Taniqli siyosatshunos, tarixchi, faylasuf va jamiyatshunos olim, mahoratli publitsist va adib, siyosiy fanlar doktori, professor, BMT qoshidagi Ekologiya va inson xavfsizligi fanlar akademiyasi, Xalqaro Antik dunyo fanlar akademiyasi hamda Turon fanlar akademiyasining akademigi, fan, madaniyat va jamoat arbobi Narzulla Qosimovich Joʻrayev 1952-yil 20-noyabrda Buxoro shahriga tutash Buxoro tumanidagi Moshkoron qishlogʻida tugʻilgan.
Narzulla Joʻrayev oʻquvchilik yillaridanoq oʻqigan 4-maktabdagi tadbirlar, qishloq hayoti, ilgʻor traktorchilar, paxtachilik brigadalarining yutuqlari haqida tuman gazetasiga xabar va lavhalar yozib turgan. 1969-yilda oʻrta maktabni tugatgach, 1970–1971-yillarda “Buxoro haqiqati” viloyat gazetasi chop etiladigan bosmaxonada harf teruvchi va sahifalovchi sifatida faoliyat yuritgan. Shu davrda ham gazeta sahifalarida xabar va lavhalari bilan muntazam qatnashib kelgan.
Narzulla Joʻrayev 1971-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdi. U oʻqish bilan birga 1971–1974-yillarda “Glavtashkentstroy”ning 9-temir-beton buyumlari zavodida beton quyuvchi va yoshlar brigadasi boshligʻi sifatida ishladi. Boʻsh vaqtlarida radioga va gazetalarga tinmay maqolalar yozar edi. Zavoddagi samarali mehnati, tashkilotchiligi, tashabbuskorligi hamda jamoat ishlaridagi faolligi uchun u 1973–1975-yillarda Toshkent shahar Kengashining deputati etib saylandi.
Ayniqsa, 1975–1985-yillarda Respublika televideniye va radioeshittirish davlat qoʻmitasining “Yoshlik” radiostansiyasida muharrir va katta muharrir lavozimlarida ishlagan davrida uning ijodiy gʻayrati va shijoati yanada yorqin namoyon boʻldi. Mehnat faoliyatini boshlaganiga hali besh yil ham toʻlmagan N.Joʻrayev hukumatning faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.
Narzulla Joʻrayevning 1979–1980-yillar mobaynida Oʻzbekiston radiosida eʼlon qilingan 26 qismli “Qoʻriq sari chorlaydi yurak” nomli radiofilmi jamoatchilik orasida katta aks-sado berdi. Har bir qismi 40 daqiqadan iborat boʻlgan ushbu radiofilmlar turkumi oʻz davrida oʻziga xos ilk serial edi. Eshittirishlar mavzu jihatidan gʻoyat dolzarbligi va yuksak badiiyati uchun Oʻzbekiston Komsomoli mukofotiga tavsiya etilgan. Shuningdek, u Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasining yillik birinchi darajali “Yilning eng yaxshi jurnalisti” mukofoti bilan taqdirlangan.
Oʻzbekistonda qoʻriq va boʻz yerlarni kompleks oʻzlashtirish, asrlar davomida qaqrab yotgan choʻllarni boʻstonga aylantirish, zamonaviy yangi shaharlar va posyolkalarni barpo etish oʻsha davr uchun umumxalq qahramonligining yorqin ifodasi edi. Yosh jurnalist N.Joʻrayev ana shu tarixiy bunyodkorlik va yalpi safarbarlik harakatining ulkan badiiy-publitsistik radio-epopeya serialini yaratgan edi.
Narzulla Joʻrayevning undan keyin efirga uzatilgan “Yolqin” nomli 12 qismli radiofilmi ham qariyb ikki yil davomida radiotinglovchilarning eng sevimli eshittirishlaridan biriga aylangan edi. Shuningdek, “Men orzu qilgan shahar”, “Xayrli oqshom”, “Davom etayotir buyuk inqilob”, “Davr mening taqdirimda” kabi turkum eshittirishlari oʻz davrida yuksak badiiy saviyasi va chuqur gʻoyaviy mazmuni bilan jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan.
Uning oʻsha davrdagi ijodiga nazar tashlaganda, N.Joʻrayev nafaqat joʻshqin publitsist, balki ijtimoiy hodisalarni teran anglaydigan, atrofida yuz berayotgan oʻzgarishlarga sinchkov koʻz bilan qaraydigan hassos adib sifatida ham namoyon boʻladi.
“Yoshlik” radiostansiyasida ishlagan davrida u nazariy bilimini oshirish, ilmiy-tadqiqot bilan shugʻullanish imkoniyatini ham topdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining sirtqi aspiranturasida u adabiyot nazariyasi va tarjima muammolariga bagʻishlangan ilmiy izlanishlar olib bordi.
Uning “Gʻafur Gʻulom – Mirzo Tursunzoda asarlari tarjimoni” (“Tarjima madaniyati” ilmiy maqolalar toʻplami, OʻzFA Til va adabiyot instituti. – T.: 1982, 89–93-b.) nomli maqolasi, shuningdek, Gʻ.Gʻulom va Sh.Shomuhamedovlarning tarjimonlik maktabiga bagʻishlangan ijodiy portretlari hamda tarjimashunoslikka doir oʻnga yaqin maqolalari uning nazariy salohiyati izchil ravishda chuqurlashib borayotganini yaqqol koʻrsatib turardi.
N.Joʻrayev 1985–1990-yillarda hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” (oʻsha paytdagi “Sovet Oʻzbekistoni”) gazetasi muxbiri va katta muxbiri sifatida faoliyat yuritdi. Ana shu davrda u atoqli olimlar A. Aʼzamxoʻjayev, Sh. Oʻrazayev, H. Poʻlatov, Sh. Ziyomov, E. Yusupov, M. Rasulov, I. Iskandarov, A. Abduazizov, S. Gʻulomov, S. Shermuxamedovlar bilan hamkorlik qildi. Ularning gazeta sahifalaridagi jiddiy chiqishlarini tashkil etish bilan birga, betakror maktablarida saboq oldi.
