Muhammad Hasanovich Isamiddinov 1985-yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotining sovrindori, 2003-yilda Fanlar akademiyasining “Yilning eng yaxshi ilmiy ishi” tanlovining g‘olibi, 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordenining sohibi, 2016-yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi ko‘krak nishoni”, 2023-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
2025-yilda Xitoyning Loyan arxeologiya institutining “faxriy ilmiy xodim” unvonini olishga erishgan. M.H. Isamiddinov 1946-yil 26-dekabrda Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanining (hozirda Quvasoy shahrining) Qo‘chqorchi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1963-yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining (hozirda Farg‘ona davlat universiteti) Tarix fakultetini tarix-geografiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdi.
1968-yildan 1971-yilgacha shu institutning geografiya kafedrasining laboranti, o‘qituvchisi lavozimlarida ishlagan. 1971-yili M.H. Isamiddinov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya institutiga ishga o‘tadi va shu davrdan boshlab turli arxeologik ekspeditsiyalarda qatnashadi. 1973-yildan boshlab 1987-yilgacha Qarshi vohasini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan R.H.Suleymanov boshchiligidagi ekspeditsiyaning Yerqo‘rg‘on, Qal’ai Zoxaki Maron va Shulliktepa yodgorliklarini o‘rganishda faollik ko‘rsatadi.
O‘zFA Arxeologiya instituti hali yosh, ilmiy kadrlarga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda, o‘sha davrdagi direktor A.A.Asqarov yosh mutaxassislarni yirik olimlar bilan tanishtirar, ularga ilmiy rahbarlar topib berishga harakat qilar edi. Uning ana shunday harakatlari barobarida Panjikentga kelib qazishma ishlarini o‘tkazayotgan mashhur sharqshunos olim Aleksandr Markovich Belenitskiy va uning shogirdi Boris Ilich Marshaklarning oldiga shogirdlikka M.H. Isamiddinovni olib keladi. Bir necha oy davomida bu shahar xarobalarini qazib o‘rganishda qatnashgan M.H. Isamiddinov bu yerdagi ustozlarning sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
1972-yilda M.H. Isamiddinov armiya saflarida xizmat qildi.
1973-yildan 1975-yilgacha bo‘lgan muddatda u SSSR Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Leningrad bo‘limi, Kavkaz va O‘rta Osiyo sektorining stajer-tadqiqotchisi, 1975–1978-yillarda shu institutning aspiranturasini o‘taydi. 1979-yilda esa, M.H. Isamiddinov “Janubiy Sug‘dning qadimgi va ilk o‘rta asrlar kulolchiligi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini Arxeologiya institutining Leningrad bo‘limidagi Ilmiy kengashda himoya qildi. Himoya arafasidagi tadbirlar davrida ustozlaridan biri B.I. Marshakning bir ibratli gapi ustozga ko‘p yillar davomida ta’sir qilib kelganligini eslaydi. U shunday bo‘lgan edi, deb eslaydi M.Isamiddinov:“Biz dissertatsiyangizni birinchi opponenti qilib G.A.Koshelenkoni tavsiya etmoqchimiz, chunki u doimo biz qilayotgan ishimizni kamchiligini qidiradigan odam. Agarda shu olim bergan savollarga to‘g‘ri javob bera olsangiz butun Himoya kengashi a’zolarida Sizga nisbatan yaxshi fikr uyg‘onadi, dedi. G.A.Koshelenko himoyaga opponent etib olindi, u kishi himoya paytida ish yaxshi yozilganligini aytib, uning asosiy xulosalarini “Arxeologiya SSSR” seriyasida chiqayotgan “Kavkaz i Srednyaya Aziya” to‘plamida chop etishni tavsiya qildi. Bundan tashqari, o‘sha davrdagi Shimoliy Afg‘oniston hududida olib borilayotgan arxeologik izlanishlarda qatnashishga va bu yerdagi arxeologik guruhlar uchun ham kulolchilik komplekslarini davrma-davr ajratib berishni iltimos qildi. Lekin 1979-yilning kuzida Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga kiritildi, natijada barcha chet ellardan kelib qazishmalar o‘tkazayotgan arxeologik guruhlar, shu jumladan, Sovet arxeologlari ham bu mamlakatdan chiqib ketishdi.
