Olim

MATNAZAROV OʻKTAM LATIPOVICH

Pedagogika fanlari nomzodi, professor

Matnazarov Oʻktam Latipovich 1965-yil 31-iyulda Xorazm viloyatida tugʻilgan. Millati — oʻzbek, oilali, 4 nafar farzandi bor.



1982-yilda oʻrta maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan va Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutiga oʻqishga kirgan. 1983–1985-yillarda harbiy xizmatni oʻtab boʻlib, oʻqishini davom ettirgan va 1988-yilda “Jismoniy tarbiya va sport” yoʻnalishi boʻyicha mazkur institutni muvaffaqiyatli bitirgan.



1995-yil 8-fevralda Moskva Davlat ochiq pedagogika universiteti huzuridagi D113.25.03 raqamli ixtisoslashgan ilmiy kengashda 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi va tarixi ixtisosligi boʻyicha “Подготовка студентов к использованию народной педагогики в физическом воспитании учащихся средных школ Узбекистана” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.



Mehnat faoliyati:



1995–1997-yillarda — Urganch davlat universitetining Maxsus jismoniy tarbiya kafedrasi katta oʻqituvchisi;



1997–2006-yillarda — Umumiy jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri;



2006–2009-yillarda — Jismoniy madaniyat fakulteti dekani;



2009–2011-yillarda — Umumiy jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri;



2011–2015-yillarda — Jismoniy tarbiya va sport kafedrasi mudiri;



2015–2017-yillarda — Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi dotsenti;



2018-yildan — Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi professori;



2019–2022-yillarda — Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi mudiri;



2022-yil 4-sentyabrdan hozirgi vaqtgacha — Urganch davlat pedagogika instituti “Jismoniy madaniyat” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.



2024-yil mart oyida Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti Psixologiya va taʼlim instituti huzurida malaka oshirgan. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilmiy-innovatsion faoliyat yoʻnalishida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirgan.



Oʻktam Matnazarov 5 ta darslik, 8 ta oʻquv qoʻllanma, 1 ta monografiya, 6 ta mualliflik guvohnomasi hamda 80 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.



Asosiy nashrlari quyidagilardan iborat:




  • 2020-yil — Sport dietologiyasi va farmakologiyasi (oʻquv qoʻllanma);

  • 2021-yil — Suzish va uni oʻqitish metodikasi (darslik);

  • 2021-yil — Sport va harakatli oʻyinlar va uni oʻqitish metodikasi (basketbol) (darslik);

  • 2021-yil — Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi (jismoniy madaniyat tarixi) (oʻquv qoʻllanma);

  • 2022-yil — Gimnastika va uni oʻqitish metodikasi (oʻquv qoʻllanma);

  • 2022-yil — Легкая атлетика и методика её преподавания (oʻquv qoʻllanma);

  • 2022-yil — Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi (oʻquv qoʻllanma);

  • 2023-yil — Harakatli oʻyinlar va uni oʻqitish metodikasi (oʻquv qoʻllanma);

  • 2024-yil — Jismoniy tarbiya va sport pedagogikasi (darslik);

  • 2024-yil — Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi (oʻquv qoʻllanma);

  • 2022-yil — Использование народной педагогики в физическом воспитании среднеобразовательной школы Узбекистана (monografiya).



Jumladan, maqolalari  “Вопросы гуманитарных наук”, “Педагогические науки, аспирант и соискатель” kabi ilmiy jurnallarda va “Бюллетен науки и практики, Национальная ассоциация ученых” elektron jurnallarida chop qilingan.



Oʻ.Matnazarov tashabbusi bilan Urganch davlat pedagogika institutida “Globallashuv jarayonida talabalar sporti va jismoniy tarbiya taʼlimining dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi va “Zamonaviy jismoniy tarbiya va sport taʼlimida muammo va yechimlar: fan va taʼlimni rivojlantirish mexanizmlari” mavzusidagi respublika  ilmiy-amaliy anjumanlari oʻtkazilgan.



Oʻ.Matnazarov 10 ga yaqin xalqaro forum va simpoziumlar, 15 dan ortiq respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.



Urganch davlat pedagogika institutidagi faoliyati davomida Oʻ.Matnazarov tashabbusi bilan Mintaqaviy jismoniy tarbiya va sport sohasidagi muammolarni tadqiq qilish ilmiy tadqiqot markazi, “UrDPI” sport klubi, “Shaxmat” xonasi va bir qancha sport toʻgaraklari tashkil etilgan.



 U bevosita ilmiy rahbar sifatida 50 nafardan ortiq talabalarining bitiruv malakaviy ishlariga, 16 nafar magistrantlarning magistrlik dissertatsiyalariga va 1 nafar tadqiqotchining falsafa doktori (PhD) ilmiy ishiga rahbarlik qilgan.



2022-yilda uning shogirdi Xudayberganov Otabek Erkinovich “Voleybol vositalari yordamida pedagogik oliygohlarda jismoniy madaniyat fakulteti talabalarining kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish mexanizmi” mavzusida pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



Urganch davlat pedagogika institutida faoliyat boshlashidan avval, Oʻ. Matnazarov Urganch davlat universitetining “Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi” kafedrasida kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.



Oʻ. Matnazarov kafedra mudiri lavozimida ishlagan davrda uning shogirdi Diyorbek Oʻrozboyev 2016-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiada oʻyinlarida dzyudo sport turi boʻyicha bronza medalini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Paralimpiada oʻyinlarida shogirdlari Tursunposhsha Nurmatova va Sevinch Solayeva paradzyudo sport turi boʻyicha bronza medallarga sazovor boʻlganlar. 2020-yilda Tokioda boʻlib oʻtgan Paralimpiada oʻyinlarida esa uning shogirdlaridan Uchqun Quranboyev paradzyudo boʻyicha oltin, Nafisa Sharifboyeva esa bronza medalni qoʻlga kiritgan. Urganch davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat yoʻnalishi talabasi Oltinoy Sotimboyeva 2022-yil Ispaniyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan.



Iordaniyaning Amman shahrida boʻlib oʻtgan erkin kurash boʻyicha U-20 Jahon chempionatida 57 kg vazn toifasida Nodirbek Jumanazarov bronza medalini qoʻlga kiritgan. Misrda parasuzish sport turi boʻyicha oʻtkazilgan Jahon seriyasi musobaqalarida esa Azizbek Boynazarov oltin medal sohibi boʻlgan. “Universiada-2024” va “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining gandbol turi boʻyicha Urganch davlat pedagogika instituti qizlar jamoasi Oʻ. Matnazarov rahbarligida Respublika bosqichida faxrli 1-oʻrinni egallagan.



Oʻ. Matnazarov jamiyatning faol aʼzosi sifatida mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy hamda ijtimoiy-siyosiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishda faol tashabbuskor olimalardan biri hisoblanadi.



Oʻktam Latipovich Matnazarov koʻp yillik samarali va halol mehnati, xizmat vazifasiga boʻlgan yuksak sadoqati uchun 2011–2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan.



Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 24-sentyabrdagi 352-sonli buyrugʻiga asosan Oʻ.Matnazarov “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.



Oʻ.Matnazarovning samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi va yurtga boʻlgan sadoqati uni keng jamoatchilik, oila aʼzolari hamda mahalladoshlari orasida katta hurmat va eʼtiborga sazovor qilgan.