Muxitdinova Farruxa Faxriddinovna, 1992-yilda – O‘zbekiston Respublikasining 1 yilligi, 1994-yilda – O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i, 1997-yilda – “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, 2001-yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi esdalik nishoni, 2022-yilda - “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni, 2022-yilda - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan esdalik nishoni hamda 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan “Benuqson xizmatlari uchun” esdalik nishoni bilan mukofotlangan.
Umumiy mehnat staji - 48 yil
Muxitdinova Farruxa Faxriddinovna, 1977-yilda Toshkent Davlat universiteti yuridik fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan va ish faoliyatini 1977-1982- yy. – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati katta konsultanti lavozimidan boshlagan.
Keyinchalik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sud amaliyotini umumlashtirish va statistikasini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sud amaliyotini umumlashtirish va statistikasini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib faoliyat olib borgan.
1984-1996-yy. – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi, raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylanib, 1996-2000-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining kotibi va rais o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qayta saylanib, 2000-2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Mamlakat parlamentidagi faoliyat mobaynida F.Muxitdinova davlat va jamiyat qurilish, jumladan sud-huquq sohasidagi islohotlarning qonunchilik bazasini shakllantirish va va yanada rivojlantirishga hissa qo‘shdi. Uning faol ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida, Fuqarolik protsessual kodeksi, Uy-joy kodeksi, Advokatura to‘g‘risida, Notariat to‘g‘risida» va boshqa qonunlar loyihalari ishlab chiqildi.
F.Muxitdinova 2003-2005-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi lavozimida ishlagan. Uning rahbarligida O‘zbekiston Respublikasida umumiy yurisdiksiya sudlarining tizimi va faoliyatini takomillashtirish, sud-huquq tizimini liberallashtirish bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari samarali ijro etiladi.
Shuningdek, 1999-2007-yillarda jamoatchilik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimiga tavsiya etish bo‘yicha komissiya Raisi etib tayinlangan.
2005-2010-yillarda F.Muxitdinova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi va parlamentni yuqori palatasi shakllanishida faol qatnashdi.
2010-2011-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq institutida yetakchi ilmiy xodim sifatida ish olib borish bilan birga davlatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimi islohotlarning nazariy va amaliy muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borgan.
2019-2021-yillarda – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini xalqaro xususiy huquq va fuqarolik-huquqiy fanlari kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Hozirgi kunda, O‘z.R.Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi fuqarolik huquq kafedrasida faoliyat olib borib kelmoqda.
Ilmiy staji – 27 yil
1997-yilda «Fuqarolarning uy-joy mulk huquqi va uning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan sud muhofazasi» mavzusida dissertatsiya yoqladi. 1998-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan yuridik fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi.
2003-yil 17-sentyabrda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan «Sud-monitoring» dasturi uchun patent berildi.
2012-yilda «O‘zbekiston Respublikasida sud tizimining shakllanishi va rivojlanishi» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2013-yil 31- yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan yuridik fanlari doktori ilmiy darajasi berildi.
F.F.Muhitdinova sudyalar va sud apparati xodimlari malakasini oshirish hamda rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarida tinglovchilarga, sudyalik faoliyati bo‘yicha magistratura tinglovchilariga zamonaviy o‘qitish usullaridan, ilg‘or pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia ta’lim resurslaridan foydalangan holda “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda protsessual huquq normalarini qo‘llash asoslari” o‘quv modullari asosida ma’ruza, amaliy va seminar mashg‘ulotlarini olib boradi.
