Olim

MAMATQULOV MUZAFFAR RAHMONQULOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Mamatqulov Muzaffar Rahmonqulovich 1973-yilning 15-aprelida Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi To‘qboy qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan.



 Filologiya fanlari doktori, professor, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi (2020), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Qadimgi turkiy adabiyot va mumtoz adabiyot tadqiqotchisi.



 “Qadimgi turkiy adabiyotda janrlar poetikasi (moniylik she’rlari va “Devon-u lug‘atit-turk” asari asosida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini (2004); “XVII-XVIII asrlar o‘zbek adabiyotida folklor an’analari va poetika masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini (2022) muvaffaqiyatli himoya qilgan. U Guliston davlat universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, dekan o‘rinbosari, dekan; O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Hamid Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutida stajyor-tadqiqotchi (1996-1998) lavozimlarida faoliyat yuritgan.



M.Mamatqulov hozirgi kunda O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasini boshqarib kelmoqda.



M.Mamatqulov 100 dan ortiq ilmiy ishlar e’lon qilgan. Shulardan 3 tasi monografiya, 2 tasi risola, 2 tasi darslik, 4 tasi o‘quv qo‘llanma  va 5 tasi uslubiy ko‘rsatmalardir. 2006-yili uning “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Qadimgi turkiy adabiyotda to‘rtlik va marsiya” nomli ilk kitobi nashr etildi. Unda ,asosan, turkiy adabiyotda to‘rtlik shakli hamda marsiya janrlarining paydo bo‘lishi va taraqqiyoti kabi masalalar yoritilgan. Shuningdek, kitobdan muallifning qadimgi turkiy moniylik she’rlari badiiyatiga aloqador ayrim kuzatishlari ham o‘rin olgan. Islomdan oldingi turkiy adabiyot namunalarini chuqurroq o‘rganish va kengroq targ‘ib etishga bo‘lgan qiziqish Muzaffar Mamatqulovning doimiy diqqat markazida bo‘ldi. U bu yo‘nalishdagi ishlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etib, “O‘zbek filologiyasi” ta’lim yo‘nalishi talabalariga tanlov fanlari doirasida maxsus kurs o‘ta boshladi.



Natijada muallifning “Qadimgi turkiy adabiyot poetikasi” (2008) nomli o‘quv qo‘llanmasi yuzaga keldi.



Muzaffar Mamatqulov shu paytga qadar “O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari” (2-jild, Toshkent, Fan, 2007), “Oltun yorug‘” (1-kitob, Toshkent, Fan, 2009), “Oltun yorug‘” (2-kitob, Toshkent, Mumtoz so‘z, 2013), Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” (Toshkent, Tafakkur, 2014), “Xamsa” (Toshkent, Yangi asr avlodi, 2016) kitoblarining nashr etilishida taqrizchi va “Oltun yorug‘” dostonining (2025) qayta chop etilishida mas’ul muharrir sifatida ham ishtirok etdi. Shuningdek,  u “O‘zbek adabiyoti tarixi” (Toshkent, Sano-standart, 2017, hammuallif, o‘quv qo‘llanma), “O‘zbek adabiyoti tarixi (Eng qadimgi davrlardan islomgacha bo‘lgan adabiyot)” (Guliston, 2020, o‘quv qo‘llanma), “O‘zbek adabiyoti tarixi (Eng qadimgi davrlardan XV asrning birinchi yarmigacha)” (Almati, SSK, 2021, hammuallif, darslik), “Sayyodiy – dostonnavis” (Kishinev, Globe Edit, 2021, risola), “Mushtaraklik va o‘ziga xoslik” (Toshkent, Mahalla va oila, 2021, monografiya), “O‘zbek folklori”  (Guliston, 2022, o‘quv qo‘llanma), Sayyodiyning “Tohir va Zuhro” dostonida folklor an’analari. (Toshkent, Bookmany print, 2024, monografiya), Sayqaliyning “Bahrom va Gulandom” dostonida folklor an’analari. (Toshkent, Bookmany print, 2025, monografiya) kabi kitoblar muallifi ham hisoblanadi.