Ayniqsa, akademik H. Poʻlatov bilan hamkorligi va bu ulugʻ hamda mahobatli maktabdan olgan saboqlari N.Joʻrayevning fan olamiga qatʼiyat bilan kirib borishiga kuchli turtki boʻldi.
1990-yilda uni yangi ochilgan “Muloqot” jurnaliga masʼul kotiblik lavozimiga taklif etishdi. Chunki bu davrga kelib, uning nazariy jihatdan yetuk chiqishlari va masalalarga chuqur ilmiy yondashuvi respublika maʼnaviy muhitida muayyan darajada ijobiy fikr uygʻotgan edi. Koʻp oʻtmay, u ushbu jurnal bosh muharriri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
1991–2006-yillar davomida “Muloqot” jurnalida uning 35 ta ilmiy-ommabop maqolasi chop etildi. U jurnalning har soniga bosh maqola yozishni yoki maqolani respublikaning yetakchi olimlariga buyurtma berishni anʼanaga aylantirdi. Natijada jurnal mavzu va mazmun jihatidan boyib bordi, auditoriyasi ham tobora kengaydi.
1991-yilning 11-soni “Yuraklarda istiqlol ruhi” maqolasi bilan ochildi. Mustaqillik eʼlon qilingandan soʻng nashr etilgan ushbu dastlabki sonda chop etilgan bosh maqolaning muallifi N.Joʻrayev edi. Maqolada mustaqillikning ulkan tarixiy va ijtimoiy hodisa ekani, uni eʼzozlash har bir fuqaroning burchi ekanligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, mustaqillik masʼuliyat ekanligi, gʻurur va iftixor Vatan ravnaqiga xizmat qilishi zarurligi koʻrsatildi. Unda, bu kunlarga yetolmay millatning qancha asl farzandlari qurbon boʻlgani, endigi avlod ana shu shahid ketganlar armonlarini roʻyobga chiqarishi, buning uchun esa mamlakat rahbariyati atrofiga jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarishi lozimligi yuksak ruh bilan qayd etilgan edi.
“Muloqot” jurnalida ishlash bilan birga, N.Joʻrayev jamoatchilik asosida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasida masʼul kotib vazifasida ham faoliyat yuritdi. Uni Jurnalistlar uyushmasining qurultoyida barcha delegatlar yakdillik bilan ushbu lavozimga saylashgan edi.
Jurnalning 1992-yilgi 3–4-sonlarida eʼlon qilingan maqolaga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov oʻsha paytlarda alam bilan taʼkidlagan qanotli shior sarlavha qilib olingan edi: “Yoʻq, bunday yashab boʻlmaydi”. Bu maqolaning muallifi ham N.Joʻrayev edi.
Keyinchalik uning qator maqolalari chop etildi. Jumladan:
Uning ilmiy-nazariy va publitsistik maqolalari, shuningdek “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Oʻzbekiston matbuoti”, “Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar”, “Jamiyat va boshqaruv”, “Qonun himoyasida”, “Sharq mashʼali” kabi jurnallarda chop etilgan asarlari ham oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olindi.
Bu davrda N.Joʻrayev ilmiy-adabiy ijodining oʻzagini ilmiy publitsistika tashkil etdi. Uning 2011-yil 4-may kuni “Hurriyat” gazetasida chop etilgan “Tiklanayotgan xotira, toblanayotgan iroda yoxud Mustaqillik maydonidagi oʻylar” nomli maqolasi shular jumlasidandir. Maqola “Xotira va qadrlash kuni”ga bagʻishlangan boʻlib, I. Karimov tashabbusi bilan 9-may – Gʻalaba kuni mafkuradan xoli boʻlgani, oʻzbekona yangi nomi esa xalqimizning necha zamonlardan beri kurashib kelgan maqsadi, muddaosi va millatimiz qahramonlari uchun mangu xotiraga aylanganini yuksak gʻurur bilan ochib bergan.
N.Joʻrayevning 2012-yil 12-sentyabr kuni “Hurriyat” gazetasida chop etilgan “Shaxs – ijtimoiy hodisa” nomli maqolasi shaxsning jamiyatdagi oʻrniga bagʻishlangan. Unda muallif inson oʻz mohiyati bilan ijtimoiy voqelikni aks ettirishi haqidagi gʻoyani Gʻarb va Sharqda mashhur allomalarning qarashlari asosida yoritadi. Shuningdek, unda yangilanayotgan jamiyatda shaxsning roli va “odam – inson – shaxs” falsafiy formulasining ilmiy-nazariy yechimi ilk bor oʻrtaga tashlanadi.
1993-yilda N.Joʻrayev hayotida unutilmas voqea yuz berdi: u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni tarkibida millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha ekspert lavozimiga tayinlandi. Koʻp oʻtmay, u shu yerda yetakchi konsultant sifatida faoliyat yurita boshladi.
N.Joʻrayev Oʻzbekiston Respublikasi 1- va 2-chaqiriq Oliy Majlis deputati (1996–1999; 1999–2004) boʻlgan. 1998–2000-yillarda u Prezidentning madaniyat va ijodiy jamoalar bilan ishlash masalalari boʻyicha Davlat maslahatchisi, shuningdek, “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashi raisi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. 2000–2004-yillarda esa Oliy Majlisning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi, hayʼati aʼzosi, Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi aʼzosi hamda Oʻzbekistondan chetga olib ketilgan xalq boyligi hisoblangan arxiv hujjatlarini qaytarish boʻyicha maxsus komissiya aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan.
2008-yildan boshlab N.Joʻrayev “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi aʼzosi sifatida mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy va maʼnaviy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.
Oʻzbekistonda Birinchi Prezident I.A. Karimov tashabbusi va bevosita rahnamoligida amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida siyosiy yetakchining roli masalasini N.Joʻrayev alohida ziyraklik va yuksak ixlos bilan chuqur oʻrgandi.
Olib borgan tadqiqotlari natijasida, 1998-yilda u mazkur muammo yuzasidan tayyorlagan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, siyosiy fanlar nomzodi ilmiy darajasini oldi. Ushbu ishda barcha davrlarda ham oʻtish davrida siyosiy liderga koʻp narsa bevosita va bilvosita bogʻliqligi ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berilgan, Oʻzbekiston sharoiti bilan qiyosiy tahlil oʻtkazilgan, mavzu chuqur tadqiq qilingan hamda istiqbolli bashoratlar va takliflar ilgari surilgan edi.