M.Isamiddinov 1980-yildan 1984-yilgacha Namangan viloyatining arxeologik obidalari majmualarida izlanishlar olib bordi. Har bir yodgorlikning tarxi chizilib, uning kulolchilik buyumlari yig‘ilgan, ular asosida yodgorliklarning davri aniqlangan. Yaqin 20 yil mobaynida Qarshi vohasining eng qadimgi markaz shahri Yerqo‘rg‘onning qadimgi davrlaridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan qatlamlaridan olingan kulolchilik komplekslari mikrostratigrafik usullar bilan ajratib olingan. Xuddi shu yillari M.H. Isamiddinov Qashqadaryo vodiysidagi arxeologik obidalarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan ekspeditsiya ishlarida, ayniqsa, Qarshi va G‘uzor vohalarining arxeologik majmualarini tuzishda ham qatnashdi. Yirik poytaxt shaharlarning qoldiqlari hisoblangan Yerqo‘rg‘on, Qalai Zoxaki Maron, Shulluktepa yodgorliklaridan tashqari, Kossontepa, Oltintepa, Isaboytepa kabi yodgorliklarda ham qazishma ishlarini olib bordi. Qashqadaryo vohasining yuqori oqimida ilgari ma’lum bo‘lmagan qal’a To‘rtko‘ltepa va Qashqadaryoning o‘rta oqimida Qiztepa yodgorliklarini topib o‘rganildi.
M.H. Isamiddinov 1987-yildan boshlab Samarqand vohasini o‘rganishni boshlab, dastlab, Samarqand vohasi arxeologik obidalarining to‘liq majmuasini tuzishga o‘zining katta hissasini qo‘shadi va natijada, viloyat hududida yaqin 1500 ta arxeologik yodgorlik ro‘yxatga olinadi.
M.H. Isamiddinov 1988-yilda xalqaro o‘zbek-fransuz ekspeditsiyasi tuzilgandan keyin 2010-yilgacha bo‘lgan davrda ekspeditsiyaning O‘zbekiston tomonidan rahbari bo‘ldi. Ekspeditsiyaning o‘rganish obyektlari bo‘lib, unga Afrosiyob xarobalaridan tashqari, Sug‘dning Darband chegara hududigacha bo‘lgan joylari kiritilgan. Afrosiyob yodgorligini o‘rganilishining dastlabki davrlaridayoq Ahamoniylar arkini janub tarafidan o‘rab turgan mudofaa inshooti devorining ostidan kengligi 5 metrdan ziyod bo‘lgan va guvalaksimon g‘ishtlardan ko‘tarilgan mudofaa devori topildi. Har qaysi g‘ishtning yuqori tomoniga barmoq bilan chizilib belgi qo‘yilgan edi. G‘ishtlardagi bu belgini ko‘rgan M.Isamiddinov xuddi shunday belgili va shu shakldagi g‘ishtlar Samarqanddan 30 km shimolda, Chelak shahridan janubi-sharq tomonda Ko‘ktepa yodgorligida ham borligini va bu yodgorlikda ham aynan shunday g‘ishtlar borligini bildirdi. M.H. Isamiddinov ekspeditsiya a’zolarini Ko‘ktepa yodgorligiga tashrif uyushtirgan paytda na fransuz arxeologlari va na o‘zimizning arxeologlar bu yodgorlikni ilk temir davriga oid ekanligini tan olishmadi. Shunda Ko‘ktepa yodgorligida 2 yil davomida 10-15 kundan ishlab traktorlar buzishi natijasida hosil bo‘lgan kesmalarni tozalab, yangi materiallar olingandan keyin, bu yodgorlikning quyi qatlamlari ilk temir davriga oid ekanligi va yodgorlik miloddan avvalgi III-asrlarda tashlab ketilganligi ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, Afrosiyobning quyi qatlamlaridan topilgan yangi topilmalar – guvalaksimon g‘ishtlar tufayli o‘sha davrlarda arxeologlar bilmagan Afrosiyobdan ko‘ra qadimgiroq shahar xarobasi topildi. Faqat shundagina fransuz arxeologlari Ko‘ktepada ham hamkorlikdagi qazishma ishlarini olib bordilar.