Talabgor F.Muxitdinova pedagogik faoliyati davomida o‘qitishning yangi, modulli tizimini keng targ‘ib qilish barobarida o‘qitishda axborot-kommunikativ va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanilishi, ma’ruza, amaliy va seminar mashg‘ulotlarni zamonaviy pedagogik usullari: test so‘rovlari o‘tkazish, slaydlar bilan ishlash, sud ishlarini yuritish va sud qarorlarini tayyorlashda xalqaro standartlardan foydalanish va sud topshiriqlarini qabul qilish hamda ularning ijrosini ta’minlash kabi munozarali savollar yechimini topish orqali o‘tkazadi. Talabgorning pedagogik faoliyati “Aqliy hujum”, “Blits-so‘rov”, “Muloqot”, “Bahslashuv” kabi usul va texnologiyalaridan foydalangan holda darslar o‘tishi va sud apparati xodimlariga qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etganligi bilan baholanadi. Bundan tashqari, elektron resurslardan (www.public.sud.uz), (www.ye-sud.uz), (www.lex.uz) unumli foydalangan holda tinglovchilarga yangi uslubiy materiallar yetkazib bera oladi va mavzuga doir tarqatma materiallar bilan ta’minlashda unumli foydalanadi. Ushbu dars mashg‘ulotlari tinglovchilarda tahliliy fikrlash, o‘z fikr-mulohazalari va xulosalarini asoslash va himoya qilish hamda ularni og‘zaki va yozma shaklda bayon qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilsa, amaliy mashg‘ulotlar esa tinglovchilarda fuqarolik qonunchiligi asosida sud materiallarini mushohada qilish va sudda qabul qilinadigan protsessual hujjatlarni tayyorlashga oid malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
F.Muxitdinova kafedrada magistratura yo‘nalishida o‘qitiladigan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda protsessual huquq normalarini qo‘llash asoslari” o‘quv moduli rahbari bo‘lib, kafedra o‘quv dasturiga kiritilgan mavzular bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini olib boradi. Shuningdek, u sudyalar va rahbarlik lavozimlariga nomzodlar zaxirasiga qabul qilingan sudyalarni qayta tayyorlash kursining malakasini oshirish kurslarida “Shartnomalar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar va ularning mazmun-mohiyati”, “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish: muammo va yechimlar”, “Uy-joy nizolari bilan bog‘liq sud amaliyoti”, “O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish bilan bog‘liq nizolar” kabi kurslar davomida o‘tiladigan ma’ruzalarni an’anaviy va noan’anaviy usullarda o‘tishi, dars davomida tinglovchilarning ilmiy-ijodiy fikrlashi, tizimli tahlil qilishi, xalqaro standartlardan foydalangan holda qaror qabul qilish hamda o‘z fikr-xulosalarini bayon etish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan interfaol usul va vositalardan foydalanishi orqali o‘z pedagogik tajriba va mahoratini namoyish eta oladi.
F.Muxitdinova tomonidan ilmiy-pedagogik faoliyati davomida yetishtirilgan shogirdlar hozirgi kunda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining turli tizimlarida davlat va jamiyatga, ilm-fanga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
F.Muxitdinova muntazam ravishda boshqa yuridik ta’lim muassasalaridan yuborilgan darsliklar, risolalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, magistrlik dissertatsiyalari va bitiruv-malakaviy ishlarga hamda falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan ilmiy ishlarga taqrizlar berib boradi.
F.Muxitdinova Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi rahbariyati va yuqori tashkilotlar tomonidan yuklatilgan vazifalar ijrosini tashkil etishga va bajarishga mas’uliyat bilan yondashadi. U pedagog sifatida ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy va metodik saviyada olib boradi. Har o‘quv yilida kafedra tomonidan o‘tkaziladigan ochiq darslar va trening-seminarlarni talab darajasida tashkil etishga, ularning yuqori saviyada o‘tilishini ta’minlashga katta e’tibor qaratadi.
Mamlakatimizda demokratik hamda ma’muriy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidagi islohotlarni bo‘lajak sudyalar, sud apparati xodimlari va keng aholi qatlamlari ongi va tafakkuriga singdirishda doimiy ravishda faol ishtirok etadi.
