Olim

JUMANIYAZOV MAQSUD JABBIYEVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Jumaniyazov Maqsud Jabbiyevich 1960-yilda tugʻilgan, millati oʻzbek, 1982-yilda Toshkent politexnika institutining «Noorganik moddalar texnologiyasi» mutaxassisligini tugatgan. 1987-yilda nomzodlik, 2005-yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Texnika fanlari doktori, professor.



M.J. Jumaniyazov Urganch davlat universitetiga 1992-yilda «Umumiy va organik kimyo» kafedrasi dotsenti va mudiri vazifasi lavozimiga ishga qabul qilingan. Shu yildan buyon oliy dargohga mehr qoʻyib, sidqidildan fidokorona, halol mehnat qilib kelmoqda. U mazkur oʻquv dargohidagi faoliyati davrida oddiy oʻqituvchilikdan kafedra mudiri, fakultet dekani, tarbiyaviy ishlar boʻyicha rektor muovini va oʻquv ishlari prorektori darajasiga koʻtarildi. Bor kuchi va bilimini vatanimiz uchun yuksak malakali kadrlar tayyorlashga bagʻishlab kelayotgan tajribali va faol oʻqituvchi, bagʻrikeng rahbar, mamlakatimizda kimyoviy texnologiyalar sohasining taniqli, serqirra olimi.



Koʻp yillik samarali faoliyati natijasida orttirgan ilmiy, amaliy va pedagogik tajribasi, chuqur bilimiga tayangan holda minglab talabalarga ta’lim-tarbiya berdi. Ularni sadoqatli, yurti uchun  halol xizmat qiladigan, ona Vatanga muhabbatli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalab, yuqori malakali kadrlar qilib yetishtirdi. Universitetdagi ish faoliyati davomida oʻnlab talabalar nomdor stipendiyalar, olimpiada gʻoliblari, xorijiy davlatlar tanlovlarining sovrindorlari boʻldilar. M.J. Jumaniyazov tayyorlagan shogirdlari ichida 100 dan ortigʻi turli davlat tashkilotlarida va korxonalarda rahbarlik darajasiga koʻtarilib,   vatanimiz uchun jon kuydirib faoliyat olib bormoqdalar. Qoʻlida ta’lim olgan bitiruvchilaridan 15 nafari fan nomzodi va doktori darajasigacha yetishdilar. Uning bevosita rahbarligida bir nafar fan doktori, 3 nafar fan nomzodi va 2 nafar falsafa doktorlari tayyorlandi. Hozirda 5 nafar shogirdi falsafa doktori va 2 nafari fan doktori dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida turibdilar. M.J. Jumaniyazov 350 dan ortiq ilmiy ishlar, 15 ta ixtiro, 11 ta uslubiy qoʻllanmalar va ikkita monografiya muallifi. Ilmiy ishlari chet elning (Angliya, Avstraliya, Germaniya, Xitoy, Hindiston va Rossiya) va Respublikaning nufuzli ilmiy jurnallarida e’lon qilindi, 30 ortiq davlatlarda xalqaro anjumanlarda qatnashdi.



2025-yilda t.f.d., professor M.J. Jumaniyazov tomonidan yaratilgan, jahon standartlari talablariga to‘la mos keluvchi metallar zangini bir zumda tozalovchi  vositalarning yangi avlodi xalqaro miqiyosda e’tirof etildi va ushbu ixtiroga  Yevroosiyo  patenti berildi (patentning rasmi beriladi). Ushbu patent Yevroosiyo patent tashkilotiga a’zo bo‘lgan  barcha davlatlar hududida amal qilib, ixtironing huquqiy muhofazasini 20 yil muddatda ta’minlaydi.



M.J. Jumaniyazov tomonidan yaratilgan import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar.



M.J. Jumaniyazov dunyoda birinchi boʻlib qurilish sohasining eng muhim materiali hisoblangan izolyatsion bitumlarning neftsiz turlarini yogʻ-moy sanoati chiqindisi-gossipol smolasidan olishni kashf qildi va oʻzi tomonidan tashkil etilgan «Xorezm antikorr invest» ishlab chiqarish korxonasida va «Korroziyaga qarshi izolyatsiya ilmiy markazi» XKda xalqaro talablarga toʻla mos keladigan, eksportga yoʻnaltirilgan ushbu neftsiz bitumlarning 5 ta markasini keng ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Respublikamizga yiliga 700 ming tonnadan ortiq qurilish bitumi import boʻlayotgan hamda neft zaxiralarining kamayib ketayotgan davrda dunyo ushbu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish Respublikamiz xalq xoʻjaligida yirik muammoviy masalasining yechimi boʻlib xizmat qildi. Bugungacha qiymati 15 mlrd. soʻmdan ortiq neftsiz bitumlar mamlakatimizning ichki bozorlarga sotildi va 125 ming AQSh dollaridan ortigʻi eksport qilindi.



