Olim

MUXAMMADIYEV DAVLAT MUSTAFAYEVICH

Тexnika fanlari doktori, professor

Muxammadiyev Davlat Mustafayevich mashina va mexanizmlar nazariyasi, paxta tozalash mashinalari, xususan paxtadan tola ajratish, tolani tozalash mashinalari nazariyasi va amaliyoti sohalarining tadqiqotchisi texnika fanlari doktori, professor.



U 1969-yil Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tavallud topdi. Ilmga qiziqishi otasi biolog Mustafa ota va onasi Shaxriniso onadan boshlangan va tumandagi 1-o‘rta maktabdagi ustozlardan olgan bilimlariga asoslanadi.



1986-yil maktabni tugatib, Toshkent politexnika institutining Traktor va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi fakultetiga o‘qishga kirdi. Talabalik davrida 1989-1990-yillarda sobiq sovet armiyasida o‘z yigitlik burchini o‘tagan. 1992-yilda Toshkent davlat texnika universitetini “Ichki yonuv dvigatellari” yo‘nalishida imtiyozli diplom bilan tamomlab, mexanik muhandis mutaxassisligini egalladi. Universitet fakulteti ilmiy kengashi va professor B.R.Tulayev tavsiyalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti kunduzgi aspiranturasida tahsil oldi.



So‘ng 1995-1996-yillar “Mashina va mexanizmlar nazariyasi” laboratoriyasida kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi.



1996-yildan 2000-yilgacha Toshkent davlat agrar universitetida assistent, katta o‘qituvchi va dotsentlik lavozimlarida Informatika va ekonometrika fanlaridan talabalarga tahsil bergan. Bunda aspiranturada o‘rgangan zamonaviy hisoblash usullarini, ya’ni chiziqli dasturlash orqali optimal yechimlarni topish usullarini o‘qish jarayoniga qo‘llash juda qo‘l kelgan. Natijada 1997-yilda «Pulsatorli tola kondensorining dinamik tahlili va parametrik sintezi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini texnika fanlari doktori, professor Shavkat Ubaydullayevich Raxmatqoriyev rahbarligida himoya qildi.



2000-2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti ilmiy kengashi va texnika fanlari doktori, professor Shavkat Ubaydullayevich Raxmatqoriyev tavsiyalari bilan kunduzgi doktoranturasida tahsil oldi. Bunda institutning “Mashina va mexanizmlar nazariyasi” laboratoriyasida doktoranturada o‘qishi bilan bir vaqtda “Ishchi muhit o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda yuqori samarali mashinalarni loyihalashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish” mavzusidagi  olgan ilmiy natijalari “Paxta tozalash bo‘yicha konstruktorlik byurosi” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarishga tatbiq etish uchun qabul qilingan.



2003-yildan 2008-yilgacha Toshkent avtomobil yo‘llari institutida dotsent lavozimida “Informatika va hisoblash asoslari” fanidan talabalarga tahsil bergan. Bunda mashinalarni loyihalash, tajribalarni statistik tahlillarini zamonaviy hisoblash usullarini o‘qish jarayoniga qo‘llashga imkon berdi.



2003–2006-yillarda institutning “Mashina va mexanizmlar nazariyasi” laboratoriyasida ishlashi davomida «Paxta tozalash va konchilik sanoati asosiy ishchi organlarini takomillashtirish va texnologiyalarini ishlab chiqish» mavzuda olgan ilmiy natijalari 2004-yilda «Paxta tozalash IICHB» ochiq aksiyadorlik jamiyatida “Paxta tozalash va kunmahsulot sanoati texnologik mashinalarning asosiy ishchi organlarini takomillashtirish va texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida xo‘jalik shartnomasi hamda 2005 yilda “Qo‘shimcha chigit chiqarish qurilmasi o‘rnatish orqali 5DP-130 arrali tola ajratgich ishchi kamerasini takomillashtirish” mavzusida xo‘jalik shartnomasi orqali ishlab chiqarishga Bektemir, Qorasuv, Chinoz va Piskent paxta tozalash korxonalariga tatbiq etilgan.



U o‘z ilmiy faoliyatini 2008-2014 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti katta ilmiy xodim, ilmiy kotib lavozimlarida faoliyat olib bordi.



2014-yilda texnika fanlari doktori, professor Shavkat Ubaydullayevich Raxmatqoriyev maslahatlari asosida «Chigitni chiqaruvchi qurilmali arrali jin va pulslovchi havo oqimli kondensor mashina agregatlari dinamikasi» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi ilmiy kengashida himoya qildi.



2014-yil 8-iyundan boshlab institutning “Mexanizm va mashinalar nazariyasi” laboratoriyasi Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi “Tarmoq mashinasozligi muammolari” ilmiy tadqiqot markazi tarkibiga o‘tkazilishi uning ish faoliyati Toshkent davlat texnika universiteti Mexanika mashinasozligi fakulteti dekani lavozimiga Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi tomonidan tavsiya etildi.



2015-2016-yillarda Toshkent davlat texnika universitetining mexanika mashinasozligi fakulteti dekani lavozimida faoliyat olib bordi. Bu davrda 13 ta kafedradan tashkil topgan professor o‘qituvchi va yordamchi xodimlarni birlashtirib fakultet ilmiy va amaliy faoliyatida samarali ishlar olib bordi. Fakultet ishlarini boshqarishga Davlat Muxammadiyevning aynan shu fakultetda tahsil olgani asos bo‘ldi.