2001-yilda esa N.Joʻrayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi doktorlik ilmiy darajasini beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashda “Oʻzbekistonda yangilanishlar konsepsiyasining genezisi, evolyutsiyasi va amaliyoti” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasiga sazovor boʻldi.
Bugungacha professor N.Joʻrayevning mustaqillik tarixi, milliy gʻoya va istiqlol falsafasi, siyosatshunoslik, tarix falsafasi, falsafa va maʼnaviyat sohalariga oid 30 dan ortiq monografiya va risolalari, darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-ommabop kitoblari, 400 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari nashr etilgan. Jumladan, uning “Oʻzligini anglash mavridi” (T.: “Oʻzbekiston”, 1990, 160 b.), “Uygʻoq nigoh” (T.: “Oʻzbekiston”, 1995, 151 b.), “Yuksalish” (T.: “Oʻzbekiston”, 1995, 151 b.), “Vatan tuygʻusi” (T.: “Oʻzbekiston”, 1996, 394 b.), “Mustaqillik – kurashlar davri” (T.: “Oʻzbekiston”, 1997, 97 b.), “Agar ogoh sen...” (T.: “Sharq”, 1998, 253 b.), “Agar ogoh sen...” (toʻldirilgan, qayta ishlangan ikkinchi nashri, T.: “Yozuvchi”, 1998, 272 b.), “Mafkuraviy immunitet” (T.: “Maʼnaviyat”, 2000, 15 b.), “Xalqaro terrorizm va mintaqaviy mojarolar” (T.: “Maʼnaviyat”, 2001, 25 b.), “Men Oʻzbekiston fuqarosiman” (Albom-kitob, T.: Gʻ. Gʻulom, 2010, 220 b.), “Avesto moʻjizasi” (T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2013, 84 b.), “Siyosiy konfliktologiya va xalqaro jurnalistika” (2014), “Maʼnaviyat – inson qalbining sarchashmasi” (T.: “Maʼnaviyat”, 2014, 30 b.), “Taxayyul, tasavvur, tafakkur” (T.: “Yangi asr avlodi”, 2015, 224 b.) kabi asarlari allaqachon xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylanib boʻlgan.
2000-yilda chop etilgan “Mustaqil Oʻzbekiston tarixi” (670 bet) monografiyasi turli nashriyotlar tomonidan toʻrt marta koʻp ming nusxada qayta nashr qilinib, keng kitobxonlar ommasiga yetkazildi. Bu asar Oʻzbekistonning mustaqillik davri tarixini har tomonlama yoritishi, ilmiy tahlil va dalillarga boyligi bilan ajralib turadi.
Professor N.Joʻrayevning oʻndan ortiq oʻzbek tilida chop etilgan darsliklari hamda Oʻzbekistonda amalda boʻlgan yetti tilda nashr etilgan qariyb oʻttizta darsliklarini mamlakat ijtimoiy makonida yuzaga kelgan keskin ehtiyojni teran anglab, davlat ishlab chiqqan rivojlanish konsepsiyalarini keng ommaga yetkazish maqsadida yaratilgan yuksak maʼnaviy mahsulotlar sifatida baholash mumkin.
Shuningdek, N.Joʻrayevning siyosiy liderlik masalasida ilgari surgan ilmiy taklif va mulohazalari Gʻarbda qoʻllaniladigan anʼanaviy usul va yondashuvlardan tubdan farq qiladi. Zero, demokratiyaning barcha xalqlar uchun yagona va universal mexanizmi boʻlmaganidek, liderlikning ham milliy mentalitetga bevosita yoki bilvosita bogʻliq oʻziga xos jihatlari mavjud boʻlib, ular muallifning ilmiy izlanishlarida oʻzining toʻlaqonli ifodasini topgan.
“Tafakkurdagi evrilish” nomli kitob (“Sharq”, 2001, 236 bet, 13 bosma taboq) istibdod va istiqlol masalalari tahliliga bagʻishlangan. Unda sovet imperiyasi, totalitar rejim, kommunistik mafkuraning yakka hukmronligi, gʻayriinsoniy va gʻayrimilliy qarashlari hamda uning fojialari nazariy jihatdan tahlil etiladi.
Lenin, Stalin, Brejnev, Gorbachev davridagi izchil zoʻravonlik siyosati, milliy respublikalar taraqqiyotini tanazzulga olib borishga qaratilgan siyosiy yoʻl va maqsadlar ilmiy asosda chuqur oʻrganiladi. Ushbu kitob tarixiy hujjatlarga boyligi, tahlil qilingan davr va voqealarning butun murakkabliklarini keng qamrovda yoritib berilganligi bilan ajralib turadi.
Muallif yaqin oʻtmishimiz manzaralarini shunchaki muarrix sifatida qalamga olish bilan cheklanmay, boʻlib oʻtgan voqealar mohiyatini chuqur idrok etish va ularning xulosasini chiqarish yoʻlidan boradi. Xalqimiz sobiq ittifoq davrida boshidan kechirgan azob-uqubatlar, xoʻrliklar, siyosiy va iqtisodiy qaramlik hamda qattol siyosatning oqibatlari haqida muhim xulosalar beradi.
Sobiq tuzumning algʻov-dalgʻovli soʻnggi kunlaridagi murakkab vaziyatda respublikamiz manfaatlarini himoya qilish, xalqimizni qatʼiyat va jasorat bilan istiqlol sari boshlash uchun yurt rahbarining asosiy quroli — rost soʻz va haqiqat, xalqimiz qadr-qimmati, farovonligi va osoyishtaligini taʼminlash boʻlganligi kitobda aniq tarixiy voqea va misollar orqali yoritib beriladi. Tadqiqotda istiqlolning ilk oylari hamda mustaqil davlatchilik poydevorini barpo etish bilan bogʻliq murakkab va mashaqqatli davr voqealari ham hujjatlar va aniq misollar asosida tahlil qilinadi.