M.J. Jumaniyazov metallar zanglashining oldini oluvchi, import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar yaratish boʻyicha oʻziga xos maktab yaratgan Respublikamizning koʻzga koʻringan olimlaridan biridir. Uning xalqaro darajada e’tirof etilgan ilmiy ishlari, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik ravnaqida muhim oʻringa ega ixtirolari talaygina. U yaratgan texnologiyalarning 20 tasiga jahon standart talablariga mos kelishi haqida xalqaro ISO 9001:2015 sertifikatlari va xalqaro KOD TNVED berilgan.



M.J. Jumaniyazov tomonidan yaratilgan metallar zangini  bir zumda tozalovchi «PREMOD» va «PMR» nomli dunyoda analogi yoʻq, tannarxi arzon, samarasi chet ellarnikidan ustun vositalarning 5 ta turi nafaqat Respublikamizda, balki Oʻrta Osiyoda birinchi bor keng doirada ishlab chiqarish tashkil etildi. Bu mahsulotlar ham dunyo standart talablariga toʻla mos boʻlib, Xalqaro ISO 9001:2015 sifat sertifikatiga ega va import analoglaridan ustun.



M.J. Jumaniyazov Uning tomonidan yaratilgan texnologiya asosida 4 turdagi «KORNET» va «UNAKOR» nomi bilan universal qoplamalarni keng doirada ishlab chiqarish tashkil etildi. Yuqori sifati hamda tannarxining arzonligidan analoglaridan ustun. Mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasining Xalqaro menejment talablariga mos kelishiga ISO 9001:2015 sertifikati berilgan.



Respublika yarmarkalardagi ishtiroki.



Jumaniyazov M.J. tomonidan yaratilgan va keng ishlab chiqarishga qoʻyilgan metallar zanglashiga qarshi qoplamalar, zangni tezkor yuvuvchi vositalar va neftsiz bitumlar 2010-2020-yillarda oʻtkazilgan Respublika doirasidagi yarmarkalarda, Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjalarda, "InnoWeek.uz" Xalqaro Innovatsiyalar yarmarkalarida namoyish etildi. Oʻtgan yillar davomida «Yilning eng yaxshi biznes gʻoyasi», «Eng sanoatbob ishlanma» «Yilning eng yaxshi mahsuloti» nominatsiyalarining bir necha bor gʻolibi boʻldi.



M.J. Jumaniyazov 2015-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan koʻrik tanlovida “Eksportbop neftsiz qurilish bitumlar olishning jahon standartlari asosidagi texnologiyasi va amaliyotga tatbiqi” nomli loyihasi bilan ishtirok etib, faxrli 3-oʻrinni egallab, maxsus diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.



2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilgan «Tashabbus-2018» koʻrik tanlovida uning yaratgan mahsulotlari «Eng yaxshi innovatsion loyiha» nominatsiyasining gʻolibligini qoʻlga kiritdi.



Osiyo, Yevropa va amerika davlatlaridagi xalqaro yarmarkalardagi ishtiroki.



Jumaniyazov M.J. tomonidan yaratilgan va keng ishlab chiqarilayotgan neftsiz bitumlar, metallar zanglashining oldini vositalar va zangni bir zumda ketkazuvchi mahsulotlar Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlarida boʻlib oʻtgan xalqaro yarmarkalarda ham namoyish qilindi. Jumladan, 2016-yil fevral oyida Germaniyaning Berlin shahrida «BAUTEC BERLIN», 2016-yil aprel oyida Turkmanistonning Ashxobod shahrida «INTERNATIONAL CONSTRUCTION EXHIBITION», 2016-yil noyabr oyida BAAning Dubay shaharlarida oʻtkazilgan «THE BIG 5 INTERNATIONAL BULDING CONSTRUCTION SHOW» xalqaro yarmarkalarda namoyish etildi va maxsus sertifikatlar, diplomlar bilan taqdirlandi. 2017-yil 6-12-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Davlat tashrifi doirasida Tojikistonning Dushanbe shahrida va 2023-yil 22-23-mart kunlari Qozogʻistonning Astana shaharlarida tashkil qilingan «Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan» mahsulotlar koʻrgazmasida namoyish qilindi va yuqori baho berildi. Mahsulotlarning Tojikiston va Qozogʻistonga eksport qilinishi kelishib olindi.



