerda jahonga nomi chiqqan olimlardan saboq oladi. 1972-yilda Mirsodiq Is’hoqov ona yurt ishonchini oqlab, sug‘d yozma yodgorliklarining tarixiy va filologik tahliliga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqlaydi. O‘zbekistonda birinchi sug‘dshunos olim bo‘lib yetishdi. 1977-yilda Mirsodiq Is’hoqovning “Sug‘d tilida fe’l sistemasi” nomli yirik monografik tadqiqoti chop etildi. Bu asar sug‘d tilining eng yaxshi analitik grammatikasi, degan bahoni oladi. Buning natijasi sifatida 1989-yilda “O‘lmas obidalar” nomli jamoaviy monografiya tarkibida e’lon qilingan “Sug‘d yozuvining shakllanishi va taraqqiyoti masalalari” nomli monografiya va 1992-yilda himoya qilingan “Sug‘d yozma yodgorliklarining paleografik tadqiqoti” nomli doktorlik dissertatsiyalari yuzaga keladi.



Mirsodiq Is’hoqovning Xorazm yozma yodgorliklari yuzasidan izlanishlari ham diqqatga sazovor. Tuproqqa’la, Tuqqa’la, Mizdahkan, Yakkaparson kabi yodgorliklardan topilgan xorazmiy yozuvi namunalarini sug‘diy, parfiyoniy yozuvlari bilan solishtirib, ularning genetik asoslari va grafik-chizma shakllarining rivojlanish qonuniyatlari umumiyligini isbotlaydi. Bulardan tashqari ustoz olimlar izidan borib, sug‘d yozuvining qadimgi turkiy dunyo yozuvlari shakllanishiga ta’sir masalalarida o‘z nuqtayi nazarini ishlab chiqadi.



1970-1978-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutida ilmiy xodim, katta ilmiy xodim vazifalarida ishlab, jonli dala arxeologik tajribasini orttirib, Qashqadaryoda Yerqoʻrgʻon xarobalarida Avesto davri dafn marosimiga oid dahma tarkibini arxeologik toʻliq ochishga erishadi va yozma manbalarda kelgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini amalda isbotladi. Yerqo‘rg‘on dahmasida tadqiqotlar Mirsodiq Is’hoqovni yangi ilmiy izlanishlarga yetakladi.



Olim Leningradda avestashunoslik asoslari yuzasidan olga bilimlarini yanada chuqurlashtirishga, bu noyob yozma yodgorlikning mazmuniga tahlil asosida chuqurroq kirib borishga harakat qildi. 2000-yilda akademik Azizxon Qayumov va Mirsodiq Is’hoqov hamda mualliflar jamoasi tomonidan “Qadimgi yozma yodgorliklar: “Avesto”, “Zand” kitoblari; “Sug‘d falsafiy-axloqiy yozma yodgorliklari”, “Turkiy matnnavislik tarixi” kabi qator asarlar chop etildi. 2001-yilda olim tarjimasida “Avesto: Yasht kitobi”, 2007-yilda “Avesta: Videvdat kitobi” nashrdan chiqdi. Shu bilan birga Avestodagi bevosita Amudaryo sohillari, ayniqsa uning quyi oqimlari bilan bog‘liq tarixiy geografik manzaralar hamda “Videdot” qismida ta’riflangan tarixiy o‘lkalar va boshqa ma’lumotlar tahlili asosida zardushtiylik va Avestaning ilk vatani ayni O‘zbekiston hududlari bo‘lgan, degan qat’iy xulosaga kelindi. Bu masala yuzasidan dunyo avestoshunosligida davom etib kelgan ilmiy bahs ham amalda barham topdi. Dunyoning ko‘plab yetakchi olimlari Avestoning Markaziy Osiyoda, xususan Xorazm tuprog‘ida shakllanganini tan olishdi.



Mirsodiq Is’hoqov uzoq yillar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Hamid Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutida katta ilmiy xodim, soʻng boʻlim mudiri lavozimlarida ishlab, Markaziy Osiyoning arab istilosiga qadar qadimiy yozuvlari va yozuv madaniyati tarixi yoʻnalishida izlanishlar olib borib, tarixiy manbashunoslikning yangi sahifasini ham ochgan.



Mirsodiq Is’hoqov Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori lavozimida ishlagan davrlarida (1998-2000-yillar) institut faoliyatining tubdan yangilanishi, tarkibiy tuzilmalarning qayta tashkil etilishi, tarix tadqiqotlari konseptual asoslarining obyektivlik va haqqoniylik tomon burilish davrini boshlab bergan.



Olimning 1978-1981-yillarda Toshkent davlat madaniyat institutida dotsent, 1998-yildan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi”, “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedralari mudiri, hozirda esa “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi” kafedrasi professori lavozimlarida olib borayotgan pedagogik faoliyatlari tahsinga loyiq.