“Yangilanishlar konsepsiyasi: yaratilishi, evolyutsiyasi va amaliyoti” nomli risola (“Maʼnaviyat”, 2002, 80 bet, 5 bosma taboq) nazariy-fundamental xarakterga ega boʻlib, Oʻzbekistonda yangilanishlar konsepsiyasining genezisi, uning taraqqiyot tamoyillari va amaliyoti borasida chuqur xulosalar ilgari suriladi.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning asosi sifatida I. Karimov tomonidan ilgari surilgan yangilanishlar gʻoyasi va konsepsiyasi ushbu risolada 13 yoʻnalishda ilmiy-nazariy va fundamental tadqiqot sifatida oʻrganiladi.
Umumtaʼlim maktablarining 11-sinf oʻquvchilariga moʻljallangan “Oʻzbekiston tarixi. Milliy istiqlol davri” darsligi (“Sharq”, 2003, 368 bet, 21 bosma taboq) bu sohada amalga oshirilgan birinchi mustaqil ish hisoblanadi. Ushbu darslik 8 bobdan iborat boʻlib, birinchi bobi “Mustaqil Oʻzbekiston davlatining tashkil topishi” deb nomlanadi. Ushbu bobda mustaqillik — oʻzbek xalqining azaliy orzu-intilishi ekani, Oʻzbekistonda davlat mustaqilligini qoʻlga kiritish jarayonlari va davlat suverenitetining eʼlon qilinishi tarixiy jarayon sifatida oʻrganiladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining umumxalq tomonidan maʼqullanishi, mustaqil davlat ramzlarining qabul qilinishi, Oʻzbekistonning oʻziga xos taraqqiyot yoʻli, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi jarayonlari aniq dalillar va sanalar asosida bayon etiladi.
Darslikda mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, milliy davlatchilik poydevorining barpo etilishi, boshqaruvda yangi usullarning qaror topishi, oʻzbek milliy parlamentarizmiga asos solinishi va oliy vakillik organi — qonun chiqaruvchi hokimiyatning yuzaga kelishi, mahalliy davlat hokimiyati tizimidagi tub islohotlar hamda oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining yanada rivojlantirilishi masalalari batafsil yoritilgan.
Shuningdek, unda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning taʼminlanishi, iqtisodiy islohotlar, bozor munosabatlarining shakllanishi, Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlar strategiyasi, makroiqtisodiyotni barqarorlashtirishga erishish tamoyillari, Oʻzbekistonning maʼnaviy-madaniy taraqqiyot yoʻli, maʼnaviy qadriyatlarning tiklanishi, milliy oʻzlikni anglash jarayonining mohiyati, milliy urf-odatlar va diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi singari inson qadru-qimmati bilan bogʻliq boʻlgan jiddiy islohotlar tarixiy-xronologik tarzda, izchillik va siyosiy tahlil prinsiplari asosida talqin etiladi.
Shuningdek, unda Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga qabul qilinishi, BMTga aʼzo boʻlishi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasidagi oʻrni va roli, Markaziy Osiyo davlatlari bilan qardoshlik munosabatlarining yanada rivojlanishi jarayonlari tarixiy fan metodikasi va zamonaviy pedagogik texnologiyalar talablari asosida yoritilgan.
Oʻrta-maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalari uchun yaratilgan “Oʻzbekiston tarixi. Milliy istiqlol davri” darsligi (“Sharq”, 2004, 400 bet, 25 bosma taboq) mamlakatimizda mustaqillik davri tarixini oʻqitishga oid ilk tajriba boʻlib, oʻz davri uchun yuqori ilmiy-pedagogik qiymatga ega va muhim ilmiy yangilik sifatida eʼtirof etiladi.
Ushbu darslik 10 bobdan iborat boʻlib, unda Oʻzbekistonning mustamlakachilikdan ozod boʻlishi va mustaqil Oʻzbekiston davlatining tashkil topishi, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti, milliy davlatchilikning qaror topishi, mamlakatning demokratik davlat sari yoʻl tutishi hamda fuqarolik jamiyatini barpo etishning dastlabki qadamlariga oid jarayonlar, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor munosabatlarining shakllanishi tarixiy-xronologik meʼyorlar asosida bayon etilgan.
“Oʻzbekiston tarixi. Milliy istiqlol davri” (“Sharq” nashriyoti, 2011, 48 bosma taboq, 736 bet) monografiyasi mustaqillik davri tarixini oʻrganishda muhim qoʻllanma hisoblanadi. Ushbu kitob 2000-yildan boshlab uch marta nashr etilgan boʻlib, har bir nashr keyingi voqea va jarayonlar bilan toʻldirilgan, qayta ishlangan holda chop etilgan.
Tarixiy jarayon shundan dalolat beradiki, jamiyat tubdan yangilanayotgan, turmush tarzi keskin oʻzgarayotgan, fuqarolar tafakkurida chuqur burilish va yangilanishlar yuz berayotgan davrda davlat bosh islohotchi sifatida jamiyat taqdiriga javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi. Fuqarolar esa oʻz istiqbolini davlatga, xususan, davlat rahbariga ishonib topshiradi. Boshqacha aytganda, fuqarolar moʻljalni davlat rahbariga qarab belgilaydi. Oʻzbekistonda ham ana shunday voqelik yuz berdi — davlat bilan jamiyat, davlat siyosati bilan fuqarolar qarashlari uygʻunlashib ketdi.
Natijada, boshqa yosh mustaqil davlatlar orasida Oʻzbekiston har tomonlama kuchli, qudratli va qatʼiyatli davlat sifatida oʻzini namoyon qila oldi. Mazkur kitobda bu holat tarixiy jarayonlar hamda mustaqillik evolyutsiyasi tahlili orqali bosqichma-bosqich va izchil tarzda yoritiladi.
Mustaqillik davri tarixiga bagʻishlangan tadqiqotlar majmuasiga kirgan ushbu kitoblarda butunlay yangi tarixiy jarayonlar, eng yangi davr tarixi va uning taraqqiyot tamoyillari, asoslari hamda bosqichlari ilmiy-nazariy jihatdan tahlil etiladi. Tarixiy jarayon falsafiy, mantiqiy, siyosiy, maʼnaviy va ijtimoiy oʻlchovlarning uygʻunlashgan holda oʻrganilishi bilan ajralib turadi.