Muzaffar Mamatqulov 2019-yilda Sayyodiyning “Tohir va Zuhro” dostonini nashrga tayyorlab, “Mumtoz so‘z” nashriyotida chop ettirdi. 2022-yilda nashr etilgan akademik litseylar uchun ikki kitobdan iborat “Adabiyot” darsligini tayyorlashda hammualliflik qildi.



Muzaffar Mamatqulov o‘tgan yillar mobaynida universitet miqyosida turli vazifalarni ham bajarib kelmoqda. Jumladan, u 2004-2007-yillarda Filologiya fakulteti ilmiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2008 va 2012-yillar mobaynida universitet amaliyot rahbari vazifasida ish olib borib, oliygohning barcha ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv, pedagogik va ishlab chiqarish amaliyoti jarayonlarini boshqardi. Ayniqsa, bu davrlarda pedagogik amaliyotning nufuzi juda ko‘tarildi. U amaliyotchi talabalarning zamonaviy ta’lim va axborot kommunikatsion texnologiyalardan unumli foydalangan holda samarali dars o‘tishlariga sharoitlar yaratishda jonbozlik ko‘rsatdi.



Uning rahbarlik davrida universitetning akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari bilan aloqalari yanada kuchaydi.



Muzaffar Mamatqulov 2014-yilning mart oyidan 2018-yilga qadar universitet Kengashining kotibi vazifasini ham bajardi. 2018-yil universitetning Pedagogika fakultetida; 2019-2022-yillar Filologiya fakultetida dekan lavozimida ham ishladi.



Dekanlik faoliyati davomida fakultetda iqtidorli talabalarni aniqlash va ular bilan ishlash jarayonlariga alohida e’tibor qaratila boshladi. Buning natijasida fakultetda nomdor stipendiyaga ega bo‘lgan talabalar soni ham ko‘paydi.



Universitetda yagona bo‘lgan Prezident stipendiyasi sohibi va “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi ham Filologiya fakulteti talabalari hisoblanadi. Shuningdek, M.Mamatqulovning rahbarligida yosh pedagoglarning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish borasida ham ibratli ishlar amalga oshirildi. Natijada ilmiy daraja foizi past  bo‘lgan xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi o‘qituvchilaridan 8 nafari 2021-2022-o‘quv yili davomida ilmiy darajaga ega bo‘lishdi. Uning shaxsiy tashabbusi va harakati bilan universitetda nashr etiladigan “GulDU axborotnomasi” jurnalining Filologiya bo‘limi OAK talablariga to‘liq moslashtirildi hamda rayosatning qarori bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.



M.Mamatqulov o‘quv fanlarining uslubiy ta’minotini yaratish ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U zamonaviy talablar asosida Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitiladigan “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “Tasavvuf va badiiy ijod”, “Navoiyshunoslik”, “Qadimgi turkiy adabiyot poetikasi”, shuningdek, Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti) magistratura mutaxassisligida o‘qitiladigan “Mumtoz tarixiy poetika”, “Adabiyotshunoslik tarixi” fanlarining o‘quv dasturlarini tayyorlagan hamda ular o‘quv jarayoniga joriy etilgan.



Oliy ta’lim muassasalarining  filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun tayyorlangan “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “O‘zbek folklori” hamda “Navoiyshunoslik” kabi o‘quv qo‘llanmalari o‘quv jarayonini uslubiy jihatdan ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.



Shu bilan birgalikda, M.Mamatqulovning hammualliflikda yaratilgan akademik litseylarning 3930000 – Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi 1 va 2-kurs talabalari uchun “Adabiyot” (1-qism, 2-qism) nomli darsliklari akademik litseylar o‘quv jarayoniga keng tatbiq etilgan.



M.Mamatqulov O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Namangan davlat universitetining 2020-yil 1-iyundagi FZ-201912099-son shartnomasi asosida “O‘zbek folklorining o‘zbek va ingliz tillaridagi veb-sayti va multimedia mahsulotlarini yaratish” nomli amaliy tadqiqot loyihasida faol ishtirok etgan.



Olimning quyidagi ishlari ilmiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan:



1. Masnaviy. O‘zbek adabiyoti tarixi (N.Rahmonov).  – Toshkent, Sano-standart, 2017.



2. G‘azal. O‘zbek adabiyoti tarixi (N.Rahmonov). – Toshkent, Sano-standart, 2017.



3. O‘zbek adabiyoti tarixi (Eng qadimgi davrlardan islomgacha bo‘lgan adabiyot). O‘quv qo‘llanma.   – Guliston,  Sirdaryo print, 2020.