2018-yil 26-iyun - 5-iyul kunlari t.f.d., prof. Jumaniyazov M.J. AQShning Nyu-York shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Uz-American Trade Corporation kompaniyasi bazasida tashkil etilgan Oʻzbekiston savdo uyida yaratilgan neftsiz bitumlar toʻgʻrisida batafsil prezentatsion ma’ruza qildi. Amerikalik mutaxassislar tomonidan ushbu mahsulotlar jahon standartlariga toʻla javob berishi va AQSh bozorlarida sotish boʻyicha katalogga kiritilishi boʻyicha xulosa berdilar. Shu bilan birga yogʻ-moy kombinatlari chiqindisi-gossipol smolasidan raqobatbardosh mahsulotlar olishning M.J. Jumaniyazov tomonidan yaratilgan texnologiyalarini Amerika Qoʻshma Shtatlarida va Kanada davlatida qoʻllash masalalari kelishib olindi va bu haqda maxsus sertifikat berildi.



M.J. Jumaniyazov tomonidan yaratilib, ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar Singapurning «ENTER ENGINEERING PTE.LTD» va Chexiyaning «ERIELL CORPORATION S.R.O.» kompaniyalariga yetkazib berilmoqda. Hozirgi kunlarda Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Xitoy kabi mamlakatlar vakillari bilan ushbu mahsulotlarni yetkazib berishga boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.



Davlat grantlari, xoʻjalik shartnomalari asosida bajargan innovatsion amaliy tadqiqotlari.



Prof. Jumaniyazov M.J. rahbarligida Davlat buyurtmasiga asosan quyidagi mavzularda grantlar bajarildi: 2009-2010-yillarda IKB-10-04 «Universal zangga qarshi qoplamalar» mavzusidagi 55,0 mln soʻmlik,  2012-2014-yillarda ITD-12-57 «Mahalliy resurslar va sanoat chiqindilari asosida yangi tur zang oʻzgartiruvchi modifikatorlar texnologiyasini yaratish» mavzusidagi 110,467 mln soʻmlik, 2014-2015-yillarda IOT-2014-7-20 «Fizik, kimyoviy va texnologik parametrlari takomillashtirilgan oʻrama izolyatsion materiallar olish texnologiyasini amaliyotga joriy etish» mavzusidagi  86,34 mln soʻmlik, 2019-2019-yillarda I-2017-7-11 «Eksportbop neftsiz qurilish bitumlar ishlab chiqarishning jahon standartlari asosidagi texnologiyasi va amaliyotga tadbiqi» mavzusidagi 150,0 mln soʻmlik innovatsion va amaliy tadqiqotlar va 2019-2020-yillarga moʻljallangan 595,998 mln soʻmlik startap loyihasi barcha talablar asosida bajarildi va yaratilgan texnologiyalarning hammasi keng ishlab chiqarishga yuqori samara bilan tatbiq qilindi.



Mamlakatimizning koʻplab yirik va kichik korxonalari ishlab chiqarish uskunalari va inshootlarining zanglash muammolarini hal qilish boʻyicha M.J. Jumaniyazovga murojaat qilishadi. Jumladan, Navoiy togʻ-metallurgiya kombinati, Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodi va «Maksam-Chirchiq» AJlarida uning ilmiy ishlanmalari keng doirada qoʻllanildi.  2018-yil 15-fevral kuni «Maksam-Chirchik» AJda «Metallar zanglashiga qarshi qoplamalar» va «Zangni tozalash vositasi» kabi vositalarni uchun maxsus uskunalar oʻrnatilib, keng miqyosda ishlab chiqarishga start berildi. Uning tomonidan bugungacha bajarilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga koʻra universitet gʻaznasiga 700 mln soʻmdan ortiqroq pullar kelib tushdi. Xorazm viloyati Hokimligi va innovatsion rivojlanish vazirligi bilan 2021-yilda tuzilgan shartnomaga koʻra 600 mln soʻmlik ishlar bajarildi.