Mazkur tadqiqotlarda “Oʻzbekiston mustaqilligi – yangi sivilizatsiyaviy bosqich” deb nom olgan ilmiy konsepsiya ilgari suriladi. Bu esa tarixshunoslikka yangicha yondashuv va yangi ilmiy konsepsiyaning oʻziga xos ifodasi sifatida namoyon boʻladi.
ʻN.Joʻrayev jurnalist-yozuvchi, aniqrogʻi, siyosatshunoslik bilan badiiy ifodani uygʻunlashtirgan tadqiqotchi sifatida qator asarlar yaratdi. Uning har bir asari mamlakat adabiy-badiiy va ilmiy-nazariy makonida muayyan voqea boʻldi, desak, xato qilmaymiz. Muallifning “Yuksalish” nomli kitobi (“Oʻzbekiston” nashriyoti, 1995-yil) mutaxassislar tomonidan munosib bahosini oldi, u umumtaʼlim va oliy oʻquv yurtlarida qoʻllanma sifatida foydalanilgan edi. Hammualliflikda yozilgan “Vatan tuygʻusi” kitobi ham hozir oʻquv yurtlarida qoʻllanma sifatida oʻrganilmoqda.
N.Joʻrayevning “Agar ogoh sen...” nomli kitobi Oʻzbekiston maʼnaviy hayotida siyosiy portret janrida yozilgan birinchi asardir. Bu asar mustaqil Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning dastlabki kunlardanoq yurgizgan oʻziga xos siyosati, uning mashaqqatli va baʼzan xavf-xatarlarga toʻla hayoti haqida muallifning kuzatishlari hosilasi sifatida dunyoga kelgan. N.Joʻrayev shu maʼnoda siyosatshunos, ayrim paytlarda faylasuf, jamiyatshunos, baʼzi holatlarda huquqshunos va nihoyat tarixchi-tadqiqotchi sifatida koʻz oldimizda gavdalanadi. “Agar ogoh sen...” kitobi muallifning eng koʻp tarqalgan va bir yilning oʻzida ikki marotaba, jami 120 ming nusxada chop etilgan ilmiy-ommabop asarlaridan biri boʻldi. 1998-yilda yozilgan va chop etilgan ushbu asar keyinchalik oʻquv yurtlariga darslik sifatida tavsiya etildi.
Portret janri, xususan, siyosiy portret janri oʻzbek fanida nisbatan yosh yoʻnalish hisoblanadi. N.Joʻrayevning bu boradagi oʻziga xos jasorati shundaki, u millat yetakchisi siymosida siyosiy liderga xos sifat va fazilatlarning namoyon boʻlishini nafaqat ilmiy-nazariy tadqiqotlarda, balki amaliy tahlillar vositasida ham yoritib berdi.
N.Joʻrayev mustaqillik davridagi qiyinchiliklar haqida hikoya qilish bilan birga, ularni bartaraf etish jarayonida millat liderining boshidan oʻtgan voqealarni bir nazariyotchi va teran nigohli tahlilchi sifatida kuzatadi hamda kelajak avlod uchun Birinchi Yurtboshining, millat yetakchisining toʻlaqonli obrazini yaratishga urinadi. U Birinchi Prezidentimizning rahbarlik fenomenini, mustaqillikning muallifi ekanligini va ijtimoiy-iqtisodiy muhit taqozosi shunday bir arbobni yetishtirib berganini ilmiy jihatdan asoslab beradi. Respublikada boshlangan islohotlarni birinchi marotaba xalq tarixidagi “Uchinchi uygʻonish davri” deb atab, butunlay yangi ilmiy konsepsiyani ilgari suradi va mustaqillik hamda milliy uygʻonish hodisasini yangi sivilizatsiyaviy jarayonning debochasi sifatida nazariy jihatdan asoslab beradi.
Ushbu ilmiy-nazariy va ilmiy-ommabop asarlarning markaziy leytmotivi — mustaqillikni mustahkamlash, aholi maʼnaviyatini yuksaltirish va Birinchi Prezidentimiz tomonidan mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarning nazariy hamda amaliy jihatdan obyektiv hodisa ekanligini isbotlashdir. Uning asarlarini ana shu muhim omil ajratib turadi. Shu bilan birga, ularning barchasida siyosiy yetakchining va yetakchilik fenomenining oʻziga xos jihatlari haqida atroflicha fikr yuritilgan.
N.Joʻrayevning ilmiy jasorati shundaki, u davlat arbobi faoliyatini shaxsiy fazilatlari, ichki kechinmalari, quvonch va iztiroblari orqali tahlil qilar ekan, shunchaki bayonchilikka yoʻl qoʻymaydi. U maqtovga berilmaydi, shaxsni ortiqcha ulugʻlamaydi. Aksincha, xolis kuzatuvchi va tadqiqotchi sifatida oʻzini u bilan teng qoʻygan holda, yuksak siyosiy tafakkur nuqtai nazaridan fikr yuritadi. Bu esa muallifning mutaxassis olim sifatidagi yetukligi, keng dunyoqarashi va barkamol ilmiy salohiyatidan dalolat beradi.
Mintaqa xalqlarining eng buyuk maʼnaviy va tarixiy merosi boʻlgan “Avesto”ni xalqimizga taqdim etish yoʻlida ham N.Joʻrayev muhim ilmiy tadqiqotlar olib bordi. U ushbu asarning yaratilganidan buyon ilk bor oʻzbek tilida chop etilishiga bevosita rahbarlik qilgan mualliflardan biri hisoblanadi. Kitobning ikkinchi nashrini tayyorlash jarayonida olim avvalgisiga qaraganda mukammalroq, ilmiy jihatdan mustahkam asoslangan yaxlit asar yaratishga muvaffaq boʻldi.
Avestoshunoslik boʻyicha jahonda olib borilayotgan ilmiy izlanishlarga murojaat qilgan Joʻrayev, Nitsheni qaytadan chuqur oʻrgandi. Atoqli mutarjim Ibrohim Gʻafurov yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirgan “Zardusht tavallosi” asarini qayta oʻqib chiqdi. Shuningdek, Nitshening boshqa falsafiy asarlarini ham tahlil qildi. Zarur manbalarni toʻplab boʻlgach, soʻzboshi yozishga kirishdi. Bu jarayonda olim mavjud Nitsheshunoslik tadqiqotlarini ham qaytadan koʻrib chiqqanini kuzatish mumkin.
