1962-yil 13-aprelda Xorazm viloyatining Xiva shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Matyakubov Baxtiyar Shamuratovich - “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori. 1982-1987-yillar TIQXMMI “Gidromelioratsiya” fakultetini imtiyozli tugatib, injener-gidrotexnik mutaxassisligini olgan. 1987-1988-yillar Moskva davlat gidromelioratsiya institutining “Qishloq xo‘jaligi melioratsiya” kafedrasi izlanuvchi-o‘qituvchisi, 1988-1999-yillar TIQXMMI “EGM-5” laboratoriyasi ilmiy xodimi, 1989-1992-yillar TIQXMMI aspiranti, 1992-1999-yillar TIQXMMI “Qishloq xo‘jaligi gidrotexnika melioratsiya” kafedrasi assistenti, dotsenti, 1999-yilda TIQXMMI “Marketing va tadbirkorlik” bo‘limi boshlig‘i, 1999-2002-yillar TIQXMMI doktoranti bo‘lgan. 2002-2012-yillar Sirdaryo xavzasi suv boshqarmasi qoshidagi “Suv axborot avtomatika” ilmiy amaliy markaz mas’uliyati cheklangan jamiyatida katta ilmiy xodim, 2012-2015-yillar “Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI-Tashkent)” ilmiy xodimi, “Winrock International” va “DAI Aglinks” tashkilotlarining USAID loyihalarida “Sug‘orish va drenaj tizimlari” bo‘yicha mutaxassis, Osiyo taraqiyot bankining “Lahmeer International” tashkilotida “Suv inshootlari va kanallar” bo‘yicha maslahatchi, 2015-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi dekani, 2015-2017-yillar TIQXMMI “Gidromelioratsiya” fakulteti dekani, 2017-2021-yillar TIQXMMI “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti, professori, 2021-yilda TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti “Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash” bo‘limi boshlig‘i, 2021-yil 5-sentabrdan boshlab TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti, “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
1995-yil 20-iyun kuni “Janubiy Qozog‘istonning Keles massivi bo‘z-o‘tlog‘i tuproqlarida g‘o‘za va bedani taqqosiy suv iste’moli va sug‘orish tartibi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2019-yil 24-may kuni “Sug‘orma dehqonchilikda suv resurslaridan samarali foydalanishning ilmiy - amaliy asoslari (Xorazm vohasi misolida)” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan. 1999-yil, 06.01.02 - “Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik” ixtisosligi bo‘yicha “Dotsent” va 2020-yilda “Professor” ilmiy unvonini olgan. O‘zbekiston Respublikasi OAK tomonidan tan olingan va e’tirof etilgan “Scopus”, “Research Gate”, “Google Scholar”, “Web of Science” va boshqa bazalarda indekslangan yuqori impakt faktorli jurnal hamda konferensiyalarda maqolalar chop qilgan. “Scopus” bazasida 33 ta maqola faol bo‘lib, 289 ta hujjatdan 457 ta iqtibos keltirilgan. Ilmiy mahsuldorlikni baholash uchun qo‘llaniladigan ilmiy ko‘rsatkich, xirsh indeksi “13” ga teng.
2021-yildan xozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Qishloq xo’jaligi fanlari” bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashi tarkibi a’zosi, “TIQXMMI” MTU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.T.10.02 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.05/30.12.2019.Qx/V.42.01 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar, Toshkent davlat agrar universitet huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01 raqamli bir martalik ilmiy seminar va kengashlarga, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.04/30.04.2021.T.111.04 raqamli ilmiy kengash qoshidagi bir martalik ilmiy seminar va kengashlarga hamda Shirinshox Shotemur nomli Tojikiston Agrar Universiteti qoshidagi 6D.KOA-015 sonli doktorlik dissertatsiya kengashining a’zosi va eksperti hisoblanadi.
“Irrgatsiya va melioratsiya” (2021-yil) va “Agro Protsessing” mahalliy jurnallar tahririy maslahat kengashi a’zosi, “Suv va yer resurslari” agrar-gidromeliorativ ilmiy-ommabop jurnal tahrir hay`ati tarkibi a’zosi (2025-yil dan), “Journal of science-innovative research in Uzbekistan” (O‘zbekistonda ilmiy- innovatsiya tadqiqotlar jurnali) tahririy maslahat kengashi a’zosi, xalqaro miqyosdagi “Texas Journal of Multidisciplinary Studies” agricultural editor (qishloq xo‘jaligi bo‘yicha) jurnal muharriri.
Ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi davlat grantlari asosida 2 ta amaliy, 1 ta innovatsiya va 1 ta tijoratlashtirish loyihalariga hamda 5 ta xo‘jalik shartnomasi rahbari, 1 ta fundamental loyihada ijrochi bo‘lgan.
