Olim

MIRZAYEV IBODULLA KAMOLOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Mirzayev Ibodulla Kamolovich, 1946-yilning 2-yanvarida Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan.



Mirzayev Ibodulla Kamolovich – taniqli tilshunos, adabiyotshunos, she’rshunos, navoiyshunos olim, tarjimon. 1967-yilda SamDUda, 1971-1974-yillarda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) davlat universiteti roman va turkiy filologiya kafedrasining kunduzgi boʻlimi aspiranturasida, 1987-1989-yillarda turkiy filologiya kafedrasi kunduzgi boʻlimi doktoranturasida oʻqigan. 1975-yilda Leningrad davlat universitetida nomzodlik, 1992-yilda Toshkentda doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.



I.K.Mirzayev Leningrad, Moskva, Toshkent davlat universitetlarida, Fransiyada malaka oshirish kurslarida tahsil olgan, SamDUda deyarli barcha tilshunoslik fanlari boʻyicha ma’ruza darslarini oʻtib kelmoqda.



Professor I.Mirzayev O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tilshunoslik, adabiyotshunoslik va she’rshunoslik fanlarini birlashtirib, filologiyaning yaxlitligini ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan “Lingvopoetika” ilmiy yo‘nalishiga asos solgan. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘nlab doktorlik, yuzlab magistrlik dissertatsiyalari yoqlangan. Hozirgi paytda lingvopoetika negizida til va adabiyot fanlarini qoʻshib oʻqitish orqali filologiyaning yaxlitligini ta’minlashni oʻz zimmasiga olgan milliy innovatsion “Tahliliy oʻqish” (“Аналитическое чтение”, “Lecture analytique”) metodiga ham asos soldi. Olimning tilshunoslik, adabiyotshunoslik va she’rshunoslikning eng so‘nggi yutuqlariga asoslangan “Tahliliy o‘qish” nomli innovatsion darsligi ham nashr etildi. Ayni paytda ushbu metod asosida 5 ta oliy o‘quv yurti(SamDU, TerDU, TerDPI, Denov DTPI, SamDUning Kattaqoʻrgʻon filialida)da darslar o‘tilmoqda.



U bugungi kunda lingvistik tadqiqotlar nazariyasi va metodologiyasi, fonetika va fonologiya, leksikologiya, leksikografiya, paremiologiya, nazariy grammatika, stilistika, lingvopoetika, tarjima ilmi va amaliyoti, kognitiv tilshunoslik, lingvometodika, navoiyshunoslik sohalariga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.



I.K.Mirzayev Samarqand Davlat universitetida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida ilmiy tarjima laboratoriyasiga asos solgan. Mazkur laboratoriyada shu sohaning eng nufuzli tilshunos hamda adabiyotshunos olimlarining qator monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari hamda taniqli ijodkorlarning adabiy merosi tarjima qilib kelinmoqda. U shu laboratoriya doirasida navoiyshunoslik ilmining asoschisi, sobiq Ittifoq FA muxbir a’zosi, professor E.E.Bertelsning “Navoiy va Jomiy” monografiyasini (50 b.t.), “Navoiy va Attor” risolasini o‘zbek tiliga tarjima qildi. “Navoiy” monografiyasi Afg‘onistonda ham eski o‘zbek yozuvida chop etildi. Taniqli rus tilshunosi V.G.Gakning “Fransuz tili nazariy grammatikasi” darsligining (56 b.t.) o‘zbek tiliga tarjimasi ham I.K.Mirzayevning sa’y-harakatlari natijasida yuzaga kelgan. Ayni paytda tarjimon shu muallifning “Rus va fransuz tillarining qiyosiy tipologiyasi” darsligini (287 bet) Termiz davlat universiteti bilan tuzilgan shartnoma asosida tarjima qilmoqda. Shuningdek, I.Mirzayev Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” risolasini fransuz tiliga o‘girgan.



Professor I.Mirzayev shoir, tarjimon sifatida ham faoliyat olib boradi. Uning “Talpinib yashadim senga, Quyoshim”, “Nurlar og‘ushida” nomli she’riy va nasriy asarlar to‘plami chop etilgan. U N.Nekrasov, N.Gumilev, A.Voznesenskiy, S.Yesenin, V.Visotskiy kabi rus, G. do‘ Mopassan, A.Kamyu, G.Appoliner, Edgar Po singari fransuz va ingliz shoir hamda yozuvchilarining asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.



