Olim

MALIKOV ZAFAR MAMATQULOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Malikov Zafar Mamatqulovich 1962-yil 21-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek.



1980-yilda Moskva fizika-texnika institutiga o‘qishga kirib, 1987-yilda ushbu oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagan. O‘sha yili Moskva viloyatining Jukovskiy shahridagi Markaziy aerogidrodinamika institutida ishlashga taklif etiladi. Bu yerda muhandis hamda kichik ilmiy xodim lavozimlarida faoliyat yuritadi.



1989-yilda Moskva fizika-texnika institutining aspiranturasiga kiradi. 1991-yilda Sovet Ittifoqi tugatilgach, o‘z vataniga qaytadi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida dastlab ilmiy xodim, 1994-yildan boshlab esa katta ilmiy xodim sifatida ishlaydi.



1994-yilda Moskvada fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi. Dissertatsiyasi mavzusi tovush tezligidan tez uchadigan apparat dvigatellaridan chiqadigan oqimlarning dinamikasi va optikasini matematik modellashtirishga bag‘ishlangan.



2015-yildan 2018-yilgacha Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Tarmoq mashinashunoslik muammolari ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimida faoliyat yuritadi. 2016-yilda “Yuqori samarali markazdan qochma havo chang tutgichini ishlab chiqish” mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini himoya qiladi.



2018-yilda Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida Suyuqlik, gaz va gidrouzatish tizimlari mexanikasi laboratoriyasi tashkil etiladi va Z.M. Malikov ushbu laboratoriya mudiri etib tayinlanadi. Hozirgi kunga qadar shu lavozimda faoliyat olib bormoqda.



2023-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan.



Z.M. Malikov fanda amaliy va nazariy yo‘nalishlarda qator yutuqlarga erishgan. U tomonidan quyidagi xo‘jalik shartnomalari amalga oshirilgan va ularning natijalari amaliyotga tatbiq etilgan:




  • 02-1541 Yur. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning rux zavodi uchun uyurmalik chang tutgichni ishlab chiqish va uni sanoatda sinash (2010–2011);

  • 02-2180 “Chang sharoitida ishlatiladigan yer osti transporti uchun inersion filtrni modernizatsiya qilish va uni tatbiq etish” (2011–2012);

  • 02-2092 “Konlardagi og‘ir yuk tashuvchi samosvallar uchun yuqori samarali havo tozalagichini ishlab chiqish” (2012–2013);

  • 14/2012 “Navoiy kon-metallurgiya kombinati transport vositalariga inersion havo tozalagichlarni tatbiq qilish” (2012–2013);

  • 02-1466 “Inersion havo tozalagichini og‘ir yuk tashuvchi avtomashinalarda sinash va loyihaviy hujjatlarini ishlab chiqish” (2013–2014);

  • “Olmaliq tog‘-kon kombinati”da ishlab chiqiladigan rux kukunini ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish va tatbiq etish (2015–2017).



Z.M. Malikov tadqiqotlari asosida quyidagi innovatsion ishlanmalar yaratilgan va tatbiq etilgan:




  1. Yuqori samarali shnekli sanoat chang tutgichi ishlab chiqilgan va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning “Ohak zavodi”ga tatbiq etilgan (2015-yil 18-noyabrdagi FM-7222-son ma’lumotnoma). Ushbu qurilma mavjud chang tutgichlarga nisbatan 15–16 % yuqori samaradorlikka ega bo‘lib, yiliga qo‘shimcha 210–243 tonna ohak changini ushlab qolishga imkon yaratgan.

  2. Markazdan qochma kuch asosida ishlaydigan avtomobil dvigatellari uchun havo tozalagich ishlab chiqilgan. U Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Angren shaxtalarida qo‘llaniladigan mashinalarga, Navoiy kon-metallurgiya kombinati og‘ir yuk tashuvchi BelAZ samosvallari va teplovozlariga o‘rnatilgan. Natijada transport vositalari dvigatellarining xizmat muddati ikki barobarga oshgan.

  3. “Ho‘l” inersion sanoat chang tutgichi ishlab chiqilgan va Chirchiq shahridagi “Chirchiq–Stal–Servis” quyuv zavodiga FA–FI–F021 innovatsion grant asosida tatbiq etilgan. Qurilma mavjud chang tutgichga nisbatan 20 % samarali ishlaydi.

  4. Quruq kukunlarni o‘lchamiga qarab ajratuvchi separator ishlab chiqilgan. Ushbu separator 2015-yil 13-aprelda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan tuzilgan № 02-1061 Yur shartnomasi asosida qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda rux kukunini ajratib olish texnologiyasida qo‘llanilmoqda.

  5. Suyuq qorishmalardagi moddalarni zichligiga qarab ajratuvchi “gidrotsiklon” uskuna ishlab chiqilgan. Ushbu uskuna Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida oltinni suyuq qorishmadan ajratib olish texnologiyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, uning tatbiqi oltinni ajratib olish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.



Z.M. Malikovning eng muhim nazariy natijalaridan biri — uning turbulentlik bo‘yicha yaratgan yangi matematik modelidir. Ilgari turbulent oqimlarning aniq nazariyasi ishlab chiqilmagan bo‘lib, mavjud matematik modellar asosan empirik xarakterga ega va aniqligi yuqori emas edi.



2020-yilda Z.M. Malikov turbulentlikning aniq matematik modelini ishlab chiqdi va AQShning nufuzli ilmiy jurnalida chop ettirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu model hozirgi kunda dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan.



Z.M. Malikovning ilmiy maqolalari dunyoning eng obro‘li ilmiy jurnallarida chop etilgan bo‘lib, shular qatorida 6 ta Q1, 8 tadan ortiq Q2, 15 dan ortiq Q3 va Q4 kvartaldagi jurnallarda e’lon qilingan ishlari mavjud. Ayniqsa, 2024-yilda AQShning Nature jurnalida chop etilgan maqolasi alohida e’tiborga loyiqdir.