Zardusht asarining mazmun-mohiyatini chuqur anglagan professor N.Joʻrayev Nitshe falsafasiga nafaqat jamiyatshunos va faylasuf, balki tarixshunos, manbashunos va avestoshunos sifatida ham yondashdi. Natijada, u bu yoʻnalishda ilk qadam sifatida “Tavallodan munojotgacha” nomli falsafiy essesini yozib, “Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qildi. Mazkur esse ilmiy va adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
N.Joʻrayevning “Tarix falsafasining nazariy asoslari” monografiyasi oʻzbek falsafasida mutlaqo yangi yoʻnalish sifatida eʼtirof etiladi. Ushbu monografiya tarixni anglash va uni falsafiy nuqtai nazardan tushunishga oid yangi ilmiy konsepsiyani ilgari suradi. Sharq va Gʻarb tarix falsafasi maktablari chuqur tahlil qilinib, natijada oʻzbek falsafasida tarixga ilmiy yondashuvning yangi qarashlari paydo boʻldi.
Muallif fikrlarining leytmotivi – tarixning ulugʻ murabbiy ekanligini yana bir bor taʼkidlash va tarix falsafasidan zarur xulosalar chiqarib olish zarurligini eslatishdir. N.Joʻrayevning ilmiy asarlari orasida, xususan, “Tarix falsafasining nazariy asoslari” monografiyasi oʻzining betakror jihatlari va ilmiy ibrati bilan alohida oʻrin egallaydi. Ushbu tadqiqot ishi tarixni falsafiy anglash, mantiqiy tushunish, tarixiy jarayonlarni inson orqali talqin qilish, hamda har bir tarixiy voqea-hodisalarni ijtimoiy mazmun va ijtimoiy mohiyat mezonlari asosida ilmiy-nazariy jihatdan oʻrganishga qaratilgan original ilmiy asardir.
Monografiya bir necha ming yillik insoniyat tarixini milliy tafakkur va milliy falsafiy ehtiyojlar nuqtayi nazaridan oʻrganilgan fundamental tadqiqot sifatida ilk bor yuzaga kelgan. Ikkita qismdan iborat ushbu monografiyaning birinchi qismi “Tarix falsafasining nazariy masalalari” deb nomlanib, unda tarix falsafasi, ijtimoiy oʻzlikni anglash jarayoni va milliy gʻoya asosida tarixni falsafiy anglashning zamonaviy tendensiyalari chuqur tahlil qilinadi.
Shuningdek, tarix falsafasi tushunchasiga nazariy-metodologik nuqtai nazardan taʼrif berilib, uning ilmiy asoslari oʻziga xos tarzda ochib beriladi. Oʻzbek milliy tarixshunosligi, tarixnavisligi, falsafasi va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarda ilgari koʻrilmagan “Inson – tarixning yaratuvchisi, mislsiz taraqqiyot va tanazzullar silsilasining ijodkori va merosxoʻri” degan ilmiy konsepsiya birinchi marotaba ilgari suriladi. Bu konsepsiya asosida tarixshunoslik mohiyatan insonshunoslik, jamiyatshunoslik, falsafiy tafakkur va mantiqiy mushohada sintezi ekanligi taʼkidlanadi.
Olamning yaratilishi, insonning vujudga kelishi va kishilik jamiyatining taraqqiyot bosqichlari Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi tafovutlar, munosabatlar va qarashlarning xilma-xilligi orqali oʻrganiladi. Bu tafovutlar natijasida shakllangan ruhiyat, feʼl-atvor hamda maʼnaviy-axloqiy mezonlar tadqiq etiladi. Tarixiy jarayonlar, voqealar va hodisalar tarixiy-falsafiy hamda ijtimoiy-mantiqiy uslubda tahlil qilinadi. Xulosa qilib aytganda, jahon tarixi va umumiy tarixiy taraqqiyot qoidalari, asoslari, omillari hamda yoʻnalishlari chuqur oʻrganiladi.
Narzulla Joʻrayevning koʻplab ilmiy va ilmiy-ommabop asarlari ilmiylik hamda badiiylikni sintezlashtirish uslubida yaratilgan. Jumladan, “Taxayyul, tasavvur, tafakkur” nomli kitobida professor Narzulla Joʻrayev falsafiy tafakkur bilan badiiy tafakkurni uygʻunlashtirish orqali yangi, jasoratli qadam qoʻyadi. Muallif Nitshe tafakkurini tahlil qilar ekan, uning bayon uslubi, fikrni ifodalash shakli Yevropalik donishmandlardan koʻra keskin va yorqin oʻziga xoslikka ega ekanligini taʼkidlaydi.
Nitshe oʻzini Zardusht bilan tenglashtirgan, ular oʻrtasidagi farqni olib tashlaganidek, professor Narzulla Joʻrayev ham Nitshe bilan fikriy musobaqaga kiradi va ruhiy muloqot oʻrnatadi. Natijada, oʻquvchi bu qudratli toʻlqinlar ichida gohida Nitshening vajohatli, isyonkor obrazini, gohida esa oʻzbek faylasufining tashqi koʻrinishda sokin, ammo ichki dunyosida insoniyatga muhabbat olovi yonayotgan samimiy chehrasini koʻradi. Nitshening isyonkor, telbavor va gʻoyat buhronli, dinamitdek kuchli falsafiy gʻoyalari uning qatʼiyat va jurʼat talab qiladigan munosabatlari bilan uygʻunlashadi.
Boshqacha qilib aytganda, oʻzbek olimi hech tortinmay Nitshe bilan tengma-teng fikr almashadi. Natijada u nihoyatda maʼnaviy barkamol boʻlib, Sharqning hayotbaxsh donishmandligini yuksak darajada namoyon eta oladi.
Ulkan madaniy yodgorlik — “Avesto” gʻoyalari va uning yuzaga kelishining ijtimoiy-tarixiy voqelik sifatidagi qadriyati ancha chuqur oʻrganilgan. Forobiyning ijtimoiy falsafasi, inson-jamiyat-jarayon konsepsiyasining ilgari surilishi, shuningdek, tarixiy jarayonlarga yondashishning sharqona usullari va uslublari batafsil tahlil qilingan.