I.K.Mirzayev jahon adabiyotining milliy ma’naviyatimizni boyitishga xizmat qiladigan yetuk asarlaridan biri, turkiy xalqlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, adabiy aloqalarining yuksalishiga, xalqlarimiz orasidagi adabiy do‘stlik va yaqin hamkorlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga keng yo‘l ochadigan buyuk qozoq adibi Abay Qo‘nanboyevning “Qora so‘z” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning professor Q.Yo‘ldoshev bilan hammualliflikdagi mazkur tarjimasi 2 marta chop etilgan. Dastlabki nashri 2018-yil “Tafakkur” nashriyotida chop etilgan. Keyingi nashrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mard To‘qayevning “Abay va XXI asrda Qozog‘iston” nomli maqolasi so‘z boshi o‘rnida berilgan bo‘lib, Xalqaro Turkiy Akademiyaning prezidenti D.Q.Qidirali va Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor Elchisi D.A.Satibaldilar tashabbusi bilan 2020-yilda nashr etilgan. O‘zbekiston Respublikasining keyingi yillardagi qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona munosabatlar o‘rnatish va mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yuritgan tashqi siyosati natijasida Qozog‘iston Respublikasi bilan madaniy-ma’rifiy va ilmiy sohalardagi hamkorlik o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. 2018-yilning Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili”, 2019-yilning O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili” deb e’lon qilinishi davlatlararo aloqalar tarixida muhim voqea bo‘lishi bilan birga ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yo‘l ochadi. I.Mirzayev tomonidan tarjima qilingan ushbu asar qardosh ikki xalqning uzoq yillik do‘stligini yanada mustahkamlashga asos bo‘lib xizmat qiladi.



Filologiya fanlari doktori, professor I.K.Mirzayev o‘zining ilmiy-pedogogik faoliyati davomida 500 ortiq ilmiy, uslubiy ish, jumladan, tarjimalari bilan birga 8 ta darslik, 10 dan ziyod o‘quv va uslubiy qo‘llanma, 16 ta monografiya (tarjima monografiyalari bilan birga) yozgan. Uning dotsent M.Boltayev bilan hamkorlikda yozgan “O‘zbek tili” darsligi Respublika ko‘rik tanlovida faxrli 2-o‘ringa munosib topilgan. Uning 4 ta maqolasi Scopus bazasining Q2 darajasidagi ilmiy jurnalda nashr etildi va indekslandi.



I.K.Mirzayev 1997-yilda kafedraning “Filologiya” ilmiy maqolalar to‘plamini ta’sis etdi va 2018-yilgacha uning 13 jildiga mas’ul muharrirlik qildi, 3 ta xalqaro va 2 ta respublika ilmiy anjumanini o‘tkazdi, anjumanlar materiallari to‘plamlarini nashr ettirdi.



Professor I.K.Mirzayev “Alisher Navoiy” va “Til.Ta’lim.Tarjima” xalqaro elektron jurnallariga asos solgan. Olimning o‘zi bosh muharrirligida faoliyat yuritayotgan ushbu jurnallar Oliy Attestatsiya Komissiya(OAK) tomonidan e’tirof etilgan.



I.K.Mirzayev 2022-yilning noyabr oyidan buyon O‘zbekistonning 5 ta oliy o‘quv yurtida (TerDU, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, QarDU, JizDPU) sayyor xayriya ma’ruzalarini o‘qib kelmoqda.



I.K.Mirzayev O‘zDJTU, SamDU, SamDCHTI da Ilmiy kengash a’zosi va ilmiy seminar raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.



Uning rahbarligida 10 ta fan doktori (DSc), 21 ta fan nomzodi va falsafa doktori (PhD), 76 nafar magistr dissertatsiyalari yoqlangan. I.K.Mirzayev rahbarlik qilgan magistrant Azimova Gulnoza Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.



Ibodulla Mirzayev mamlakatimizda fan va ta’lim sohasini rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda sohada olib borilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlashda samarali mehnat qilayotgan jonkuyar olim sifatida hurmat qozongan.



Mirzayev Ibodulla Kamolovich Mustaqillik ko‘krak nishoni, Birinchi darajali mehnat faxriysi unvoni bilan taqdirlangan.



Mirzayev Ibodulla Kamolovich – poliglot olim. U o‘zbek, tojik, rus, fransuz, ingliz tillarida o‘qiydi, yozadi, gaplashadi, tarjima qiladi.



Mirzayev Ibodulla Kamolovich – filologiya fanlari doktori, professor, o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri. Oilali, farzandlari, nabiralari, chevaralari bor.