Ustozning fikricha ajdodlarimiz yaratuvchi Haqning yakka-yagonaligi g‘oyasini avvalo zardushtiylikda anglab, jahonda birinchi bo‘lib Vahdoniyat tushunchasiga yetib keldilar. Bu tushuncha islom sharoitida Allohning mutlaq birligi tushunchasi orqali yana takomil topdi. Zero, Alloh bandalarini turli yo‘llar bilan sinab, o‘z haqiqatini ularga yetkazgan. Islomga qadar Ahura Mazdadan vahiy so‘zlar deb hisoblanmish Avesta kitobi zardushtiylar, ya’ni mazdayasniylar (Mazdaga sig‘inuvchilar)ning muqaddas kitobi hamda ushbu olamtanuvning asosiy manbai hisoblangan.



Ma’lumki, qiyos islomda alohida o‘rin tutadi. Chunki qiyos Haq yo‘lini tanlashning eng zarur vositalaridan biridir. Bu o‘rinda M.Is’hoqovning fikricha, bizning ajdodlarimiz o‘z tarixiy dunyoqarashlaridagi Ahura Mazda yakkaligining noqis tomonlarini Allohning birligi bilan qiyos qilishgan va islom dinining mukammalligi oldida bosh egishgan. Nihoyat, ustozning muhim xulosasi yurtimiz buyuk allomalarining IX-XII asrlarda islom dunyosida peshqadam bo‘lganliklariga ishonchli dalil bo‘lib xizmat qildi. Chindan ham xalqimiz zardushtiylikning asosiy axloqiy tamoyillari “Ezgu o‘y, ezgu so‘z, ezgu amal” g‘oyalariga sodiq yashab kelishmoqda. Bu umumbashariy axloqiy-falsafiy qadriyat tizimi islomda yanada takomillashgan va xalqimiz tafakkur tarziga singib ketgan. Olimning tavsiyalari asosida zardushtiylik dinining muqaddas kitobi jahon avestoshunosligida qabul qilingan Avesto nomi atala boshladi.



Professor M.Is’hoqovning say’-harakatlari bilan O‘zbekistonda avestashunoslik maktabi vujudga keldi. O‘zbekistonda avestashunoslikning ilmiy asoslari endigina yaratilganligi hisobga olinsa, Avesto tadqiqotlarida hali yetarli hal bo‘lmagan muammolar o‘z yechimlarini kutmoqda.



M.Is’hoqov respublikamizda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash ishiga samarali hissa qo‘shib kelmoqda. Jumladan, ularning bevosita ilmiy rahbarligida “Avesto”da mifologik qatlam (tabiat kultlari asosida)”, “Istoriko-filosofskiy analiz ucheniya zoroastrizma (na materialax Avesti), “Sug‘d konfederatsiyasining shakllanishi, taraqqiyoti va tanazzuli”, “Zardushtiylik ma’budalari fuksiyalarining ijtimoiy-tarixiy mohiyati”, “Zardushtiylik dini tarixiy-ijtimoiy asoslarining Avesto “Gohlar”ida ifodalanishi” kabi mavzularda doktorlik va nomzodlik ishlari himoya qilindi.



Professor Mirsodiq Is’hoqov kafedra konsepsiyasidan kelib chiqib, o‘quv jarayoniga bir qator tarixiy va manbashunoslik yo‘nalishlarini olib kirdi. Bular, “Avesto va o‘zbek davlatchiligi tarixi”, “Avesta yozuvi”, “Avesto va zardushtiylik falsafiy-axloqiy tizimi”, “Sug‘d va qadimgi turkiy yozma yodgorliklar tarixiy manbashunosligi”, “Markaziy Osiyo xalqlari qadimgi yozuvlari va yozuv madaniyati tarixi” va boshqa o‘quv kurslari bo‘lib, mintaqaviy tarix bo‘yicha har taraflama bilim berishda muhim o‘rin tutmoqda. Olimning ilmiy faoliyati serqirra boʻlib, yigirmaga yaqin monografiyalar, xalqimizning noyob tarixiy, madaniy-maʼnaviy merosi boʻlmish sug‘d yozuvi va Avesto muammolari bilan bogʻliq boshqa nashrlar, bu yodgorliklarni tarjimalarini ilmiy izohlar bilan oʻzbek tilida amalga oshirgan nashrlari, bir necha ilmiy davlat granti loyihalaridagi faoliyatlari jahon ilmiy jamoatchilik tarafidan eʼtirof etilgan. 2022-yilda esa yirik monografik tarjima asari “Avesto: Zardusht “Goh”lari (ma’no o‘girmalari va germenevtik talqinlari)” nashr etilib, soha mutaxassislari va ommaga taqdim etildi.



Uztozning Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidagi “Tarixiy manbashunoslik, tarixshunoslik, tarix tadqiqotlari metodi va metodologiyasining dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika anʼanaviy yillik konferensiyasining tashkilotchisi sifatidagi xizmatlari tahsinga loyiq.



Mirsodiq Is’hoqov fanda avestpshunoslik va sug‘dshunoslik ilmiy maktablariga ega. Uning rahbarligida to‘rt nafar fan doktori, o‘n beshdan ortiq fan nomzodi hamda 5 ta falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega olimlar yetishib chiqqan.



Mirsodiq Is’hoqov xalqaro miqyosda tan olingan olim. Uning ko‘plab ilmiy maqola va tezislari nufuzli xalqaro jurnallarda chop etilgan.



Ustoz 2023-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” davlat mukofoti sohibi bo‘lgan.