M.H. Isamiddinov 2000-yilda “Генезис городской культури Самаркандского Согда (проблеми взаимодействия культурних традитсий в эпоху раннежелезного века и в период античности)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. M.Isamiddinov birinchi marta yangi topilmalar asosida Samarqand shahrining 2750 yilligi masalasini ko‘tarib chiqdi va YUNESKO tomonidan tasdiqlangandan keyin 2007-yilda bu xalqaro miqyosda nishonlandi.
2000-yilda Ko‘ktepa yodgorligidagi sobiq hokim qal’asini qazish jarayonida milodiy I asrlarning o‘rtalariga oid boy-zodagon ayol qabri 6 metr chuqurlikdan, katakomba tipidagi qabrdan topildi. Bu qabrdan topilgan tilladan yasalgan taqinchoqlar, shishadan yasalgan munchoqlar shodasi, kumush va bronza aralashmasidan yasalgan topilmalar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidan o‘zining munosib o‘rnini oldi.
M.Isamiddinov qator Xalqaro konferensiyalarning qatnashchisi sifatida o‘zbek xalqining boy moddiy va madaniy merosi to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. Jumladan, 1991-yilda YUNESKOning Parijdagi binosida, 1992-yilda Rim universitetida, 1993-yilda Berlindagi Arxeologiya institutida, 1999-yilda Sankt-Peterburgdagi Moddiy madaniyat tarixi institutida, 2000-yilda Moskvadagi Sharq xalqlari san’ati muzeyida, 2005-yilda Yaponiyaning Kioto universitetida, 2008-yilda Chimkentda, 2010-yilda Olmaotadagi Arxeologiya institutida bo‘lgan konferensiyalarda ma’ruza bilan ishtirok etdi. 2013- va 2015-yillarda o‘tkazilgan butun dunyo arxeologlarining I va II Shanxay forumlarida ishtirok etdi. 2015-yil may oyida esa, Xitoy Ijtimoiy Fanlar akademiyasining Arxeologiya institutida “Sug‘d shaharsozligi tarixi” mavzusida ma’ruzalar o‘qidi.
2007-yildan boshlab M.Isamiddinov asosiy ish faoliyatini Farg‘ona davlat universiteti Tarix fakultetida bakalavr va magistr ilmiy darajasidagi shogirdlar tayyorlab kelmoqda. U FarDU Tarix fakultetining professori sifatida talabalarga “Arxeologiya asoslari”, “Markaziy Osiyo arxeologiyasi”, “Inson evolyutsiyasi va old tarix” fanlaridan, magistrantlarga esa, “Farg‘ona vodiysining arxeologik yodgorliklari”, “O‘rta Osiyo kulolchiligi tarixi”, “Tarixiy rekonstruksiya masalalari” kabi kurslardan ma’ruzalar o‘qib, yosh talabalarning ilmiy-pedagogik ko‘nikmalarini mukammallashtirish uchun o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, Xitoyning bir qancha shaharlaridagi (Loyan, Shinan) institutlar bilan shartnomalar tuzilishida bevosita ishtirok etib, hamkorlikda arxeologik qazishmalar o‘tkazish, qo‘shma kafedralar ochish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, amalda bir necha yildan buyon xitoylik hamkorlar Farg‘ona davlat universiteti arxeologiya yo‘nalishi talabalariga doimiy ravishda ma’ruzalar o‘qib kelmoqdalar. M.Isamiddinovning asosiy maqsadlaridan biri FarDU qoshida o‘zbek-xitoy o‘quv-ilmiy markazini tashkil etish edi. Bu narsa amalga oshdi. Universitetda 2023-yildan buyon o‘zbek-xitoy qo‘shma arxeologiya ilmiy tadqiqot markazi faoliyat olib bormoqda. 2025-2026 o‘quv yilidan O‘zbekiston-Xitoy arxeologiya qo‘shma kafedrasi ochildi va ish boshladi.
Shuningdek, uning 4 ta shogirdi tarix va arxeologiya bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajalarini olishga muyassar bo‘ldi hamda bir nafar shogirdi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish arafasida turibdi.
M.H. Isamiddinov bugungi kunda 10 ta yirik monografiya, 200 tadan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifidir.