Olim

MAMATOV XUDOYOR TESHAYEVICH

Yuridik fanlari doktori, professor, birinchi darajali adliya maslahatchisi

Mamatov Xudoyor Teshayevich 1971-yil 9-oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida, ishchi oilasida tug‘ilgan. 1988-yilda Muborak tuman 1-son o‘rta maktabini, 1996-yilda Samarqand davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1996-yildan – 2005-yilga qadar Samarqand davlat universiteti Huquqshunoslik fakultetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, fakultet dekanining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, fakultet dekani lavozimlarida ishlagan.



2002-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini beruvchi Ixtisoslashgan Kengashda “Temur tuzuklarida davlat va huquq masalalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2011-yil dekabr oyida Toshkent davlat Yuridik universiteti huzuridagi Yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini beruvchi Ixtisoslashgan Kengashda “Huquqiy madaniyat va O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalalari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2016-yilda dotsent, 2018-yilda professor ilmiy unvonlariga ega bo`lgan.



Ilmiy ishlari  natijalari bo‘yicha “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish dasturi loyihasi” tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.



Ilmiy-amaliy faoliyati davomida bitta darslik, to`rtta o‘quv qo‘llanma, ikkita uslubiy qo‘llanma, uchta monografiya va 400 dan ortiq



ilmiy va ommabop maqolalari nashr etilgan. Xususan: Konstitutsiyaviy huquq fanidan darslik; Huquqshunoslik fanidan o‘quv qo‘llanma; Umumiy huquqshunoslik asoslari fanidan o‘quv-uslubiy qo‘llanma; Yuristning nutq madaniyati fanidan o‘quv qo‘llanma; Shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlikni qo‘llash kursidan o‘quv uslubiy-qo‘llanma; Huquqiy madaniyat va O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining shakllanish muammolari nomli monografiya; Huquqiy madaniyat, uning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni nomli monografiya hamda Amir Temur tuzuklarida davlat va huquq masalalari. Tarixiy-huquqiy tadqiqot nomli monografiyalar muallifi.



2005-2009-yillari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining a’zosi. 2009-2012-yillari ikkinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining  a’zosi lavozimida ishlagan.



2012-2017-yillari Samarqand viloyat adliya boshqarmasining boshlig‘i. 2017-2018-yillari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi direktorining o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari. 2018-2019-yillari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining direktori lavozimlarida ishlagan. Birinchi darajali adliya maslahatchisi (polkovnik) maxsus unvoniga ega.



2019-yildan hozirga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zosi - Komissiya kotibi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Umumiy mehnat staji - 38 yil.



2019-yil dekabr oyida bo`lib o`tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovini, 2021-yil oktyabr oyida bo`lib o`tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, 2023-yil aprel oyida bo`lib o`tgan O‘zbekiston Respublikasi Referendumini, 2023-yil oktyabr oyida bo`lib o`tgan muddatidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda 2024-yil oktyabr oyida bo`lib o`tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini O‘zbekiston Respublikasining milliy saylov qonunchiligi va umume`tirof etilgan xalqaro saylov standartlari talablariga muvofiq tashkil etish va o`tkazishda samarali mehnati, professional yondashuvi bilan munosib hissa qo`shgan.



 Shuningdek, Mamatov Xudoyor Teshayevich 2003-2005-yillari Fuqarolik jamiyatini o‘rganish institutining Samarqand viloyat filiali direktori, 2005-2012-yillari O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisining o‘rinbosari, Adolat ijtimoiy siyosiy gazetasining bosh muharriri lavozimlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan.



Xudoyor Mamatovning el-yurt oldidagi sadoqatli va fidokorona mehnatlari davlatimiz hamda u samarali faoliyat yuritgan vazirlik, idoralar tomonidan bir necha bor munosib taqdirlangan. Xususan u –– 2006-yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 15-yil” esdalik nishoni, 2011-yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 20-yil” esdalik nishoni, 2016-yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni, 2021-yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 30-yil” esdalik nishoni, 2021-yil "Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga 30-yil" esdalik nishoni, 2022-yili “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni hamda 2025-yili “Adolat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.



 Oilali, to‘rt nafar farzandi, olti nafar nevarasi bor.