Olim

KURBANOV MIRZAAHMAD

Pedagogika fanlari doktori, professor

   Kurbanov Mirzaahmad 1949-yil 1-yanvarda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan.1972-yil ToshDU (Hozirda O‘zMU) fizika fakultetini “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” mutaxassisligi bo‘yicha tugatgandan so‘ng, ish faoliyatini “Umumiy fizika” kafedrasida assistent lavozimidan boshladi. U kafedraning o‘quv tajribalari bazasini rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi. 1981-1985 yillarda aspiranturada  o‘qidi, 1988 yildan “Fizika o‘qitish uslubi va tarixi” kafedrasining assistenti, dotsenti lavozimlarida, 2013-yildan “Umumiy fizika” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda. Ushbu yillar davomida yetakchi pedagog, o‘quv-fizika namoyish eksperimentlari bo‘yicha yirik mutaxassis darajasiga ko‘tarildi. M.Kurbanov 1991 - yilda nomzodlik, 1994-yilda dotsentlik ilmiy unvonini olgan va 2012-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan, 2016-yilda professor ilmiy unvonini olgan.



   Professor M.Kurbanovning 54-yillik  pedagogik faoliyati davomida oliy ta’lim muassasalari bakalavr yo‘nalishi, magistratura mutaxassisliklari uchun Davlat ta’lim standarti, o‘quv reja,  oliy ta’lim tizimida fizikada namoyish eksperimentlarning ko‘rsatish uslubi, fizik eksperimentlarning didaktik funksiyalari samaradorligini oshirish sohalarida taniqli olim, ushbu sohalarda o‘z ilmiy maktabini yaratgan. Hozirgi vaqtga qadar u 300 dan ortiq ilmiy asarlar, shu jumladan 30 dan ortiq monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi, shu jumladan, “Fizikadan namoyish eksperimentlarining uslubiy funksiyalarini kengaytirishning nazariy asoslari” (2008), “Tanlangan asarlar” (2007) monografiyalar va “Fizika o‘qitishning nazariy asoslari”(2008) darslik, “Umumiy fizika kursidan masalar to‘plami”(2008), “Fizikani o‘qitishda pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish metodikasi” (2012), “Fizikadan olimpiada masalalari”(1990), “Fizikani o‘qitishda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish”(2011), “O‘tao‘tkazuvchanlik fizikasiga kirish” (2016), “Atom fizikasi” (2020), “Lazerlar va ularning amaliyotdagi o‘rni” (2020), “Atom fizikasi nomli elektron darslik” (2022), “Fizika o‘qitish metodikasi” (2022), “Elektronika va sxemalari” (2022). Shuning bilan birga OAK taasarufidagi xorijiy va Respublika jurnallarida, ilmiy-amaliy anjumanlarida ilmiy maqolalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



   M.Kurbanov ilmiy rahbarligida 60 dan ortiq magistrlik, 5 ta falsafa doktori (PhD)  dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Ayni paytda 2 ta (DSc) va 5 ta (PhD)  mustaqil izlanuvchilarga rahbar, ilmiy maslahatchi sifatida ilmiy ishlar olib bormoqda. U O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi akademik litseyda koordinator, fakultet sifat komissiyasi a’zosi, kafedra ilmiy-uslubiy ishlari bo‘yicha kafedra mudiri muovini, “Respublika ta’lim markazi” ilmiy-uslubiy kengash a’zosi, TDPU, O‘zMU va TerDU universitetlari huzurida faoliyat ko‘rsatadigan fan doktori ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a’zosi, kengash kotibi,  fan doktori  ilmiy  darajasiga  da’vogarlarga rasmiy opponent, O‘zMU ilmiy jurnali “O‘zMU xabarlari” tahrir hay’ati a’zosi. “Educational Research in Universal Sciences” xalqaro jurnali bosh muharriri va “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali tahrir hay’ati a’zosidir. M.Kurbanov O‘zMU Fizika fakultetida 2015-2017 yillarda bajarilgan Davlat ilmiy texnik dasturi doirasidagi K-12-004 “Kompozitsion nanomateriallar: belgilangan fizik xususiyatli elementlarning sintezi va ishlab chiqish”  hamda O‘zMU da 2018-2020 yillarda bajarilgan PZ-20170929192 raqamli “Nanosuspenziyalarni qo‘llagan holda to‘qimachilik materiallarini modifikatsiya jarayonlarini o‘rganish va biotsid  xususiyatlarga  ega nanomodifikatsiyalangan to‘qimachilik materiallarini tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish” ga oid fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlar va AM-PZ-2019062031 “Yadro energetikasi”, “Yadro meditsinasi va texnologiyasi”, “Radiatsion meditsina va texnologiiya” fanlari bo‘yicha bakalavr va magistrlar uchun multimediali darsliklarni yaratish” nomli innovatsion loyihalarda tadqiqotlar olib bormoqda.