160 dan ortiq ilmiy ishlar shu jumladan, 6 ta darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy ko‘rsatma, 2 ta monografiya, 7 ta “Intellektual mulk agentligi” tomonidan berilgan DGU guvohnomasini olgan.
4 ta fan nomzodi, jumladan 1 ta qishloq xo‘jaligi fanlari va 3 ta texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va 40 ta dan ortiq magistrlik dissertatsiyalariga xamda 100 ta dan ortiq bitiruv malakaviy ishlariga raxbarlik qilgan.
“TIQXMMI” MTUda ish faoliyatini olib borayotganligi hamda suv xo‘jaligi sohasiga yetuk kadrlar tayyorlashiga xissa qo‘shib kelayotganligidan minnatdor.
Suv xo‘jaligi sohasi uchun malakali yetuk kadrlarni tayyorlashga hamda sohani rivojlanishiga qo‘shgan ko‘p yillik xizmatlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining 2025-yil 7-apreldagi 64-sonli buyrug‘iga asosan “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SUV XO‘JALIGI A’LOCHISI” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, olim tajriba almashish maqsadida ko‘plab davlatlarda bo‘lgan va malakasini oshirib kelgan.
Ish faoliyati davomida butun dunyoda jumladan Respublikada kuzatilayotgan suv tanqisligini yumshatish maqsadida ko‘plab kichik inshootlarni loyihalash, qurish va ishlatishda hududlardagi suv xo‘jalik mutaxassislarga yordam berib kelmoqda. Shulardan biri bo‘lgan Andijon viloyati Marxamat tumani Boboxuroson MFY tashrif jarayonida kanalni betonlash va suv taqsimoti inshootlari qurishga maslahat berish jarayoni aks ettirilgan.
Sug‘orish suvidan samarali va oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun bir qator Irrigatsiya tizimlari xavza boshqarmalariga qarashli bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektlari hamda suvdan foydalanuvchilarga trening dasturlarida moderator bo‘lgan. Trening dasturlari asosan ikki bosqichda: nazariy va amaliy tomondan o‘tkazilgan.
Suv xo‘jaligi sohasida malakali va ma’naviyati yuksak bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida talabalar xamda shogirdlar bilan birgalikda kutubxona va teatrlarga tashrif qilgan.
TIQXMMI MTU rahbariyati ustozni ish faoliyatini yuqori baholab, olib borayotgan o‘quv-uslubiy, ta’lim-tarbiyaviy hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini hisobga olgan holda faxriy yorliqlar bilan taqdirlagan. Shu bilan birga 60-yillik tavallud ayyomida ham Universitet rahbariyatining e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
“Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori Xamidov M.X. boshchiligida barcha professor-o‘qituvchilar birgalikda suv xo‘jaligi uchun yuqori malakali kadr tayyorlash bo‘yicha rejali ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Sharipov Qo‘ng‘irotboy Avezimbetovich Universitetga tashrif jarayonida ustozlarni eslab vaqt ajratishi hamda suhbat bo‘lishi biz olimlarga yanada kuch va g‘ayrat bilan ishlashni taqozo qiladi deydi ustoz B.Matyakubov.
Universitetda olib borilayotgan nazariy mashg‘ulotlarni yanada kuchaytirish maqsadida olim viloyatdagi suv xo‘jaligida mavjud bo‘lgan muammolarni o‘rganish hamda uni yechish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, joylarda suvni avtomatik boshqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Suv xo‘jaligi xodimlariga” ko‘plab trening dasturlari o‘tkazib kelishi nazariy va amaliy ishlarni chambarchas olib borishi taqsinga loyiq.
Universitetda ustoz-shogird tizimi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganligini hisobga olgan holda Olim maktab, kollej va texnikumlarga tashrif qilishi, maktab bitiruvchi o‘quvchilariga Universitetdagi ta’lim yo‘nalishlari hamda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirishi, yosh avlodni kasb tanlashga qiziqtirishda katta o‘rin egallamoqda.
Universitetdagi asosiy mutaxassis kadrlarni tayyorlaydigan jamoada bilim beradigan professor-o‘qituvchilar shakllangan bo‘lib, kafedrada ustoz-shogird tizimi asosida yuqori darajadagi o‘quv-uslubiy, ilmiy va amaliy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
2024-yil 29-iyundan 8-iyulgacha bo‘lgan muddatda Germaniya Federativ Respublikasining Berlindagi “Gumboldt” universitetiga Erasmus + KA171 dasturi doirasida, “Leybnis qishloq xo‘jaligi landshaftlari ilmiy-tadqiqot markazi (ZALF)”ning “TIQXMMI” MTU bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, tajriba almashish va ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganilgan xamda malaka oshirib kelingan.