Olim

ABDURAXIMOVA FARIDA YULDASHEVNA

Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent

   Abduraximova Farida Yuldashevna 1950-yil 11-avgustda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug'ilgan. Millati - o'zbek, oilali, 3 nafar farzandi bor. Ma'lumoti - oliy, 1974-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo'yicha mutaxassisligi - jurnalist. Mehnat faoliyatini 1968-yilda "Yosh leninchi" (hozirgi "Turkiston") gazetasi texnik kotiba-mashinistkasi, adabiyot xodimi lavozimida boshlagan. 1973-yilda O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi konsultanti, referenti, sho'ba mudiri bo'lib ishlagan. 1984- yildan O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi Toshkent tashkiloti mas'ul kotibi, 1991- yildan boshlab O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari, 1992-1995 yillar mobaynida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi madaniyat, ommaviy axborot vositalari va turizm sho'basi mudiri, ijtimoiy masalalar bo'limining sho'ba mudiri, katta eksperti lavozimida faoliyat olib borgan, 1995-2004 yillarda Toshkent shahar hokimining oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo'yicha o'rinbosari - shahar Xotin-qizlar qo'mitasining raisi, 2004-2017 yillari Toshkent shahar hokimining o'rinbosari - shahar xotin-qizlar qo'mitasining raisi, 2018-2019 yillari Toshkent shahar "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qoshidagi Maxsus o'quv kurslarini tashkil etish va o'tkazish bo'limi boshlig'i lavozimida ishlagan.



   Farida Abduraximova uzoq yillik mehnat faoliyati davomida sohadagi tajribali, tashabbuskor tashkilotchi, rahbar ayol va yoshlar murabbiyi sifatida tanilgan. U 1999-yilda "Do'stlik" ordeni, 2009-yilda "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni, 2019-yilda "Mehnat faxriysi" I darajali ko'krak nishoni va 2021-yilda "O'zbeskiton Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Farida Abduraximova 2019-yilning 27 sentabr oyidan boshlab O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita Xotin-qizlar bilan ishlash va Targ'ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i lavozimida ishlab kelmoqda.



   O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xotin-qizlar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika Targ'ibot guruhining a'zosi sifatida o'zining "Oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashning huquqiy va diniy tamoyillari" nomli va shunga o'xshash bir qancha qo'llanmalari bilan yurtimizdagi oilalarning muhtahkamligi, xotin-qizlar o'rtasida milliy madaniyatimiz va an'analarimizni o'sib kelayotgan yosh qizlarga yetkazish borasida arzigulik ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xotin-qizlar o'rtasida milliy madaniyatimiz va an'analarimizni keng targ'ib qilish hamda ijtimoiy-ma'naviy-axloqiy ko'makka muhtoj oilalardagi ayollarning dunyoqarashini ijobiy tomonga o'zgartirish borasida diniy-ma'rifiy mazmunda nashr etilgan 10 dan ortiq ma'naviy-ma'rifiy kitob hamda risolalarga mualliflik va muharrirlik qildi. Ma'naviyat va ma'rifat hamda diniy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan ko'plab normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar loyihalarini tayyorlashda qatnashib kelmoqda.



   F.Abduraximova bugungi kunda barcha hududlardagi "Buvijonlar maktabi"ni tashkil etishda, uni samarali faoliyat olib borishda uning boy hayotiy tajribasi juda qo'l kelmoqda. Shuningdek, u yoshlarni, jumladan qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ajralishlarning oldini olish borasida tashkil etilgan "Yosh oila quruvchilar maktabi" mashg'ulotlarida ham bevosita ishtirok etib, yoshlarga ko'plab amaliy tavsiyalar berib kelmoqda. 2009 yilda Xalq deputatlari Toshkent shahr kengashi deputati, 2010 yilda esa O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zosi etib saylangan. Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent. Oliy Majlis huzuridagi Gender tengligi komissiyasining ekspertlar guruhi a'zosi hisoblanadi. Senat Kengashining qarori bilan 2020 yilda "Faxriy senator" a'zoligiga qabul qilingan. Abdurahmonova Farida Yuldashevna o'ziga yuklatilgan barcha lavozimlarda mas'uliyatliligi, halolligi, tashabbuskorligi hamda mehnatsevarligini namoyon qilib, tajribali ayol, rahbar va ayni paytda talabchan, mohir tashkilotchi sifatida hurmat-e'tibor qozongan.