Olim

KUSHANOV FAXRIDDIN NEʼMATULLAYEVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

Kushanov Faxriddin Nе’matullayevich – 1977-yilda tug‘ilgan, millati o‘zbek. O‘zbekiston Respublikasida molekulyar genetika, genomika va bioinformatika sohalaridagi yirik olimlardan biri, biologiya fanlari doktori (DSc), professor, iqtidorli tadqiqotchi va zamonaviy biotexnologiyani amaliyotga tatbiq etishda faol ishtirok etuvchi mutaxassis sifatida tanilgan.



Faxriddin Kushanov dastlab (1996-2000-yy. da) Samarqand Qishloq xo‘jaligi institutida bakalavriaturada tahsil olib, keyinchalik (2000-2002-yy. da) Toshkent Davlat Agrar universitetida magistraturada o‘qishni davom ettirdi. 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va O‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida (IGEBR) (aspiranturada) o‘simliklar genetikasi sohasida o‘zining ilk ilmiy-tadqiqot ishlarini boshladi. 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va O‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida (IGEBR) aspiranturada o‘simliklar genetikasi sohasida o‘zining ilk ilmiy-tadqiqot ishlarini boshladi. Yosh tadqiqotchi 2005-yili AQSHning Qishloq xo‘jaligi va mexanizatsiya universitetida (TAMU), shuningdek Qishloq xo‘jaligi departamentiga (USDA-ARS) qarashli ilmiy markazda professorlar Alan Pepper va John Yu rahbarligida ilmiy stajirovka o‘tab, malakasini oshirib qaytdi. Aspirantura va doktorantura u ustozlari A. Abdukarimov hamda I. Abduraxmonov kabi akademiklar rahbarliklarida ilmiy izlanishlar olib bordi. 2008-yilda nomzodlik, 2018-yilda esa doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

  

2009-2012-yillarda u mazkur institutida katta ilmiy xodim, 2012-2020-yillar davomida esa O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor o‘rinbosari kabi turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Ushbu davr mobaynida u o‘simliklarning molekulyar genetikasi, genomikasi va seleksiyasi yo‘nalishlarida keng qamrovli va ilmiy jihatdan ahamiyatli tadqiqotlar olib bordi. Shu bilan birga, bir qator ilmiy loyihalarga rahbarlik qilib, sohada amaliy va nazariy yutuqlarga erishdi. Uning ilmiy ishlari asosan qishloq xo‘jalik ekinlari xususan, g‘o‘za va bug‘doyda xo‘jalik uchun ahamiyatli genlarni identifikatsiya qilish, ularning xromosomalaridagi o‘rnini aniqlash (xaritalash), DNK markerlarini tatbiq qilish va shu asosda seleksiya samaradorligini oshirishga qaratildi.



2018-2019-yillarda F. Kushanov O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritgan. Ushbu muddat davomida sohadagi mutaxassislarga zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar berish, sohaning barqaror rivojiga ko‘maklashish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishida faol ishlar amalga oshirgan. 



2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan Faxriddin Kushanovga professor ilmiy unvoni berildi. F.Kushanov muallifligida, zamonaviy, markerlarga asoslangan seleksiya (MAS) texnologiyalaridan foydalanib yuqori sifatli va serhosil, jumladan g‘o‘zaning – “Ravnaq-1”, “Ravnaq-2”, “Baraka”, “Saxovat”, “Tafakkur”, “Zakovat”, “Mohinur”, “Meros”, va “Kelajak-2”; bug’doyning – “Mezon”, “Mo’ynoq” hamda “Nukus-95”; shuningdek qulupnayning – “Tandem” navlari yaratilgan.



U 300 dan ortiq ilmiy nashr muallifi hisoblanib, ulardan 20 ga yaqini Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indeksatsiyalangan nufuzli jurnallarda chop etilgan. Bundan tashqari, uning muallifligida 3 ta monografiya va 1 ta xalqaro kitob bobi nashr etilgan. Shu bilan birga, professor F. Kushanov mahalliy va xalqaro ilmiy jurnallar tahrir hay’atlarida a’zo sifatida faoliyat yuritib, ilmiy muhitdagi ekspertlik va tahririyat ishlarida ham munosib o‘rin egallab kelmoqda.



Faxriddin Kushanov – bu ism bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro ilmiy maydonda ham tobora tanilib borayotgan, o‘zbek biologiya fanining yuksak salohiyatini ifoda etuvchi allomalardan biridir. U Germaniyaning Heynrix Hayne universiteti hamda Ispaniyadagi CRAG (Centre for Research in Agricultural Genomics) ilmiy markazida o‘tkazilgan o‘quv-treninglarda faol ishtirok etib, xalqaro ilmiy tajribalarni O‘zbekiston ilmiy maktabiga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shgan. Shuningdek, u mazkur nufuzli ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda xalqaro memorandumlar imzolanishiga tashabbus ko‘rsatgan va amaliyotga joriy etilishida faol ishtirok etgan. 

 

Bugungi kunda AQSH, Germaniya, Ispaniya, Xitoy, Belorussiya va Turkiya kabi mamlakatlarning yetakchi olimlari bilan qo‘shma ilmiy loyihalarda uning hamkorlikdagi tadqiqotlari O‘zbekistonda olib borilayotgan ilmiy ishlarning xalqaro miqyosda tan olinishiga va global ilmiy hamjamiyat bilan integratsiyasiga xizmat qilmoqda.

Professor F. Kushanov yuqori malakali pedagog sifatida ham e’tirof etilgan. 2016-yildan buyon u O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakultetining “Genetika” kafedrasida dotsent, keyinchalik professor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U “Genomika asoslari”, “Proteomika va metabolomika”, “Molekulyar genetika va gen muhandisligi” kabi zamonaviy fanlardan bakalavr va magistr bosqichida dars berib kelmoqda. Shuningdek, u Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU), Samarqand davlat universiteti (SamDU) va Namangan davlat universiteti (NamDU) kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ham zamonaviy biotexnologiya fanidan leksiya va amaliy mashg‘ulotlar olib borgan. Uning pedagogik faoliyati yosh olimlar avlodini tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Hozirgacha u 20 ga yaqin bakalavr va magistr talabalarining ilmiy rahbari sifatida samarali ish olib borgan.

  

Professor F. Kushanov o‘z ilmiy faoliyati davomida 7 nafar PhD (falsafa doktori) ilmiy darajasini himoya qilgan tadqiqotchini tayyorlagan va hozirda ham bir qator yosh olim va tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlikni davom ettirmoqda. Uning pedagogik va ilmiy faoliyati respublika miqyosida yuksak baholanib, u doimiy ravishda bir necha dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Ilmiy kengashlar hamda ilmiy seminarlar tarkibida a’zo sifatida faol ishtirok etmoqda.

 

Hozirgi kunda professor Faxriddin Kushanov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida “O’simliklar genom tadqiqotlari” laboratoriyasi mudiri sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. U, shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan fundamental va amaliy tadqiqot loyihalariga rahbarlik qilmoqda. Professor Kushanov o‘zining chuqur nazariy bilimlari, ilmiy-tadqiqot tajribasi, tashabbuskorligi, tashkilotchilik qobiliyati, yoshlarga bo‘lgan e’tibori va ilm-fanga sadoqati bilan nafaqat ilmiy sohada, balki ta’lim va amaliyot yo‘nalishlarida ham yuqori samaraga erishgan, yurtimizda keng tan olingan yetakchi olim sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.