Fakultetning salohiyatli ustozlari bilan birgalikda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni tashkil etish va yoshlar dunyoqarashini milliy istiqlol g‘oyasi asosida shakllantirish, ularni Vatan va millat manfaatlari yo‘lida fidoyilik ko‘rsata oladigan barkamol shaxs qilib tarbiyalash bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. Bunda o‘zbek tili bayrami, atoqli shoir va yozuvchilarning tavallud kunlarini va aktyorlar bilan uchrashuvlarni o‘tkazilishi yo‘lga quyilganligini alohida ta’kidlash lozim.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoziyevning 2016-yil dekabr oyida akademik ustozlar bilan tarixiy uchrashuvini va 2017-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti faoliyatini qayta tiklanishi muhim tarixiy jarayonga aylandi. 2020-yildan boshlab institut to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat byudjetidan moliyalashtirilishi paxtadan tola ajratish, tolani tozalash mashinalari nazariyasi va amaliyoti sohasi yo‘nalishiga ilmga yoshlarni jalb etishni jadallashtirdi, kelajakka ishonch kuchaydi. Bu yo‘nalishga stajyor-tadqiqotchi, tayanch doktorant va doktorantlari institutiga jalb qilishga keng yordam berdi.



U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish Vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5264-sonli Farmoniga muvofiq mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan foydalanishning tizimli monitoringini olib borish maqsadida tashkil etilgan “Texnika fanlari” Ilmiy-texnik Kengashiga 2019-2020-yillarda raislik qildi.



Bu davrda “Texnika fanlari” ilmiy-texnik kengashi tomonidan 242 ta loyihalarning (fundamental loyihalar – 40 ta, amaliy loyihalar - 142 ta, innovatsion loyihalar – 28 ta, yoshlar loyihalari – 32 ta) hisobotlar monitoringi olib borildi.



U O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 8 noyabrdagi 244–sonli buyrug‘iga asosan 2019 yil 18-28 noyabrida Belorussiya milliy fanlar akademiyasi institutlarida tajriba almashish dasturida qatnashdi. Bu safarda institut bilan Belorus milliy fanlar akademiyasining Fizika-texnika instituti, Umumlashgan mashinasozlik institutlari hamda “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-amaliy markazi” DUK ilmiy tadqiqot korxonalari bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi.



U O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2024-yil 84-qarori asosida tashkil etilgan “Paxtani qayta ishlash mashinalari va tizimlari dinamikasi” laboratoriyasiga mudir etib tayinlandi.



Uning rahbarligida shogirdlari tomonidan 2 ta doktorlik (DSc), 8 ta nomzodlik va PhD dissertatsiyalari himoya qildi. 5 ta o‘quv qo‘llanmalar, 200 dan ortiq ilmiy maqolalar, 15 ta ixtiro va patentlar muallifidir.



Hozirda D.M.Muxammadiyev “Tola ajratgich mashinasidagi chigitni chiqarish qurilmasining muqobil ko‘rsatgichlarini nazariy va tajribaviy aniqlash” va “Linter uchun yangi konstruksiyadagi qistirmalarni tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish“ mavzularida ilmiy tadqiqotlarning ilmiy rahbaridir.



Uning ilmiy ishlar yo‘nalishi Paxta tozalash sanoati texnologik mashinalari va jihozlarini hisoblash va konstruksiyalashga bag‘ishlangan. D.M.Muxammadiyev rahbarligida ilmiy-texnik dasturlari doirasida bir qator ilmiy loyihalar bajarilmoqda va quyidagi natijalarga erishilgan:



- Yig‘ish aniqligi va mustahkamligi yuqori bo‘lgan ko‘p marta ishlatiladigan jin kolosniklari ishlab chiqish;



- Arrali jin silindrining arralararo qistirmalarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi yaratish;



- Samarali jinlash jarayonida resurstejamkor texnologiyaga ega bo‘lgan arrali jinni takomillashtirilgan qismlari bilan ishlab chiqish;



- Linter mashinasi arralararo qistirmalarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi yaratish.



D.M.Muxammadiyev oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimidagi attestatsiya jarayonida ham faol ishtirok etmoqda, jumladan Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.30/30.11.2021.T.141.01 va Namangan muhandislik-texnologiya instituti huzuridagi PhD.30/30.09.2023.T.66.01 raqamli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlariga hamda Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.T.03.04 raqamli ilmiy kengash qoshidagi 05.02.02 – “Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinasozlik va mashina detallari” ilmiy seminariga a’zo.



D.M.Muxammadiyev institut Ilmiy kengashi majlislarida, ilmiy seminarlarda bo‘lib o‘tadigan ilmiy-tashkiliy ishlar muhokamasida o‘z fikrini ochiq aytadi va har tomonlama asoslab bera oladi. Institut jamoat ishlarida faol ishtirok etadi.



Ilmiy izlanishlar jarayonida kompyuter yangi dasturiy ishlanmalaridan va internet tarmoqlaridan samarali foydalanib, o‘z ilmiy saviyasini oshirib kelmoqda.



U o‘zining kamtarligi, ilmiy-tashkiliy ishlarni to‘g‘ri tashkil qila olishi, vazifani mas’uliyat bilan bajarishi, izlanuvchanligi bilan institut jamoasi oldida hurmatga sazovor.



D.M.Muxammadiyev oilali ikki nafar farzandning otasi va namunali oila boshlig‘i.