Beruniyning tarix falsafasi, uning tarixiy voqelik va dalillarga yondashish usuli ham keng va chuqur oʻrganilib, u tarixiy dalillar ustida ishlash, voqealarga xolisona yondashish, ularning mohiyatida jamiyat mohiyatini aks ettirish hamda kishilik taraqqiyotining dinamikasini yorqin ifodalash kabi usullari bilan konkret ilmiy xulosalar keltirilgan. Monografiyada Beruniyning bunday qarashlari tarix falsafasining asosiy mezonlaridan biri sifatida talqin etiladi.
Muallif tarix falsafasi haqida fikr yuritar ekan, bu masʼuliyatli ishga Ibn Xaldunning qoʻshgan hissasiga alohida toʻxtaladi. Unga baho berar ekan, Narzulla Joʻrayev Ibn Xaldunning tarixdagi bayonchilik, oshirib-toshirib yozish, safsatabozlik hamda yoqmagan voqealarni keskin tanqid qilish kabi illatlarni birinchilardan boʻlib inkor etganini taʼkidlaydi. Shuningdek, Ibn Xaldunning tarixshunoslikning fan maqomini egallashidagi oʻziga xos tadrijiylikni ilmiy-nazariy jihatdan ochib bergani va bu borada muayyan meʼyorlar yaratgani qayd etiladi.
Olim keyingi yuz yilliklarda jahon tarixini oʻrganish va tadqiq etishda sivilizatsiyaviy yondashuv tendensiyasi ustuvorlik qila boshlaganini taʼkidlaydi. Bu jarayon Osvald Shpengler falsafasining Arnold Toynbi tomonidan davom ettirilishi va lokal sivilizatsiya nazariyasining mumtoz shaklining vujudga kelishi bilan belgilanadi.
Monografiyada anglo-fransuz tarix falsafasining yirik namoyandalari — Karl Popperning ekzistensializm metodologik maktabi, Dekartning “Fikrlayapman, demak yashayapman” konsepsiyasi hamda tarix falsafasi, shuningdek Golbax, Didro, Russo, Volter, Gelvetsiy va boshqalarning tarixni anglash va tarixiy tafakkurning yangi yoʻnalishlari borasidagi qarashlari qiyosiy tadqiq qilingan. Ayniqsa, Reymond Aronning asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar chuqur tahlil etilgan.
Nemis tarix falsafasining yirik namoyandalaridan biri Osvald Shpengler va uning “Yevropa quyoshining soʻnishi” asarida ilgari surilgan tarix falsafasining oʻziga xos yoʻnalishlari ham tadqiq qilingan. Uning madaniy taraqqiyot, tarixiy rivojlanish va insoniyat hayoti dinamikasi xususidagi gʻoyalari yetarli darajada oʻrganilgan. Shuningdek, Gerder, Gegel, Kant, Shopengauer, Diltey, Myuller va Nitshe qarashlariga ham keng oʻrin ajratilgan.
Monografiyada oʻzbek tarixshunosligi va falsafasida birinchi marta tarixni inson orqali anglash — tarixning ijodkori, yaratuvchisi, tarixiy jarayonlarning ishtirokchisi, muallifi va ushbu mahobatli dramaning ijrochisi sifatida inson konsepsiyasi ilgari suriladi. Tarix mohiyatini anglash, inson mohiyatini va uning olamini tushunish orqali amalga oshirilishi taʼkidlanadi. “Tarix — inson mohiyatining inʼikosi” degan gʻoya professor Narzulla Joʻrayevning oʻziga xos ilmiy konsepsiyasi sifatida ilgari suriladi.
Tadqiqotda inson va olam yaralishining mifologik-diniy talqini hamda insonning paydo boʻlishi haqidagi dunyoviy qarashlar parallel ravishda tahlil qilinadi. Bu esa yaxlit insoniyat tarixiy taraqqiyotining asosi sifatida ilmiy tadqiqot obyekti hisoblanadi.
Monografiyada tarix falsafasining obyekti, metodologiyasi, tarixni oʻrganish tamoyillari hamda tarix fanining predmeti haqida jiddiy ilmiy-nazariy xulosalar ilgari suriladi. Tarixiy dalil va ilmiy tahlil muammolari, tarix va germenevtika, tarixiy jarayon va vorisiylik, tarix falsafasida anʼanaviylik va zamonaviylik, tarixiy dunyoqarash va tarix falsafasi muammolari tizimli tarzda, yaxlit holda birinchi marta ilmiy tadqiqot obyekti sifatida yoritiladi. Yaqin oʻtmishdagi tarixiy jarayonlar, kollektivizm va individualizm, totalitarizmning ijtimoiy, siyosiy va tarixiy talqini butunlay yangi yondashuvlar asosida oʻrganilgan.
Monografiyaning ikkinchi qismida butunlay yangi tarixiy jarayonlar — eng yangi tarix va uning taraqqiyot tamoyillari, asoslari, bosqichlari ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etiladi. Tarixiy jarayon falsafiy, mantiqiy, siyosiy, maʼnaviy va ijtimoiy oʻlchovlarning sintezlangan tarzda oʻrganilishi bilan ajralib turadi. Ushbu qism “Oʻzbekiston mustaqilligi — yangi sivilizatsiyaviy bosqich” deb nomlanib, tarixshunoslikda yangicha yondashuv va ilmiy konsepsiyaning oʻziga xos koʻrinishini ifodalaydi.
Tadqiqotda Oʻzbekiston umum-sayyoraviy tarixiy jarayonning faol subyekti sifatida koʻriladi. Unda ijtimoiy, iqtisodiy va xaotik holatlarni tartibga solish, yangi davlatchilik tizimining vujudga keltirilishi, shuningdek davlatning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy siyosati aniq tarixiy jarayonlar orqali tahlil qilinadi.