O‘z ilmiy ishlarida sud hokimiyati huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo‘lib, hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipi birorta hokimiyat turining butun hokimiyatni o‘z qo‘liga to‘plab olishini oldini olish maqsadida joriy etiligini, sud hokimiyatiga to‘g‘ri ta’rif berish muhim siyosiy-huquqiy ahamiyatga ega, chunki bu huquqiy atamalar mazmuni va mohiyatini yaxshiroq tushunishga yordam berishi haqidagi fikrlarni asoslantirgan.
F.Muhitdinova o‘zining tadqiqot ishida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatiga aniq ta’rif berilmagani, shu bois, Konstitutsiya normalarini rivojlantirish maqsadida sud hokimiyatiga ta’rifni qonunchilik darajasida belgilash zarur hisoblar, Konstitutsiyaning 43-moddasiga muvofiq, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarini ta’minlash majburiyatini oladi. Shu nuqtayi nazardan sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsip sifatida obyektiv zaruratdan kelib chiqishi belgilangan.
Ushbu prinsipning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekistonning huquqiy davlat sifatida shakllanganini va fuqarolar hamda tashkilotlarning asosiy huquqlari kafolatlanganini tasdiqlaydi. Sud hokimiyati mustaqilligi prinsipi – zamonaviy davlatda sudlarning o‘rnini belgilab beradigan asosiy tamoyillardan biri hisoblanadi. Shuning uchun sud hokimiyati mustaqilligining muhim kafolatlaridan biri — uni yetarli resurslar bilan ta’minlash va bu masalani qonunchilik asosida tartibga solishdir.
Uning taklifiga ko‘ra, “Normativ-huquqiy aktlar to‘g‘risida”gi Qonunda quyidagi qo‘shimchani kiritish maqsadga muvofiq: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Plenumining tushuntirishlari huquq manbai hisoblanadi va Konstitutsiyaviy sud qarorlari kabi normativ aktlar kuchiga ega bo‘ladi. Bu qonun chiqaruvchi funksiya emas, chunki sud yangi huquq normasini yaratmaydi, balki mavjud norma qay tartibda, qay jihatdan va qanday qo‘llanilishi lozimligini tushuntiradi kabi takliflari o‘z aksini topgan.
F.Muxitdinova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy daraja beruvchi DSc 11/10.01.2024 Yu 24.04. raqamli ilmiy kengash huzuridagi ilmiy seminar va ixtisoslashgan kengash a’zosi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi huzuridagi PhD 37/27.02.2020 Yu 107.01. raqamli ilmiy kengash a’zosi.
F.Muxitdinova doimiy ravishda xalqaro, respublika miqyosida va Bosh prokuratura hamda Oliy sudda o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, treninglar va davra suhbatlarida ma’ruza, chiqishlar, tezis va maqolalar bilan faol ishtirok etadi, amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid ilmiy tadbirlarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qiladi. Jumladan:
2022-yil 9-noyabrda Markaziy Osiyoda HELP dasturi bo‘yicha Sudyalar oliy maktabi uchun tashkillashtirilgan “Sudyalar mustaqilligi – xalqaro standartlar va Yevropa tajribasi nuqtayi nazaridan” mavzusidagi Seminarda ma’ruza bilan ishtirok etgan;
2023-yil 11-martda USAID, O‘zbekiston Respublikasi oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashi, EAST-WEST MANAGEMENT INSTITUTE tomonidan tashkillashtirilgan “Ayol sudyalarning odil sudlovni ta’minlashdagi hissasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ma’ruza bilan ishtirok etdi.
F.Muxitdinova 40 dan ortiq ilmiy maqolalar, qo‘llanma va sud hokimiyatiga oid 2 monografiya, ingliz-rus-o‘zbek yuridik atamalar lug‘ati muallifidir.
F.Muxitdinova qayerda ishlamasin, o‘zining mehnatsevarligi, talabchanligi, ishga ijodkorona yondashuvi bilan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni vijdonan va yuqori saviyada bajarib kelgan va hamkasblarning hurmatiga sazovor bo‘lgan.