4. Masnaviy. O‘zbek adabiyoti tarixi (N.Rahmonov). – Almati, SSK, 2021.



5. G‘azal. O‘zbek adabiyoti tarixi (N.Rahmonov). – Almati, SSK, 2021. –



 6. Adabiyot (Akademik litseylarning 1 va 2-kurs talabalari uchun darslik). – Guliston, Sirdaryo print, 2021 (hammualliflikda).



7. O‘zbek folklori (Xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot). O‘quv qo‘llanma.   –  Guliston, Sirdaryo print, 2022.



8. Navoiyshunoslik (Alisher Navoiy lirik me’rosi). O‘quv qo‘llanma.  – Toshkent, Bookmany print, 2023.



9. Sayyodiyning “Tohir va Zuhro” dostonida folklor an’analari. Monografiya.  – Toshkent, Bookmany print, 2024



10. Sayqaliyning “Bahrom va Gulandom” dostonida folklor an’analari. Monografiya.  – Toshkent, Bookmany print, 2025.



M.R.Mamatqulov professor-o‘qituvchilar, ayniqsa, yosh mutaxassislarning o‘z vazifalarini doimiy to‘g‘ri va to‘liq bajarishlarida ham o‘z maslahatlari bilan amaliy yordam berib keladi, kredit-modul tizimi asosida darslar sifatini yanada oshirish borasida doimo mas’uliyat bilan yondoshadi. Jumladan, u universitetda o‘quv jarayonini yuqori darajada tashkil etish, ta’lim sifatini yanada oshirish, shuningdek, fan oyliklarida kafedra faoliyati va professor-o‘qituvchilar salohiyatini yuksaltirish borasida ham o‘zining taklif va tavsiyalari bilan namuna ko‘rsata olgan. M.Mamatqulov viloyat, universitet va fakultetda tashkil etiladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarida ham faol ishtirok etadi. Tadbirlarning asosiy va ko‘pchilik qismi respublikamizda joriy qilingan bayramlar, tarixiy sanalar, davlatimiz ramzlari qabul qilingan kunlar, insonparvarlik tarbiyasi, mehnat tarbiyasi, vatanparvarlik tarbiyasi, ekologik tarbiya, iqtisodiy tarbiya, taniqli fan, san’at va madaniyat arboblari bilan uchrashuvlarga bag‘ishlangan. O‘tkazilgan barcha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida talaba-yoshlarda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, boy madaniy merosimiz, tarixiy an’analarimiz, umuminsoniy qadriyatlarimizga hurmat, ona Vatanga muhabbat, Istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qilingan.



M.Mamatqulov Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining 2021-yil 30-dekabrdagi 310/2-sonli qaroriga asosan universitet qoshida tashkil etilgan PhD.03/27.02.2020.Fil.91.02 raqamli Ilmiy kengash kotibi sifatida 10 dan ortiq tadqiqotchilarning 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya himoyalari tashkiliy jarayonlarida ham faol ishtirok etgan. Ayni vaqtda u Oliy attestatsiya komissiyasining 2023-yil 3-iyundagi tasdiqlangan 338/2-son qaroriga ko‘ra mazkur Ilmiy kengash raisi  vazifasida ham faoliyat olib bormoqda.




  • ilmiy va pedagogik mahoratini oshirish maqsadida tinimsiz mehnat qiladi. Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va boshqa OTMlarining professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy-metodik hamkorlikni ham yo‘lga qo‘ygan. Ular bilan birgalikda ta’lim sohasidagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bir nechta ilmiy-metodik maqolalar tayyorlagan va tavsiyalar ishlab chiqqan. M.Mamatqulov mas’uliyatli rahbar, talabchan ustoz sifatida universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalari orasida katta hurmatga ega.

  • har yili Respublika va universitet miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalarda adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan maqolalari bilan muntazam qatnashib keladi. 2022-2025-yillar mobaynida Xalqaro miqyosda 4 ta, Respublika miqyosidagi 10 dan ortiq ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etgan.