Nurboy Jabborov 1996-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining yosh olimlar uchun mukofoti laureati bo‘lgan. 2002-yili “Shuhrat” medali, 2023-yili “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. 2021-yili Ozarbayjon Respublikasining “Nizomiy Ganjaviy” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. O‘sha yili O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – turk dunyosi adabiyotining faxri, dunyo she’riyatining cho‘qqisidir” mavzusidagi ijodiy tanlov g‘olibi bo‘lgan. 2023-yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Alisher Navoiy” medali bilan taqdirlandi. Mazkur sanada Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Adabiyotshunoslik ilmiga dastak” mukofotini oldi.
2005-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 2018-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid kengashi raisi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi. Olim yurtimiz va xorijning nufuzli nashrlarida e’lon qilingan dolzarb mavzulardagi maqolalari uchun 2020-yili “Vatan uchun yashaylik” Respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 2021-yili “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasi “Yilning eng yaxshi asari” Respublika tanlovida faxrli 1-o‘ringa munosib ko‘rilgan. Mazkur monografiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-fevraldagi 55-F-sonli Farmoyishiga ko‘ra, Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan 30 jildlik “Istiqlol davri navoiyshunosligi” to‘plamining 20-jildida nashr etildi.
1990-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) O‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Mehnat faoliyatini o‘sha yili O‘zbekiston FA Hamid Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti aspiranti sifatida boshlagan. 1993-1998-yillari mazkur institutda kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim lavozimlarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. 1998-1999-yillarda O‘zbekiston FA Til va adabiyot instituti doktoranti.
“Furqat asarlarining qo‘lyozma manbalari” mavzusida nomzodlik (1994), “Furqatning xorijdagi hayoti va ijodiy merosi: manbalari, matniy tadqiqi, poetikasi” mavzusida doktorlik (2004) dissertatsiyalarini himoya qilgan.
1999-2016-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, kafedra mudiri, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani lavozimlarida ishladi. O‘rindoshlik asosida “Fidokor” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordi. 2017-yildan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri. 2006-2013-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan kengash raisi; 2013-2016-yillarda fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash raisi. 2017-yildan hozirgi kungacha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy seminar raisi. O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash a’zosi.
Nurboy Jabborov – o‘zbek mumtoz adabiyotshunosligi bo‘yicha ilmiy maktab yaratgan olim. Olimning ilmiy yo‘nalishlari: o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, navoiyshunoslik, adabiy tanqid, qiyosiy adabiyotshunoslik hamda hozirgi adabiy jarayon. Adabiyotimizning eng qadimgi davridan Ahmad Yassaviy “Devoni hikmat”i hamda Alisher Navoiy hayoti va adabiy merosigacha, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy, Amiriy va Nodira nazmidan Muqimiy, Furqat va Zavqiy lirikasigacha, Komil Xorazmiy va Feruz ijodidan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon asarlarigacha, Zulfiya, Erkin Vohidov va Abdulla Oripov she’riyatidan Rauf Parfi, Usmon Azim va Sirojiddin Sayyid ijodigacha tadqiq qilib keladi. Bu tadqiqotlar nainki mamlakatimiz ilm ahli, balki xorijiy davlatlar olimlari tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Olim dunyo oliy ta’lim muassasalari reytingida yuqori o‘rinda turuvchi Turkiyaning Anqara Hajettepe universitetida, Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetida, Ozarbayjon Respublikasi Boku davlat universitetida muntazam ravishda ma’ruzalar o‘qib keladi.
U matnshunos sifatida “Bobo Ravshan” xalq dostoni, Abu Homid G‘azzoliyning “Daqoyiq ul-axbor”, Mulla Olim Maxdum hojining “Tarixi Turkiston”, Muhammadrizo Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix” asarlarini, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va Is’hoqxon Ibrat “Tanlangan asarlar”ini qo‘lyozma manbalar asosida joriy imloda ilmiy izohlar va ko‘rsatkichlar bilan nashr ettirgan hamda tadqiq qilgan. Oliy o‘quv yurtlari uchun “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” darsligi hammuallifi. Bundan tashqari, 3 ta o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi nashr ettilgan. “Ma’rifat nadir” (2010), “Adabiyot va milliy ma’naviyat” (2015), “Zamon, mezon, she’riyat” (2015), “Maoniy ahlining sohibqironi” (2015) singari monografiyalari respublikamiz va undan tashqarida ham munosib e’tirof etilgan. Jami 10 dan ortiq kitoblar va 700 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi.
Ilmiy ishlari AQSH, Rossiya, Xitoy, Malayziya, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Tojikiston va Qozog‘istonning nufuzli ilmiy jurnallarida hamda SCOPUS bazasidagi nashrlarda e’lon qilingan. Turkiyada chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti” o‘ttiz jildlik ensiklopediyasini tayyorlashda 10 dan ortiq ilmiy maqolalari bilan qatnashgan. Uning maqolalari ilmiy yangiliklarga boy ekani, tahliliy quvvati, adabiyotshunoslikka oid nazariy qarashlarni yangilagani jihatidan alohida ahamiyatga ega.