   M.Kurbanov O‘zMU qoshida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tinglovchilari uchun “Tabiiy fanlarni rivojlanishida fizikaning o‘rni va istiqbollari” va “Fizikani o‘qitishda ilg‘or xorijiy tajribalar”  modullarining o‘quv dasturlarini ishlab chiqqan hamda ushbu kurslar bo‘yicha ma’ruzalar olib borgan. M.Kurbanov Respublikada fizikadan namoyish eksperimentlarini ko‘rsatish bo‘yicha yagona va yetuk eksperimentator, taniqli olim, tadqiqotchi, pedagog sifatida Respublikamizning yetuk universitetlarida ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashib kelmoqda. M.Kurbanov yoshlarni ilmiy-texnik ijodiyotini rivojlantirish va “ustoz-shogird” tizimini qo‘llash, talabalarni ta’lim-fan ishlab chiqarish integratsiyasi asosida  fizika o‘qitishning nazariy asoslari va amaliy ko‘nikmalariga o‘rgatish, ta’lim sifatini ta’minlash uchun ko‘p bilim va kuch sarflamoqda, talabalar bilan ilmiy maqolalar e’lon qilmoqda, u rahbarlik qilgan doktorantura, magistratura va bakalavriat talabalarining ilmiy ishlari Respublika va xalqaro tanlovlarida sovrinli o‘rinlarga  ega bo‘lmoqdalar (P.M.Jalolova - O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyiha g‘olibi). M.Kurbanov universitet va fakultet jamoa ishlarida faol qatnashadi. Jumladan, fizika fani muammolari, talaba yoshlarga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib va tashviqot qilish, ma’naviy-mafkuraviy ongi rivojlanishi bo‘yicha 1980-yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston Davlat teleradiokompaniyasida o‘quv ko‘rsatuvlari va radio eshittirishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Uning erishgan yutuqlari bo‘yicha ikkita (“E’zoz” va “Ibratli oila”) teleko‘rsatuvlar tayyorlangan va ko‘rsatilgan. Shuningdek, talabalar turar joyida “Hozirgi zamon fizikasining dolzarb yo‘nalishlari” mavzusida o‘z ma’ruzalari bilan qatnashadi. Ko‘p yillik mehnati, fan-ta’lim sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi,  jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun fakultet va universitet yorliqlari bilan, fizikadan tuman, shahar va Respublika olimpiadalarining jyuri raisi, uni yuqori saviyada tashkil etilganligini e’tiborga olib, Xalq ta’limi vazirligining yorliqlari, O‘zR Fanlar akademiyasi va Rossiya fanlar akademiyasining yorliqlari hamda O‘zR Qurolli Kuchlari Akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo’mondonlik muhandislik bilim yurtining tashakkurnomalari bilan taqdirlangan.



   M.Kurbanov fizika fakultetida tashkil etilgan “Namoyish tajribalar markazi”ning asoschisi. Bu markazda yil davomida respublika OTM va litsey, kollej, maktablardan tashrif buyurgan o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilarga “Hozirgi zamon fizikasining dolzarb muammolari” mavzusida ma’ruzalar o‘qidi va mavzuga oid namoyish eksperimentlarini ko‘rsatib kelmoqda. U o‘zining keng dunyoqarashi, insoniy fazilatlari, kamtarligi, fidoyiligi va talabchanligi bilan talaba yoshlar hamda hamkasblari tomonidan hurmat va e’tibor qozongan, kuch-g‘ayratini safarbar eta oladigan fidoyi insondir.