Olim

MATKARIMOV RASHID MASHARIPOVICH

Pedagogika fanlari doktori, professor

Matkarimov Rashid Masharipovich 1971-yil Xorazm viloyatining Xiva shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. U 1988-1992-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining “Og‘ir atletika” yo‘nalishida tahsil olgan. 1992-1993-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining ilmiy-metodik laboratoriyasida stajyor-tadqiqotchi sifatida, 1993-1995-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranti sifatida faoliyat yuritgan.



1995-1998-yillarda Respublika Olimpiya zaxiralari bilim yurtida og‘ir atletika sport turi bo‘yicha murabbiy lavozimida faoliyat olib borgan.



1998-2003-yillarda Respublika sport yakkakurashchilari mahoratini oshirish oliy maktabining og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoa murabbiysi, bosh murabbiysi lavozimlarida, 2000-2003-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Og‘ir atletika va velosport kafedrasi mudiri, shu bilan birga O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiysi sifatida ishlagan.



2003-2004-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi Oliy sport yutuqlari boshqarmasi boshlig‘i, 2004-2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Olimpiya va sport zaxiralari boshqarmasi boshlig‘i, 2006-2010-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Og‘ir atletika va velosport kafedrasi dotsenti, kafedra mudiri va dekani sifatida faoliyat yuritgan. 2004-yildan buyon O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti hisoblanadi.



2010-2013-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Olimpiya va sport zaxiralari boshqarmasi boshlig‘i, 2013-2017-yillarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Olimpiya harakatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2018-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Sirtqi fakulteti dekani, 2018-2019-yillarda og‘ir atletika, velosport, ot sporti nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlagan.



2020-2023-yillarda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, 2023-2024-yillarda Yoshlar siyosati va sport vazirligi Olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2024-yildan buyon O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori lavozimida ishlab kelmoqda.



Ilmiy faoliyati.



Matkarimov Rashid Masharipovich 1999-yilda “Ommaviy razryadli og‘ir atletikachilar mashg‘ulot nagruzkalari hajmi va shiddatining optimal nisbatlari” mavzusida nomzodlik, 2022-yilda esa “Yuqori malakali og‘ir atletikachilarni ko‘p yillik tayyorlashning ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



80 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi, jumladan:



5 ta darslik;



8 ta o‘quv qo‘llanma;



2 ta monografiya;



15 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma;



Xorijiy jurnallarda 30 dan ortiq maqola;



OAK ro‘yxatidagi mahalliy jurnallarda 38 ta maqola;



Respublika ilmiy-amaliy jurnallarida 70 dan ortiq maqola;



Ilmiy bazalardagi H-indeksi – 14 (Google Scholar).



Uning ilmiy ishlari turli xorijiy tillarga tarjima qilinib, xalqaro miqyosda keng qo‘llanilmoqda.



Mukofot va e’tiroflar.



1999-yil - “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni;



“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” va “25 yilligi” medallari;



“Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni.



Ilmiy rahbarlik va xalqaro hamkorlik.



R.Matkarimov rahbarligida 60 dan ortiq bitiruv malakaviy ishlari, 50 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Shuningdek, 15 ta pedagogika fanlari nomzodi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 7 ta pedagogika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Qolaversa ko‘plab pedagogika fanlari doktori talabgorlariga rasmiy opponent va ilmiy seminarlarda taqrizchi sifatida ishtirok etib kelmoqda.



2019-yilda Rossiya Federatsiyasi Petrovskiy ilm-fan va san’at akademiyasining muxbir a’zosi etib saylangan. Shu bilan birga, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining ilmiy qo‘mitasi a’zosi, og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam sifatida bir qator nufuzli musobaqalarda hakamlik qilgan.



Xalqaro hamkorlik va tashabbuslar.



R.Matkarimov tashabbusi bilan Xitoy, Koreya, Yaponiya, Bolgariya, Germaniya, Slovakiya, Turkiya, Nepal, Rossiya, Belarussiya, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi davlatlardan mutaxassislar O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarida ishtirok etgan. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Rossiya va Slovakiyaning yetakchi universitet va mutaxassislari bilan memorandumlar imzolangan. 2025-yilda R.Matkarimovga Janubiy Koreyaning Yong In universiteti faxriy doktori ilmiy darajasi hamda Xitoyning Si’an jismoniy tarbiya universiteti “Faxriy professori” ilmiy unvoni berildi.



2024-yildan O‘zDJTU huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi, izlanuvchilardan mutaxassislik fanidan malakaviy imtihon qabul qiluvchi komissiya raisi, “Sportda ilmiy tadqiqotlar” va “Eurasian Journal of Sport Science” jurnallari tahririyat hay’ati raisi, 2024-yildan “Fan-sportga” ilmiy nazariy jurnali tahririyat hay’ati raisi sanaladi.



Shaxsiy sifatlari.



Rashid Masharipovich zamonaviy ilmiy qarashga ega, tahliliy qobiliyatli, tashabbuskor olim va pedagog sifatida o‘z ishiga yuqori mas’uliyat bilan yondashadi. O‘ziga va atrofidagilarga talabchan, izlanuvchan, tajribali tashkilotchi sifatida jamoa orasida hurmat qozongan.



Matkarimov Rashid Masharipovich – O‘zbekiston sport ta’limi va ilmiy tadqiqotlarini yangi bosqichga olib chiqishga hissa qo‘shayotgan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yetuk mutaxassislardan biri hisoblanadi.