Jumaniyazov M.J. rahbarligida 2021-2023-yillarda Innovatsion hudud boʻlgan Xorazm viloyatining Gurlan tumanida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 1 243 517 000,0 soʻm moliyalashtirilgan tijoratlashtirish loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida ishlab chiqarilayotgan zangni bir zumda tozalovchi vositalarning dunyoda analogi yoʻq. Oʻrta Osiyo bu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishiga birinchi bor asos solindi. Mahsulotlar oʻta qadrli boʻlib, ularga boʻlgan talab xalq xoʻjaligining barcha sohalarida oʻta yuqori. Loyihaning bajarilishidan mamlakatimizga bu turdagi mahsulotga boʻlgan talabi toʻla hal qilinadi va metallar zangini bir zumda tozalovchi vositalar ishlab chiqarishni tashkil etish davlatimizni iqtisodiy rivojlantirishga oʻzining katta hissasini qoʻshadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Respublika va chet ellar bozorida oʻz oʻrnini mustahkam topishi muqarrar.



2025-yil yanvar fevral oylarida professor M.J. Jumaniyazov rahbarligida Navoiy togʻ-metallurgiya kombinatiga qarashli Uchquduqda joylashgan GMZ-3 korxonasiga oʻrnatilgan bioreaktorlarni passivatsiya va travlenie qilish borasidagi oʻta murakkab ilmiy jarayon amalga oshirildi. Bu jarayonni amalga oshirilishida korxona tomonidan 2 600 000 000 soʻm moliyalashtirildi. Barcha vazifalar jahon andozalariga toʻla mos ravishda oʻz vaqtida bajarildi.



M.J. Jumaniyazov rahbarligida yuqorida sanab oʻtilgan ilmiy, amaliy, startap va tijoratlashtirish loyihalarini bajarishda qatnashgan professor oʻqituvchilar, magistr va talabalarga qoʻshimcha ish haqlari bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratildi.



Jumaniyazov M.J. xorijiy davlatlar va Respublikaning qator tanlovlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta maxsus ta’lim Vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnologiyalar agentligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi uni bir necha bor faxriy yorliq, maxsus diplom va sertifikatlari bilan taqdirlaganlar.



Ixtisoslashgan kengashlardagi faoliyati va nufuzli ilmiy jurnallardagi tahririyat a’zoligi.



M.J. Jumaniyazov 2010-2015-yillarda Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK huzuridagi «Fan va taraqqiyot» DUKda DSc 03/30.12.2019.K/T.03.01-raqamli ixtisoslashgan kengash a’zosi. 2017-yildan beri OʻzFA Umumiy va noorganik kimyo instituti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi DSc.27.06.2017.K/T.35.01-raqamli ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi, hamda 2019 yildan beri Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi PhD.03/30.12.2019.T.20.03- raqamli Ilmiy Kengashning rais oʻrinbosari hisoblanadi. Bir vaqtning oʻzida Urganch davlat universiteti huzurdagi PhD. 03/30.11.2021.T.55.06 raqamli ilmiy kengash raisidir. 2024-oktyabr oyidan boshlab M. Auezova nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti huzuridagi 8D07160 (6D072000) – raqamli ixtisoslashgan kengash a’zosi hisoblanadi.



Nafaqat Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy jurnallarida, balki Rossiya Federatsiyasining nufuzli UNIVERSUM va Xalqaro ilmiy hamkorlik markazining NOVAYa NAUKA jurnallarida redkollegiya a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.



M.J. Jumaniyazov yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarda faol qatnashib, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlida tashabbus va shaxsiy ibrat koʻrsatib kelayotgan vatanparvar, fidoiy, mamlakatimizda nom qozongan murabbiydir. Koʻp yillik ish faoliyati davomida oʻzining iste’dodi, kasbiy mahorati va ilmiy salohiyati bilan Respublikamizda va jahonda yuksak darajadagi yutuqlarga erishgan, mamlakatimizni oʻz sohasi boʻyicha dunyoga tanitishda hissa qoʻshgan serqirra olim.



Urganch davlat universitetining faxri, talabalar va professor- oʻqituvchilar orasida yuksak hurmatli, mehribon, suyukli ustoz. Oilalik, uch nafar farzandning, 7 nafar nabiraning otasi.