2008-yili O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Eron poytaxti Tehron shahrida o‘tkazilgan xalqaro kitob yarmarkasida qatnashgan. 2012, 2022, 2024-yillarda Turkiyaning Istanbul, Anqara va Bursa shaharlarida “Sohibqiron Amir Temurning jahon davlatchiligi tarixida tutgan o‘rni” hamda “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzularidagi xalqaro simpoziumlarda ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. 2021-yili mamlakat delegatsiyasi tarkibida Afg‘onistonning Hirot shahrida hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda qatnashib, “Alisher Navoiy ijodida turkiy ruhiyat ifodasi” mavzusida ma’ruza qilgan, buyuk bobokalonimiz maqbarasini ziyorat etish sharafiga muyassar bo‘lgan. O‘sha yili Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ma’ruza bilan ishtirok etgan.
Olimning ochiq ma’ruzalari O‘zbekiston televideniyesining “Akademik soat”, “Ochiq dars”, “Adabiyot muallimi” kabi ko‘rsatuvlari orqali respublikaga ommalashgan. Ushbu ma’ruzalar chuqur hayotiy va ilmiy asosga ega ekani, katta ta’sir kuchi, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va millatparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan qimmatlidir.
Nurboy Jabborov Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida hay’at a’zosi sifatida muntazam ishtirok etib, adabiyotimizning navqiron vakillariga badiiy ijod sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ijod maktablari o‘quvchilariga muttasil ravishda mahorat darslari o‘tib, ularning bilim doirasi kengayishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Olim “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston-24”, “O‘zbekiston tarixi”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali uyushtirilgan muloqotlarda, adabiy-tarixiy va madaniy-ma’rifiy mavzulardagi ko‘rsatuvlarda muntazam ishtirok etib, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy-ijodiy merosining bugungi kun uchun ahamiyati, Uchinchi Renessans, Yangi O‘zbekiston g‘oyalarini amalga oshirishda yoshlarning o‘rni, barkamol avlod tarbiyasida millat ziyolilarining vazifalari xususida teran va ta’sirli fikrlarni bildirib keladi. “Mahalla” telekanalida efirga uzatilib, katta aks sado bergan “Ma’rifat yog‘dusi” ko‘rsatuvining muallifi sifatida adabiy-madaniy hayotimizning dolzarb masalalarini yoritish va shu orqali yosh avlod intellektual salohiyatini, ularning ma’rifiy darajasi, estetik didi va adabiy idrokini o‘stirishga katta ulush qo‘shdi. Adabiyotshunos olimning ikki ming ikki yuzdan ortiq a’zosi bo‘lgan “Nurboy Jabborov saboqlari” telegram kanalini o‘ziga xos adabiyot va ma’rifat darsxonasi, deyish mumkin. Ushbu kanal orqali milliy adabiyotimiz va ma’rifatimiz darg‘alari asarlarining zamondoshlarimiz ilmiy-adabiy va ma’naviy-axloqiy ehtiyojlariga muvofiq yangicha talqinlari berilayotgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Nurboy Jabborov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida Toshkent shahri, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari, o‘rta umumta’lim maktablari hamda mahallalarda muntazam ravishda adabiy-ma’rifiy muloqotlar olib boryapti. Bu orqali bugungi kunda mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh etish, Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yutug‘ini ta’minlashga salmoqli ulush qo‘shib kelayotir.
Olim O‘zLiDeP a’zosi sifatida jamiyatimiz siyosiy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etib kelyapti. Viloyatlarda tashkil etilgan saylovoldi targ‘ibot guruhlarida qatnashgani, “Xalq so‘zi”, “Yangi O‘zbekiston” gazetalarida dolzarb ijtimoiy-siyosiy va madaniy-adabiy mavzularda maqolalar e’lon qilgani, televideniye va radioda intervyular bergani buning isbotidir.
Nurboy Jabborov respublikamizning “Sharq yulduzi”, “Oltin bitiglar”, “O‘zbekiston: til va madaniyat”, “Adabiy meros” kabi ilmiy jurnallari, shuningdek, Turkiyada nashr qilinadigan “BUGU” xalqaro til va ta’lim jurnali hamda Ozarbayjonning Ganja shahrida chop etiladigan “Nizamişünasliq. Elmi əsərlər” jurnallari tahrir hay’ati a’zosi. Samarqandda nashr qilinadigan “Alisher Navoiy” xalqaro jurnali bosh muharriri o‘rinbosaridir.
Nurboy Jabborov ilmiy-pedagog kadrlar yetishtirish borasida ham samarali ish olib bormoqda. Shu paytgacha jami 32 nafar, shu jumladan, 8 nafar fan doktori, 24 nafar fan nomzodi va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega shogirdlar tayyorlagan. Shular qatorida Xitoy Xalq Respublikasi Shinjong universiteti professori Tursun Qurbon va Afg‘oniston Foryob universiteti o‘qituvchisi Zohid Muhammad Zohir kabi shogirdlari borligi olimning xalqaro miqyosda ham ilmiy-pedagog kadrlar yetishtirayotgani isbotidir.
Nurboy Jabborov ilmiy-ijodiy va ta’lim-tarbiya sohasidagi faoliyati bilan zamonamiz yoshlarini Vatan va Millatga muhabbat, fidoyilik, ulug‘ maqsadlar yo‘lida qat’iyat va sabot, g‘ayrat va shijoat ko‘rsatish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.