Yangi ming yillikda jahon sivilizatsiyasi va insoniyat taqdiri global mohiyat kasb etayotgan hozirgi kunda ushbu masalalarni tarixiy jarayon va insoniyat taraqqiyotining dinamikasi orqali talqin etish monografiyaning oʻziga xos ilmiy yangiligi va nazariy salmogʻini belgiladi. Unda hozirgi davrning umumbashariy muammolari, global muammolar tizimida dunyo va insoniyat hayoti, uning istiqboli, axborot tigʻizlashgan jamiyat va insoniyat tarixi, XXI asrda yuzaga kelayotgan axborot-psixologik tahdid, madaniyatlararo integratsiya hamda umuminsoniy qadriyatlarga bogʻliq jarayonlarning ijobiy va salbiy jihatlari har tomonlama chuqur tahlil etilgan.
Prezident Sh.M. Mirziyoyevning siyosiy faoliyati, davlat arbobi va siyosiy yetakchi sifatidagi fenomeni atoqli siyosatshunos olim Narzulla Joʻrayev tomonidan birinchi marta ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq qilindi. Prezidentning siyosiy siymosiga chizgilar shaklida yaratilgan “Tamaddunga daʼvat” nomli ushbu tadqiqot ishida davlat rahbarining oʻziga xos boshqaruv usuli va uslubi, uning fenomenal jihatlari, muammolarga yondashish shakli hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlar oqimini oldindan bilish va prognozlash salohiyati tahlil qilinadi.
“Tamaddunga daʼvat” kitobi 2018-yili “Oʻzbekiston” nashriyotida ommaviy nusxalarda chop etildi va keng kitobxonlar auditoriyasida katta qiziqish uygʻotdi. Ushbu asar 2020-yili Latviyada “Palmarium Academic Publishing” nashriyotida “Призыв к цивилизации” nomi bilan, 2021-yili esa Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Супер издевательство” nashriyotida bosma va elektron shakllarda nashr etildi.
Professor Narzulla Joʻrayevning ilmiy tadqiqot ishlari jahon miqyosidagi nufuzli ilmiy nashrlarda ketma-ket eʼlon qilindi. Jumladan, uning “Supplication, Imagination, Thought” monografiyasi 2017-yilda Germaniyadagi Lambert Academic Publishing nashriyotida ingliz tilida chop etildi. Shuningdek, “Так говорил Ницше: Человек и жизнь. Мышление и философия Фридриха Ницше” monografiyasi 2020-yilda Latviya davlatining Palmarium Academic Publishing nashriyotida rus tilida, “Philosophy of Suffering” monografiyasi esa 2021-yilda Hindiston va Buyuk Britaniyada faoliyat yurituvchi Book Publisher International nashriyotida ingliz tilida ommaviy nusxalarda nashr qilindi.
Narzulla Joʻrayevning notiqlik mahoratini taʼriflamaslikning iloji yoʻq. U soʻzni chuqur his qiladi, har bir soʻzni oʻz oʻrnida aniq ishlatadi. Auditoriyani tez anglaydi, tinglovchi qalbiga toʻgʻri kirib boradi va ularni junbishga soladi. Notiqlik sanʼatining yirik va betakror namoyandasi sifatida uning auditoriya bilan aloqa oʻrnatish, tinglovchilar diqqatini bir zum ham susaytirmay tutib turish mahorati oʻrganishga arzigulikdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi, uning besh tashabbusi, Parlamentga Murojaatnomalari yuzasidan turli tashkilot va muassasalarda, shuningdek viloyatlar va uzoq tumanlarda oʻqigan maʼruzalari tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Auditoriya qalbiga kirish, ularni zabt etish orqali tegishli gʻoyani tinglovchi xotirasida abadiy muhrlash mahorati professor Narzulla Joʻrayevga xos hodisadir.
Respublika maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot guruhi tarkibida mamlakatimizning uzoq qishloq va shaharlarida olib borilgan targʻibot-tashviqot ishlarida u ana shu boy tajribasidan samarali foydalanmoqda. Keng jamoatchilik Narzulla Joʻrayevni yirik mafkurachi, noyob soʻz ustasi, otashin notiq va joʻshqin targʻibotchi sifatida tan oladi.
Professor Narzulla Joʻrayev bir umr ilm va tafakkur yoʻlida hormay-tolmay mehnat qilayotgan chinakam zahmatkash va fidoyi insondir. Bosmaxonada ish boshlagandan tortib, Oʻzbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan davrlarida, uzoq yillar oʻzi boshqarib kelgan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining “Ijtimoiy fanlar” kafedrasida hamda hozirda ISFT instituti rektori maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib, oʻnlab shogirdlarga ustozlik qilib kelmoqda. Shunday ishchanlik muhiti uni hech qachon tark etmadi. U olimlarga va haqiqiy ziyolilarga xos anʼanalarga qatʼiy rioya qilib kelar ekan, qoʻl ostidagi xodimlari va shogirdlaridan moddiy va maʼnaviy yordamini hech qachon darigʻ tutmaydi.
Oʻzbekiston ijtimoiy-gumanitar fanlarida siyosatshunoslik, tarix va falsafa kesishgan nuqtada Narzulla Joʻrayevning serqirra va mazmundor ilmiy maktabi vujudga keldi. Uning bevosita ilmiy rahbarligi ostida dissertatsiya himoya qilgan fan nomzodlari (PhD) soni oʻttizga yaqin, fan doktorlari (DSc) esa oʻnga yaqin. Hozirda uning rahbarligi ostida yana oʻnlab doktorlik ishlarini bajarayotgan yosh va iqtidorli tadqiqotchilar faoliyat yuritmoqda.
Jami 132 ta monografiya, darslik, risola va ilmiy-ommabop asarlar muallifi boʻlgan Narzulla Joʻrayevning 21 ta kitobi dunyoning toʻqqiz tilida, oʻnta davlatida ommaviy nusxalarda chop etilgan. Ushbu asarlari uchun Yevropa Ittifoqining uchta, Germaniyaning uchta, shuningdek, Oʻzbekistonning yettita, jami oʻn uchta patentini olgan.
Siyosiy fanlar doktori, professor, uchta xalqaro fanlar akademiyasi akademigi, fan, madaniyat va jamoat arbobi Narzulla Joʻrayev ayni ijodiy kamolot pallasida. U yangi ilmiy loyihalar va fundamental tadqiqotlar ustida katta joʻshqinlik va kuch-gʻayrat bilan ish olib bormoqda.